Reja: Shaxsiy sug‘urtaning mohiyati va rivojlanish tarixi



Yüklə 27,38 Kb.
səhifə1/2
tarix14.12.2023
ölçüsü27,38 Kb.
#176915
  1   2
we







Mavzu:Shaxsiy sug‘urtaning mazmuni va turlari


REJA:
1. Shaxsiy sug‘urtaning mohiyati va rivojlanish tarixi.
2. Shaxsiy sug‘urtaning turlari.
3. Fuqarolarni baxtsiz hodisadan sug‘urta qilish.
4. Hayot sug'urtasi

1. Shaxsiy sug‘urta – baxtsiz hodisalar yoxud tabiiy hodisalar ro‘y berishi oqibatida fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga shikast yetkazilishi bilan bog‘liq ularning mulkiy manfaatlarini himoyalashga qaratilgan sug‘urtaning mustaqil tarmog‘i. Shaxsiy sug‘urta fuqarolar boshiga kulfat tushganda ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning muhim vositasi hisoblanadi. Shu ma’noda, shaxsiy sug‘urta ijtimoiy himoyaning hayotiy tajribada sinalgan ishonchli shaklidir.


Shaxsiy sug‘urtaning, xususan uning ajralmas bo‘g‘ini bo‘lgan fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug‘urtasining joriy etilishi bir necha asrlik tarixga ega. 1541 yilda Yevropada mavjud bo‘lgan dengiz huquqi qoidalariga ko‘ra, kema egalari shu kema kapitanlarini baxtsiz hodisalardan sug‘urtalashlari shart bo‘lgan.
Shaxsiy sug‘urtaning ba’zi belgilari qadimgi rimliklarga ham ma’lum bo‘lgan. O‘sha paytda Diana va Antoni muxlislarining diniy jamiyati bo‘lgan. Unga a’zo bo‘lib kirgan shaxslar a’zolik badalini to‘lashgan. Jamiyat a’zolaridan vafot etganda uni ko‘mish bilan bog‘liq xarajatlar jamiyat hisobidan amalga oshirilgan va hatto, pul mablag‘larining muayyan qismi vafot etgan shaxsning merosxo‘rlariga berilgan.
1699 yil Angliyada shaxsiy sug‘urta bilan shug‘ullanadigan dastlabki sug‘urta tashkiloti barpo etilgan va u avvalo beva ayollar hamda yetim bolalarni sug‘urtasini amalga oshirgan. Bu jamiyatning nomi “Ekvatebl” deb atalgan. XVIII asrda esa Germaniyada suyak sinishi holatlaridan himoyalash bo‘yicha o‘zaro yordam uyushmalari tashkil etilgan. 1849 yili Angliyada temir yo‘llarda baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash bo‘yicha dastlabki «Railway Death Rassengers Company» nomli sug‘urta kompaniyasi tuzildi.
Shaxsiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urtalanuvchi sifatida har qanday yuridik va jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin.
Shaxsiy sug‘urta – bu inson hayotiga, uning mehnat qobiliyati va
salomatligiga tahdid soladigan turli xavf-xatarlardan himoyalanishning muhim shakli.
Hozirgi paytda shaxsiy sug‘urta sug‘urta faoliyatining yirik tarmog‘i sifatida jahon amaliyotida keng qo‘llaniladi. Rivojlangan xorijiy davlatlarda shaxsiy sug‘urta turlari bo‘yicha kelib tushgan sug‘urta mukofotlari boshqa sug‘urta turlari bo‘yicha kelib tushgan sug‘urta mukofotlariga nisbatan yuqori salmoqqa ega. Masalan, AQShda jami yig‘ilgan sug‘urta mukofotlari hajmida shaxsiy sug‘urtaning hissasi 50,0 foizdan yuqoridir.
O‘tgan asrning boshlarida hozirgi O‘zbekiston hududida Rossiya sug‘urta tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatgan va ular aholiga shaxsiy sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishgan.
1917 yildan 1990 yilgacha mamlakatimizda shaxsiy sug‘urtalash ishlari davlat sug‘urta organlari (Gosstrax) tomonidan amalga oshirilgan. Ana shu davrda sug‘urta shartlari, qoidalari va tariflari markazda-Moskvada ishlab chiqilar va aksariyat hollarda mahalliy shart-sharoitlar va xususiyatlar hisobga olinmas edi.
