Ilmiy hisobot, ma’ruza. Ilmiy hisobotga quyidagi talablar qo‘yiladi: tarkiban aniq tuzilishi, materialning mantiqan izchil bayon qilinishi, ishonarli asoslanishi, jumlalarning qisqa va aniqligi, ish natijalarini aniq bayon qilinishi, xulosa va takliflarning isbotlanuvchanligi.
Ilmiy hisobot tarkiban titul varag‘i, mualliflar ro‘yxati, qisqacha referat, mundarijasi, ishning asosiy qismi, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan iborat.
Ilmiy ma’ruza mazmuniga ko‘ra hisobot bilan bir xil bo‘lib, ammo u tadqiq qilingan barcha muammolarni to‘liq qamrab olmasligi, balki qandaydir mantiqan yakunlangan qismini, qaysidir jihatini aks ettiradi.
Uslubiy qo‘llanma. Bunday qo‘llanmaning asosini tadqiqot natijalari negizida shakllantirilgan tadqiq qilingan jarayonni takomillashtirish bo‘yicha nazariy asoslangan uslubiy tavsiyalar tashkil etadi. Uslubiy qo‘llanma eng murakkab ilmiy nashr mahsulotlaridan hisoblanadi. Bunday qo‘llanmalar qisqa, aniq va ravshan yozilgan bo‘lib, asosan amaliyotchilarga mo‘ljallanadi.
Uslubiy qo‘llanmalar ta’lim tizimida to‘liq kursni o‘qitish usullari; o‘quv dasturining alohida bo‘limi yoki mavzusini o‘qitish uslublari yoritilgan uslubiy ishlanmalar; ta’lim-tarbiya jarayonining ayrim jihatlariga bag‘ishlangan uslubiy tavsiyalar.
Uslubiy qo‘llanmalarni risolalar yoki kitoblar ko‘rinishida rasmiylashtirish mumkin. Risola deb kichik hajmdagi (5-6 betdan 50 betgacha) yumshoq muqovali nashr mahsulotlariga aytiladi. Kitoblar esa hajmi 48-50 betdan ko‘p, qoidaga ko‘ra, qattiq muqovali nashr mahsulotlari hisoblanadi.
Monografiya deb biron-bir ilmiy muammo yaxlit va yetarli darajada har tomonlama tadqiq qilingan ilmiy nashr mahsulotiga aytiladi.
Izlanuvchi tadqiq qilinayotgan muammoning avval ilmiy-uslubiy manbalarda va amaliyotda qanday (qay darajada) hal etilganligini, hozirgi vaqtda qanday hal etilayotganligini monografiyada ko‘rsatib beradi. So‘ngra ushbu muammoning yechimiga doir o‘zining nazariy va uslubiy g‘oyalarini ochib beradi, tadqiqot uslublari(metodikasi)ni bayon qiladi. Shundan so‘ng o‘z tadqiqotlarining natijalari batafsil bayon qilinadi, isbotlangan xulosalar va tadqiq qilinayotganjarayonni takomillashtirish uchun ilmiy asoslangan tavsiyalar beriladi. Monografiyaning oxirida foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati keltiriladi. Monografiya risola yoki kitob ko‘rinishida rasmiylashtiriladi.
Tezislar, odatda konferensiya yoki seminarlardan oldin chop etiladigan, ma’ruza qilinadigan ilmiy ishning juda qisqa (1 betdan 3 betgacha) bayoni. Ilmiy ma’ruza tezislarini tayyorlashning asosiy vazifasi, ma’ruzachi tomonidan konferensiya (seminar, o‘qish) ishtirokchilariga yetkazishni rejalashtirilayotgan, tadqiqotning eng muhim natijalarini juda qisqa, konspekt shaklida bayon qilishdan iborat.
Dissertatsiya[lot. dissertation - fikr yuritish, tadqiq qilish] Ilmiy daraja olish maqsadida yoziladigan va maxsus ilmiy kengash majlisida himoya qilish uchun taqdim etiladigan ilmiy-tadqiqot ishi.