- Hurmating bor, oshnam. Biz bir bekorchi odam bo‘lsak, - u shunday deb qo‘ltig‘iga qistirib olgan eski gazitga o‘rog‘lik narsani uzatdi. – To‘yga kelolmadim. Yaxshi o‘tkazib oldingmi? …
- To‘yga kelmaganingga gina qilib o‘tiruvdim, tinchlikmi o‘zi, nimaga kelmading?
- Sen meni to‘yga aytdingmi? – Jalil ovozini bir parda ko‘tardi.
- Birinchi bo‘lib senga xabar bergandirman.
- Katta bo‘lsang o‘zingga, bu birinchidan, boyvachcha bo‘lsang ham o‘zingga, bu ikkinchidan, xo‘pmi! Laychalaringni yuborib to‘yga ayttirdingmi? O‘zingning oyog‘ing yetmadimi?
- Xo‘p, tavba qildim, men ahmoqman, - Asadbek ham ovozini ko‘tardi, - o‘zim bormabman. ( 241-242) Matnlarning til jihatiga e’tibor berilganda shu narsa ma’lum bo‘ladiki, suhbat jarayonidagi gaplar asosan savol-javoblardan iborat bo‘ladi, ya’ni gaplarning ma’lum qismini so‘roq gaplar tashkil qiladi. Bu gaplar tuzilishiga ko‘ra sodda va to‘liqsiz gaplardan iborat bo‘ladi. To‘liqsiz bo‘lishining sababi ma’lum, albatta. Undagi ma’no yoki avvalgi gapdan yoki umuman suhbat mazmunidan anglashiladi. Ayrim gaplarda uzilishlar ruy beradi (- Lola ko‘chasida… o‘n… yettinchi uyda turadigan Sharif aka degan kishi) va uzilishlar ham aniq bir maqsadni ko‘zda tutadi. Gapdagi bu kalavalanishlar giyohvand yigitlarning Sharifni tanimasligadan dalolat berib turibdi. Bratan, soqqa, nishtyak, ayn moment birliklari bu toifa odamlarning o‘ziga xos tili mavjudligiga, etganmiza, oganuvza, ikkalavuza, aldavotganim yo‘q, kirganman-de, ha-de, so‘ruvrasizmi so‘zlari ularning Toshkent shevasi vakillari ekanligiga ishoradir. Suhbat jarayoni og‘zaki so‘zlashuv uslubida tuzilgan. Ayrim gaplarning zarur a’zolari tushib qolgan (Shundoq chap tomonda) va hokazo. Bu til elementlari-
-63-
ning har biri asarda ma’lum ma’noda badiiy uslubga tegishli vazifalarni bajargan.
Ikkinchi parchadan yana shu narsa anglashiladiki, suhbatdoshlarning xarakteri, kayfiyati, suhbatlashayotgan kishisiga munosabati ham nutq jarayonida reallashadi. Aslida aytgani-aytgan, degani-degan, qamchisidan qon tomadigan, boshqalarga nihoyatda qattiqqo‘l Asadbekning xarakteridagi boshqa qirralar dialog davomida ochiladi. Bolalikdagi do‘sti Jalilga yon bosadi.
N.Muhiddinovning «Kremlda o‘tgan yillarim» asarining (T., „O‘zbekiston“ 1995) 60-64-betlarida asar muallifi va VKP(b) MK kotibi G.M.Malenkov bilan bo‘lib o‘tgan suhbati keltirilgan. Bu dialogda so‘z tanlash ham, gap qurilishi ham yuqoridagi matnlardan farq qiladi. Suhbatdoshlar nutqida uchragan hujjat, vakil, xodim, mazkur, masala, o‘rganib chiqmoq, muhokama qilmoq, taqdim etmoq, kamchiliklarni bartaraf etmoq, astoydil intilmoq, masalaga tanqid ruhida yondoshmoq, respublikani oyoqqa turg‘azmoq, mas’uliyatini oshirmoq, masalani o‘rganib chiqmoq, masalani alohida ko‘rib chiqmoq, nuqtai nazarni bayon qilmoq, partiya yo‘lini og‘ishmay amalga oshirmoq, ajoyib faollik ko‘rsatmoq, munosib hissa qo‘shmoq, nuqtai nazarimni bayon etishga ruxsat bering, yana bir masalani ko‘tarishga ruxsat bering singari so‘z va jumlalar o‘rtada bo‘lib o‘tgan suhbatning o‘ta rasmiy, jiddiy ekanligidan, davlat va partiya hayotiga oid masalaning muhokama qilinganligidan dalolat beradi hamda yuqorida keltirilgan matnlardan farqlanadi.
Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, garchi dialogik nutq til nuqtai nazaridan gap shakllarining to‘liq bo‘lmasligi, so‘zlarning tushib qolishi yoki qisqarishi, inversiyaga uchrashi bilan boshqa nutq shakllaridan ajralib tursa-da, bu o‘rinda ham muloqotning umumiy qoidasi va etikasini saqlab qolishga harakat qilinadi.
Matnlardagi dialogik nutqlarni ko‘zdan kechirish yana shundan dalolat beradiki, ular asosan og‘zaki nutq odatlarini o‘zida namoyon qiladi. Adabiy matnlarda esa obraz yaratish, xarakterlarni namoyish etishning kuchli badiiy vositasiga aylanishi mumkin. Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidagi Farhod va Xisrav, Uyg‘un va Izzat Sultonning
-64-
«Alisher Navoiy» dramasidagi Alisher Navoiy va Xusayn Boyqaro dialoglarini eslaylik.
Alohida bir kishiga taalluqli bo‘lgan nutq monologik nutq sifatida baholanadi. Bu nutq ikki xil ko‘rinishga ega: ochiq nutq va ichki nutq.
Ochiq nutq jamoaga qaratilgan bo‘ladi va turli xarakterdagi yig‘ilishlarda – qurultoylarda, sessiyalarda, ilmiy anjumanlarda, dars jarayonida, hisobot yig‘ilishlarida, har xil jamoalarning majlislarida, uchrashuvlarda, bayramlarda, to‘y-tomoshalarda, tug‘ilgan kunlar, do‘stlar uchrashuvi singari kichik davralarda, motam mitinglarida so‘zlanadi. Bu yig‘ilishlarning mazmuni turlicha bo‘lganligi sababli ularda so‘zlanadigan monologik nutq xarakteri ham bir-biridan farq qiladi. Masalan bayramlar, uchrashuvlar, to‘y-tomoshalar, tug‘ilgan kunlar tantanali tarzda kechadigan yig‘inlar bo‘lganligi tufayli ularda so‘zlanadigan nutq ham tantanali ruh asosiga qurilgan bo‘ladi. Hisobot yig‘ilishlari va jamoalarning (ishlab chiqarish, rejalashtirish) majlislari rasmiy xarakterda bo‘ladi. Qurultoy va sessiyalar keng qamrovli yig‘ilishlar bo‘lganligi tufayli ularda rasmiylik ham, norasmiylik, va tantanavorlik ham bo‘ladi. Mavzuga qarab har xil faktlar, raqamlar keltiriladi. Motam mitingida so‘zlanadigan nutq esa yuqoridagi nutqlarning barchasidan tubdan farq qiladi.
Nutq mavzusining bu tarzda turli-tuman bo‘lishi ular uchun til vositalarining ham tanlab ishlatilishini taqozo qiladi. Vaziyatga qarab kishilarga tantanavor ruh beradigan, ularni ilhomlantiradigan, safarbarlikka undaydigan, his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan, mas’uliyatini oshiradigan, tartib-intizomga chaqiradigan, ta’lim-tarbiya berishga qaratilgan yoki shunchaki axborot berishga qaratilgan til vositalari tanlanadi. Motam marosimida so‘zlangan nutq esa mazmuni bilan ham, tanlangan so‘zlari bilan ham, tuzilishi bilan ham yuqoridagi nutq turlaridan tubdan farqlanadi.
So‘zlovchining har bir nutqni so‘zlash jarayonida o‘zini tutishi, harakatlari, hatto kiyinishi ham farq qiladi. Boshqacha aytganda, farq qilishi kerak. Masalan, Oliy Majlis sessiyasiga to‘n kiyib borish odob sanalmagani kabi, azaga e’tiborni tortadigan yaltiroq kiyimlarni kiyib borish yoki lab va qosh-ko‘zlarni bo‘yab borish ham ma’qul emas.
