Tadqiqot predmeti va obyekti. Abdulla Qahhorning “Dahshat”, “Anor”, “Bemor”, “O‘g‘ri”, “Ming bir jon”, “Bek” va boshqa asarlari, A.P.Chexov, V.G. Belinskiy, Umarali Normatov, Matyoqub Qo‘shjonov va boshqa adabiyotshunos olimlarnining adib asrlari haqidagi bildirgan fikrlari asosida qilingan hikoyalar tahlili tadqiqot predmeti va ob’ektini tashkil qiladi.
Tadqiqotning ilmiy ahamiyati. Abdulla Qahhor adabiyotga ajoyib hikoyanavis sifatida kirib keldi. Uning hajm jihatdan kichik, ikki-uch sahifadan oshmaydigan hikoyalarida haddan tashqari ixchamlilik, lo‘ndalik, badiiy to‘laqonligi, jumlalarning nihoyatda siqiqligi, chuqur ijtimoiy mazmun bilan yo‘g‘rilganligi kishini hayratda qoldiradi. Adibning “Bemor”, “Anor”, “Ming bir jon”, “Asror bobo”, “O‘g‘ri”, “Mahalla”, “Bek”, “To‘yda aza” va boshqa hikoyalaridagi qahramonlarnining tahlil qilinishi, o‘rganilishi ishning ilmiy yangiligidan dalolat beradi. Abdulla Qahhorning o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni beqiyosdir. U ajoyib meros qoldirdi. Undan meros bo‘lib qolgan adabiy an’analarning umri boqiydir, ular yozuvchi yaratgan mashhur hikoya qahramonidek nafaqat ming bir jonli, balki bir necha marta takror va takror hayot kechiraveradilar.
I BOB. ABDULLA QAHHOR MAHORATI
Abdulla Qahhor mohir so‘z san’atkori edi. Muayyan xarakter va holatni aks ettiradigan so‘zni qo‘llab va uni qolipiga tushgandek o‘rnini topib ishlatish unga maroq bag‘ishlardi. Bu jihatdan u haqiqiy mo‘jizakor adib edi. So‘z uning oldida bamisoli itoatkor askar, qaysi ma’no tomon buyruq qilsa shu tomon yuz tutib, xizmatiga tayyor turadigandek edi. Shunga qaramasdan so‘zlarni ayab, son jihatdan kam so‘z bilan katta va teran fikrlarni ifoda qila olishiga biz taajublanar edik. U shaxs – personajlarni, ular tushgan vaziyatni, bu vaziyatda ularning holatini aniq ko‘ra bilar va shu tarzda tasvirlay olardi. Uning asarlari hayotning o‘zidek tabiiy edi.
So‘zsiz, bu gaplar uning dramatik asarlariga ham xosdir. Biroq uning hikoyalarida va dramalarida yana ham yaqqolroq ko‘zga tashlanadigan boshqa bir belgilar ham bor edi. Bu – hayot nafasini, davr ruhini bexato ochish, faqat sezish emas, unu teran anglash, undan ulug‘ shaxs, adib sifatida dardlanish. Ha, dardlanish! Uning dramalarini tomosha qilarkansiz, personajlarning ba’zi birlarining ustidan kulib, g‘azablanib yomon ko‘rib qolardingiz, ba’zilariga esa o‘zingizda paydo bo‘lgan xayrixohlikni sezardingiz. Ammo bularning barchasining zaminida jamiyatimizning aktiv a’zosi, haqiqiy grajdanin ijtimoiy hayotdagi buzilishlarning ashaddiy dushmani, qalbi pok inson dardi turar edi. Biz o‘sha dardni baralla eshitar edik, o‘zimizni unga jo‘r hisoblar edik.
Abdulla Qahhor kam yozgan adiblardan. Ammo badiiyat jihatdan uning ijodi to‘lib- toshib oqqan katta daryo. Uning ijodiga tegishli masalalar darrov bir yoki bir necha kitob yozish bilan tugallana qolmaydi. Bu daryo kelajakda ham mavj urib oqadi. Har bir avlod undan o‘zicha zavq oladi, har bir davr adabiyotshunosligi unda yangi sir va ma’no topadi.
Yaqin o‘tmish klassik adabiyotimiz ko‘zgusidan kechmish hayotimizga bir nazar tashlasak, shunday bir manzara ko‘z oldimizga keladi: Alisher Navoiydan keyin to‘rt asr davomida adabiyotimizda kichik janrlarda yaratilgan hajviy asarlardan tashqari ko‘proq hayotning intim-lirik tomonini ars ettiruvchi asarlar yaratiladi.
Klassik adabiyotimizdagi intim-lirik yo‘nalish hayot bilan mustahkam bog‘liq edi. Ko‘pgina shoirlarimiz uchun bu yo‘nalish xalqning sotsial hayotini aks ettirishda asosiy vosita bo‘lib kelgan. Diniy hurofot tahdid qilib turgan bir paytda Turdi, Mashrab, Gulxaniy, Maxmur va Muqimiyga o‘xshagan shoirlar xalq hayotini aks ettiradigan lavhalar, manzaralarni ham qalamga oldilar. Lekin yirik sotsial tiplarning yaratilmaganligi o‘sha davr adabiyotining hali ham bo‘lsa to‘ldirilishi kerak bo‘lgan bir tomoni edi. Buni to‘ldirish sho‘ro yozuvchilarining zimmasiga tushdi.
Abdulla Qodiriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Hamid Olimjon, Oybek, G’afur G’ulom va Shayxzodalar bu vazifani bajarish yo‘lida ozmuncha ish qilmadilar. Bizning tadqiqot ob’ektimiz bo‘lgan Abdulla Qahhor ham butun ijodi davomida, vaqti-vaqti bilan o‘tmishimizga murojaat qilib, uning sotsial mohiyatini ochib beradigan asarlar, xarakterlar va tiplar yaratib keldi.
Abdulla Qahhor fojiali voqealar tasviriga qo‘l urmoqchi bo‘lgan vaqtlarda adabiyotimiz anchagina tajribaga ega edi. Alisher Navoiy poyemalarida romantik bo‘yoqlar asosiy o‘rin tutsa-da, etakchi obrazlar tasvirida fojia elementlari ustun turar edi. O‘zbek adabiyotida fojianing klassik namunasini Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar» romanida yaratib bergan edi. Otabek va Kumushlarning fojiaviy taqdiri o‘zbek adabiyotida realistik fojianing asosi bo‘ldi. Biroq «O‘tgan kunlarda» ham romantik bo‘yoq bor. Qodiriyda bu ikki yo‘nalish – romantik ko‘tarinkilik, fojiaviy taqdirlar – bir-birlarini to‘ldiradi, izohlaydi, yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan ma’noni kitobxonga aniqroq yetib borishi uchun xizmat qiladi. Alisher Navoiyda fojia romantikani ulug‘lasa, Abdulla Qodiriyda romantika fojiadan kelib chiqadigan ma’noni ulug‘laydi.
Abdulla Qahhor bu har ikkala ustozdan o‘rgangan bo‘lsa ham, u tasvirlagan fojialar na uni va na buni takror qiladi. Abdulla Qahhor yaratgan fojialar faqat uning o‘z ijodiy uslubiga mos.
… Oddiy bir mehnatkash yigit. Na cho‘ntagida puli bor, na hovlisida – moli, na – bir parcha yeri... Hayotda birdan-bir boyligi – yaxshi ko‘rgan xotini. Er-xotin amal- taqal qilib, u uchini bu uchiga ulab, bazo‘r tirikchilik qilishadi.
Yigitning xotini boshqorong‘i. Ko‘ngli anor tusaydi. Yigit anor izlab chiqadi. Pul bo‘lsa-ku darrov sotib olib, xotinini xursand qilishi mumkin. Lekin puli yo‘q. Tasodifan bir «o‘lja» qo‘lga kiradi. Lekin bu anormas, asalarining uyasi.
