Samarqand davlat chet tillar instituti


Mustamlakachilik idora usuli



Yüklə 2,66 Mb.
səhifə36/139
tarix28.11.2023
ölçüsü2,66 Mb.
#167183
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   139
Majmua 2023 yangi

Mustamlakachilik idora usuli.
Rossiya harbiy vaziri, graf D.Milyutin, podshoh maslahatchisi V.Girs 1867 yilda «Turkiston o’lkasini boshqarish tartibi» haqida qonun loyihasini tuzdilar, u Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlandi va amalda kuchga kirdi O’lkada mutlaq hokimiyat general-gubernator qo’lida to’plandi. General - gubernatorlik Kengashi va to’rt bo’limdan iborat mahkama tuzildi. Birinchi bo’lim ma’muriy va nazorat, ikkinchisi moliyaviy-xo’jalik, uchinchisi soliq va shaharlar mablag’lari ishlarini boshqargan. To’rtinchisi maxsus bo’lim deb atalgan. General-gubernator bir vaqtda podshoh noibi, harbiy okrug qo’shinlari qo’mondoni, bosh mirshab, bosh prokuror bo’lgan. U Buxoro amiri faoliyatini Rossiya imperatori agentligi orqali, Xiva xonini esa Amudaryo bo’limi boshlig’i orqali nazorat qilib turgan.
Turkiston general-gubernatorligi boshqaruvi
General-gubernator Buxoro amirligi Kengashi
General gubernator Xiva xonligi
Turkiston harbiy okrugi
General-gubernator mahkamasi
Turkiston rayon muhofaza bo’limi
Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarga, viloyatlar uyezdlarga, uyezdlar uchastkalarga bo’lingan. Viloyat harbiy-gubertanorligiga general darajasidagi, uyezd boshlig’iga polkovnik darajasidagi, uchastka boshlig’iga kapitan darajasidagi zobitlar tayinlangan. Mazkur ma’muriy tuzulmaning o’zagi uyezd bo’lib, uning boshlig’i general-gubernator tomonidan tasdiqlangan va katta vakolatga ega bo’lgan. Uyezd boshlig’i ma’muriy, polisiya, harbiy hokimiyatlarni o’zida birlashtirgan, odamlarga jarima solish, 7 kungacha hibsda saqlashi mumkin bo’lgan, shu boisdan uni «hokim to’ra» deb ham atashgan. Uchastka boshliqlari ham odamlarga jarima solish, 3 kungacha hibsda saqlab turishi mumkin bo’lgan.
Qishloqlarni boshqarish uchun uchastka boshlig’iga bo’ysunuvchi bo’lis (volost) va ovul ma’muriy boshqaruvi joriy etildi. 1-2 ming xonadon yashovchi hudud bo’lis, 1-2 yuz o’tovli hudud ovul deb ataldi. Mahalliy aholi orasidan bo’lis boshqaruvchisi (oqsoqol yoki mingboshi), qishloq oqsoqollari (yuz boshi, ellik boshi, o’n boshi) hamda ovul oqsoqollari, ularning o’rinbosarlari saylanadigan bo’ldi. Ammo bu mahalliy boshqaruv tizimi Rossiya ma’muriyati qo’lida bo’lgan, nomigagina saylangan mahalliy aholi vakillari ularning qo’lida qo’g’irchoq bo’lganlar.
Mustamlakachilar Toshkent shahrini Turkiston general - gubernatorligining ma’muriy markazi etib tanlashdi. Shaharda 80 mingcha aholi yashardi, uning hududida 270 ta mahalla, 310 ta masjid, 17 ta madrasa, 11 ta hammom, 15 ta do’konli saroy va boshqa inshootlar bo’lgan. Bosqinchilar Toshkentning sharqiy qismidan joy tanlab, tanlangan joydagi mahalliy aholini ko’chirib, Rossiyadan kelganlar yashaydigan uylar, ko’chalar, oromgohlar qurdilar. Shaharning bu qismi Yangi shahar deb ataldi. Shaharni hokim boshqargan.
