Svop shartnomalari. Svop (ingl. «swap», «swop») – almashuv, almashtirish ma’nosini bildiradi. Svop operatsiyasi – bu hisob-kitob sanalari turlicha bo’lgan, taxminan teng hajmdagi xorijiy valutaning bir vaqtning o’zida sotilishi va sotib olinishidir. Svop valuta operatsiyasi valutaning «spot» shartlari asosida milliy valuta evaziga sotib olinishi va keyinchalik uning qayta sotib olinishini ko’zda tutadi. Demak, svop operatsiyasi – bu valutaning miqdor jihatidan teng summalarga, ular bo’yicha hisobkitoblarni turli sanalarda amalga oshirish sharti bilan bir vaqtning o’zida sotib olinishi va sotilishidir. Svop – bu so’nggi sotuv kafolati bilan valutani vaqtinchalik sotib olishdir.
Amaliyotda svop bir vaqtning o’zida valuta almashuvi bilan bog’liq ikki alohida shartnomaning imzolanishini ko’zda tutadi. Bu shartnomalar qarama-qarshi yo’nalishlarga va turli hisobkitob sanalariga ega. Bu shartnomalarning biri bo’yicha birinchi valuta ikkinchi valuta hisobiga ma’lum bir sanada yetkazib berish sharti bilan sotib olinadi. Ikkinchi shartnoma bo’yicha esa birinchi valuta ikkinchi valutaga boshqa sanada yetkazib berish sharti bilan sotib yuboriladi.
Svop valuta operatsiyalarini ko’p hollarda banklar amalga oshiradi. Bunda ikki bank orasida ikki valuta bilan almashuv ma’lum bir davrda bo’lib, shartnoma oxirida dastlabki valutalar banklarga qaytariladi. Valutalar bilan almashuv bir vaqtning o’zida tuziladigan, ammo valutalarning turli sanalarda yetkazib berilishi ko’zda tutilgan ikki qarama-qarshi shartnoma shaklida amalga oshadi: «spot» bir shartnoma bo’yicha va «forvard» boshqa shartnoma bo’yicha. Buning natijasida ikkala bank ham «spot» shartlari asosida sotib olingan valutani to u «forvard» shartlari asosida sotilgunga qadar o’z ixtiyoriga oladi. Barqaror iqtisodiyot va kapitallarning erkin harakati sharoitida forvard bozoridagi baholar foizlar farqlariga bog’langan.
Svop shartnomalarining boshqa shartnomalarga nisbatan qulayligi shundaki, ular valuta riskini to’la bartaraf etadi. Turli sanalarda sotib olingan va sotilgan valutalar teskari svopni tashkil etgan holda sotilishi yoki sotib olinishi mumkin. Shuning uchun hisob-kitob sanalaridagi farqlar hisobiga qoplanmagan pozitsiya hosil bo’lsa, u osongina to’la qoplanishi yoki kamaytirilishi mumkin. Svop – bu joriy foiz stavkalari ta’siri ostida, bir valutaning o’zgarib turadigan forvard marjasini boshqa valuta forvard marjasiga qanday ta’sir etishi yuzasidan turli fikrga ega bo’lgan brokerlarning (diler) o’zaro aloqasidir.
Amaliyotda foiz stavkasining svopi va valuta svopi farqlanadi. Foiz stavkasining svopi – bu kreditning asosiy shartli summasi bo’yicha AQSH dollaridagi foiz to’lovlari bilan ma’lum bir muddatga ikki taraf orasida ayirboshlash to’g’risidagi kelishuvdir. «Kreditning asosiy summasi» yoki «prinsiðial» atamasi svopni belgilovchi nazariy asosga tegishlidir. Shunday qilib, kreditning asosiy shartli summasi – bu foizlar nisbatan hisoblanadigan oddiy summadir. Asosiy summa bilan almashilmaydi. Muddat bir yilgacha muddatdan to 15 yilgacha bo’lishi mumkin. Biroq aksariyat shartnomalar 2 yildan 10 yilgacha muddatga tuziladi.
Foiz to’lovlari svopining asosiy 2 shakli mavjud bo’lib, bular kuponli svop va bazaviy svop hisoblanadi. Kuponli svopda ishtirokchi taraf, shartnoma paytida ma’lum bir g’aznachilik obligatsiyasiga nisbatan marja sifatida hisoblangan, qat’iy belgilangan stavkani to’laydi. Shu vaqtning o’zida boshqa taraf shartnoma muddati davrida o’rnatilgan indeksga nisbatan davriy asosda o’zgarib turadigan, erkin o’zgarib turuvchi stavkani to’laydi.
Bazaviy svopda esa shartnomada ishtirok etuvchi ikki taraf turli stavkalarga asoslangan, erkin o’zgarib turuvchi foiz to’lovlari bilan o’zaro almashadilar. Asosan ushbu nisbatan ochiq (to’g’ri) mexanizmdan foydalangan holda, foiz stavkasining svopi obligatsiyalar chiqarilishi, aktivlar, passivlar va har qanday naqd pul oqimining bir turdagi ko’rinishdan boshqa turdagi ko’rinishga hamda ba’zi bir variantlarda shartnoma tarkibidagi bir valutani boshqa valutaga transformatsiya qiladi.
Svop bozori moliyaviy resurslar manbalari orasidagi aloqaning ulkan (global) hajmga oshishiga sabab bo’ldi. Institutlar tomonidan moliyaviy qarorlar qabul qilinishining tahlil etish uslublarini keskin o’zgartirib yubordi. Bu, albatta, svoplarning aktivlar va majburiyatlarini boshqarishning yangi samarali yo’llarini ta’minlash bilan ham bog’liq.