Korxona iqtisodiyotini rivojlantirish R=Pr/TC*100%
«Korxona iqtisodiyoti» - aholi va xalq xo’jaligi uchun zarur bo’lgan mahsulot
ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmat ko’rsatishning ijtimoiy-iqtisodiy va
ma’muriy-xo’jalik mexanizmlarini o’rganuvchi va ochib beruvchi fandir. U tabiat va
jamiyatning muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida rivojlanishining ob’ektiv
qonunlari namoyon bo’lishi va amal qilishiga, shuningdek, korxonalar faoliyatiga
bevosita va bilvosita ta’sir ko’rsatuvchi davlat miqyosida qabul qilinuvchi qoida,
normativ va qonun hujjatlariga tayanadi.
«Korxona iqtisodiyoti» «Iqtisodiyot» fanining tarkibiy qismi bo’lsada, mustaqil
bilimlar sohasi hisoblanadi. U boshqa iqtisodiy fanlardan, ayniqsa,
«Mikroiqtisodiyot»dan mazmuni va ma’lumotlarni keltirish mantiqiga ko’ra
farqlanadi. Afsuski, ba’zi bir olimlar «Korxona iqtisodiyoti» va “Mikroiqtisodiyot”ni
bir-biridan farqlamaydilar. Haqiqatdan ham, “mikro” so’zi iqtisodiy hodisa va
jarayonlarni iqtisodiyotning birlamchi bo’g’inlari - korxona va firmalar miqyosida
ko’rib chiqishni ko’zda tutadi, biroq ularning ikkita bir xil predmet emasligiga
mikroiqtisodiyot va korxona iqtisodiyoti bo’yicha darsliklarni qo’lga oliboq amin
bo’lish mumkin. «Mikroiqtisodiyot» bilan taqqoslaganda «Korxona iqtisodiyoti»
xo’jalik amaliyotiga yaqinroq, har bir iqtisodchi uchun zarur bo’lgan iqtisodiy
bilimlar majmuasini shakllantiruvchi fan ekanligi ko’zga tashlanadi. Birlamchi
bo’g’in iqtisodiyotini yaxshi bilgan zamonaviy mutaxassislarni xo’jalik yuritishda
eng xavfsiz va samarali yo’lni topishlari sababli iqtisodiyotning “shturmanlari” deb
atash mumkin.
Hozirgi kunda korxona iqtisodiyotiga bo’lgan qiziqish sezilarli ravishda
o’sgan. Gap shundaki, bozor iqtisodiyoti sharoitida yangi huquqiy-tashkiliy shakldagi
korxonalar, xom ashyo, material va asbob-uskuna etkazib beruvchilar, shuningdek,
bevosita mahsulot yoki tovar iste’molchilari (xaridorlar) bilan yangicha iqtisodiy
munosabatlar vujudga kelib, rivojlanib bormoqda. Bundan tashqari, korxona, bu –
avvalo ishlab chiqarish jamoai, odamlarning turli tarzdagi faoliyati bo’lib, ular
o’rtasidagi o’zaro munosabatlar tizimi yuzaga keladi hamda ma’lum bir turmush
tarzi, ma’naviyat va axloq normalari shakllanadi. Bularning barchasi xo’jalik yuritish
shakl va usullarini qayta ko’rib chiqish, korxonaning iqtisodiyot rivojlanishidagi o’rni
va roliga yangicha yondashishni talab qiladi.