Rossiya hukumati Turkistonni iqtisodiy jihatdan batamom bo’ysundirish, uning boyliklarini tashib ketish, rus sanoatini xom- ashyo bilan ta’minlovchi o’lkaga va tayyor mahsulotlar sotiladigan bozorga aylantirish siyosatini yuritdi. Bu siyosatni chor Rossiyasi dvoryan-pomeshiklari va burjuaziyasi qo’llab-quvvatladi, ular o’lkani zuluk kabi so’rishga kirishib ketdilar. Rossiya to’qimachilik sanoati uchun keltirilayotgan Amerika paxtasi uchun yiligi 30-40 million so’m boj to’lab kelardi. Shu boisdan Turkistonni paxta xomashyosi yetishtiradigan bazaga aylantirish Rossiya agrar siyosatining bosh maqsadi, deb belgilandi. Xonliklar davrida davlat mulki hisoblangan katta-katta yer maydonlari Rossiya davlati xazinasiga tegishli, deb e’lon qilindi. Vaqf mulklari ham asta-sekin davlat ixtiyoriga olindi. Xususiy mulk hisoblangan yerlar ham davlat mulkiga aylantirildi, ularni ilgarigi egalariga merosiy ravishda foydalanishga berildi va soliq solindi. Ijaraga yer olib, undan amalda foydalanib kelayotgan xonadonlarga o’sha yerlar meros qilib biriktirildi va ularga soliq solindi. Shu tariqa o’lkaning barcha hosildor yerlari Rossiyaning daromad manbaiga aylantirildi. Yer solig’i XIX asr oxirida 4 million so’mni tashkil etgan bo’lsa, 1916 yilda 38 million so’mdan oshib ketdi.
Podshoh ma’muriyati Turkistonning doimiy egasi bo’lish uchun «ko’chirish» siyosatini qo’lladi. Fon Kaufman tashabbusi bilan 1875 yildayoq Avliyoota tumanida Rossiyadan ko’chirib keltirilganlar hisobiga 8 ta rus qishlog’i vujudga keldi. 1886 yilda qabul qilingan «Turkiston o’lkasini boshqarish haqidagi Nizom»ga muvofiq rus dehqonlarini ko’chirib keltirish va joylashtirish kuchayib ketdi. Chor hukumatining «Osiyo Rossiyasida bo’sh yotgan yerlardan» foydalanish borasida yaratgan imkoniyatidan foydalangan kam yerli yoki yersiz rus xonadonlari, kazaklar ma’muriyatning ijozatisiz Turkistonga boyish maqsadida oqib kela boshladi. Shu tariqa, Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand viloyatlarida 1910 yilga kelib 124 ta rus qishlog’i vujudga keldi, ularda 70 mingga yaqin ko’chib kelganlar yashardi. Ko’chib kelganlar mahalliy aholiga qarashli sersuv va hosildor yerlarni ham egallay boshlaydilar, yer-suv masalasida ular o’rtasida norozilik, to’qnashuvlar bo’ldi. Rus ma’murlari ko’chib kelgan kazaklarga tayanish, mahalliy aholi g’alayon ko’targuday bo’lsa, ularning yordamida bostirish maqsadida Turkistonda dehqonchilik qiluvchi rus kazaklarini qurollantirdi. Ular amalda chorizm uchun zaxira qo’shinga aylantirildi.
Mustamlakachilar o’lkada, xususan Farg’ona viloyatida paxta plantasiyalari tashkil etdi, sug’oriladigan ekin maydonlarini kengaytirdi. 1885-1916 yillarda paxta ekiladigan yer maydoni 40 ming tanobdan 550 ming tanobga ko’paydi. Hosildorlikni oshirish maqsadida 1884 yilda tajribaurug’chilik stansiyasi ochildi. Tolasi sifatli urug’lik chigiti yaratildi. Paxtachilikda pishiq tolali va hosildor «Amerika» navini ekish keng tarqaldi, boshqa ekin maydonlari yildan yilga qisqartirib borildi. Qishloq xo’jaligida pilla yetishtirish ko’paytirildi, qand-lavlagi, kartoshka, karam ekinlarini ekish o’zlashtirildi. Vinochilik, asalarichilik paydo bo’ldi. 1867-1896 yillarda Rossiya imperiyasi xazinasiga 150 million so’m sof daromad tushdi.