Bu detal shuni ko‘rsatadiki, yigit boshqorong‘ilikning ma’nosiga yaxshi tushunmaydi. Uning nazarida, boshqorong‘i xotin biron tansiq narsani qo‘msaydiyu ikkinchi bir tansiq narsa uning o‘rnini bosaverishi mumkin. Yigit asalari uyasini tugunchaga solib kelar ekan, xotininig xursand bo‘lishiga imoni komil. Tugunchani xotinining qo‘liga tutqazmasdan turib, undan «akajon, jo-on akajon» ni ayttiradi. Tugundagi narsa o‘rniga hadya talab qiladi. Xotin esa unga «umrining yarmini beradigan» bo‘ladi.
Xotin tugunni shoshib-pishib ochdi, «ochdi-da, bo‘shashib ketdi va sekin boshini ko‘tarib eriga qaradi». Ko‘zi jiqqa yosh edi. Yigit bunday bo‘lishini kutmagan. Xotini olib kelingan narsaning nima ekanini anglamadi deb o‘ylab tushuntira ketdi: «Nima ekanini bildingmi? Turgan-bitgani asal. Mana-mana siqsang asal oqadi. Bunisi oq mum, harom emas – shimisa ham bo‘ladi, chaynasa ham bo‘ladi». Xotin esa butun umidlari barbod bo‘lib, dunyoda yashashning ma’nosini topmagan kishidek angrayar, bir nuqtaga tikilib o‘tirar va nima qilishini va eriga nima deyishini bilmas edi.
Orada g‘idi-bidi gaplar, dilsiyohlik, ko‘ngil xiralik boshlanadi. Bunga chiday olmagan yigit kechqurun yana chiqib ketadi. Yarim kechada bir choyshab anor ko‘tarib kelib xotinining oldiga sochadi. Yigit holdan toygan, yuzlari oqargan, butun vujudini titroq bosgan edi…
Bu Abdulla Qahhorning «Anor» nomli hikoyasining qisqacha mazmuni. Oddiy bir mehnatkash yigit – Turobjon sevikli xotinining eng oddiy bir talabini qondirishga qudrati etmaydi, buning uchun o‘g‘irlik qilishga majbur.
Bu mazmunni biz fojia deb atayapmiz. Odatda, o‘lim bilan tugallanadigan asarlarni fojia deyishga o‘rganganmiz. Bu hikoyada esa o‘lim yo‘q. Biroq o‘limdan ham yomonroq, dahshatliroq bir narsa bor. Bu – yigitning sevikli xotini istagini bajo keltira olmasdan iztirob chekishi, oqibatda o‘g‘rilik qilishga majbur bo‘lishi.
Biz qayd qilgan mana shu mazmunning o‘zi Abdulla Qahhor ijodining o‘ziga xosligini dalillashga qodir. «O‘tgan kunlar» dagi Otabek va Kumushlar fojiasini yaratishda Abdulla Qodiriy bu fojiani dalillovchi ko‘pgina voqealarga murojaat qiladi. Ular – butun mamlakatni titratgan katta-katta siyosiy va falsafiy masalalar: Osiyo qoloqligi, bu qoloqlikdan qutulish uchun o‘sha davr ilg‘or kishilarining bezovtalanishi; jaholat, uning natijasida yuzaga kelgan o‘zaro urush, qon to‘kishlar, taxt talashishlar. Bu voqealarning o‘zi hayotda qanchadan- qancha fojialarga sabab bo‘lgan. Otabek va Kumush fojialari mana shu qoloqlik va jaholatlar natijasi sifatida aks etadi. Faqat asarning ikkinchi qismida oilaviy va maishiy jaholat kuchga kirib, bo‘ladigan fojiani tezlashtiradi.
«Anor» da davrning siyosiy va ijtimoiy masalalari fojianing sababi sifatida birinchi planga chiqarilmaydi. Fojianing sababi sof oilaviy-moddiy masala. Siyosiy va ijtimoiy masalalar sahna orqasiga olinadi. Bo‘layotgan voqeaning orqasida biz boshqa yirik voqealar borligini, o‘sha voqealar natijasida Turobjon fojiali ahvolga tushganini sezib turamiz. Hikoyani o‘qib biz ko‘p narsalarni tasavvur qilamiz: Turobjon “Qutlug‘ qon” dagi Yo‘lchiga yoki “Boy ila xizmatchi” dagi G’ofirga o‘xshab ne azoblar bilan kunini o‘tkazib yurganlardan, uylanishda ham qanchadan-qancha qiyinchiliklarni, tahqirlanishlarni boshidan o‘tkazib, biron baxtli tasodif tufayli sevgilisida erishgan va hokazo. O‘sha davrning iqtisodiy va falsafiy tomonlarini izohlaydigan bu masalalar ustalik bilan tekst tagiga yashiringan, ro‘y bergan voqeada ularning o‘rni borligini sezamiz, lekin ko‘rmaymiz, yozuvchi ularni ko‘rsatish uchun harakat ham qilmaydi. Abdula Qahhorning mahorati ham, “Anor” ning o‘ziga hosligi ham shundaki, u, “hayotning bu tomonlarini ko‘rsatmasdanoq tasavvurida qayta tiklashga yordam beradi. Mabodo hayotning bu tomonlarini ham batafsil tasvirlamoqchi bo‘lsa, yozuvchi hikoya ramkasidan chiqib ketgan bo‘lar, agar voqeani to‘la sig‘dirish uchun urinsa, chuchmal bir bayon maydonga kelib, hozirgi bir tahlil qilayotgan “Anor” chiqmas edi. Abdulla Qahhor o‘zi bilan hamma narsalarni hikoyaga tiqishtira berish uchun urinmagan, ma’lum bir voqeani bu yerda, birinchi qarashda, uncha muhim bo‘lmagan bir faktni olib, katta-katta gaplarni o‘sha fakt tagiga yashirib, kichik bir hikoyada katta ma’no ayta olgan, shu bilan o‘zbek hikoyachiligida namuna bo‘ladigan klassik asar yaratgan.
Gap hikoyaning janr xususiyatlari haqida ketayapti. Yozuvchi hikoya yozmoqchi bo‘lar ekan, ko‘pgina voqea va hodislarni nazarda tutadi. O‘sha voqea va hodisalarning kulminatsion nuqtasini, bitta-ikkita kishining taqdirini aniq qilib ko‘rsatadigan joyni olib tasvirlaydi. Bundan hikoya chiqadi. Boshqacharoq qilib aytganda, hikoya yozuvchi tomonidan qalamga olinmagan ko‘pgina voqea va hodisalarning yakuni natijasi sifatida maydonga keladi. Go‘yo yozuvchi quyoshning butun nurini bitta fokusga yig‘adi. Biz faqat o‘sha fokusdagi nurlarining yig‘imini ko‘ramiz. O‘sha fokusdagi nurlarni olamga yog‘du taratib turgan quyosh ekani bizga o‘z-o‘zidan ma’lum.
Abdulla Qahhorning hikoyanavislik mahorati haqida yaxshi ishlar qilayotgan Umarali Normatov, “Anor”ni to‘g‘ri tahlil qilgan holda, bizning nazarimizda, hikoyaning janr talablariga nisbatan noaniqliklarga yo‘l qo‘yadi. U yozadi: “Hikoyachilik san’ati mavzu tanlashdan boshlanadi”. Qiziq qaysi bir janr mavzu tanlashdan boshlanmas ekan. Hech kim bahs qilmaydigan fikrni tasdiqlash uchun dominikan yozuvchisi Xuan Boshdan ko‘chirma keltiradi: “Mavzu tanlay bilish hikoyachilik texnikasining asosini tashkil etadi”. Juda to‘g‘ri, lekin kim bunga qarshi va bu faqat hikoya janriga tegishlimikin? Umarali Normatov Xuan Boshdan yana ko‘chiradi: “Hikoya so‘zsiz qandaydir muhim faktning tasviridan iborat. Agar hikoya asosida yotgan hodisa arzimas bir narsa bo‘lsa, uning ifodasi hikoya emas, shunchaki bir lavha bo‘lib, o‘tgan voqeaning oddiygina bayoni bo‘lib qolaveradi”. Qaysi bir janrda asarning materiali muhim bo‘lmagan hodisadan iborat bo‘larkan: dramaningmi, romonningmi?