1991 yilda O‘zbekistonning o‘z siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini qo‘lga kiritishi hayotimizning barcha jabhalari qatorida sug‘urta sohasini ham bozor munosabatlari tamoyillariga mos ravishda rivojlanishi uchun sharoit yaratdi. Тo‘g‘ri, mustaqillikning dastlabki yillarida iqtisodiyotda ro‘y bergan keskin o‘zgarishlar qisqa muddat bo‘lsada pulning qadrsizlanishiga, pirovardida, aholi turmush darajasining pasayib ketishiga olib keldi. Shubhasiz, bu holat shaxsiy sug‘urtaning aholi o‘rtasidagi ommaviyligiga putur yetkazdi. Natijada, bu sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta shartnomalari soni va sug‘urta mukofotlari miqdori kamaydi. Masalan, 1993 yilda shaxsiy sug‘urtaning alohida turi bo‘lgan hayot sug‘urtasi bo‘yicha jami 1770356 dona shartnoma tuzilgan holda bu ko‘rsatkich 1994 yilda 406864 donaga kamaygan.
Bunday salbiy vaziyatni oldini olish va aholining shaxsiy sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini tiklash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining omonotlardagi va davlat sug‘urtasi bo‘yicha pul mablag‘larini indeksatsiya qilish to‘g‘risida” 1995 yilning 20 dekabrida PF № 1327-son Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmonga muvofiq, 1996 yildan boshlab aholining 1992 yil 1 yanvargacha bo‘lgan holatiga ko‘ra va 1996 yil 1 yanvargacha amalda bo‘lgan Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi muassasalarida turgan hayotni, bolalarni sug‘urta qilish, nikoh kunida beriladigan uzoq muddatli sug‘urta shartnomalari to‘lovlarini bosqichma-bosqich indeksatsiya qilish maqsadga muvofiq deb topildi. Davlat sug‘urta muasasalari tomonidan 1996 yilning 1 yanvaridan 1 iyuligacha bo‘lgan muddatda fuqarolarning 400,0 mingdan ziyod shartnomalari indeksatsiya qilindi.
O‘zbekiston Respublikasida shaxsiy sug‘urtani amalga oshirishning huquqiy asoslari Fuqarolik kodeksining 921-moddasida aks ettirilgan. Unga ko‘ra, shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sug‘urtalovchi) boshqa taraf (sug‘urta qildiruvchi) to‘laydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga sug‘urta qildiruvchining o‘zining yoxud shartnomada ko‘rsatilgan boshqa fuqaro (sug‘urtalangan shaxs)ning hayoti yoki sog‘ligiga zarar yetkazilgan, u muayyan yoshga to‘lgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa voqea (sug‘urta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan pulni (sug‘urta pulini) bir yo‘la yoki vaqt-vaqti bilan to‘lab turish majburiyatini oladi. Shuningdek, kodeksda shaxsiy sug‘urta shartnomasi kimning foydasini ko‘zlab tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs sug‘urta pulini olish huquqiga ega bo‘ladi, deb ko‘rsatilgan.
Shaxsiy sug‘urta shartnomasi tuzishda sug‘urta qildiruvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida kelishuvga erishilishi lozim:
- sug‘urtalangan shaxs to‘g‘risida;
- sug‘urtalangan shaxs hayotida yuz berishi ehtimol tutilib sug‘urta amalga oshirilayotgan voqea (sug‘urta hodisasi)ning xususiyati to‘g‘risida;
- sug‘urta puli miqdori to‘g‘risida;
- sug‘urta mukofotining miqdori va uni to‘lash muddati (muddatlari) to‘g‘risida;
- shartnomaning amal qilish muddati to‘g‘risida.
Тaraflarning kelishuviga binoan shartnomaga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin. Agar sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs yoki naf oluvchi hisoblangan fuqaroning ahvolini qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarni o‘z ichiga olsa, shartnomaning ana shu shartlari o‘rniga qonun hujjatlarining tegishli qoidalari qo‘llaniladi.

2. Sug‘urtalanuvchining hayoti, sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati bilan bog‘liq mulkiy manfaatlari shaxsiy sug‘urtaning ob’ekti hisoblanadi. Sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchilar hamda sug‘urtalangan shaxslar shaxsiy sug‘urta sub’ektlaridir.
Shaxsiy sug‘urta, odatda, fuqarolarni quyidagi xavf-xatarlardan himoyalanishini nazarda tutadi:

  • sug‘urtalanuvchining yoki sug‘urtalangan shaxsning vafot etishi;

  • mehnat qobiliyatini vaqtinchalik yo‘qotishi;

  • nafaqa yoshiga yetishi bilan fuqaroning faol mehnat faoliyatini tugashi.