Demak, har bir monologik nutqiy vaziyat so‘zlovchidan alohida bir munosabatni va mas’uliyatni talab qiladi. Ayni paytda, ularning barchasi uchun, avvalgi mavzularni yori-
-65-
tishda ta’kidlab o‘tilganidek, umumiy bo‘lgan qoidalar ham mavjud. Bu dastlab so‘zlanadigan nutqning qolipi – rejasi bo‘lishi. Qayerda va qanday vaziyatda so‘zlanishidan qat’iy nazar, har bir nutq ma’lum reja asosida bo‘lishi, auditoriya, vaqt hisobga olinish lozim. Boshqacha aytganda, nutq so‘zlashdan ma’lum maqsad bo‘lishi va bu maqsad amalga oshishi zarur. Buning uchun tinglovchilarga ta’sir o‘tkazish, ta’sir o‘tkazish uchun esa tildan foydalanishning ham, o‘zini tutishning ham ta’sirchan vositalaridan foydalanish kerak bo‘ladi.
Adabiy asarda monologning ichki ko‘rinishi xarakterli bo‘lib, badiiyat manfaati nuqtai nazaridan ular alohida vazifa bajaradi. Shuning uchun Said Ahmad: «Yozuvchi faqat qahramonning tilidagini yozmay, uni ichidan ham gapirtira bilishi kerak. Chunki ichidan gapirtirilgandagina, qahramonning ichki olami ochiladi. Qahramonning ichki olamini, ichidagi bo‘lgan ohangni, ichki dardni yozuvchi o‘z tili bilan olib chiqadi» degan edi [2, 618-b.]. Prof.B.Yo‘ldoshev «Badiiy nutq stilistikasi» nomli kitobida o‘zining ana shu qarashlariga amal qilgan yozuvchi asarlari («Turnalar», «Alla», «O‘rik domla», «Ufq»,) misolida ularning obrazni individuallashtirish va xarakter yaratishdagi vazifalari xususida mulohaza yuritib, dialogik va monologik nutq tahliliga keng to‘xtalgan va ularni badiiy nutq uslubidagi bayon usullari sifatida ko‘rsatib bergan [1, 27-62-b.].
Darhaqiqat, yozuvchi qo‘lida ichki monolog qahramon qiyofasini o‘quvchi ko‘z oldida butun borlig‘i va murakkabligi bilan gavdalantirishga xizmat qila oladigan kuchli badiiy vosita bo‘la oladi. «Shaytanat»dagi Asadbek o‘quvchi ko‘z o‘ngida har ishga qodir bo‘lgan qudratli kishi sifatida namoyon bo‘lgan. Ammo u ham hamma qatori inson. Bedavo dard – rak kasaliga yo‘liqqanda uning xayolidan o‘tgan kechinmalarni yozuvchi quyidagicha beradi: To‘yib-to‘yib nafas olishga zor bo‘lib o‘laman. Jonim yo‘tal bilan chiqsa o‘lganimni bilmay ham qolishadi. Birov xabar olguncha sasib yotaveraman. Jag‘imni tang‘ishadi, oyoqlarimni bog‘lashadi. Dod-voy… Kim yig‘laydi? O‘g‘illarim uzoqda. Zaynab dod solar balki… Yana bir-ikki xotin qo‘shilar… Xotinlarning yolg‘ondan bo‘lsa ham yig‘lab turgani yaxshi. Bo‘lmasa bu uydan o‘lik chiqqanini birov bilmaydi. Xotinlarning yig‘isisiz o‘likning ham fayzi bo‘lmasa kerak… Manzura yetib kelsa bu yog‘ini o‘zi eplashtiradi! Yo‘-o‘q… u yig‘lamaydi. Jalilning onasi o‘lgandamidi… ha, o‘shanda yig‘isini -66-