Hikoyaning janr xususiyatlarini hayot materiali muhim yo nomuhimligidan, arziydigan yoki arzimaydiganligidan axtarmaslik kerakka o‘xshaydi. Materialning qimmati jihatidan hamma janrlar bir xil talabchan. Gap faqat o‘sha hayot materiallarining tasvir qilinishida tavsilot me’yorida, qisman hikoyada hayot materialining bir bo‘lagini yashirgan holda, olingan voqeadan katta ma’no chiqara bilishda bo‘lsa kerak.
Umarali Normatov o‘zining fikrini isbotlash uchun Belinskiydan ham ko‘chirma keltiradi. Belinskiy deydi: Qachondir va qayerdadir - povest bu kishilik taqdirining poyonsiz poemasidan epizod, - deb juda yaxshi aytilgan edi. Bu juda to‘g‘ri fikr; ha, povest (Belinskiy bu yerda hikoyani nazarda tutayapti deb Umarali Normatov to‘g‘ri izoh bergan) qismlarga, minglab bo‘laklarga bo‘lingan romandir, romandan olingan boblardir…” To‘g‘ri fikr. Lekin bu to‘g‘ri fikrdan noto‘g‘ri xulosa chiqariladi. Umarali Normatov Belinskiyning maskur fikrini shunday izohlaydi, “B.G. Belinskiy ham hikoya janri haqida gapirganda hikoya uchun olinadigan janr uchun olinadigan materialning xarakteri (ta’kidlash bizniki- M.Q.) masalasini alohida ta’kidlab shunday deb yozgan edi”2.
Dominikan yozuvchisi hikoya janrining negizida “jiddiy voqea” yotishi kerak degan bo‘lsa, san’atkorning mavzu va voqealar tanlashini nazarda tutib, Dog‘iston yozuvchisi shunday deydi: “Ba’zilar ulkan mavzularni qalamga olib o‘zim ham ulkan yozuvchi bo‘ldim deb o‘ylashadi. Lekin ular eng ulug‘ narsa, eng sodda narsada ekanini tushunmaydilar. Ulug‘ odam bilan tuban odam o‘rtasidagi farq shuki, tuban faqat yirik narsalarnigina ko‘radi, burnining tagida turganini ko‘rmaydi. Ulug‘ odam esa, yirik narsani ham, kichik narsani ham ko‘ra biladi, eng mayda narsada, eng ulkan narsa yotganini ko‘radi va odamlarga ko‘rsatadi’’3.
Badiiy ijod tajribasida Rasul Hamzatov aytgan bu haqiqatni dallilaydigan faktlar juda ko‘p. Yozuvchi Saida Zunnunovaning “Qo‘llar” nomli hikoyasi bor. Hikoyani syujeti “Anor”dagiga o‘xshagan oddiygina. To‘y. Ayol o‘g‘lini uylantirayapti. To‘ydan keyin u eridan qolgan kostuymni o‘g‘liga kiygizadi. Asosiy gap shu. Agar muhim yo nomuhimlikda bo‘ladiga bo‘lsa, bu voqea uncha muhim bo‘lmasa kerak. Chunki, hayotimizda undan muhimroq, undan jiddiyroq voqealar to‘lib-toshib yotibdi.
Biroq Saida Zunnunova “nomuhim” voqedan muhim xulosa chiqargan. Bu yerda ham “ Anor” dagidek badiiy ma’no tekst tagiga yashiringan. Bu ma’no ba’zan bitta-ikkita so‘z yo bitta-ikkita shtirx bilan aytib o‘tilgan katta voqealar bilan hikoya asos qilib olingan “arzimas” voqeaning birligidan paydo bo‘ladi. Hikoyani o‘qiyotib biz bilamizki, bu ayolning eri Ulug‘ Vatan urushi yillari halok bo‘lgan. Beva ayol mehnati tufayli oilani tebratib kelgan. O‘g‘lini voyaga yetkazgan, tarbiya bergan, o‘qitgan…
Beva ayolning boshidan o‘tganlarni tasavvur qilsak, u qilgan ishlarni bir joyga yig‘sak katta va muhim voqealar tizmasi vujudga keladi va ayolning jasoratiga qoyil qolamiz. Shtrixlar bilan berilgan bu ma’lumotlar bir romanga arzigulik material berishi aniq. Biroq yozuvchi hikoyada bu materiallarning tafsiloti bilan tanishtirib o‘tirmaydi, bular so‘z orasida aytilib o‘tiladi, yoki ularning biror qismiga imo qilinadi, xolos. Qolganlarini biz his qilamiz, shu bilan “arzimas” voqeani o‘zimiz to‘ldiramiz, hikoyada berilmagan voqealarni ham hayolimizda to‘qiymiz. Arzimas voqea arziydigan voqeaga aylanadi hikoyada mana shu biz “to‘qigan” voqealarning qaymog‘i xulosasi beriladi. Yozuvchilikning san’ati ham shunda.
Voqealarning bir qismini yashirish boshqa janrlarga ham xos emasmikin, degan savol tug‘ulishi mumkin. Beistisno boshqa janrlarga ham xos. Bu jihatdan hikoyadan keyin drama xarakterli bo‘lishi mumkin, keyin povest, romon tursa kerak. Voqealarning tafsiloti jihatidan eng tor janr hikoya bo‘lsa kerak.
Qizig‘i shundaki, olingan voqea qancha ma’no bersa, yashiringan voqea shuncha, balki undan ko‘piroq ma’no beradi. Aslida, “san’at asarida ma’no yashirin bo‘lishi kerak” degan gap ham asarning ma’lum bir qismlarining yashirin holda berilishi bilan bo‘g‘liq. “Anor”-dagi voqeaning faqat o‘zini, uning negizida beriladigan boshqa holatlardan ajralgan tarzda oladigan bo‘sak, yoki “Qo‘llar” hikoyasidagi shtrixlar bilan aytib o‘tilgan voqealarni nazarda tutmaydigan bo‘lsak, bu hikoyalar mazmuman shu darajada kambag‘allashar edilarki, biz ulardan ruhiy ozuqa ola olmasdik.
O‘z davrida ijod qilgan yozuchilardan L.A.Avilovaning bir hikoyasi haqida taassurotni aytib A.P.Chexov shunday deb yozadi: “Gap nom qo‘yish”ga kelganda aytish kerakki, bu hikoya emas, balki keraksiz tafsilotlar bilan to‘lib –toshib ketgan bir narsa. Siz bir olam tafsilotlarni yig‘ib katta tog‘ yasabsiz. Bu tog‘ quyoshni to‘sib turibdi…”. Xatning davomida A.P. Chexov bu materiallardan katta bir povest yaratish mumkinligini, yoki bo‘lmasa “quyoshni to‘sib turgan” tafsilotlarni kamaytib hikoya yaratish mumkin ekanligini aytadi.
A.P.Chexovning xatidan shu narsa ayon bo‘layptiki, A. Avilova hikoya janriga xos bo‘lmagan tafsilotlar, ya’ni “Anor” va “Qo‘llar” dagi biz faraz qilib, kengaytirib tushunushimiz, yoki ta’rif qilib o‘zim topib, to‘qib olgan voqealarga o‘xshagan tafsilotlarni, balki tajribasizlikdanmi, balki mahorati zaiflikdanmi, hikoyaga kirita bergan. Natijada asarda mavjud bo‘lish kerak bo‘lgan bosh voqea o‘sha tafsilotlar soyasida qolib ketganda, yozuvchining nima demoqchi ekanini kitobxon anglab olish qiyin bo‘lib qolgan, xullas, badiiy asar emas, balki ko‘pgina tafsilotlar yig‘imidan iborat bir narsa bo‘lib qolgan. A.P. Chexovning qariyib har bir xatida, har bir maqolasida shunga o‘xshagan so‘zlarni, maslahatlarni o‘qish mumkin.
A.P.Chexov hikoyalaridan biriga murojaat qilaylik. Biz bu yerda mazmun jihatdan Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyasini eslatadigan bir asarni tanlashni ma’qul ko‘ramiz. Bu uning “Kulfat” nomli hikoyasidir.