Yuqorida qayd etilgan hamma holatlarda sug‘urta hodisasini ro‘y berishi sug‘urtalanuvchining yoki sug‘urtalangan shaxsning daromadini kamayishiga sabab bo‘ladi.
Ilmiy-iqtisodiy adabiyotlarda shaxsiy sug‘urta turlicha tasniflanadi. Mutaxassislar o‘rtasida keng tarqalgan fikrlarga ko‘ra, shaxsiy sug‘urta 2 ta kichik tarmoqqa bo‘linadi:

  • hayot sug‘urtasi;

  • sog‘liqni sug‘urtalash;

Sog‘liqni sug‘urtalash, o‘z navbatida, 2 ta guruhga bo‘linadi:

  • baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash;

  • tibbiy sug‘urta.

Shaxsiy sug‘urtani hayot sug‘urtasiga va sog‘liqni sug‘urtasiga bo‘linishiga asosiy sabab sug‘urta summalarini jamg‘arilib borilishidir.Hayot sug‘urtasi uzoq muddatli bo‘lib, unda shartnoma bo‘yicha belgilangan sug‘urta summasi har yili jamg‘arilib boradi.
Fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug‘urtalashda sug‘urta summalari jamg‘arilmaydi, muddati 1 yildan oshmaydi.
2002 yilning 28 mayidan e’tiboran “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida” qonunning qabul qilinishi bilan sug‘urta 2 ta tarmoqqa bo‘lindi:

  • hayot sug‘urtasi;

  • umumiy sug‘urta.

Qonunga asosan sug‘urtalovchilarning faoliyati sug‘urtaning qaysi tarmog‘iga ixtisoslashganligiga qarab alohida litsenziyalanadigan bo‘ldi. Hayot sug‘urtasini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan sug‘urtalovchilar umumiy sug‘urta turlarini o‘tkazishga haqli emas yoki aksincha.
Shaxsiy sug‘urta ixtiyoriy va majburiy shakllarda amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy shaxsiy sug‘urta turlariga quyidagilar kiradi:

  • hayot sug‘urtasi;

  • fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash;

  • fuqarolarning sog‘lig‘ini va kasalliklardan sug‘urtalash;

  • fuqaroni ma’lum yoshgacha yetishish sug‘urtasi;

  • vafot etish holatidan uzoq muddatli sug‘urta;

  • tibbiy sug‘urta;

  • chet elga ketuvchilarni kasalliklardan sug‘urta;

  • maktab o‘quvchilarini baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash.

Majburiy tarzda amalga oshiriladigan shaxsiy sug‘urta turlariga quyidagilar kiradi:

  • yo‘lovchilarni baxtsiz hodisalardan majburiy sug‘urtalash;

  • soliq organlari xodimlarini baxtsiz hodisalardan majburiy davlat sug‘urtasi;

  • O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarini baxtsiz hodisalardan majburiy davlat sug‘urtasi.

Majburiy davlat sug‘urtasini 2003 yil 1 yanvardan boshlab “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi o‘tkazib kelmoqda. Ushbu sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta tarifi bir sug‘urtalanuvchiga bir yilga eng kam oylik ish haqining 20 foizi miqdorida belgilangan. 2005 yil 1 fevral holatiga bu summa 1306 so‘mni tashkil etadi (2004 yil 1 avgustdan eng kam ish haqi 6530,0 so‘m miqdorida belgilangan). Sug‘urta mukofotlari sug‘urtalanuvchi uchun respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Hozirgi paytda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta tashkilotlari, asosan, quyidagi sug‘urta turlarini amalga oshirishadi:

  • baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash;

  • ixtiyoriy tibbiy sug‘urta va kasal bo‘lish holatidan sug‘urta;

  • chet elga ketayotgan shaxslarni sug‘urtasi;

  • hayot sug‘urtasi.

