I. BOB. O‘ZBEK TILI LUG‘AT TARKIBINING MA’NO JIHATIDAN TAVSIFI So‘z va leksema munosabati, leksemaning ifoda va mazmun tomoni
Lug‘at tarkibidagi so‘zlarni ikkita katta guruhga bo‘lish mumkin:
1.Atash xususiyatiga ega bo‘lgan so‘zlar. Bular, shaxs (odam, bola), narsa (kitob, daftar), belgi (yaxshi, go‘zal), miqdor (olti, yettinchi), holat (tez, oson), payt (hozir, bugun), harakat (yurmoq, yozmoq), ishora (bu, shu) kabi tushunchalarga nom bo‘lib keladi.
2.Atash xususiyatiga ega bo‘lmagan so‘zlar. Bular so‘zlarni bir-biriga bog‘laydigan (va, uchun), so‘zlarga qo‘shimcha ma’no kiritadigan (faqat, xuddi), tovush va harakatlarga taqlid bildiradigan (gurs, jimir-jimir), inson his-tuyg‘ularini aks ettiradigan (oh, voy), aytilgan fikrga munosabat bildiradigan (shekilli, menimcha) kabi so‘zlardir.
Ma’no jihatidan birinchi guruhga mansub so‘zlar lug‘aviy birlik hisoblanadi va leksikologiya bo‘limida o‘rganiladi, ikkinchi guruh so‘zlar esa grammatik so‘zlar hisoblanadi va ular faqat grammatika bo‘limida o‘rganiladi.
Ilmiy adabiyotlarda atash xususiyatiga ega bo`lgan so`zlar leksema termini bilan atalmoqda. “O’zbek tili sistem leksikologiyasi asoslari” nomli o`quv qo`llanmada leksemaga quyidagicha ta’rif beriladi: “Jamiyat a’zolari uchun tayyor, umumiy, majburiy bo`lgan, shakl va mazmunning barqaror birikuvidan tashkil topgan, voqelikdagi narsa, belgi, xususiyat va munosabatlarni shakllantiruvchi, nutq va lug`atda grammatik morfemalarni o`ziga biriktira oladigan morfema turi leksemadir”.
Leksema va so`zning o`zaro munosabati fonema bilan tovush o`rtasidagi munosabatga o`xshaydi, ya’ni leksema til birligi hisoblansa, so`z nutq birligidir. Boshqacha aytganda, so`z leksemaning nutqda voqelashgan shaklidir.
Masalan: Bolalar keldi gapini olaylik. Bu gapda bola- (kichik yoshdagi odam) va kel- (harakat) birliklari leksema hisoblansa, bolalar va keldi qismlari so`z hisoblanadi. Lеksеmaning har bir so`z birikmasi, har bir gap tarkibidagi ko`rinishi alohida so`zdir.
Masalan, tilimizda bitta kitob lеksеmasi bor.
Lеkin uning har bir so`z birikmasi yoki gapdagi ko`rinishi alohida so`zdir. Shuning uchun tilimizda sanoqli lеksеma bor, so`zning miqdori esa chеksiz.
Til birliklari – fonema, morfema, leksema, model inson ongida yaxlit tizim sifatida mavjud bo’lib, inson borliqdan signalni qabul qiladi va ongida joylashgan til birliklarini saralaydi va nutqda ifoda etadi. Natijada nutq birliklari yuzaga keladi.
Leksemalar konstruksiyalarda mustaqil o‘rin egallay olish yoki egallay olmasligiga ko‘ra, mustaqil va yordamchi leksemalarga bo‘linadi. Mustaqil leksemalar nutqda alohidalik xususiyatiga, o‘zidan keyin grammatik morfemalarni ergashtirish qobiliyatiga ega. Biroq leksemalar ichida shundaylari ham borki, ular gapda mustaqil o‘rinni egallay olmaydilar. Bunday leksemalar sirasiga yordamchi so‘zlar kiradi.
Leksema til birligi sifatida turlicha imkoniyatlar majmuasi bo‘lsa, so‘z uning voqelanishi, ro‘yobga chiqishi, aniq shakl, mazmun va vazifa kashf etgan moddiy ko‘rinishidir. Har bir leksema nutqda muayyan so‘z sifatida namoyon bo‘ladi.
