9-mavzu Tarjima amaliy lingvistikaning tarmog\'i sifatida
2. Tarjimada so’zlarning qiyosiy o’rganilishi Tarjimada qiyosiy tilshunoslik yutuqlaridan unumli foydalaniladi. Tarjimada qiyosiy tahlildan maqsad, tarjima jarayonidagi umumiy qoidalarni o‘rganishdir.
Tarjima nazariyasida qiyosiy tahlil so‘z va gaplarning qiyosiy tahlil natijasi sifatida qabul qilingan fakt (dalil)larga asoslangan. Ingliz tilidagi so‘zlar bilan boshqa tildagi so‘zlarning turli xil xususiyatlarini qiyosiy o‘rganish ingliz va boshqa tillardagi so‘zlarning turli xil xususiyatlari mavjud ekanligini ko‘rsatadi.
So‘z shakli, o‘zaro bog‘langan so‘zlarning semantik tuzilishi va ularning nutqda ishlatilishi turli xil tillarda turlichadir. Har bir tilning o‘zining leksik tuzilishi mavjuddir. Lekin hamma ma’nolarida emas, ya’ni ingliz tilidagi so‘zning ma’nosini ifodalovchi o‘zbek tilidagi so‘zni topish mumkin. Misol uchun, “hand” so’zining ma’nolarini uning ma’nosini ifodalovchi “qo‘l” so‘zi bilan taqqoslang.
Bundan tashqari, ingliz va o‘zbek tillarida o‘zaro bog’langan so‘zlar turli xil yasama so‘zlarni hosil qiladi. Misol uchun: “hand” (handful, handiness), “qo‘l” (qo‘lla, qo‘lsiz, qo‘lli).
“To take” fe’li uning ma’nosini ifodalovchi “olmoq” so‘zlari bir qancha ma’nolarda bir-biriga mos kelmaydi. Misol uchun: To take an exam — imtihon topshirmoq; To take tea — choy ichmoq; To take off-yechinmoq; imtihon olmoq -to give an examination; dam olmoq-to have a rest; rasm olmoq - to photograph.
O‘zbek tilidagi so‘zning semantik tuzilishida shu so‘zning ma’nosini ifodalovchi ingliz tilidagi so‘zda mavjud bo‘lmagan aniq shakliy ma’no mavjud bo‘lishi mumkin. Misol uchun: Bu voqea menga katta maktab bo‘ldi — This event was a good lesson to me.
Ingliz tilidagi so‘zning leksik valentlik darajasi o‘zbek tilidagi so‘z bilan bir xil emas. Misol uchun: O‘zbek tilidagi “ko‘tarmoq” so‘zi “qo‘l” va “stul” kabi otlar bilan birikishi mumkin. Lekin uning ma’nosini ifodalovchi ingliz tilidagi “to raise” fe’li “hand” oti bilangina birika oladi (“to raise hands”, lekin “to raise chair” emas, balki “ to lift chair” bo‘ladi).
Ingliz tilidagi bir qancha bir turdagi sinonim so‘zlarni o‘zbek tilidagi bitta so‘z bilan tarjima qilish mumkin. Misol uchun: “accept, admit, adopt, take, receive” fe’llari “qabul qilmoq” so‘zini ifodalaydi. O‘zbek tilidagi “rassom” so‘zi ingliz tilida uch turli so‘z bilan ifodalanadi. Ular “painter, artist, drawer”. “Blow” so‘zi o‘zbek tilida oltita so‘z bilan tarjima qilinadi (urish, zarba, zarb, urilish, taqillatish, tepish). Ingliz tilidagi 20 dan ortiq so‘z “urmoq” tushunchasini ifodalaydi. Ular “blow; smack; slap; whack; poke; dig; rap; knock; stroke” va h.z.
Ba’zi tillar sezilarli darajada maxsus ma’nolarga ega bo‘lgan so‘zlarga boy bo’lib, boshqalari esa umumiy tushunchalarni ifodalaydi va ikkilamchi ma’nolarni rad etadi. Fransuz tili odatda juda ham mavhum til hisoblansa, nemis tili esa aniq, o‘ziga xos tushunchalarga boy til hisoblanadi. Nemis tilida fransuz tilidagi bir umumiy tushunchani ifodalovchi uchta maxsus fe’l mavjud bo‘lib fransuz tilida ko‘p holatlarda yasama so‘zlardan, nemis va ingliz tillarida esa ko‘proq qo‘shma so‘zlardan foydalaniladi: cendrier-ashtray, aschenbecher; theriere-tea pot...
Ingliz va o‘zbek tillaridagi so‘zlarning tuzilishini qiyosiy o‘rganish bir qancha sodda, yasama va qo‘shma so’zlar bir-biriga deyarli to‘g‘ri kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Ammo biz ingliz tilidagi so‘zlarni o‘zbek tiliga tarjima qilayotganimizda ba’zi tafovutlarni ko‘ramiz, ingliz tilida yasama yoki qo‘shma so‘zlarga qaraganda sodda so‘zlar ko‘proq qo‘llaniladi. O‘zbek tili yasama va qo‘shma so‘zlarga boy bo’lib, ular ingliz tilidan farqli o’laroq nutqda ko‘p qo’llaniladi. Biz ingliz va o‘zbek tillaridagi ba’zi jumlalarni misol tariqasida keltiramiz. Misol uchun: pocket (pock), hamlet (ham), “Pock”, “ham” morfemalari yagona (bo’linmas) morfemalardir, chunki ular ma’no anglatmaydi.