Yuqorida qayd etilgan sug‘urta turlari ichida baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash keng tarqalgan bo‘lib, ular “O‘zbekinvest” EIMSK, “O‘zagrosug‘urta” va “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sug‘urta kompaniyalari, “Madad” sug‘urta agentligi kabi bir qator sug‘urta tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
2007 yil 1 yanvar holatiga mamlakatimizda 27 ta sug‘urta tashkiloti faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning aksariyati baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash, 9 tasi ixtiyoriy tibbiy sug‘urta va kasal bo‘lish holatidan sug‘urtalash, 9 tasi chet elga chiquvchilarni sug‘urtasi va faqat 2 tasi hayot sug‘urtasi bo‘yicha tegishli litsenziyalarga ega.
2003 yil yakunlari bo‘yicha shaxsiy sug‘urta bo‘yicha kelib tushgan jami sug‘urta mukofotlari 1627,2 mln.so‘mni tashkil etgan va bu o‘tgan yil ko‘rsatkichlaridan 25,4 mln.so‘mga ko‘pdir. 2003 yilda shaxsiy sug‘urta turlari bo‘yicha jami 380,1 mln.so‘m miqdorida sug‘urta qoplamalari to‘langan. Bu ko‘rsatkich 2002 yilda 316,7 mln.so‘mga teng bo‘lgan. 2003 yilda shaxsiy sug‘urta turlari bo‘yicha jami 2592992 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lib, u 2002 yilga nisbatan 695103 donaga kamdir.
Shunisi diqqatga sazovorki, 2003 yilda O‘zbekiston bo‘yicha to‘plangan jami sug‘urta mukofotlari 27062,6 mln.so‘mni tashkil etgan bo‘lib, ularning 1627,2 mln.so‘mi yoki atigi 6,0 foizi shaxsiy sug‘urta hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich shaxsiy sug‘urta hali milliy sug‘urta bozorida o‘z o‘rnini to‘liq topmaganligini va kelgusida uni rivojlantirish bo‘yicha katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatadi. Agar bu holatni kompaniyalar misolida ko‘radigan bo‘lsak, vaziyat turlicha ekanligiga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasida 2003 yil yakunlari bo‘yicha shaxsiy sug‘urta turlaridan 229,5 mln.so‘m sug‘urta mukofotlari kelib tushgan va u kompaniya bo‘yicha yig‘ilgan jami sug‘urta mukofotlarining atigi 1,8 foizini tashkil etgan. “Kafolat” sug‘urta kompaniyasida bu ko‘rsatkich - 18,7 foizga teng bo‘lgan.
Shaxsiy sug‘urtaning ixtiyoriy turlari bo‘yicha tarif stavkalari sug‘urta tashkiloti tomonidan bozordagi talab va taklif, mijozning yoshini hisobga olgan holda aktuar hisob-kitoblar asosida ishlab chiqiladi. Shaxsiy sug‘urtaning majburiy turlari bo‘icha tarif stavkalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq hukumat tomonidan belgilanadi.
Sug‘urta bozorida mijozlarni jalb etish bo‘yicha raqobat bo‘lganligi tufayli ixtiyoriy shaxsiy sug‘urta turlari bo‘yicha tarif stavkalari turlichadir. Masalan, “O‘zbekinvest” kompaniyasida 20-25 yoshlardagi shaxslarni 100,0 ming so‘mga sug‘urtalash uchun tarif stavkasi ana shu sug‘urta summasiga nisbatan 1,125 foizni, yoshi 55-60 da bo‘lgan fuqarolar uchun esa tarif stavkasi 1,575 foizni tashkil etadi. “O‘zagrosug‘urta” sug‘urta kompaniyasida maktab o‘quvchilarini baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy sug‘urtalash bo‘yicha tarif stavkasi sug‘urta summasiga nisbatan 0,2 foiz miqdorida belgilangan.
“Kafolat” sug‘urta kompaniyasida talabalarni baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy sug‘urtasi bo‘yicha tarif stavkasi sug‘urta summasiga nisbatan
0,5 foizni tashkil etadi.

3. Shaxsiy sug‘urta turlari tarkibida fuqarolarni baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy sug‘urtalash alohida o‘ringa ega. Shu bois, biz ushbu sug‘urta turi bilan yaqindan tanishamiz. Fuqarolarni baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy sug‘urtalash bo‘yicha shartnoma qonunga ko‘ra yuridik va jismoniy shaxslarni yozma arizasi asosida tuziladi. Shartnoma tuzishdan oldin sug‘urta tashkiloti o‘z mijozlariga sug‘urta xizmatini taklif etadi. Yuridik va jismoniy shaxslar sug‘urta shartnomasi tuzishdan oldin albatta sug‘urtalovchining moliyaviy holati, litsenziyasi mavjudligi bilan qiziqishi lozim.


