4.3. Korxonada rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish yo‘llari Kadrlar zaxirasi deyilganda o‘z amaliy va shaxsiy sifatlari
bo‘yicha muayyan darajadagi rahbarga qo‘yiladigan talablarga javob
beradigan, saralashdan, maxsus boshqaruv va kasbiy tayyorgarlikdan
o‘tgan hamda rahbarlik faoliyatini amalga oshirishga qodir bo‘lgan
xodimlarning maxsus shakllantirilgan guruhi tushuniladi.
Personal bilan ish olib borishning boshqa ko‘pgina
yo‘nalishlari kabi kadrlar zaxirasi bilan ishlash ham kompleks
xarakterga ega va o‘zaro bog‘liqdir
Ma’lumki, kompaniya va firmalarda kadrlar siyosati yopiq
hamda ochiq bo‘lishi mumkin. Yopiq turdagi kadrlar siyosatida
zaxira manbalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
- bosh va yetakchi mutaxassislar;
- tegishli ma’lumotga ega, amaliy faoliyatda o‘zini ijobiy
jihatdan namoyon qilgan mutaxassislar;
- stajirovkadan o‘tgan yosh mutaxassislar.
Ochiq turdagi kadrlar siyosatida zaxiraga ham korxona
o‘zidagi, ham boshqa kompaniya va firmalardagi, ham davlat, ham
tijorat va xususiy korxonalardagi, jamoat birlashmalari, boshqa
tashkilotlardagi rahbar xodimlar, mutaxassislar kiritilishi mumkin.
Xodimlarni deyarli barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlik lavozimida
o‘stirishga jalb etish zaxirani shakllantirish oshkoraligini ta’minlaydi.