4. Leksikologiya va leksikografiya (leksikos–so‘z, logos–ta’limot). Leksikologiyada so‘z va uning lug‘aviy ma’nolari o‘rganiladi. Bu bo‘limda bir ma’nolilik va ko‘p ma’nolilik, omonim, sinonim, antonim, paronim, atamalar, yangi va eskirgan so‘zlar, jargon va argolar o‘rganiladi. Leksikografiyada esa lug‘at va uning turlari o‘rganiladi.
5. Frazeologiya( frazeo – ibora) – iboralarni o‘rganadigan soha.
6. So‘z yasalishi. Bu bo‘limda yangi so‘z yasash yo‘llari o‘rganiladi.
7. Morfemika. Bu bo‘limda o‘zak (asos) va qo‘shimchalar o‘rganiladi.
8. Grammatika (grek. grammatika «harf o‘qish va yozish san’ati», «harf» degani). Grammatika to‘g‘ri gapirish va yozishni o‘rgatadi. U ikki qismdan iborat: a) Morfologiya(grek. morhfos «shakl», logos «ta’limot» so‘zlaridan olingan)—so‘z shakllarining tarkibiy tuzilishi, bu shakllarning o‘ziga xosliklari, so‘z turkumlarini o‘rganadigan soha
b) Sintaksis(yunoncha syntaxis so‘zidan olingan bo‘lib, yopishtirish, bog‘lash, demakdir). Bu bo‘limda so‘zlarning bir-biriga to‘g‘ri bog‘lanishi, so‘z birikmasi, gap bo‘laklari, gap, gap tuzish qoidalari va uning turlari, undalma va kiritmalar o‘rganiladi.
9. Punktuatsiya(yunoncha nuqta degani). Bu bo‘limda tinish belgilarining ishlatilishi o‘rganiladi. O‘nta tinish belgisi bor: . , ; : ... ( ) ” ” ? ! – Punktuatsiya sintaksis bo‘limi bilan uzviy bog‘liq.
10. Uslubiyat. Bunda uslublar va til vositalarining ishlatilish imkoniyatlari o‘rganiladi.
O‘zbek adabiy tilida quyidagi me’yorlar farqlanadi: 1) leksik (so‘z qo‘llash) me’yorlar;
2) talaffuz me’yorlari;
3) so‘z yasalishi me’yorlari;
4) morfologik me’yorlar;
5) sintaktik me’yorlar;
6) uslubiy me’yorlar.
Orfoepiya qoidalari. O‘zbek tilida tovushlar talaffuzi. Orfoepiya so‘zlarni, ularning tarkibidagi tovushlarni, shuningdek, o‘zak va qo‘shimchalardan iborat so‘z shakllarini to‘g‘ri talaffuz qilish me’yorlari tizimidir. Tilshunoslikning bu tizim haqidagi bo‘limi ham orfoepiya deyiladi. Orfoepik me’yorlar aslida xalq jonli tili faktlari asosida yaratiladi — jonli tildagi turlicha talaffuz ko‘rinishlaridan adabiy til an’analariga, taraqqiyot traditsiyalariga mos keladiganlari tanlanadi. Masalan, o‘zbek shevalarida bir so‘z turlicha talaffuz qilinadi: yo‘q – jo‘q, ko‘z – go‘z, ota – ata, aka – oka, anor – onar kabi. Hozirgi zamon davom fe’li qo‘shimchasi shevalarda -yap(ti), -op(ti), -utti, -vot(ti) shakllarida qo‘llanadi: boryapti, boropti, borutti, borvotti kabi. Adabiy tilda shulardan yo‘q, ko‘z, ota, aka, anor, boryapti variantlari adabiy talaffuz me’yori (orfoepik norma) sifatida saralangan. To‘g‘ri talaffuz nutq madaniyatining muhim belgilaridan biri sanaladi. Adabiy tilda to‘g‘ri yozish qanchalik muhim bo‘lsa, to‘g‘ri talaffuz ham shunchalik ahamiyatlidir. Shuning uchun ham o‘quvchi va talabalarda to‘g‘ri talaffuz ko‘nikmalarining shakllantirilishiga ta’limning barcha bosqichlarida jiddiy e’tibor beriladi.