Ip yigirishda amalga oshiriladigan texnologik jarayonlar Yigirish tizimining har bir bosqichi o`ziga xos nomdagi, konstruksiyadagi jihozlarda amalga oshiriladi. Jihozlarda bajariladigan jarayonlar bir yoki bir nechta bo`lib, ular o`ziga xos nomlanadi. Shuningdek, ayrim bochqichlardan so`ng tolalardan biron turdagi xomaki (yarimtayyor) mahsulot hosil qilinib, uni navbatdagi bosqichda qayta ishlash davom ettiriladi. Xomaki mahsulotlarning o`z nomlari bo`lib, ularni navbatdagi mashinaga ta'minlashga qulay ko`rinish va shaklda o`rash yoki taxlash yo`li bilan o`ramalar olinadi. 1-jadvalda yigirish tizimlarini bosqichlari va jihozlari, bajariladigan jarayonlar va hosil qilinadigan xomaki mahsulotlarni nomlari keltirilgan.
Yigirish tizimlarini bosqichlarida qo`llaniladigan jihozlar, bajariladigan jarayonlar va hosilqilinadigan xomaki mahsulotlarni nomlari1-jadval
Ushbu jadvalda keltirilgan yigirish bosqichlari ipni halqali usulda yigirilishiga to`g`ri keladi. Shuningdek, titish, tozalash, aralashtirish va savash jarayonlari amalga oshiriladigan jihozlar bir-biri bilan quvurlar (uzatuvchi moslama) bilan ulanib, yagona agregatga birlashtirilgan. Ushbu agregatga tarash mashinalarini ham qo`shib birlashtirish yo`li bilan hosil qilingan jihozlar kompleksi «potok liniya» deb yuritiladi. Potok liniya tashkil etilganda savash mashinasida xolst hosil qiluvchi mexanizm o`rnatilmay, tolalarni titilgan holda havo yordamida bir nechta tarash mashinasiga uzatish mashinasi yordamida taqsimlab turiladi. Melanj tizimida ipni bo`yalgan va bo`yalmagan tolalarni aralashmasidan yigiriladi. Tolalarni bo`yash lozim bo`lganda ular dastlabki titish-tozalash bosqichidan so`ng bo`yaladi. Bo`yalgan tolalarni yigirish quritishdan so`ng belgilangan namlikga ega bo`lgach aynan karda tizimi tartibida amalga oshiriladi.
YIGIRISH USULLARI Tabiiy tolalardan qo`lda ip hosil qilish turli xalqlarda qadim o`tmishda ma'lum bo`lgan. Qo`lda ip hosil qilishning yagona moslamasi urchuq deb nomlanadi. Qo`lda yigirilgan ip sifati uncha yuqori bo`lmasada, ishchidan katta mahoratni talab qiladi.
Eramizdan biroz avval qo`l yordamida ip yigirishdan asta sekin turli ip yigirish moslamalari - charaxlariga o`tildi. Bu ip yigirish charxlari bilan paxta, jun, lub tolalaridan ip yigirganlar. Ip yigirish charxlari Evropaga kirib kelishi bilan ularni takomillashtirishga kirishildi. Qo`lda ip yigirishda mehnat unumdorligi juda kam. Uni mexanizatsiyalash borasida izlanishlar olib borgan rassom va mexanik Leonardo da Vinchi 1490 yilda o`zi yigirar urchuq (samopryalka) yaratish g`oyasi asosida qurilmani chizmasini qoldirdi. 1530 yilda Yurgens mustaqil tarzda yigirish charxi yaratdi.
3-rasm. Urchuqlar
4-rasm. Ip yigirish charxlari 1-urchuq o`rnatkich; 2-urchuq; 3-ilgak; 4-rogulka; 5-g`altak; 6 va 8-harakat uzatuvchi g`altaklar; 7-tasma (chilvir); 6-tepki.
1738 yilda Jon Uayt tolalar tutaminiing ingichkalashtirish uchun cho`zish jarayonini mexanizatsiyalash g`oyasini yaratdi va sherigi, Lyuis Paulnomiga patent oldi. Ushbu moslamada tolalar tutamini cho`zish uchun valiklardan foydalanish tavsiya etilgan. (5-rasm). Shuning uchun 1738 yilni yigirish mashinalarini yaratish davrini boshlanishi hisoblanadi. 1769 yilda Richard Arkrayt ushbu cho`zish asbobiga asoslanib birinchi mashinasini qurdi. Arkraytning mashinasida Lyuis Paulning cho`zish valiklari va rogulkali charx mujassamlashgan holda qo`llanilgan. Unda faqat 4 dona urchuq Bo`lgan. Shuningdek, 1765 yilda Xargrevs, 1779 yilda Samuel Krompton ham biroz takomillashgan yigirish mashinalarini yaratadilar.
1828 yil 20 noyabrda Jon Torp tarixda birinchi bo`lib, halqali yigirish mashinasini yaratgani to`g`risida patent olgan. Dastlabki halqali yigirish mashinasida ipni eshib pishitish uchun ikkita halqadan foydalanilgan. Halqalardan biri ipni o`rashda yuzaga keladigan taranglik kuchi hisobiga erkin aylanib ipni buram olishiga xizmat qilgan.