Leksemaning ifoda va mazmun tomoni
Falsafa fanida shakl va mazmun birligi haqida so`z yuritiladi. Tasavvufda surat va ma’ni, adabiyotda surat va siyrat kabi tushunchalar farqlanadi. Bu narsa tilshunoslik faniga ham taalluqli bo’lib, u leksemaning tashqi (shakliy) va ichki (mazmuniy) tomonlarida o’z aksini topadi.
Leksema ikki tomonga ega bo‘lgan til birligidir. Aniqrog‘i, u shakl va mazmun tomonlaridan iborat ramzdir. Sistem tilshunoslikda leksemaning shakl tomoni nomema deyiladi.
Nomema faqat leksemaning shakliga (moddiy qobig‘i, tashqi tomoniga) nisbatan ishlatiladi. Leksemaning mazmun tomoni (ma’nosi, ichki tomoni….) esa semema nomi bilan yuritiladi.
Demak, leksema= nomema+sememadir.
Leksemaning tashqi tomoni, uning ifodaviy yoki shakliy tomoni deb ham ataladi.
Leksemaning ifoda tomonini maktab leksemasi misolida ko‘rib o‘tamiz, unda quyidagilar nazarda tutiladi:
1.Leksema tarkibidagi tovushlar: maktab leksemasi m, a, k, t, a, b tovushlaridan iborat.
2.Leksema tarkibidagi harflar: maktab leksemasi m, a, k, t, a, b harflaridan iborat.
3.Leksema tarkibidagi bo‘g‘inlar: maktab leksemasi mak-tab kabi ikki bo‘g‘indan iborat.
4.Leksema tarkibidagi ma’lum bir unli tovushga tushadigan urg‘u: maktáb.
Xulosa shuki, leksemaning inson sezgi a’zolari yordamida sezish mumkin bo‘lgan tomonlari uning ifoda (moddiy) tomoni deb yuritiladi. Ilmiy adabiyotlarda bu nomema deb ham yuritiladi.
Leksemaning ichki tomoni, uning mazmuniy tomoni deb ham ataladi. Leksemaning mazmuniy tomoni deganda quyidagilar nazarda tutiladi:
1. Leksema ifodalagan lug‘aviy ma’no, ya’ni leksemaning borliqdagi shaxs (odam), narsa (kitob), belgi (yomon), rang (yashil), hajm (katta), miqdor (olti), harakat (yugur) kabi tushunchalarni nomlashi.
2. Leksema orqali ifodalangan uslubiy belgi: ona (uslubiy betaraf), volida (uslubiy xoslangan).
3. Leksema orqali ifodalangan hissiy-ta’siriy bo‘yoq: chehra (ijobiy bo`yoq), bashara (salbiy bo`yoq).
Semalar ma’no xususiyatlariga ko`ra quyidagi turlarga bo`linadi:
Atash semalari narsa, belgi, harakat, miqdor kabi tushunchalarni nomlaydigan semalardir. Masalan, ruchka, qalam, bo`r, flomaster kabi leksemalar uchun “yozish va chizish quroli “ semasi atash semasi bo`lib hisoblanadi.
Ifoda semalari atashdan tashqari tushunchaga munosabatni ifodalaydigan semalardir. Masalan, lab- leksemasidagi “betaraflik” semasi, dudoq leksemasidagi “kitobiylik” semasi ifoda semalariga misol bo`la oladi.
Vazifa semalari leksemalarning gapda qanday vazifa bajarishini, ya’ni qanday leksemalar bilan birika olishini belgilaydigan semalardir.
Masalan, Bola kitob o`qidi gapidagi leksemalarni tahlil qilib ko`ramiz. Bola- leksemasi sememasida shu gap ichida “harakatni bajaruvchi” semasi bor, shuning uchun bu leksema ega bo`lib kelgan. Kitob- leksemasida “harakat o`tgan narsa” degan sema mavjud, shuning uchun u to`ldiruvchi bo`lib kelgan. O`qi- leksemasida esa “bajarilgan harakat” degan sema bor, shuning uchun u kesim vazifasida kelgan.
Semema leksemaning ichki tomoni, uning mazmuni, ma’nosi, nimani ifodalab kelishidir. Masalan, o‘rik leksemasining sememasi quyidagi tushunchalarda namoyon bo‘ladi:
- ho‘l meva turi;
- shu mevaning quritilgani;
- shu mevani beradigan daraxt.
Sememaning tushunchalar bilan bog‘liqligini faqat mustaqil leksemalardagina kuzatish mumkin. Yordamchi leksemalarda, olmoshlarda esa bunday bog‘lanishni ko‘rmaymiz. Tilshunoslikda sememani hosil qiluvchi ma’no bo‘laklari sema deyiladi. Masalan: daraxt leksemasining semalari quyidagilar:
- predmet;
- o‘simlik;
- yerda o‘suvchi;
- tanali;
- ildizli;
- shoxli;
- bargli.
Shuningdek, quyosh leksemasining lug`aviy ma’nosini, ya’ni sememasini quyidagi semalar tashkil etadi:
- yulduz;
- issiqlik tarqatuvchi osmon jismi;
- yorug`lik tarqatuvchi osmon jismi;
- bir qancha sayyoralarni o`ziga birlashtirgan tizim markazi;
- Yer sayyorasidagi hayot manbasi;
Bu ro`yxatni o`z bilimimizga tayangan holda yana davom ettirish mumkin.
Ba’zi ilmiy adabiyotlarda lug`aviy ma’no denonotativ ma’no, uslubiy belgi va hissiy-ta’siriy bo`yoqlar esa birgalikda konnotativ ma’no ham deyiladi.
Leksemalarda bir ma’nolilik va ko`p ma’nolilik
Til birligi sifatida tan olingan leksemalarda ham bir ma’nolilik va ko`p ma’nolilik mavjuddir. Boshqacha aytganda, bitta leksema bir sememaga, boshqa leksema esa bir necha sememaga ega bo`lishi mumkin.
Til va nutq birliklarini barcha sathlarda farqlay borish lozim. Shunday ekan, bir ma’nolilik va ko`p ma’nolilik hodisalarini ta’riflashda ham shunday yo`l tutish kerak bo`ladi.
Tilshunos olimlar bu o`rinda lisoniy ma’no va nutqiy ma’nolarni farqlaydilar. Lisoniy ma’no deganda til birliklariga xos bo`lgan ma’no nazarda tutiladi. Nutqiy ma’no esa leksemaning nutqiy vaziyatdan kelib chiqqan holda ifodalaydigan ma’nosidir. Masalan, Poyida yig'laydi kumush qor yum-yum (Oybek) gapidagi kumush leksemasi til birligi sifatida “oq-ko`kish rangli yaltiroq, asl metall”5 ma’nosini bildirsa, atoqli adibimiz Oybek bu leksemani “oq rangli” ma’nosida qo`llagan.
Shuni ta’kidlash lozimki, nutqiy ma’no leksemaning ko`chma ma’nosi emas, chunki bu ma’no hali til vakillarining barchasi tomonidan tan olinmagan, umumlashmagan ma’nodir. Shunday ekan, biz bu o`rinda leksemadagi lisoniy ma’noning bitta yoki bittadan ortiq ekanligi haqida so`z yuritamiz.
Agar leksema bittagina ma’noga ega bo`lsa, bunday leksemalarga bir ma’noli leksemalar deyiladi. Bu hodisa tilshunoslikda monosemiya deb yuritiladi. Monosemiya yunoncha mono – bir, sema – belgi degan ma’nolarni bildiradi. Masalan, ko`l leksemasining yagona sememasi quyidagi semalarni qamrab oladi:
suvga to`lgan havza;
atrofi berk suv havzasi;
chuqurlikdan iborat tabiiy suv havzasi;
Shu leksemaning gap tarkibidagi hosilasi bo`lgan ko`l so`zida ham shu ma’nolar mavjud: Ko`l juda katta edi. Ko`pincha ilmiy atamalar, atoqli otlar, yangilik bo`yog`i o`chmagan leksemalar bir manoli hisoblanadi.
Agar leksema birdan ortiq ma’noga ega bo`lsa, bunday leksema ko`p ma’noli leksema deb ataladi. Bu hodisa tilshunoslikda polisemiya deb yuritiladi. Polisemiya yunoncha poli – ko‘p, sema – belgi degan ma’nolarni bildiradi. Masalan, izohli lug`atda og`ir so`zining jami 17 ta ma’nosi keltirilgan. Shulardan ba’zilarini quyida keltiramiz:
- vazni katta bo`lgan, tosh bosadigan, vaznli, vazmin (og`ir yuk);
- o`zini tuta biladigan, sipo, vazmin, bosiq (og`ir, vazmin yigit);
- muayyan me’yori buzilgan, talabga javob bermaydigan (og`ir havo);
- yomon oqibatlarga olib borishi mumkin bo`lgan, jiddiy, xavfli (og`ir dard)