Temirchi usta kasal bo‘lib qolgan xotinini aravaga ortib doktorga ketayotibdi. O‘z-o‘zicha yo‘l azobi-yu, borganda doktor bilan qiladigan muammolari haqida ming‘irlab qo‘yadi. Bir qarasa kampiri o‘lib qolibdi, darrov aravani ketiga qaytaradi. Kampirni ko‘mish haqida o‘ylab ketib, uyqu bosadi. Ot aravani uyga olib keladi. Ertasi ko‘zini ochib qo‘l-oyoq ishdan chiqqanini va yonida doktorni ko‘radi.
Hikoyadagi bor-yo‘q voqea shundan iborat. Bu voqea boshqa katta-katta voqealarning natijasi sifatida maydonga kelgani o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi. Biroq Chexov ular haqida batafsil gapirib o‘tirmaydi. Kitobxon ularni faraz qiladi, yoki avtorniing ba’zi imo-ishoralari asosida o‘zi tasavvuriga keltiradi.
Hikoyadagi shtrixlardan bilamizki, usta kampiri bilan qirq yil umr qilgan. Ikki kishining qirq yillik umri qanchadan-qancha roman hajmidagi materialni berishi mumkin. Usta bu qiriq yilni ichimlik bilan o‘tkazgan. Buning tagida ham qanchadan-qancha voqealar yotibdi. Temirchi asosan ikki narsani yaxshi bilgan – ichgan, xotinini urgan. Shu orada qirq yilning qanday o‘tib ketganini ham bilmay qolgan. Qirrq yil yashab qanday hayot kechirganini bilmasa, umri ichish xotin urishdan iborat bo‘lsa, bu jaholatni tug‘dirgan zamin qanday zamin bo‘ldi ekan. Bu savolga ham javob beriladigan bo‘lsa tom-tom iqtisodiy-falsafiy ma’nodagi kitoblarni bitish mumkin emasmi? Bu gaplarni biz temirchininig aravada o‘z-o‘zicha g‘o‘ldirab ketayotganida og‘zidan chiqqan shtrixlar orqaligina anglab olamiz. Zotan, bu gaplar tafsiloti hikoyaninig vazifasiga kirmaydi ham.
“Kulfat” ni “Anor”ga o‘xshagan dedik. Bu o‘xshashlik avvalo mazmunda ko‘zga tashlanadi. “Anor”da oddiy bir mehnatkash boshqorong‘i xotinining oddiygina istagini amalga oshira olmay fojiyaviy ahvolga tushib qolsa, “Kulfat”da oddiy mehnatkash-temirchi usta kasal bo‘lgan xotinini doktorga eltishga ulgira olmay og‘ir ahvolga tushdi. Biror pomeshchik yoki biror general ham temirchi Grisha ahvoliga tushib qolishi mumkin. Bu yerda fojianing siri shundaki, temirchi faqat ichimligu xotin urish bilan bo‘lib, umrining qanday o‘tganini bilmay qoladi. Endi tushunib, ichmaslikka va urmaslikka shart qilganda xotini o‘lib ketadi. Turobjonga o‘xshab temirchi ham turmush o‘rtog‘i oldida o‘z vazifasini ado etolmaganidan armonda qoladi.
Bu ikki hikoya mazmunan bir-biriga o‘xshasa ham milliy kolorit va shakl jihatdan bir-biridan katta farq qiladi. Boshqorong‘i xotini oldida o‘zini aybdor his qilishi ko‘piroq bizning hayotimizga xos bir narsa bo‘lgan bo‘lsa, butun umrini ichkilikbozlik va xotin urish bilan o‘tkazib, oxiri pushaymon bo‘lish Chexov tasvirlagan ob’ektga xos bir xususiyatdir.
“Anora”ning shakl tuzilishiga nazar tashlaylik: Abdulla Qahhor kichik- kichik detallar orqali qahramon hayotini tasvirlashga ahamiyat beradi. Uning ustiga bu detallarning barchasini ustalik bilan hikoyaning mazmuniga- Turobjon fojiasini ko‘rsatishga bo‘ysundiradi.
“Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaxtagining yengi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtiladi”. Hikoya mana shu jumla – detal bilan boshlanadi.
Bu yerda gap Turobjonning kambag‘alligini shunchaki birrov qayd qilishda emas. Gap asosan mazmunga nisbatan monand detalnning topib ishlatilishidadir. Bundan keyin ikkinchi detal keladi. Turobjonning xotini tuginni ko‘rib jo‘xori tuyishni to‘xtatib eriniing qarshisiga chopadi. Shu payt “keli apanglab ag‘anaydi, chala tuyilgan jo‘xori yerga to‘kiladi”.
Tugundagi narsa boisidan er-xotin orasida mojaro bo‘lib turganda “hovli yuzida yurgan oqsoq mushuk to‘kilgan jo‘xorini iskab ko‘rdi, ma’qul bo‘lmadi shekilli, Turobjonga qarab shikoyat yozamiz “mau”, dedi”. Kechqurun jo‘xoridan pishirilgan go‘ja qozon qusib taom qora bo‘ldi.
Hikoyada shu detallar bo‘lmasa biz Turobjonning fojiasini hozirgi shakldagidek qabul qilmasdik, unga shu darajada ishonmasdik. Yozuvchi hikoyaning mazmunini tashkil qiladigan fojiani ko‘rsatish, unga ishontirish uchun kitobxonni birinchi satrdan boshlab tayyorlab boradi va shunga mos keladigan detallarni topadi. Bu detallar orqali biz Turobjonning boshiga tushgan fojiani to‘la tushuna olamiz, unga xayrixoh bo‘lamiz.
Mohirona topilgan bu detallardan ba’zilari qahramonlar holatini ko‘rsatishda ma’lum bir vazifani ado etadi-da, shu bilan asardan chiqib ketadi. Ba’zilari esa yozuvchining ixtiyorida keyin ham qoladi va qahramonlar ahvoli, psixologiyasining keyngi etaplarini tasvirlashda ish beradi. Qoraygan go‘jani ichayotib, xotinining “imillashini” ko‘rib Turobjonning ko‘ziga negadir oqsoq mushuk ko‘rindi. Mushuk yirtilgan yengini esiga tushurdi, avzoyi buzildi. Uning avzoyidan “essiz jo‘xori, qatiq, o‘tin” degan ma’noni anglab, xotin ko‘ngli tortmasligiga qaramasdan, kosani bo‘shatdi, ammo darhol tom orqasiga o‘tib, ko‘zlari qizargan, chakka tomirlari chiqqan qaytdi”.
Bu detallardan bittasi – zulfinga ilinib yirtilgan yeng – keyin ham ish beradi. Bu gal asarning konfliktini kuchaytirish uchun, qahramonlar orasidagi munosabatning yana ham keskinlashuvida xizmat qiladi. Turobjon xotiniga yengini ko‘rsatib tikishni buyuradi. Xotin “yaxtakni olib yoniga qo‘ydi”. Bu bilan tikajagini, lekin hozir uni qo‘lga olmayajagini bildirar edi. Turobjon esa buni o‘sha “anor” zardasi deb tushinadi va xotiniga qo‘pol muamola qiladi.
Abdula Qahhhor hikoyaning oxirrog‘ida yana bir detal ishlatadi. Er bilan xotin mojarosi ma’lum bir nihoyaga yetganda oraga jimlik tushadi. Shu jumlik tufayli ular bir-birlariga bo‘lgan zardani unutib yana, ilgarigi holatlariga kelishlari mumkin edi. Biroq bir voqea ro‘y beradi: ular darchadan “machitdagi baqaterak orqasidan ko‘tarilgan qizg‘in o‘t” ni va uning “ko‘kda olovli iz qoldirib juda yuqorilashini”, undan keyin “go‘yo osmonga urilganday chilparchin bo‘lib “po‘p” etishini kuzatadilar. Turobjon oradagi jimlikdan foydalanish uchun bo‘lsa kerak, “mushak” deydi va uning qay yerda otilayotganini izohlamoqchi bo‘lib, “Mullajon qozining bog‘ida. Mullajon qozi beshik to‘yi qilgan” deydi. Xotin indamaydi. Uning ahvoli shu darajaga borib yetgan ediki, uni na biror narsa ajablantira olar va qo‘rqita olar edi. Turobjon “Shahardan to‘ralar ham chiqqan” deydi. Bu xabar ham xotinda hech qanday o‘zgarish yaratmaydi.