5 -rasm. Uayt va Paulning yigirish mashinasining sxemasi
6-rasm. Halqali vater mashinasi
1844 yilda Torp aylanuvchi halqani o`rniga yugurdakni qo`llashni tavsiya etadi. Shunday ixtirolarni bir vaqtda dunyoning turli hududlarida bir necha muhandislar taklif etishgan. Masalan, 1829 yilda Nyu-Yorklik Stefens va Addison, 1883 yilda ularning vatandoshi Jenks halqa va yugurdakli yigirish mashinalarini yaratganlar. Ushbu mashinada urchuq 1 gorizontal joylangan maxsus planka 2 dagi halqaning ichiga vertikal holda o`rnatilgan (6-rasm). Urchuqning pastki uchiga kichkina blokcha mahkamlangan. Halqaning yuqori qirrasiga metall yugurdaklar 3 kiydirib qo`yiladi. Cho`zish asbobidan chiqayotgan ip 5 ip o`tkichdan o`tib, so`ngra yugurdak 3 ostidan o`tadi va urchuqga zich kiydirib qo`yilgan naycha 4 ga o`raladi. Urchuq aylanganda undagi naychaga ip o`rala boradi va ishqalanish hisobiga yugurdakni ham tortib halqa bo`ylab surilishga olib keladi.
Birinchi halqali mashinani ishchi qismlarini harakatga keltirish uchun suvda ishlaydigan mexanik moslamalar ishlatilganligi uchun ularni «halqali vaterlar» deb nomlangan (vater-suv). Keyinchalik ushbu mashina takomillashtirilib borildi. Yigirish mashinalarini yaratilishi bilan bir qatorda o`sha davrda yigirish tizimining boshqa mashinalari ham yaratila boshlandi. Shunday qilib, XIX asrda mashinada yigirish davri boshlandi.
Hozirgi kunda tolalardan ip yigirishning bir nechta usullari mavjud bo`lib, ularni halqali va urchuqsiz usullarga bo`linadi. Urchuqsiz usullar o`z navbatida ipni hosil qilish va ipga buram berib pishitish jarayonining mohiyatiga qarab:
1. Pnevmomexanik;
2. Pnevmatik;
3. Aerodinamik;
4. Gidravlik;
5. Elektrostatik;
6. Rotorli;
7. Friktsion usullarga bo`linadi.
Halqali usulda yarim tayyor mahsulot - pilik hosil qilinib undan cho`zish asbobi yordamida kerakli chiziqli zichlikgacha ingichkalashtirilib cho`zilgan piltachani urchuq, halqa va yugurdak yordamida pishitib ip hosil qilinadi.
Urchuqsiz usulda ip yigirish uchun birinchi patent 1807 yilda Samuel Uilyams tomonidan taqdim etilgan deb hisoblanadi. Faqat XX asrning 20-40- yillarida ushbu yo`nalishdagi tadqiqotlar rivojlana boshladi. 1937 yilda Daniyalik Elmar Bertelsen olgan patentda kamerali pnevmomexanik mashina to`g`risida yozilgan. Texnikani rivojlanishi XX asrning o`rtalarida urchuqsiz usulda ip yigirish to`g`risidagi g`oyalarni amalga oshirilishiga imkoniyat yaratdi. 1960 yilda Chexoslovakiyada rus va chex olimlari hamkorligida birinchi pnevmomexanik yigirish mashinasining modeli yaratildi. Uning rotori 18000 min-1 tezlikda aylangan. 1965 yilda ushbu mashinani takomillashgan varianti, KS-200 rusumli mashina namoyish qilindi. Unda 60 ta yigirish qurilmasi o`rnatilgan.
1967 yilda Eliteks firmasi Fransiyaning San-Luis shahrida o`tkazilgan ITMA-67 vistavkasid BD-200 rusumli mashinasini namoyish qildi. Ushbu mashina KS-200 dan tarovchi-diskretlovchi qurilmadan foydalanilganligi bilan ajralib turadi. Mashina rusumini belgilovchi «BD» qisqartmasi chex tilida «Bezveretenovy Dopradacu», ya'ni urchuqsiz yigirish ma'nosini bildiradi.
Urchuqsiz usullarda yarim mahsulot asosan pilta hisoblanadi va uni kerakli chiziqli zichlikgacha ingichkalashtirish uchun tarovchi-diskretlovchi qurilmadan foydalaniladi. Ipni pishitish va o`rash turli konstruksiyadagi yigirish qurilmalarida amalga oshiriladi.
Halqali usulda ip yigirishni tezligi urchuqning tezligi bilan cheklab qo`yilgan bo`lsa, urchuqsiz usullarda yigirish qurilmalarini (rotorlar, kameralar) aylanish soni bir necha marta ortiq bo`ladi. Agarda zamonaviy yigirish mashinalarida urchuqlar bir minutda 25000 martagacha aylansa, yigirish kameralari 100000 -150000 martagacha aylanishi mumkin. Bundan ko`rinib turibdiki, urchuqsiz usullarda ip yigirishni unumdorligi bir necha marta yuqori bo`ladi.
Biroq, urchuqsiz usullarda tolalar tarovchi mexanizmda bir biridan ajratilib, so`ngra qo`shilganligi uchun ipni uzilish kuchi ancha (10-20%) kam bo`ladi. Shuning uchun urchuqli yoki halqali usullar nisbatan ko`proq qo`llaniladi.