Mexatronika haqida tushuncha. Oddiy mexanizmlar Siz mexatronika bobini o‘rganishni boshlaganingizda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: Mexatronika o‘zi nima? Mexatronika zamonaviy ilm-fan va texnologiyaning yangi yo‘nalishi bo‘lib, so‘nggi o‘n yillikda butun dunyoda jadal rivojlanmoqda. Bu rivojlanish barcha sohalarda, jumladan, ishlab chiqarish sohasidagi kasb egalarining yuqori faolligini rag‘batlantiradigan, mehnat sifati va samaradorligini oshiradigan mexatronik tizimlarning yangiligidir. Zamonaviy “Mexatronika” atamasi, yapon manbalariga ko‘ra, “Yaskawa Electric” kompaniyasining katta muhandisi Tetsuro Mori tomonidan 1969-yilda joriy etilgan va 1972-yilda savdo belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ushbu atama ikkita qismdan iborat – “mexan”, MEXANIKA va “tronik”, ELEKTRONIKA so‘zlari birikmasidan olingan bo‘lib, mexanika va elektronikaning yutuqlarini birlashtirish natijasida paydo bo‘lgan. Mexanika [yun – mechanike (teche) – qurol, inshoot] – tashqi kuch ta’sirida jismning fazoda harakatlanishi va muvozanatini o‘rganish bilan shug‘ullanadigan fan. Elektronika – fan va texnikaning elektronlar zaryadlangan zarralarning turli jismlar bilan o‘zaro ta’siri qonuniyatlarini o‘rganish, bu o‘zaro ta’sirdan foydalanib, energiyani o‘zgartiradigan elektron asbob va qurilmalarni yaratish usullarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan soha. 1980-yilning boshlariga kelib, “Mexatronika” atamasi dunyo texnik adabiyotlarida kompyuter tomonidan boshqariladigan harakatga ega mashina va mexanizmlarni loyihalashga nisbatan ishlatilgan. Shu tariqa mexanika, informatika sohalaridagi hamda texnikaning ayrim tarmoqlaridagi (mikroprotsessorli texnika, mashinalar va agregatlarning harakatini kompyuterda boshqarish) bilimlar negizida hozirgi kunda jadal rivojlanayotgan yangi texnika fani sifatida vujudga keldi. Mexatronikaning maqsadi – yangi imkoniyatlarga ega bo‘lgan aqlli va harakatlanuvchi mashina va mexanizmlarni loyihalash va ishlab chiqarishdan iborat. Mexatronikaning vazifasi – mexanika, elektronika va axborot texnologiyalari (kompyuter) sohalaridagi bilimlarni birlashtirishdir. Ushbu sohalardagi bilimlarni birlashtirilishi natijasida mexatronikaning yangi g‘oyalari paydo bo‘ladi. Mexatronika – dastur asosida boshqariladigan mashina va mexanizmlar yaratish hamda ulardan foydalanishga yo‘naltirilgan mexanika, informatika va elektronika vositalari va tamoyillari majmuyidir.
Ushbu ta’rif mexatronik tizimlarning mexanika, elektronika va kompyuter elementlarining chuqur o‘zaro bog‘liqligi g‘oyasiga asoslangan uch mohiyatni ta’kidlaydi. Shu sababli, mexatronikaning ramziga aylangan va eng keng tarqalgan grafik shaklda “Ishlab chiqarish”, “Menejment (boshqaruv)” va “Bozor talablari”ning ichki qobig‘iga joylashtirilgan uchta kesishuvchi aylana bilan ifodalanadi (6-rasm). Shunday qilib, ushbu uch turdagi elementlarning tizimli bog‘lanishi mexatronik tizimni tashkil etishning zaruriy sharti hisoblanadi. Mexatronika nafaqat professional, balki oddiy insonlarning kundalik hayotiga ham kirib ulgurdi. Masalan, aqlli uylar, zamonaviy uyro‘zg‘or texnikalari, raqamli videokameralar kabilar mexatronik prinsiplarga asoslanadi. Mexatronika va robototexnika tushunchalari nima uchun birgalikda ishlatiladi? Ushbu tushunchalarning ko‘pincha birgalikda qo‘llanilishi sababi oddiy: robototexnika mexatronikaning eng mashhur sohasi hisoblanadi. Bundan tashqari, mexatronika aynan robototexnika va robototexnik tizimlar, mashinalar kabi qurilmalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Mexatronika va uning eng mashhur sohasi bo‘lgan robototexnika bugungi kunda eng istiqbolli yo‘nalishlardan hisoblanadi.