Reja Ishlab chiqarish zaxiralari hisobining vazifalari, ularni
7. Ishlab chiqarish zahiralarini inventarizatsiya qilish Korxonalarning buxgalteriya hisobi va hisoboti ma’lumotlarining to‘g‘riligi ularning ishlab chiqarish zahiralari inventarizattsiya qilish bilan tasdiqlanadi. Ishlab chiqarish zahiralarini inventarizattsiya qilish «Inventarizattsiyani tashkil etish va o‘tkazish» nomli 19-son BHMS va «Tovar-moddiy zahiralar» nomli 4-son BHMSlar bilan tartibga solinadi.
Inventarizattsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad - ishlab chiqarish zahiralarining natura va qiymat ko‘rinishida amalda mavjud ekanligini aniqlashdan iborat. Inventarizattsiya qilish natijasida boyliklarning to‘g‘ri saqlanishi va berilishi, tarozi va o‘lchov asboblarining holati, hisob yuritish tartibi va boshqalar tekshiriladi.
Ishlab chiqarish zahiralarini inventarizattsiya qilish bir yilda kamida bir marta moliyaviy hisobotni tuzishdan oldin, lekin hisobot yilining 1 oktyabridan keyin amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish zahiralarining saqlanishini, ularni saqlash shart-sharoitlarini va omborda hisobga olish ahvolini nazorat qilish uchun inventarizattsiyalar o‘rtasidagi davrda muntazam tekshirishlar va materiallarni tanlab inventarizattsiyalash o‘tkazilishi kerak.
Quyidagi holatlarda inventarizattsiya muddatidan oldin o‘tkazilishi shart:
korxona mol-mulkini ijaraga berish, sotib olish, sotish, shuningdek davlat korxonasini Aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirish chog‘ida;
tovar-moddiy boyliklar qayta baholanganida;
moddiy javobgar shaxs o‘zgarganida;
talon-taroj qilish yoki suiiste’mol qilish, shuningdek boyliklarning buzilishi bilan bog‘liq faktlar aniqlanganida;
yong‘in yoki tabiiy ofatlar sodir bo‘lganida;
korxona tugatilayotganida tugatish balansini tuzish oldidan va boshqa hollarda.
Tekshirish ko‘lamiga ko‘ra inventarizattsiya yoppasiga yoki tanlab o‘tkaziladigan, o‘tkazish vaqti bo‘yicha rejalashtirilgan yoki to‘satdan o‘tkaziladigan inventarizattsiyalarga bo‘linishi mumkin.
Inventarizattsiyani o‘tkazishga korxona rahbari va bosh buxgalteri rahbarlik qiladi. Ishlab chiqarish zahiralarini inventarizattsiya qilish inventarizattsiya qiluvchi ishchi komistsiyalar tomonidan moddiy javobgar shaxs ishtirokida amalga oshiriladi.
Inventarlash davrida moddiy boyliklarning mavjudligi tarozida tortish, o‘lchash usuli bilan aniqlanadi va ro‘yxatda rasmiylashtiriladi. Ro‘yxatni moddiy javobgar shaxs imzolaydi.
Inventarizattsiya qilish natijasida materiallar bo‘yicha hujjatlardagi ma’lumotlar va haqiqiy qoldiqlar orasidagi farq solishtiruv qaydnomasida rasmiylashtiriladi.
Ishlab chiqarish zahiralarini inventarizattsiya qilish natijasida aniqlangan haqiqiy mavjud mulk va buxgalteriya hisobi ma’lumotlari o‘rtasidagi tafovutlar quyidagicha aks ettiriladi:
Masalan, «Bobur» hissadorlik jamiyatida hisobot yilida 24000 so‘mlik material kamomadi aniqlandi va u aybdor shaxs topilmaganligi sababli davr xarajatlariga o‘tkazildi. Ushbu muomalalarga hisobda quyidagicha provodka beriladi:
Inventarizatsiya natijasida kamomad aniqlandi:
D-t 5910-«Kamomadlar va qimmatliklarni shikastlashdan talofatlar» - 24000 so‘m
K-t 1010-«Xom-ashyo va materiallar» - 24000 so‘m.
Kamomad summasi davr xarajatlariga o‘tkazildi:
D-t 9430-«Boshqa operatsion xarajatlar» - 24000 so‘m
K-t 5910-«Kamomadlar va qimmatliklarni shikastlashdan talofatlar» - 24000 so‘m.
Korxona aybdor shaxslardan kamomadni haqiqiy narxda emas, balki hozirgi davrdagi bozor narxlarida undirish huquqiga ega. Masalan, korxona omborida 5000 so‘mlik material kamomadi aniqlandi va 8000 so‘m qiymatda aybdor shaxsdan undirib olindi. Ushbu muomalalarga hisobda quyidagicha provodka beriladi:
Inventarizattsiya natijasida kamomad aniqlandi;
D-t 5910-«Kamomadlar va qimmatliklarni shikastlashdan talofatlar» - 5000 so‘m
K-t 1010-«Xom-ashyo va materiallar» - 5000 so‘m.
Moddiy javobgar shaxsdan ushlab qolinadigan summa;
D-t 4730-«Xodimlarning moddiy zararni qoplash bo‘yicha qarzlari» - 8000 so‘m.
K-t 5910-«Kamomadlar va qimmatliklarni shikastlashdan talofatlar» - 8000 so‘m
Moddiy boyliklarni undirishdan daromad aniqlandi-(8000-5000)=3000 so‘m;
D-t 5910-«Kamomadlar va qimmatliklarni shikastlashdan talofatlar» - 3000 so‘m
K-t 9390-«Boshqa operatsion daromadlar» - 3000 so‘m.
Ishlab chiqarish zahiralarining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan me’yorlar doirasida tabiiy kamayishi, korxona rahbari ko‘rsatmasi bo‘yicha tegishli ravishda ishlab chiqarish xarajatlariga o‘tkaziladi.
Aybdorlari aniqlanmagan o‘g‘irliklar bo‘yicha ko‘rilgan zararlar foyda solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazaga «Xarajatlar tarkibi to‘g‘risidagi Nizom»ning 1-ilovasiga binoan kiritiladi.
Ishlab chiqarish zahiralarini inventarizattsiya qilish natijasida ortiqcha mol-mulk mavjudligi aniqlansa, u moliyaviy natijalarga kirim qilinadi:
D-t 1010-«Xom-ashyo va materiallar»
K-t 9390-«Boshqa operatsion daromadlar».