Ishdan maqsad. kimyoviy tozalash, gidrodinamik tozalash, gidroabraziv tozalash, termik tozalash, gidrant, eritma, ishqor, uayt-spirit, mexanik tozalash, oqimli tozalash, ultratovushli tozalash.
4.1. Asosiy ma’lumotlar
4.2. Yuzalarni tozalash usullari Yuzalarni tozalash – turi va xususiyatiga ko‘ra turlicha bo‘lgan zararli yoki nohush qatlamlarni (ifloslanishlarni) bartaraf etishdir.
Tozalash usulini tanlash ifloslanish turi, tozalovchi muhitning material yuzasiga ta’siri darajasi, mahsulotlar shakli va o‘lchamlari, jihozlarning mavjudligi, sanitar-gigienik va iqtisodiy talablar va hokazolarga bog‘liq. Ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatadiki, ta’mirlash jarayonida detallar va yig‘ish birliklarini faqatgina sifatli tozalash natijasida ta’mirlangan dvigatellarning resursi 25-30 %, ta’mirlash xodimlarining mehnat samaradorligi esa 15-20 % ga ortadi. Shuning uchun lokomotivlarni ta’mirlashda tozalash ishlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’mirlash jarayonida tozalash quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
- ta’mirlash sifatini, ta’mirlash xodimlarini yuqori mehnat samaradorligini, ishlab chiqarish madaniyati va sanitar-gigienik talablar bajarilishini ta’minlash;
- detallarni defektatsiyaga, geometrik o‘lchamlari va fizik-kimyoviy parametrlarini nazorat qilishga tayyorlash;
- mashinalarni ta’mirlashda bo‘lgan davrida detallar korroziyasini istisno qilish yoki sezilarli kamaytirish;
- agregatlar, uzellar, tizimlarni yig‘ishda detallar yuzalarini kerakli darajada toza bo‘lishini ta’minlash.
Mashinalar, yig‘ish birliklar va detallarni tozalash yuzalaordagi ifloslanishlarni shu darajada bartaraf etishdan iboratki, bunda qolgan ifloslanishlar ta’mirlash operatsiyalarini bajarishga halal bermasin.
Tozalash jarayonini tashkil qilishda detallar materiallarini xususiyatlarini hisobga olish lozim, chunki bu xususiyatlar turli tozalash usullarini qo‘llaganda o‘zgarishi mumkin, bu esa faol yuvuvchi va tozalovchi muhitlar ta’sirida yoki qattiq tozalovchi muhit zarralarini detal yuzalari bilan o‘zaro ta’sirlashuvi natijasida yuzalarning mexanik shikastlanishi sababli korrozion buzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Tozalash usulini tanlashga tozalanayotgan yuzaning qoldiq iflosligi darajasi sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Qoldiq ifloslik miqdori ta’mirlash texnologik jarayoni bilan aniqlanadi. Masalan, yig‘ish operatsiyalari uchun ruhsat etilgan qoldiq ifloslik miqdori 0,10-0,15 mg/sm2, bo‘yashda 0,005 mg/sm2, defektlarni aniqlashda esa yuza dag‘alligi 10 mkm da 1,25 mg/sm2 dan ortmasligi kerak.