San’atning bog‘lash, aloqa o‘rnatish vazifasi. San’at ijtimoiy-tarixiy hodisa sifatida o‘zida turli davrlarda va mamlakatlarda yashab o‘tgan xalqlarning bir butun olam to‘g‘risidagi tasavvurlarini, his-tuyg‘ularini, orzu-umidlarini mujassamlashtirgan holda kelgusi avlodni, tili va dini boshqa bo‘lgan odamlarni, qolaversa, butun dunyo xalqlarini ular bilan tanishtiradi; ular o‘rtasida aloqa o‘rnatadi.
San’at aloqa vazifasi orqali asarlar yordamida ajdodlarni avlodlar bilan, dunyo xalqlarini bir-birlari bilan bog‘laydi.
San’atning aloqa vazifasiga xos xususiyatlar quyidagilardan iborat:
San’at o‘zining aloqa vazifasi bilan dunyo xalqlarining tili xilma- xilligi tufayli yuzaga kelgan chegaralarni buzib o‘tadi va ular o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik, qon-qardoshlik, ma’rifatparvarlik aloqalarini o‘rnatadi. Masalan, musiqa, raqs, me’morchilik, tasviriy san’at asarlari tili boshqa xalqlar uchun umumiy badiiy asarlar hisoblanadi. Ularni ko‘rgan har bir xalq zavq-shavq oladi.
San’at orqali bog‘lanish faqatgina aqliy-amaliy darajada bo‘lib qolmasdan, balki hissiyotlar, tuyg‘ular, ibrat ko‘rsatish, tarbiya berish orqali ham sodir etiladi. Masalan, mamlakatimizda muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan san’at va madaniyat kunlari, har xil san’at asarlarining ko‘rgazmalari, qo‘shiq bayramlari xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikning kuchayishiga, jaholatning chekinishiga olib keladi.
San’atning aloqa vazifasi orqali san’atdagi milliylik umuminsoniylik bilan qo‘shilib, bir butunlikni tashkil etadi. Oqibatda, bu bir butunlik umuminsoniy qadriyat tusini olgan san’at asari shakliga kirib, butun dunyo xalqlarining madaniy merosiga aylanadi. Bunday san’at asarlari jumlasiga Alisher Navoiy, Bobur, Shekspir, Rembrant, Betxoven, Umar Hayyom, Leonardo da Vinchi va boshqalar yaratgan asarlar kiradi.