eshitib «Dodlashni ham o‘rniga qo‘yar ekansan, o‘lsam maza qilib eshitib yotaman», deb hazillashganimda «Voy adasi, xotinlar eriga yig‘lamaydi, ayb bo‘ladi», degan. Qiziq… nima uchun ayb bo‘ladi? Manzuraning yig‘lashi shart ham emas. Balki… qutulganiga shukur qilar?.. Menga tekkanidan beri boshi tashvishdan chiqmaydi. Endi yayrayman, deganida bolalarni o‘qishga jo‘natdim. Keyin chet elga yubordim. Ularni sog‘indi. Sog‘indi-yu, «Sog‘inayapman», deb zorlanishga mendan qo‘rqdi. Qiziq… urmasam ham mendan qo‘rqadi-ya… Zaynabning tashvishi uni tamom qildi. Yaxshi hamki keyingi voqyealardan uzoqroqda. Bilsa yuragi yorilib ketardi. Kelinlarini boshlab kelib rohat ko‘raman, deganida men cho‘zilib yotsam… Bir jihatdan u kelguncha jo‘navorganim ham yaxshi. O‘ligimni ko‘rmasa bir-ikki kun yig‘lab, keyin ko‘nikib qoladi… Meni tanish-bilishlarimning o‘zlari joyimga olib borib qo‘ya qolishadi. Janozaga tizilishadi. Domla aql o‘rgatadi. Nima deydi? «Odam oxir-oqibat o‘lmoq uchun bu dunyoga keladi», deydimi? «Pensiyaga chiqqandan keyin namoz o‘qiyman, deb kutmanglar, mana bu birodarimiz ham pensiya yoshiga yetmabdilar. O‘lmasingizdan oldin bir marta bo‘lsa ham peshonangiz joynamozga tegsin», deydimi? Yo «Yog‘och otga minib kelmasingizdan avval o‘z oyog‘ingiz bilan masjidga kelib turing», deydimi? Keyin «Marhumning yaqinlari kim?» deb so‘raydi. Kim chiqadi? Haydarmi? Mahmudmi? Yo‘q, Jalil chiqadi. «Marhum birovdan qarz olgan bo‘lsa, to‘layman» deb so‘z beradi. Tentak. Mening kimdan qarzim bor ekan? Odamlar mendan qarz. Lekin ular qarzlarini keltirib berishmaydi. O‘lganimdan xursand bo‘lishadi. Balki o‘shalar «Tezroq o‘la qolsin» deb duo qilishayotgandir… Men… Jalildan qarzman. Ha… qarzim bor undan. Hovli-joy olib berishim kerak edi. Mahmudga tayinlab qo‘yishim kerak, mendan keyin olib bersin. Keyin… ko‘tarishadi. Tobutning bir chekkasidan ushlash savob ekan. Meni ko‘tarish ham savobmi? Odam yig‘iladi? Yuztami, mingtami? Shundan qanchasi xursand, qanchasi xafa?.. Joyimga yotqizishib, bir kaftdan tuproq tashlashadi. Joyim… joyim qop-qorong‘i lahadmi? Keyin… «Asadbek qanaqa odam edi?» deb so‘rashadi. «Yaxshi odam edi», deyishadi. Ha… Bu gaplari to‘g‘ri bo‘ladi. Dunyodagi eng yaxshi odam – o‘lik odam. Chunki u birovga yomonlik qilmaydi. Asadbek qanchalik mag‘rur inson bo‘lmasin, u ham o‘limga tan berishga majbur. Mana shunday paytda atrofdagilari birma-
-67-
bir uning ko‘z oldidan o‘tadi. Ularning munosabatini Asadbek qanday tushunishini ochishda ichki monologning xizmati va vazifasi ana shundan iborat bo‘ladi .
Xullas, bu har ikkala nutq ham qanday vaziyatda ijro etilishidan qat’iy nazar ular muallifning dunyoqarashi va maslagini, ma’naviyati va madaniyatini o‘zida mujassam qiladi. Insonning saviyasi qanday bo‘lsa, uning muomalasi ham shunday bo‘ladi. Bu har ikkala nutqning o‘ziga xos xususiyatlarini bilib olganimizdan keyin biz ham vaziyatga qarab so‘zlashimiz va har bir nutqiy vaziyatdan o‘z maqsadimizdan kelib chiqib unumli foydalanishimiz, bor imkoniyatimizni tinglovchilarning hurmat-e’tiborini qozonishga qaratishimiz lozim bo‘ladi.