«Yangi O‘zbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan g‘oyaviy-ma’naviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng ko‘lamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir», — so‘zlari bilan kitob boshlanadi.
Kitob muqaddima, 7 bo‘lim va xotimadan iborat. Bo‘limlar quyidagicha nomlangan:
«Yangi O‘zbekiston strategiyasi»
«Xalqparvar davlat»
«Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish»
«Adolatli ijtimoiy siyosat»
«Ma’naviy taraqqiyot»
«Xavfsizlik va tashqi siyosat»
«O‘zbekiston va umumbashariy muammolar».
Mazkur asar kitobxonlarda Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy demokratik qiyofasi qanday yaratilayotgani mamlakatimizni yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarishini biz belgilab olgan strategik yoʻl toʻgʻrisida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
1-BO‘LIM: YANGI OʻZBEKISTON STRATEGIYASI
Yangi Oʻzbekiston: yangilanish va taraqqiyot omillari
Yangilanayotgan Oʻzbekiston
Xalqimizning orzu-intilishlari Mirzo Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Davlatshoh Samarqandiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ikkinchi uygʻonish davrining buyuk siymolarini uygʻotdi, ularning asarlari va faoliyatida oʻz talqinini topgan odil podsho, adolatli jamiyat, komil inson gʻoyalarida namoyon boʻldi.
Shu tariqa uzoq oʻtmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli gʻoya va amaliy harakatlarda oʻz ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston tushunchasida jamuljam boʻldi.
Barchamiz “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yagona maqsad atrofida birlashib, masʼuliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, fidokorona mehnat qilib, farzandlarimiz, kelgusi avlodlar uchun gullab-yashnagan, ozod va obod mamlakatni meros qilib qoldiramiz.