O’zRning Kadrlar tayyorlash milliy modeli va uning mohiyati. Mustaqillik yillarida O’zRda uzluksiz ta’limni takomillashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ana shu maqsadda keng ko’lamli islohotlar amalga oshirildi.
Har qanday jamiyatning kuchi fuqarolarning ma’naviy yetukligi, intellektual salohiyatga egaligi bilan belgilanadi. Fuqarolarning ma’naviy yetukligi, intellektual salohiyati esa ta’lim tizimining mazmuni, shaxsning har tomonlama shakllanishi uchun xizmat qiluvchi moddiy va ma’naviy shart-sharoitlarning mavjudligi, jamiyatda qaror topgan ijtimoiy sog’lom muhit darajasi, ijtimoiy munosabatlar mohiyati, shuningdek, aholining etnopsixologik xususiyatlari, axloqiy qarashlari va hayotiy e’tiqodlari asosida shakllantiriladi.
“Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” qanday hujjat? Uning mazmunida qanday g’oyalar ifoda etilgan?
“Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” O’zRning “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni g’oyalariga muvofiq, milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimidagi jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo’ljalni to’g’ri ola bilish mahoratiga ega bo’lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo’naltirilgandir*.
Dasturning maqsadi – ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o’tmishdan qolgan mafkuraviy qarash va sarqitlardan to’la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash Milliy tizimini yaratishdan iboratdir*.
Ushbu maqsadni ro’yobga chiqarish bir qator vazifalarning ijobiy hal qilinishini nazarda tutadi. Ya’ni:
- O’zRning “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuniga muvofiq ta’lim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari hamda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida raqobat muhitini shakllantirish negizida ta’lim tizimini yagona o’quv, ilmiy-ishlab chiqarish majmui sifatida izchil rivojlantirishni ta’minlash;
- ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirayotgan demokratik huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslashtirish;
- kadrlar tayyorlash tizimi muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatining nufuzi va ijtimoiy maqomini ko’tarish;
- kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish;
- ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning va ma’rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;
- ta’lim va kadrlar tayyorlash, ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o’tkazish va akkreditatsiya qilish sifatiga baho berishning xolis tizimini joriy qilish;
- yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda ta’limning talab qilinadigan darajasi va sifatini, kadrlar tayyorlash tizimining amalda faoliyat ko’rsatishi va barqaror rivojlanishining kafolatlarini, ustuvorligini ta’minlovchi normativ, moddiy-texnika va axborot bazasini yaratish;
- ta’lim, fan, ishlab chiqarish samarali integratsiyalashuvini ta’minlash, tayyorlanayotgan kadrlarning miqdori va sifatiga nisbatan davlatning talablarini, shuningdek, nodavlat tuzilmalari, korxonalar va tashkilotlarning buyurtmalarini shakllantirishning mexanizmlarini ishlab chiqish;
- uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga byudjetdan tashqari mablag’lar, shu jumladan, chet el investitsiyalari jalb etishning real mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.