Inson og‘ir pisixologik holat paytlarida ko‘ziga ko‘ringan har bir narsadan, qulog‘iga eshtilgan har bir ovozdan o‘zining dardini eslatadigan biror narsa axtarsa kerak. Turobjonning xotini Mullajon qozining bog‘ini ko‘rgan emas, ammo ta’rifini eshitgan. Bu bog‘ni ko‘z oldiga keltirib ko‘rdi: bog‘ emas, anorzor…Anor daraxtlarida anor, shig‘il, choynakday-choynakday bo‘lib osilib yotibdi.
Turobjon ham o‘z dardi bilan band. Xotin mushak otilishi voqeasidan “anor” keltirib chiqargan bo‘lsa, Turobjon boshqa narsani chiqarib oladi. Xotini o‘zi chiqargan xulosani ichida saqlab turgan bo‘lsa, Turobjon uni tashqariga chiqarib, xotinining ko‘nglidagi chigalni yozmoqchi bo‘ldimi, osmonga otilib turgan mushaklarning qimmati haqida gapiradi: “bitta mushak uch miri, yuzta mushak otilsa… birtangadan yuz tanga. Bir miridan kam – yetmish besh tanga bo‘ladi”.
Mushaklarning qimmati masalasini oraga solib Turobjon o‘zining kambag‘alligini izohlamoqchi, shu munosabat bilan xotinida o‘ziga nisbatan xayrixohlik hissini uyg‘otmoqchi bo‘ladi. Balki uning ko‘nglidan shunday fikr ham o‘tgandir: “agar o‘sha besh miri kam yetmish besh tanga menda bo‘lsa, qanchadan-qancha anor olib uning oldiga to‘kardim”. Ehtimol bir miri kam yetmish besh tanga haqida Turobjon gapirganda faqat anor haqida o‘ylaydigan bo‘lib qolgan bu ayolning ko‘ziga ham xirmon-xirmon anor ko‘ringan bo‘lsa…
“Halvo degan bilan og‘iz chuchimas” deganlaridek na mushak, na bog‘, na mushakka sarf qilingan pullarni hisoblash qahramonlarni og‘ir holatdan chiqara oldi, qaytanga ularning dardiga dard qo‘shildi.
Shunday qilib, Abdulla Qahhor xarakterlarni tasvirlashda o‘z talant yo‘nalishiga muvofiq birinchi galda ifodali detallar topadi va ulardan unumli foydanadi. “Anor” dan mana shu badiiy detallarni olib tashlaydigan bo‘lsangiz u sayoz hikoyalardan biri bo‘lib qolar edi.
“Kulfat” da A.P. Chexov xuddi “Anor” dagidek oddiy mehnatkash kishining fojiyasini tasvirlar ekan, butunlay boshqa yo‘l bilan borganini ko‘ramiz. Temirchi usta xotinini doktorga olib ketayotib xayolida doktor Pavel Ivanovich bilan bahslashib boradi va mana shu xayoliy bahsda Grishaning fojiaviy holati asta- sekin ochila bordi. Bu hayoliy dialogda A. Chexov mujiklarga xos so‘zlarni shunday terganki, asarni o‘qiyotib ko‘z oldimizda rus mujigining obrazi jonli gavdalanadi. Keyin bu dialogga Chexov rus mujigining o‘ziga xos xislatlarni, uning fojiaviy ahvolining sabablarini ham shunday singdirganki, uni ilm so‘zlari bilan ifoda qilish ancha qiyin.
Grisha o‘z-o‘ziga gapirib ketayotib kechikib borayotganining sababini otning yaramasligiga yuklab Pavel Ivanovichga tushuntira ketadi. Xayolida Pavel Ivanovich uni so‘kib beradi: «Ma’lum. Hammavaqt sabab topasizlar. Xususan, sen, Grisha. Seni men anchadan beri bilaman. Kim biladi, xotiningni doktorga olib borish o‘rniga besh-olti marta kabakka kirib chiqdingmi». Xayolida Grisha unga javob beradi: «Afandim, men zolimmasman, xrestianman-ku. Kampirim jon berayotsa-yu, men kabakka chopsam». Shu javobdan keyin go‘yo Pavel Ivanovich kampirni kasalxonaga yotqizadi. Grisha doktorga murojaat qilib kechirim so‘raydi. “Kechiring bizni, esipaslarni, xudo urganlarni, bizni, mujiklarni ayb qilmang. Bizni urush kerak, so‘kish kerak, siz bo‘lsangiz bizga marhamat ko‘rsatyapsiz”. Pavel Ivanovich bir qarab qo‘yadi-da, go‘y shapaloq bilan tashlab yubormoqchiday bo‘ladi va deydi: «Oyoqqa yiqilguncha ichimlikni tashla, esipas, kampiringga achin. Urush-so‘kish ham gapmi.» Dialogning keyingi qismlarida Grisha urishlarga ham, so‘kishlarga ham roziligini, mujikning shunday bo‘lishi kerakligi, Pavel Ivanovichning bu xizmati uchun unga bitta portsigar yasab kelishi kerak ekani-yu, undan pul so‘ramasligi, bunday portsigarga Moskvada to‘rt so‘m to‘lashlari mumkin ekani haqida gapirib ketadi. Undan Pavel Ivanovichning xursand bo‘lishi, “sen Grisha yaxshi mujiksanu biroq piyanistasan-da’’, deb ta’na qilishlarigacha gapiradi. Keyin kampiriga janoblar bilan gaplashishni bilishini maqtanib ham qo‘yadi.
Bu butun umrini g‘aflatda o‘tkazadigan, o‘zidan bir daraja yuqori turadiganlarga, demak hammaga, chunki, o‘sha davr rus hayotida mujikdan pas tabaqa bo‘lmagan – ta’zim qilib, bosh egadigan, shunday bo‘lishiga qaramasdan biror narsa berib (pora) o‘zidan balandlarning ko‘nglini ko‘tarishga o‘rgangan mujikning jonli obrazi.
Mana shu dialogning o‘zidan katta xulosa kelib chiqadi. Biroq A. Chexov masalani yana ham oydinlashtirish uchun voqeaga o‘zi ham aralashadi, unga izoh beradi: “To shu kungacha mast-alastlik bilan tirikchiligini o‘tkazib kelgan, hayotini hech sezmagan, uning achchig‘ini ham, chuchugini ham bilmagan, beg‘am, tepsa-tebranmas, ichimlikka mukkasidan ketgan mujik endi odamga o‘xshab o‘ylab ko‘rishga, fikrini biror narsa bilan band qilishga, shoshilishga, hatto tabiat bilan olishishga majbur bo‘layotir”.
Yozuvchining izohidan keyin, balki bu izoh kitobxonga dialog orasida dam berish uchun keltirilgan bo‘lsa kerak – dialog yana davom qiladi. Bunda mujik umrining bekorga o‘tib borayotganiga iqror bo‘ladi va bundan buyog‘iga odam sifatida yashash kerakligi haqiqa fikr yuritadi. “Agar Pavel Ivanovich urarmidi deb so‘rab qolsa, yo‘q degin. Men seni boshqa urmayman. Xudo haqqi. Axir men seni jahldan urdim, bekorga urarmidim. Men senga achinaman. Men seni doktorga olib borayapman, sen uchin urinayapman, boshqa bir odam shu ishlarni qilarmidi…”
Kampirning o‘lib qolganini bilgandan keyin yozuvchi yana dialogni to‘xtatadi-da, qahramonning hayolidagi gaplarni o‘zi izohlab ketadi. Grisha o‘ylaydi: “Qanday umr qisqa… Kampir bilan hali yashaganicha yo‘q. Endigina kampirning ahvoliga o‘zining achinishlarini, hayot haqidagi o‘ylarini aytmoqchi bo‘lganida o‘lib qoladi. Grisha kampiri bilan qirq yil yashadi. Lekin bu qirq yil qorong‘ilikda o‘tdi. Kambag‘allikdan, urish janjallardan doimiy davom qilgan ichkilikbozlikdan Grisha hech yashaganga o‘xshamasdi. Endi mana, kampirni ayash kerakligini sezgan, uning oldida o‘z-o‘zini aybdor his qila boshlagan zahoti usiz yashay olmaydiganini anglagan vaqtda kampir o‘lib berdi”.