Sug‘urta shartnomasi tuzishdan oldin sug‘urta tashkiloti vakili sug‘urtalayotgan shaxslarni fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash qoidalar bilan tanishtirishi lozim. Mazkur sug‘urta turi bo‘yicha fuqarolarni baxtsiz hodisa ro‘y berish natijasida sog‘lig‘i va hayotini saqlash bilan bog‘liq manfaat sug‘urta ob’ekti hisoblanadi. Sug‘urtalovchi, odatda, asab va ruxiy kasallikka duchor bo‘lgan, falaj, ko‘zi ojiz shaxslar, eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan va nogiron shaxslar bilan sug‘urta shartnomasini tuzmaydi.
Sug‘urtalangan shaxsning hayotiga va sog‘lig‘iga quyidagi baxtsiz hodisalarni ro‘y berishi natijasida shikast yetganda va tasdiqlanganda sug‘urta summalari berilishi mumkin:
- jarohat olganda;
- suyaklarni sinishi, chiqishi;
- ichki organlarni zararlanishi;
- kuyishi;
- teri qatlamlarini sovuq urishi;
- elekt toki ta’sirida jarohatlanishi;
- kimyoviy moddalar va zararli o‘simlik ta’sirida zararlanishi;
- tish sinishi.
Bundan tashqari yuqorida qayd etilgan holatlar natijasida o‘lim xolati yuz berganda xam sug‘urta summasi to‘lanadi.
Quyidagi hodisalarni ro‘y berishi oqibatida sug‘urtalangan shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga shikast yetkazilsa yoxud o‘limga olib kelsa sug‘urta summasi to‘lanmaydi:
- yadro portlashi;
- radiatsiya va nurlanish;
- sug‘urtalangan shaxsning atayin hatti-harakati natijasida baxtsiz hodisalar yuz berganda, o‘z joniga qasd qilganda va jinoiy harakatlar natijasida ro‘y berishi.
Sug‘urta mukofoti sug‘urta tashkilotining hisob-kitob raqamiga kelib tushgandan so‘ng u shartnomada ko‘rsatilgan muddat ichida fuqarolarga sug‘urta polisini berishi shart. Agar sug‘urta polisi yo‘qotilgan taqdirda sug‘urta tashkiloti sug‘urtalagan shaxsga uning dublikatini beradi.
Sug‘urtalanuvchilarning huquqlari:
- sug‘urta shartnomasi amalda bo‘lgan davrda sug‘urtalangan shaxs sug‘urta tashkilotidan sug‘urta masalalari bo‘yicha maslahatlar olishi;
-sug‘urta polisi yo‘qotilganda uning dublikatini olish.
Fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug‘urtalashda sug‘urtalangan shaxslar yana quyidagi huquqlarga ega bo‘lishi mumkin:
- sug‘urta summasini olishda nizolar paydo bo‘lganda mustaqil ekspertni jalb etish;
- sug‘urtalanuvchi bilan kelishilgan holda amaldagi sug‘urta shartnomasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish;
- sug‘urtalovchi bilan kelishgan holda sug‘urta shartnomasini muddatdan oldin bekor qilish.
Sug‘urtalanuvchi majburiyatlari:
- sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan muddat va shartlarda sug‘urta mukofotlarini to‘lash;
- sug‘urtalangan shaxslarga sug‘urta shartnomasi shartlari to‘g‘risida ma’lumotlar berish.
Sug‘urtalovchining huquqlari:
-sug‘urta hodisalari sug‘urtalovchi tomonidan tan olinmaganda sug‘urta summalarini to‘lamaslik;
- sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan muddatda sug‘urta mukofoti to‘lanmasa sug‘urta shartnomasini bekor qilish.
Sug‘urtalovchining majburiyatlari:
- fuqarolarni baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy sug‘urtalash qoidalari va sug‘urta shartnomasi shartlari bilan sug‘urtalanuvchini tanishtirish;
- sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan muddatda sug‘urta polisini berish;
- sug‘urta hodisasi ro‘y berganda sug‘urta summasini to‘lash;
- sug‘urta summasini to‘lashdan voz kechilganda, u holda 10 kun muddatda sug‘urtalanuvchiga yozma ravishda xabar berish.
Sug‘urta hodisasi ro‘y berganda bu haqida sug‘urtalangan shaxslar qisqa muddatda sug‘urtalovchiga xabar berishi lozim. Baxtsiz hodisa ro‘y berganda sug‘urtalangan shaxslar sug‘urtalovchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
