II Bob Saljuqiylar va ilxoniylar davrida Eron 2.1 Kokuiylar, ortiqiylar va zangiylar davrida Eron Kokuiylar (Kokvayhiylar) 1008-1051 yillarda mustaqil hukmdorlar, keyingi yillarda saljuqiylarning vasallari14.
Kokuiylar (Kokvayhiylar) sulolasi hukmdorlari.
433-440/1041-1048 Abu Kalijar Garshosp I (Hamadon va Nihovanda)
?-488/?-1095 Abu Mansur Ali (Yazdda)
488-513/1095-1119 Abu Kalijar Garshosp II (Yazdda)
G‘arbiy Eronda Buiylar inqirozga uchragan kezlarida maydonga chiqqan Kokuiylar Daylamiylar sulolasi bo‘lib, o‘sib kelayotgan Saljuqiy hukmdorlar tomonidan qaram ahvolga solib qo‘yilib, mustaqilliklarini yo‘qotgan edilar. Dushmanziyor Ray va Jibol Buiylaridan Shahriyor shahrini oldi. Uning o‘g‘li Alou-d-davla Muhammad Ibn Kokuniya nomi bilan tanilgan edi. Manbalarda ko‘rsatilishicha, daylamiy lahjasida koku so‘zi tog‘a degan ma’noni bildirib, Muhammadning otasi Buiy amir Majdu-d-davlaga tog‘a bo‘lar ekan. 398/1008 yilda u Isfaxonning hukmdori bo‘ldi, oradan ko‘p o‘tmay Hamadonni va G‘arbiy Eronning boshqa shaharlarini bosib oldi. U bu hududdan keladigan katta daromaddan foydalanib, baquvvat yollanma qo‘shin barpo etdi va shu sababdan Kokuiylar bir necha muddatga yirik siyosiy kuchga aylandilar. Saroyda shoirlar va olimlarga homiylik qilinar edi, mashhur olim Ibn Sino esa Muhammadning vafotiga qadar, uning vaziri bo‘lgan. Muhmud G‘aznaviy 420/1029 yilda Rayni ishg‘ol qilganida Ibn Kokuya unga bo‘ysunishga majbur bo‘ldi. Ammo bu chekka sarhadlarni ushlab turish G‘aznaviylarga qiyinlik qilardi. Shuning uchun Ibn Kokuya bir necha muddatga Rayni qaytarib oldi.
Chorvador o‘g‘uzlarning bostirib kirishi Erondagi siyosiy vaziyatni butkul o‘zgartirib yubordi va Kokuiylar hamda boshqa Daylamiy hukmdorlar mudofaaga o‘tishga majbur bo‘ldilar. Ibn Kokuya 433/1041 yilda vafot etgach, Isfaxon uning o‘g‘li Faromurz qo‘liga o‘tdi, ammo Faromurz o‘zini Saljuqiylarga qaram deb tan olishga majbur bo‘ldi. Pirovardida To‘g‘rul Isfaxonni bosib olib (443/1051), uni o‘z poytaxtiga aylantirganida Faromurz qo‘ldan ketgan Isfaxon o‘rniga Abarquh va Yazdni oldi, uning ukasi Garshosp Hamadon va Nihovandda otasiga merosxo‘r bo‘ldi, biroqu o‘g‘uzlarga qarshi turolmadi va Forsdagi Buiylar panohiga qochdi. Aftidan, so‘nggi Kokuiylar ulug‘ Saljuqiylar hukmronligiga ancha yaxshi moslashib olgan bo‘lsalar kerak: Ali ibn Faromo‘rz Yazdda ota merosiga ega bo‘lib, Chag‘ribekning qizlaridan biriga uylandi, bu sulolaning manbalarda tilga olinadigan so‘nggi vakili Garshosp ibn Ali esa sulton Muhammad va sulton Sanjarning singlisiga uylangan edi.