Podshoh ma’muriyati Turkistonni Rossiyaning bir qismiga aylantirish, uning janubiy chegaralarida harbiy istehkomlar qurish, boyliklarni va yetishtirilayotgan xom-ashyoni tashib ketish maqsadida Temir yo’l qurilishini boshlab yubordi. 1880-1889 yillarda zudlik bilan Krasnovodsk, Asxabad, Marv, Chorjo’y, Kushka, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qo’qon, Andijon shaharlarini bog’lovchi O’rta Osiyo temir yo’li qurildi. 1890-1905 yillarda Toshkent-Orenburg temir yo’li qurilib, Turkiston Rossiyaning markazi bilan bog’landi. 1915 yilda Buxoro-Qarshi va Termiz-Qarshi-Shahrisabz-Kitob temir yo’li qurildi. Temir yo’llar qurilishi munosabati bilan Rossiyadan ko’plab ishchilar, injener-texnik xodimlar ko’chib kelishdi va ular qadimiy Turkiston shaharlariga joylashtirildi, ular joylashtirilgan qism yangi shahar, yerli aholi yashaydigan qism eski shahar deb ataladigan bo’ldi. Yangi shaharlar, jumladan, Skobelev (Hozirgi Farg’ona) shahri vujudga keldi.
Turkiston Rossiyaning markazi bilan temir yo’l orqali bog’langach, rus kapitali (sarmoyalari) o’lkaga oqib kelaboshladi. Turkiston xom ashyo bazasida savdo-sanoat yuritish, zavod-fabrikalar qurishga intiluvchilarga Rus-Osiyo banki, Moskva savdogarlar banki, Rossiya davlat banki pul qarz berib turdi. Natijada bir qator zavodlar, savdo shohobchalari, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar qurildi. Paxta va uni xarid qilish bilan shug’ullanuvchi 30 ta savdo shohobchasi vujudga keldi. 1913 yilda tuzilgan «Beshbosh» degan paxta-yog’ shirkati Turkistonda 29 ta paxta zavodi qurdi, o’lkada yetishtirilgan paxtaning 30 foizini xarid qilardi, 80 ming tonna paxta tolasini tashib ketar, 160 ming tonna chigit tayyorlardi. Katta sarmoyador Vodyayevlar Turkistonda «Vodyayevlar savdo uyi»ni tashkil etib, 30 ta paxta zavodi qurdi. Farg’ona vodiysidagi keng paxta dalalari, temir yo’llar, paxta tozalash zavodlari va Ivanovo to’qimachilik korxonalari Vodyavlar nazoratidagi katta kombinat tarkibiga kiritilgan edi. Ular yiliga Farg’ona vodiysida yetishtirilgan 7-8 million pud paxtani Ivanovoga tashib ketardi.
Mustamlakachilar qanchalik boyib borsa, arzon ishchi kuchi bo’lgan mahalliy aholi shunchalik qashshoqlashib bordi. Dehqonlar og’ir shartlar asosida qarz olardi, qarzini to’layolmay o’ziga tegishli yerini sotib, yersiz qolardi, mardikorlik, chorakorlik qilishga majbur bo’lardi. Ular yoki yer egalari qo’lida yollanib batraklik qilishga yoki yangi ochilayotgan korxonalarga arzimagan ish haqi evaziga ishlashga majbur bo’lardi. Yerni Rossiya banklari yoki puldor mahalliy boylar sotib olardi. Shu tariqa o’lkada 90-100 gektarcha sug’oriladigan yeri bo’lgan boy xo’jaliklari vujudga keldi. XX asr boshlaridagi ma’lumotlarga ko’ra o’lka aholisining 70 foizi kambag’al va qashshoqlar, 17 foizi o’rta hol, 13 foizi o’ziga to’q, boy oilalar hisoblanardi.