Ko‘rinyaptiki Chexovning hikoyasi mazmuni Abdulla Qahhorning “Anor”iga yaqin bo‘sa-da, bu hikoyalarning har ikkalasida ham oddiy kishining oilaviy fojiasi tasvirlanadi – tasviriy vositalardan foydalanishda bu ikki san’atkor yozuvchining har biri o‘ziga xos yo‘lni tutadi, biri ikkinchisini takror qilmaydi. A. P. Chexov ko‘proq dialogdagi nutq xarakteristika, avtor izohidan foydalansa, Abdulla Qahhor yuqorida aytganimizdek, xarakterli detallar topadi va asarning g‘oyaviy solmog‘ini o‘sha detallarga yuklaydi.
Bundan A.P.Chexov “Kulfat”da hech qanday detaldan foydalanmagan Abdulla Qahhor esa “Anor”da dialogdan foydalanmagan degan xulosa kelib chiqmasligi kerak, albatta. “Kulfat”da Grisha gapirib ketayotib bir vaqt kampiriga nazar tashlasa, kampirining yuziga tushgan qor erimasmish. Bu juda ifodali detal. Abdulla Qahhordagi detallar asarning asl g‘oyasini ifoda qilishga bevosita xizmat qiladi. Chexov hikoyasidagi mazkur detal esa kampirni to‘g‘ridan – to‘gri “o‘lgan” deb quruq e’lon qilib qo‘ya qolmasdan, fikrni jonli ifodalash uchun ishlatiladi. Boshqacharoq qilib aytganda, Chexov detali o‘sha joyning o‘zida juda ahamiyatli, usiz ham asar g‘oyasi yetarli darajada ifodalangan.
Abdulla Qahhor ham “Anor”da dialogdan foydalanadi. Lekin “Kulfat” dagidek, asarning butun g‘oyasi dialoglarning ko‘pisi detallarning ifoda quvvatini yana ham oshirish uchun ishlatiladi.
Badiiy ijodning imkoniyatlari nihoyatda katta. Har bir san’atkor, o‘z ovoziga ega bo‘lganidek, har bir san’at asari o‘ziga xos yo‘l bilan yaratiladi. “Anor”da biz asosan yaxshi topilgan va muvaffaqiyat bilan ishlatilgan detallarni ko‘rdik. O‘tmish fojiasini aks ettirgan “Dahshat” hikoyasida Abdulla Qahhor boshqa yo‘l tanlaydi.
Badiiy ijodning imkoniyatlari nihoyatda katta. Har bir san’atkor, o‘z ovoziga ega bo‘lganidek, har bir san’at asari o‘ziga hos yo‘l bilan yaratiladi. “Anor” da biz asosan yaxshi topilgan va muvaffaqiyat bilan ishlatilgan detallar ko‘rdik. O‘tmish fojiasini aks etdirgan “Dahshat” hikoyasida Abdulla Qahhor boshqa yo‘l tanlaydi.
Sujet tuzilishi jihatdan “Dahshat” “Anor”ga kam o‘xshaydi. Yozuvchi bergan ma’lumotlarga qaraganda, “Anor” ning syujeti uning yoshligida kuzatgan bir voqeaga asoslangan. Bu voqea “Teshik tosh” nomi bilan “O‘tmishdan ertaklar” xotiralariga ham kiritilgan. «Dahshat» ning syujetini yaratishda esa Abdulla Qahhor xalq og‘zaki ijodi materiallaridan foydalanadi.
Qadimdan beri nasldan-naslga o‘tib kelgan diniy afsonalar tufayli musulmon qabristoni eng dahshatli joylardan biri hisoblanadi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, erkaklar orasida qabristonga borib biror ish bitkazib kelib, yo mozor ashiylaridan nimanidir olib kelish botirlik nishonasi hisoblangan.
“Dahshat”da shu xildagi voqealardan bir parcha keltiriladi ham: “Bir qo‘ydan garov qo‘yilib mehmonxonadagi yigitlardan biri mozorga pichoq sanchib kelaman deb borgan, shoshilgandan pichoqni etagiga qo‘shib sanchgan ekan. O‘rnidan turaman desa birov tortgandek bo‘lgan, qo‘rqqandan yuragi yorilib o‘lgan”. Bunday gaplar xalq og‘zida juda ko‘p uchraydi. Abdulla Qahhor shu xildagi voqeani hikoyaning asosi qilib oladi.
Lekin voqea shu hilda qolmaydi. Abdulla Qahhor unga boshqacha yo‘nalish beradi. Avvalo, voqeaning qahramoni bir mehmonxona yigitlarni orasidan menman deb chiqqan mard emas, balki oddiygina qiz. Bu qizda biror qahramonlik xusisiyatlarini ham ko‘rmaymiz. Tag‘dirga tan berib “ payg‘ambar yoshidan o‘tib ketgan” bir cholga erga tegishdan bosh torta olmagan bir qiz. Bu hol voqeaning emotsiyonal va dramatik kuchini oshiradi.
Voqeaning sharti ancha o‘zgartirilgan. Go‘ristonga pichoq sanchib kelish emas, balki qumg‘on qaynatib, choy damlab kelish. Qiz shu murakkab shartga rozi bo‘ladi. Menman degan yigitlar bu shartning oddiyrog‘ini ijro qila olmay o‘lib ketgan bo‘sa-yu, qiz zaifa hisoblanishiga qaramasdan undan o‘n baravar murakkabirog‘ini bajarishga rozi bo‘lsa. Bunga rozi bo‘lgan qizning boshidagi kulfatlar qo‘rqinchli shartni bajarishdan ko‘p barabar dahshatliroq bo‘lishi kerak. Bunga rozi bo‘lgan qizning xarakter mohiyati haqida yozuvchi keng ma’lumot berib o‘tirmaydi. Bu hikoyaning kontekstidan ma’lum. Faraz qilamizki, qiz oddiy bir mehnatkash oilasida tug‘ilgan, mehnatkashlarcha tarbiya olgan. Oddiy mehnatkashlar ishchan – tabiat kishilarga nisbatan erkin o‘sadilar, har xil diniy afsonalarni eshita berishga, to‘qiy berishga ularning vaqtlari yo‘q. Shu sababli go‘riston haqidagi afsonalarni qiz boshqalarga nisbatan kam eshitgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, oddiy mehnatkash qancha ezilmasin, qancha zulmatda qolmasin, dunyoni erkin his qila bilish uni erksevar ham qiladi. Mabodo hikoyaning qahramoni Unsin meshchan tabiat oiladan, pulga berilgan boy oilada tug‘ilib-o‘sib va tarbiya olgan qizlardan bo‘lsa edi, u erk uchun qabriston tomon bir qadam qo‘yishga ham rozi bo‘lmas, aksincha cholning merosiga ega bo‘lish uchun uning o‘limini kutib yashay bergan bo‘lardi. Bu haqiqatlarni biz faraz qilib topib olamiz.
“Dahshat” da Abdulla Qahhorning tasviriy uslubi ham boshqacha. Bu asarga yozuvchi peyzaj vositalaridan foydalanadi. Umuman, peyzajga nisbatan Abdulla Qahhor xasis yozuvchilardan. U o‘rinli-o‘rinsiz ravishda asarga tabiat tasvirini kirita bermaydi. Ba’zi yozuvchilar tabiat manzaralarini bevosita go‘zalligini kitobxonga yetkazish maqsadida peyzajni tasvirlab ketishadi. Shu maqsadda asardagi bosh voqeaning umum oqimidan chekkaga chiqib ketishlar ham bo‘ladi. Ba’zi yozuvchilarning asarlarida o‘rinsiz, murakkab, kitobxonga hech qanday zavq bermaydigan peyzajlar ham uchrab qoladi. Abqulla Qahhor ijodida bunday holni ko‘rmaymiz, balki peyzajga nisbatan, yuqorida aytganimizdek, unda qandaydir, kamsuqumlik bor.
Bu usul asosan qahramonlar harakat qiladigan muhutni jonlantirish uchun ishlatiladi. Abdulla Qahhor ham ko‘pgina asarlarida peyzajdan shu maqsadda foydalanadi. Biroq uni asarning asl g‘oyasini ifodalash yo‘lida bosh omillardan biri sifatida ham ishlatish mumkun ekan. Buni Abdulla Qahhor “ Dahshat” da isbot qilib berdi.
Abdulla Qahhor bu hikoyada o‘tmishda oddiy o‘zbek ayoli boshiga tushgan ikki yo‘nalishdagi kulfatni tasvirlaydi. Biri o‘tmish hayotimizning siyosiy mohiyati bilan bog‘liq erksizlik. Erksizlik natijasida hikoya qahramoni Unsin keksa bir cholga kenja xotin bo‘lib tushgan. Ikkinchisi, kulfat ustiga kulfat deganlaridek, Unsin ozodlikka intilib qadam tashlamoqchi bo‘lgan vaqt bo‘ronli kunga to‘g‘ri keladi. A. Qahhor shu kunni tanlaydi. Buning ma’nosi ma’lum: o‘sha zamonda insondan keladigan kulfatga qarshi bosh ko‘targan Unsinning harakati bir marta ulug‘lanishga arziydigan bo‘lsa, odamni uchirgudek izg‘irin shamolda uning go‘riston tomon yo‘l ollishi, “och bo‘ridek uvillagan” shamolni pisand qilmasligi Unsin jur’atini yana bir nech barobar ulug‘laydi. Ikki kulfat bir-birini to‘ldiradi, bir-birini murakkablashtiradi, bir-birining ma’nosini ta’kidlaydi. Shu fon'da Unsin xarakteri o‘zining butun ulug‘vorligi bilan ko‘z oldimizda gavdalanadi.
Bu yerda Abdulla Qahhor uslibiga xos quyidagi hususiyatni ta’kidlab o‘tmishni lozim ko‘rdik. Gap shundaki, u asar ma’nosini ko‘proq obrazlarning xatti-harakatlari orqali ko‘rsatuvchi yozuvchi. Uning asarlari, aksariyati ilk sahifalardanoq obrazlarning xatti-harakatlari tasviridan boshlanadi. “Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan…” degan so‘zlar bilan “Anor” boshlanadi. “Bemor”, “Sotiboldining xotini og‘rib qoldi…” degan so‘zlar bilan boshlanadi. “O‘g‘ri” ning boshlanishi ham shunday: “Kampir tong qorong‘isidan xamir qilgani turib ho‘kizidan xabar oldi…”, “Qadoqchi Hamroqulning tobi qochdi” bu “Tomoshabog”ning birinchi so‘zlari. “Shunday qilib, Ahmad palvon so‘ylaydigan bo‘ldi”-“Ko‘r ko‘zning ochilishi” dagi birinchi jumla. Hullas, Abdulla Qahhorning ko‘pchilik asarlari shu hilda-muhit tasviridan emas, balki obrazlarning xatti-harakati yoki holati tasviridan boshlanadi.
“Dahshat”da Abdulla Qahhor bu qoidasidan chiqadi. Asarning boshida hikoyaning umumiy g‘oyaviy yo‘nalishini belgilab beradigan tabiat dahshati beriladi.
“Yaqin ikki haftadan beri ko‘z ochirmayotgan kuzak shamoli yaydoq daraxtlar shoxida chiyillaydi, g‘uvillaydi’ tomlarda vishillaydi, yopiq eshik va darchalarga bosh urib uf tortadi”.
Shu bilan birinchi satrlaridan boshlab yozuvchi asarga qandaydir dahshatli og‘ir ohang bag‘ishlaydi. Yuqoridagi satrlarni o‘qir ekanmiz, ertak va afsonalardagi qandaydir sirli qora kuchlar; dev va parilar, yolmog‘iz kampirlar hayolimizdan o‘tadi. Boshqacha qilib aytganda, birinchi jumladan “dahshat” boshlanadi. Bu dahshatni yaratadigan, ertak va afsonalarda ko‘p ishlatiladigan so‘zlar ham topiladi –“ chiyillaydi”, “uvillaydi”, “uf tortadi”…
Keyingi jumlalarda yozuchi bu dahshatni odam temasiga ko‘chiradi va yuqoridagi tabiat manzarasidan kelib chiqadigan dahshatni yana bir bor ta’kidlaydi:
“Bundan keyin ham obrazlar kayfiyati va tabiat dahshati bir-biriga yondosh boradi. “Odamlarning qo‘y mijoz, g‘uj bo‘lib o‘tirishlari” tabiat dahshatining na qadar vahimali ekanini tasdiqlasa, bu vahimali shamol odamlarning xayolida har hil tushuncha va kayfiyatlar uyg‘otib undan kelib chiqadigan vahimani yana ham oshiradi. “…goh och bo‘riday uvillayotgan, goh o‘lim changaliga tushgan mushukday pixillayotgan, vig‘illayotgan” shamol hikoyada qatnashadigan obrazlardan biri Dodhoni vahimaga soladi. U payg‘ambar yoshidan o‘tgan, kafanligini tayyorlab qo‘ygan bir chol. O‘z hayotini hudbinlik bilan o‘tkazayotgan bunday chollarga oddiy narsalar ham vahimali bo‘lib ko‘rina bersa va har bir vahima, albatta, o‘limni esga solsa kerak. Shu xilda Dodho shamol dahshati munosabati bilan go‘ristonni, keyin o‘limni xayolidan o‘tkazadi.
Dodho o‘limni o‘ylagan sari shamol xuruj qilar edi. Bir mahal shamol nimanidir keltirib darchaga urdi. “Hamma o‘tirgan yerida go‘yo bir qarich cho‘kkanday bo‘ldi”. Dodho darchani ochib qarab, uning bo‘yra ekanini aniqladi. Bo‘yra tobutni esga soldi, tobut o‘limni eslatdi. Shu orada g‘o‘rga pichoq sanchib kelishdan garov o‘ynagan yigit esga olinadi. Bundan Unsinning jasorati keltirib chiqariladi. Xullas, shamol yozuvchi uchin muhim badiiy vazaifani ado etadi. Yozuvchi asar temasiga izchillik bag‘ishlaydi, ya’ni assotsiatsiy yo‘li bilan voqea Unsin ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qahramonlik voqeasiga keltiriladi. Hikoyaning ikkinchi yarmida shamolning vazifasi boshqacha. Shamol endi assosatsiya uyg‘otuvchi vosita emas, balki Unsin harakatlari bilan yonma-yon yuradigan dahshatli kuch. O‘zining butin vahimasi bilan Unsin ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qahramonlikni, jur’atni ta’kidlaydi.
Yozuvchi faqat shamoldan emas, boshqa tabiat manzaralarini ham asar temasini to‘laroq ochib berishga bo‘sundiradi, shu yo‘l bilan ma’no yana ham konkretlashadi.
Unsin paranjida, qo‘liga qumg‘onni olib mozor tomon jo‘naydi. Kecha shunday tasvirlanadi: “Ko‘r oydin. Osmonning chekkasi sarig‘–kir uvadaga o‘xshaydi. Bu bir shu’la qo‘ynida past-baland uylar, shamolda egilayotgan, tebranayotgan daraxtlar qop-qora ko‘rinadi”.
