Yigirish rejasi Har bir yigiruv korxonasida belgilangan chiziqli zichlikdagi va ma'lum sifatli ip ishlab chiqarilishi lozim. Yigirilgan ip yaxshi sifatli va tannarxi arzon bo`lishi kerak. Shu maqsadda yigirish tizimiga, xom ashyo sifatiga, ayniqsa, tolaning uzunligi va chiziqli zichligiga qarab, belgilangan chiziqli zichlikdagi ip ishlab chiqarish uchun korxonada yigirish rejasi tuziladi. Bu rejada hamma mashinalardan olinadigan yarim tayyor mahsulotlar va ipning chiziqli zichliklari, qo`shilish soni, pilik va ipning pishitilish koeffitsienti, 1 m pilik va ipga to`g`ri keladigan buramlar soni, cho`zish kattaligi va mashinalardan mahsulot chiqarish tezliklari ko`rsatiladi. Yigirish rejasi qanchalik mukammal tuzilsa, korxona shunchalik samarali ishlaydi.
Korxonada texnologik jarayonlar to`g`ri borishini ta'minlash maqsadida har bir chiziqli zichlikdagi ip yigirish uchun alohida yigirish rejasi tuziladi. Rejadagi har bir ko`rsatkich atroflicha asoslangan bo`lishi lozim. Odatda ko`rsatkichlarni tanlashda maxsus muassasalar tavsiyalariga, ilmiy tekshirish ishlari natijalariga, korxonalarning tajribalariga asoslaniladi.
Yigirish rejalarini tuzish ip yigirish texnologik jarayonlarining borish tartibiga mos ravishda amalga oshiriladi. Ip va yarim tayyor mahsulotlarning chiziqli zichliklari, qo`shilishlar soni, cho`zish kattaligi qabul qilish yoki hisoblash yo`llari bilan asoslanadi.
Pishitish darajasi mahsulotni chiziqli zichligiga, tolaning uzunligiga va ipni qanday maqsadda ishlatilishiga qarab tanlanadi. Bunda pishitish darajasi kritik qiymatdan katta bo`lib ketganda uning pishiqligi keskin kamayishini alohida hisobga olish lozim. Yigirish rejasini tuzishda pilik va ipning pishitilish darajasini hisoblab topiladi. Pnevmomexanik usulda yigiriladigan iplar uchun pishitish koeffitsientlari halqali usulda yigirishga nisbatan katta bo`ladi.
Bir necha yakka iplarni qo`shib pishitilgan ip ishlab chiqarishda pishitish koeffitsientlarini aniqlash ipni turiga, pishitish texnologiyasiga, yakka iplarning pishitish koeffitsientiga mos ravishda aniqlanadi. Bunda pishitilgan ipning pishitish koeffitsientini yakka ipga nisbatan katta yoki kichik bo`lishi mumkin.
Jihozlarni chiqarish qismlari a'zolari tezliklarini ularning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tanlanadi. Bunda tezlik jihozlarning aniq rusumini tanlashda hal qiluvchi o`rin tutadi. Odatda mashinaning texnik tavsifida tezlikni ma'lum oralig`i ko`rsatiladi. Yigirish rejasida tezliklarni maksimal imkoniyatdan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Bulardan tashqari tezliklarni tanlashda xom-ashyo turi, aralashma tarkibi, ip sifati bilan bog`liq talablarni ham hisobga olish zarur. Umumiy holda yigirish rejasi 2-jadvaldagi ko`rinishda yoziladi.
Eng maqbul tuzilgan yigirish rejasi korxonada xom ashyo va jihozlardan samarali foydalanib, yuqori sifatli mahsulotni kam sarf xarajat bilan ishlab chiqarishni ta'minlaydi.
Paxta tolalarini titish-tozalash uchun ishlatiladigan agregatlardan biri 7-rasmda ko’rsatilgan. Bu agregat yuqori tozalash samaradorligiga ega bo’lgan agregatlar jumlasiga kiradi.