Rossiyalik sarmoyadorlar o’lkada paxta tozalash, yog’ va spirt ishlab chiqarish, pivo, tamaki, un, qand, sovun, g’isht, ko’n, mis eritish, jun yuvish,ohak qizdirish zavodlari va oziq-ovqat korxonalari qurib, ulardan mo’may daromad olishni yo’lga qo’ydilar. 1908 yilda o’lkada 378 ta sanoat korxonalari faoliyat yuritgan bo’lsa, 1917 yilda ularning soni Buxoro amirligi va Xiva xonligida qurilgan korxonalarni ham qo’shib hisoblaganda 1200 taga yetgan. O’lkada sanoat tarmoqlarining rivojlanishi aholining tabaqalanishiga ta’sir etib, milliy burjuaziya va ishchilar sinfi shakllana boshladi. 1914 yilgi ma’lumotlarga ko’ra o’lkada 49,5 ming ishchi bo’lib, ulardan 25,5 mingi sanoatda, 24 mingi temir yo’l va unga xizmat qiluvchi ustaxonalarda ishlagan. Turkistonda paxta tozalash zavodlari, do’konlari, tegirmonlar, katta-katta bog’ uzumzorlarga ega bo’lgan mahalliy burjuaziya tabaqasi ham faoliyat yuritdi. Mahalliy aholiga mansub ishchilarga rossiyalik ishchilarga nisbatan 2,5-3,5 baravar kam ish xaqi to’langan. Dehqonmi, mardikormi, ishchimi mahalliy aholi Rossiya mujiklari va ishchilari oldida kamsitilardi.
Turkiston Rossiyaning jahon bozorlarida o’tmaydigan tovarlari sotiladigan bozorga aylantirildi. 1895 yilda Turkistonda Rossiya korxonalarida tayyorlangan 6 million so’mdan ortiqroq summada temir, mis, chinni buyumlar, gazlama, yog’och, choy, oziq-ovqat va boshqa buyumlar sotilgan bo’lsa, 1914 yilda sotilgan buyumlar salmog’i 243 million so’mdan oshib ketdi. Sotilgan maxsulotlarning 40 foizi o’lkadan tashib ketilgan paxtadan Rossiya to’qimachilik korxonalarida to’qilgan gazlamalar tashkil etardi. Rossiya savdo-sanoatchilari Turkistonda sanoat mahsulotlari sotishdan ham, Turkistondan xom- ashyo sotib olishdan ham katta daromad olardilar.
Shunday qilib, Turkiston nafaqat Rossiya davlatining, shuningdek, rossiyalik savdo-sanoatchilar manfaatiga xizmat qiladigan o’lkaga aylantirildi. Rossiya imperiyasi Turkiston xalqini ma’naviy-madaniy jihatdan tutqinlikka solish, o’zining uzoqqa mo’ljallangan manfaatiga bo’ysundirish siyosatini yuritdi. Uning mohiyati, mazmuni mahalliy xalqni uning milliy, tarixiy ildizlaridan uzib tashlash, xalqning ma’naviy, madaniy, tarixiy merosini yo’q qilish, ruslashtirishdan iborat edi. Turkiston general-gubernatorligining Farg’ona viloyati harbiy-gubernatori Skobelev shunday deb yozgan edi: «Millatni yo’q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, san’atini, tilini yo’q qilsang bas, tez orada o’zi tanazzulga uchraydi». Turkistonda ana shunday yovuz qarashlarga mos siyosat va amaliyot yuritildi.