- sug‘urta polisi;
- davolash profilaktika muassasidan baxtsiz hodisa natijasida sug‘urtalangan shaxsning davolanganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
Zaruriyat bo‘lganda sug‘urtalovchi sug‘urta summasini to‘lash masalasini hal etish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarni so‘rashga ham haqli.
Baxtsiz hodisalar ro‘y berish natijasida o‘lim hodisasi ro‘y berganda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- sug‘urta polisi;
- FХDYo bo‘limidan o‘lim holati ro‘y bergani to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- merosxurlik huquqini tasdiqlovchi hujjat;
agar o‘lim hodisasi yo‘l-transporti natijasida ro‘y bergan bo‘lsa, yo‘l harakati xavfsizligi organidan olingan ma’lumotnoma
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat.
Sug‘urtalovchi zaruriyat bo‘lganda yuqoridagi hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni so‘rashga ham haqli.
Sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta summasini to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilinganda sug‘urta summasi shartnomada ko‘rsatilgan muddat ichida to‘lab beriladi.
Hayotni sug'urtalash - bu ijtimoiy va moliyaviy himoya bo'lib, u bir necha hodisalarni qamrab oladi: masalan, kasallik, o'lim yoki ma'lum yoshgacha omon qolish tufayli nogironlik. Bularning barchasi tanlangan sug'urta mahsulotiga bog'liqdir.sug'urta kompaniyasi sug'urta tovonini to'laydi, qachonki: agar Sug'urtalangan shaxs ma'lum bir yoshga to'lganda, shuningdek baxtsiz hodisada vafot etgan taqdirda yoki Sug'urta shartnomasida nazarda tutilgan boshqa holatlar yuz bergan taqdirda. Odatda, o'lim holatlarida to'lov Sug'urtalangan shaxsning merosxo'rlari yoki Sug'urta shartnomasida ko'rsatilgan Benefitsiar tomonidan qabul qilinadi. Bundan tashqari bank ham olishi mumkin - agar mashina yoki uy-joy garovga qo'yilgan bo'lsa (qarz oluvchining sug'urtasi).
Hayot sug'urtasi qanday ishlaydi?
Mijoz hayot sug'urtasi shartnomasini (klassik turdagi) tuzadi va har oy, har chorakda yoki har yili sug'urta mukofotlarini to'lab boradi. Agar sug'urta hodisasi shartnoma muddati davomida ro'y bersa, masalan, omon qolish yoki o'lim, Kompaniya kompensatsiya to'laydi. Qoida tariqasida, kompensatsiya miqdori amalda to'langan badallar miqdoridan bir necha barobar yuqori bo'ladi. Masalan, sug'urta muddati 13 oy bo'lgan, har oyda 1000000 so'mlik to'lov bilan shartnoma tuzilgan:
- Sug'urtalangan shaxs omon qolganda: 13 000 000 so'm, shuningdek 4% dan 7% gacha bonus oladi.
- halokatli oqibatlarga olib kelganda: uning merosxo'rlari yoki Benefitsiar 13 000 000 so'm oladi.
Hayotni sug'urtalashning boshqa turlari ham bor, masalan, hayotda maxsus muhim voqealar uchun mablag' to'plash, masalan, nikoh, bolaning tug'ilishi yoki ko'pchilik farzandlarning balog'at yoshiga qadar tejash va hokazo.
Bundan tashqari, hayotni sug'urtalash bo'yicha yuqori daromadli mahsulotlar mavjud, bu yerda katta bonus bilan samarali tejashdan tashqari, siz 13-oydan boshlab oylik annuitetlarni (oylik to'lovlar) ham olishingiz mumkin. Annuitet oylik to'lovning 100% ni tashkil qilishi mumkin va to'lovlar plastik kartangizga o'tkaziladi.
Shuni yodda tutish kerakki, davlatimiz hayotni sug'urtalash sohasini rag'batlantirish maqsadida soliq imtiyozlarini joriy etgan, bu esa sug'urta himoyasining zarur miqdori va amal qilish muddatidan tashqari, daromad solig'ini 12% ortiqcha tejashga imkon beradi. Kompaniyadan tanlangan dasturga qarab 4% dan 7% gacha bo'lgan bonuslar ham mavjud.

Yüklə 27,38 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin