Moliyaviy menejentning konseptual asoslari.
Reja:
1. Moliyaviy menejmentning iqtisodiy mohiyati.
2. Korporativ moliyani boshqarishda moliyaviy menejerning asosiy vazifalari.
3. Moliyaviy rejalashtirish jarayonida moliyaviy menejerlar ro`li.
Moliyaviy menejmentning iqtisodiy mohiyati
Respublikamiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq, jamiyat taraqqiyotining barcha jabhalarida, eng avvlo, iqtisodiy sohada iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va erkinlashtirish borasida aniq dasturlar ishlab chiqilgan. Ushbu dasturlarda belgilangan vazifalarning hayotga samarali tatbiq etilishi natijasida iqtisodiyotda turli mulkchilik shaklidagi korxonalar,firma va kompaniyalar vujudga kela boshladi. Mamlakatimiz iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikka erishishida muhim omillar, ishlab chiqarish hajmining o‘sishi, pul qadrsizlanishini pasaytirish, eksport hajmini oshirish va boshqa shu kabi makroiqtisodiy o‘sishni ta’minlash bilan birga respublikamizda faoliyat yuritayotgan har bir korxona, firma, kompaniyalarning ham xo‘jalik subyekti sifatida rivojlantirishni taqozo etadi.
O‘z navbatida, korxonalar oldida turgan asosiy maqsad o‘z faoliyatini samarali tashkil qilish, kam mehnat sarflagan holda, ko‘proq va sifatli mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish, iste’molchilarning talab va ehtiyojlarini to‘la qondirish va shu asosda foyda olishdan iborat.
Ta’kidlash kerakki, bozor munosabatlari sharoitida korxona, firma va kompaniyalarning moliyaviy boshqaruv tizimiga yangicha yondoshishni taqozo etadi. Korxonalarning iqtisodiy mustaqil va moliyaviy barqaror faoliyat ko‘rsatishlari, ularda boshqaruvni to‘g‘ri tashkil qilish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni oqilona yo‘lga qo‘yish, fan va texnika yangiliklaridan, yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish, moliyaviy menejment ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kabi bir qator omillarga bog‘liq.
Bizga ma’lumki, iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan har qanday korxona uning xo‘jalik-moliyaviy faoliyatidan qat’iy nazar bir xil tarzda faoliyat yuritishi mumkin emas. Korxonalar ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, ishlar bajarish va mahsulotlar sotish jarayonida, bevosita ikkinchi tomon bilan hamkorlikda iqtisodiy munosabatlarni yuritish natijasida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishadi va buning natijasida korxonalarning moliyaviy faoliyati shakllanadi. Korxonalarning moliyaviy faoliyati bevosita moliyaviy munosabatlar tizimi vositasida amalga oshiriladi.
Bozor munosabatlarining rivojlanishi sharoitida turli mulkchilik shakllarining paydo bo‘lishi, korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyatlarini yuqori sur’atlar bilan rivojlanishi, ularda boshqaruvning zamonaviy tizimini yaratilishi kabi omillar korxonalar moliyaviy munosabatlar tizimini yanada rivojlanishiga hamda ularning ko‘lamini kengayishiga olib keldi. Korxonalarning moliyaviy munosabatlarini ikki guruhga ajratish mumkin: tashqi moliyaviy munosabatlar va ichki moliyaviy munosabatlar.
Korxonalarning ta’sischilari bilan yuzaga keladigan moliyaviy munosabatlarni, korxona dastlabki tashkil qilinayotgan davrda ustav kapitalini shakllantirish va ularning ma’lum qismini korxonada ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni moliyalashtirishga yo‘naltirish yoki taqsimlash hamda korxonaning yakuniy moliyaviy natijalariga asoslangan holda ta’sischilarning ustav kapitalidagi ulushlariga qarab yoki ular egallab turgan aksiyalarning foizlardagi ulushiga qarab dividendlarning to‘lanishida yuzaga keladigan munosabatlarda ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.
Korxonalar xo‘jalik faoliyatining uzluksizligini ta’minlash, ularda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirish va shu kabi iqtisodiy barqarorlik ko‘rsatkichlarining yuqori bo‘lishida korxonalarda faoliyat yuritayotgan ishchi xodimlar va xizmatchilar vazifalarining va ish jarayonlarining yuqori saviyada tashkil qilinganligi, ularning mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini yaratilishi alohida ahamiyatga ega. Korxonalar va uning ishchi xodimlari o‘rtasida yuzaga keladigan moliyaviy munosabatlarni samarali tashkil qilinishi yuqoridagi maqsadlarga erishishda va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishda dolzarb hisoblanadi. Korxonalarda ishchi xodimlar o‘rtasida, olingan daromad yoki foydani bir qismini taqsimlash, ish haqlari va mukofot pullarni to‘lash, agar ma’lum turdagi qimmatli qog‘ozlarga ega bo‘lsa ular bo‘yicha dividendlarni to‘lash, moddiy yordam ko‘rsatish hamda korxona faoliyatiga moddiy va ma’naviy zarar yetkazsa, ushbu zarar miqdorini qoplash, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha tegishli soliqlarni ushlab qolish va shu kabi jarayonlar natijasida moliyaviy munosabatlar yuzaga keladi.
Hozirgi kunda davlat budjet daromadlarini tarkibida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turli mulkchilik shaklidagi korxonalar to‘laydigan soliqlar va majburiy to‘lovlar salmoqli o‘rinni egallaydi. Har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishining asosiy omillaridan biri korxonalar faoliyatini rivojlantirish ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, bir so‘z bilan aytganda davlatning moliyaviy siyosatini samarali yo‘lga qo‘yilganligi, ham iqtisodiy ham ijtimoiy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Korxonalarning mulkchilik shakli va xususiyatlaridan kelib chiqqan holda davlat budjetiga to‘laydigan soliqlar va majburiy to‘lovlar, davlat budjetidan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va boshqa maqsadlarda ajratilgan moliyaviy yordamlar, ularga turli xil soliq imtiyozlarini berish yoki korxonalarga nisbatan qonunchilikka asosan jarimalar va sanksiyalar qo‘llash kabi munosabatlar jarayonida korxonalarning davlat bilan yoki budjet va budjetdan tashqari fondlari bilan moliyaviy munosabatlari kelib chiqadi.
Korxonalarning tijorat banklari bilan yuzaga keladigan moliyaviy munosabatlari, korxonalarning barcha turdagi moliyaviy, iqtisodiy munosabatlarini amalga oshirishda markaziy bo‘g‘inni egallaydi desak ham bo‘ladi. Korxonaning moliyaviy munosabatlari, tijorat banklardagi maxsus hisob raqamlaridagi pullarni saqlash va foydalanish tizimini yaratilishi, bankning kredit va lizing operatsiyalaridan foydalanish, ya’ni kredit bo‘yicha asosiy qarz va hisoblangan foiz to‘lovlarini to‘lash jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar, barcha turdagi pul o‘tkazmalari va valuta oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish va boshqa bank xizmatlaridan foydalanish jarayonida yuzaga keladi.
Bozor munosabatlari sharoitida korxona, firma va kompaniya rahbarlari yoki moliyaviy menejerlar ular ixtiyoridagi mol-mulkdan va barcha moliyaviy resurslardan samarali foydalanish uchun harakat qilish bilan cheklanib qolmasdan, favqulotda va tasodifiy zararlarning natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash tadbirlarini ko‘rishi ham lozim. Bunda sug‘urta munosabatlari katta ahamiyatga ega. Korxonalarning sug‘urta kompaniyalari bilan moliyaviy munosabatlari mol-mulklarni, risklarning barcha turlari, ishchilarning alohida toifadagilarini, ularning ishlari va majburiyatlaridan kelib chiqqan holda va shu kabilarni sug‘urtalash jarayonida yuzaga keladi.
Korxonalarning kontragenti yoki boshqa-boshqa xo‘jalik subyektlari bilan yuzaga keladigan moliyaviy munosabatlari, mahsulot va xizmatlar realizatsiyasi, yangi qiymatni yaratish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar jarayonida yuzaga keladi. Korxonalarning xo‘jalik faoliyatida ushbu munosabatlar asosiy o‘ringa ega, chunki ushbu moliyaviy munosabatlarning asosida moddiy ishlab chiqarish yotadi, ushbu jarayon mamlakatda yalpi ichki mahsulot va milliy daromadning shakllanishi va vujudga kelishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari korxonalarda barcha turdagi to‘lovlarning ko‘p qismi aynan shu bo‘limga to‘g‘ri keladi, o‘z navbatida korxonalar faoliyatining moliyaviy va iqtisodiy ko‘rsatkichlari ko‘p jihatdan ushbu moliyaviy munosabatlarini samarali tashkil qilinishiga bog‘liq.
Dostları ilə paylaş: |