Oydin kechalar haqida qanchadan-qancha poetik asarlar yaratilmagan deysiz. Oydin kechalar haqida qanchadan – qancha shox ashulalar to‘qilgan, bastakor kuy bastalagan. Shoirlar she’r yozgan. Abdulla Qahhor esa bu poetik tushunchaga g‘o‘yo “antipoyetik” epitet bag‘ishlaydi:-“Ko‘r oydin”. Quyosh botgandan keyin anchagacha osmon chekkasiga zeb berib turadigan shafaq shoirlarga qanchadan-qancha tipoetik material bergan. Abdula Qahhor bunga ham “antipoetik” epitet bag‘ishlaydi: “ sarig‘ kir uvada”. “Shu’la” – bu ham dunyoga ma’lum poetik asarlarda uzluksiz ulug‘lanib, poetiklashtirilib kelingan tushuncha. Bu so‘zga ham Abdulla Qahhor “ antipoetik” epitet bag‘ishlaydi: -“ Kir shu’la”. Bitta-ikkita jumlaning o‘zida qanchadan-qancha poetik tushunchalar bir zumda “antipoetik” tushunchalarga aylanib ketayotgandek.
Biroq bu birinchi qarashdagi taassurot. Fojia ham poetika. Otello, Otabek, Yo‘lchi, fojiyalarida ne chog‘li poeitika bor. Ular hayotdagi yomon tomonlarga qarshi kurash e’lon qilib, shu yo‘lda fojiaviy holatga tushadilar, shunday ekan, nimaiki ularning fojiasini ko‘rsatish uchun xizmat qilsa, shu narsa poetik. Bu yerda ham hayot shunday. Nimaiki Unsin fojiasini ulug‘lash, uning mag‘zini chaqib berish uchun xizmat qilar ekan, shu narsa poetik. Shunday ekan « ko‘r oydin », « osmonning chekkasidan kir uvadaga o‘xshagan shafaq», “kir shu’la” iboralari ham poetik vazifani ado etadi. Odatda biz ko‘p uchratadigan asarlarda bu iboralar o‘zining to‘g‘ri ma’nosida ishlatiladi. A.Qahhor hikoyasida esa bu iboralar o‘zinig asl ma’nosiga zid tarzda qo‘llaniladi.
Badiiy vositalardan foydalanishda san’atkor yozuvchilarning har xil bo‘lishi to‘g‘risidagi fikrimizni dallilash uchun G’afir G’ulomning « Soyalar» da endigina bo‘yi yetgan, hayotga ne-ne umidlar bilan boqayotgan Yoqutoyning nomusi o‘g‘irlanadi. Qizlar uchun xususan, sharq qizlari uchun bu og‘ir fojia.
Adabiyotda har bir yozuvchining o‘z uslibi bor. Agar ma’lum sxemalarga asoslanib asar yaratilaberganda edi, tabiat manzaralari ham hamma asarlarda bir xil ma’noda, bir xil yo‘nalishda aks ettirila beradi. Holbuki, bu ikki yozuchi peyzajni bir xil mazmungagi ikki asarda ikki xil ishlatadi. Abdulla Qahhor peyzajni qahramon tag‘diriga moslashtiradi, G’afir G’ulom aksincha tabiatdagi poetikani o‘z holicha aks ettirib, qahramonni kutayotgan fojiyaga qarama-qarshi bir manzara yaratadi.
“Kechagina o‘tqazilgan olcha ko‘chati muncha ham kekkayib tebranadi. Shabi yaldoning bo‘ydoq shabadasi u bilan ishq o‘ynaydi. Tola-tola yaproqlarni silkitib qochadi, sarif qomatlarni qitiqlaydi.
Oy ham bularga sitoyishkor – olcha qiz ko‘rimli ko‘rinsin deb quchoq-quchoq kumush nurlarini uning ko‘ksiga sochadi. Shu kecha, shu g‘ayir kechaning hirsini qo‘zg‘atish uchun olcha qizning soyasini ikki marta cho‘ziqroq ko‘rsatadi.
Chillaki xuddi shu bugun, hali zamon chumak uradi. Supaga yopirilib tushgan ishkomga qarang, qizara boshlamoqda ayrim g‘unchalarigacha…
Ostida ilonday to‘lg‘anib yotgan shu nihol qiz-Yoqutoyning yuz qizilligi ularga ko‘shibdir. Daroylar hech bo‘lmasa shu qizining anor betidan sharim qilib, chumak uradi, uyatdan qizaradi.
Oy bunda ham ishboshi. Yoqitxon bilan qatorasi yotgan kampir Ena buvi jin tekkan yuzini tokning shapaloq barglari orqali olachalpoq soylar bilan berkitmoqchi. Oy daroylar chillakilar bilan o‘chakishib, “tanho qolib Yoqut qizga termiling, uyaling, kimsasiz kechalarda kim ko‘ringanga mahtanib yurmang” , demoqchi bo‘ldi.
“Yoz shabadasi o‘lguncha behidek sayoq, kapalakday beqaror, har nafasda gul tanlab, qalandarday har qadamda bir eshik qoqib yuradi.
Shabada endi olicha qizdan aynib, Yoqutoyga egachilik qiladi. Jingalak hiloli jamalaklarini to‘zg‘itib yuziga yopadi. Sut daryosining qo‘sha zuliklari – qaldirg‘och qanotiday qayrilma qoshlarini chimirib qo‘yadi”.
Mana shu shabada olcha qiz bilan ishq o‘ynashgan, oy quchoq-quchoq nurlarini uning ko‘ksiga sochgan oqshomda yuziga parda tutib, og‘ziga pichoqni kesa tishlab, devor oshib tushgan begona yigit Yoqutoyning nomusini o‘g‘irlaydi. Yozuvchining so‘zlari bilan aqytganda “Yoqutoyning ko‘rigi-yuz yorug‘ligi… Umr bo‘yicha saodatning sababi bo‘lgan bir qimmatli buyimi tiniq, qo‘zichoq barrasidan jimillab turgan hovuzga tushgan bir burda kesakday, uning eng kerakli narsasi o‘sha tiniq oydinli kechaning bag‘rida zim-ziyo yo‘q bo‘lib ketgan. U topilmas manguga kelmasga yo‘qolgan”.
Shunday qaraganda Yoqutoyning fojiyasini tasvirlashda G’afur G’ulom ham, Abdulla Qahhor Unsin tag‘dirini tasvirlashidagi vositalardan foydalanadi. Bu yerda ham o‘sha shamol. Lekin qandaydir ruhni ko‘taradigan, hayotdagi go‘zallikni ifodalaydigan shamol. O‘sha oydin. Biroq lirik ohangdagi, kishi dilini shirin tuyg‘ular bilan to‘ldiradigan oydin. O'sha shu’la. Biroq odamnimg ko‘nglini yoritadigan bir shu’la. Bu ruhni uyg‘otadigan shabada ham, dilni shirin tuyg‘ular bilan to‘ldiradigan oydin ham, ko‘ngilni yoritadigan shu’la ham katta bir fojianing guvohi bo‘ladilar.
“Dahshat”da Oydinning ko‘rligi, shafqning kirligi, shu’laning uvadaligi kitobxonni qandaydir dahshatga tayyorlab, inson ruhini chog‘ sari olib boradi. “Soyalar” dagi haddan tashqari ta’kidlab, avaylab tasvirlangan oydin, shabada, quchoq-quchoq nur o‘quvchini toqqa chiqaradida, birdan kishi ruhini ezadigan darajada chohga tushurib yuboradi.
Bir xil vosita- peyzaj, bir xil vazifa - fojia, har-xil priyom.
“Dahshat” ning kulminatsion momentlarida “ guvillagan, chiyillagan” shamol tasviri tilga olinmaydi. Usiz ham dahshat, vahima yetarli. Oqshom, go‘riston, har balolarning ko‘zga ko‘rinishi, hushdan ketishlar. Unsinning o‘limi… Faqat asarning oxilarida, Unsinning jasadi ko‘rpaga o‘rab aravaga yuklanayotganda yozuvchi shamolni yana bir bor esga soladi: “ Shamol hamon guvillar, yaydoq daraxtlarning shohida chuvillar, g‘uvillar edi”.
“Anor” va “Dahshat”ni o‘qir ekanmiz biror marta bo‘lsa ham yuzimizga tabassum yo‘lamaydi. Biz voqealarga jiddiy qaraymiz, ularda tasvirlangan mazmn nihoyatda jiddiy. Bu jihatlari bilan Abdulla Qahhor yaratgan bu ikki hikoyada fojia jiddiy va dahshatlidir.
Dostları ilə paylaş: |