Turkistonning noyob tarixiy, ma’naviy, madaniy boyliklari talon-taroj qilindi. 1870 yilda Toshkentda ochilgan kutubxona va 1876 yilda tashkil etilgan muzeyda o’lkaning ma’naviy-madaniy hayotini aks ettiruvchi oltin, kumush, misdan yasalgan qimmatbaho buyumlar, gilamlar, amaliy san’at namunalari, tarixiy yodgorliklar, arxiv hujjatlari, qo’lyozma kitoblar va boshqa osori-atiqalar to’plandi. Ular ko’rikdan o’tkazilib, qimmatbaho va nodir deb baholanganlari Peterburg va Moskvaga tashib ketildi. San’at darajasida ishlangan Muhammad Rahim taxti, Amir Temur maqbarasining naqshinkor darvozasi, undagi bitiklar, oynalar, oltin koshinlar, Ahmad Yassaviy maqbarasidagi naqshinlar, katta qozon («Nazir-niyoz qozoni»), turli tarixiy buyumlar, noyob kitoblar va boshqalar shular jumlasidandir. Islom diniga e’tiqod, ruhoniylar, masjid va madrasalar oyoq osti qilina bordi. Rossiya ma’murlari musulmon muassasalari, madrasa ishlariga aralashib, ularning faoliyatini tobora cheklab bordi. Maorif va madaniyat sohasida ruslashtirish siyosati yuritildi. Turkistonlik bolalarni ruslar bilan aralashtirib o’qitish va tarbiyalash g’oyasi ilgari surildi va 1884 yilda Toshkentda dastlabki «rus-tuzem maktabi» ochildi. XIX asr oxirida ularning soni yuztadan oshib ketdi. Bunday maktablarda rus va o’zbek muallimlari dars mashg’ulotlarini o’tadigan bo’ldi. Maqsad o’zbek yoshlariga rus tilini o’rgatish va rus turmush tarzini singdirish edi. Chorizm ma’murlari yerli aholi bolalarini «rus-tuzem maktablari»ga jalb qilish, qiziqtirish uchun o’lkadagi mahalliy ma’muriyat boshqaruvida rus tilini bilganlar ishlaydi, degan talabni qo’ydilar. Bu talabdan maqsad «yerlilarda mansabga qiziqib» rus tilini o’rganish, ruslashish manfaatini uyg’otish edi. Rus tilini bilgan mahalliy aholi vakillariga imtiyozlar yaratildi. Shu tariqa, o’lkada ish yuritish asta-sekin rus tiliga o’tkazilabordi.
Chor ma’murlari mahalliy aholiga Rossiyaning ulug’vorligini ko’rsatish, yevropacha turmush tarziga qiziqtirish uchun Rossiyaning markaziy shaharlariga sayohatlar uyushtirdilar. Katta yoshdagilarni, shuningdek, yoshlarni guruh-guruh qilib Peterburg, Moskva va boshqa shaharlarga olib borib oq podshohning qudratini, baland imoratlar, ishlab chiqarish korxonalarini ko’rsatishardi. Mustamlakachilar sayohatchilar o’z yurtiga qaytib borgach, Rossiyaning ulug’vorligi haqida vatandoshlariga so’zlab beradi, Rossiya tarkibida bo’lganidan g’ururlanadi, degan maqsadda edilar. Bu tadbirlar ruslashtirish manfaatlarini ko’zlab uyushtirilardi.
Mustamlakachilarning yerli aholi turmushiga ma’naviy-ruhiy tazyiq o’tkazish dasturida o’lka xotin-qizlarini ruscha hayot tarziga o’rgatish masalasiga alohida o’rin berilgan edi. Shu maqsadda shaharlarda xotin-qizlar ambulatoriyalari tashkil etilib, ularda rus shifokorlari faoliyat ko’rsatdi. Ambulatoriyalarda ayollarga zarur tibbiy maslahatlar, tibbiy yordamlar ko’rsatildi, bu ijobiy hol, albatta. Shu bilan birga ayollarga ruscha turmush tarziga o’tish, ularning farzandlari tarbiyasiga ta’sir etish, pravoslavcha qarashlarning afzalligi, «paranji zulmidan xalos bo’lish, ochilish» zarurligi haqida tashviqot-targ’ibot ham qilinardi. Mustamlakachi ma’murlar ruslashtirish siyosatini yuritsalarda, rus tilini yaxshi o’zlashtirgan ziyolilarga shubha bilan qarardi, ular ustidan nazorat, tazyiq uyushtirardi. Xulosa qilib aytganda, maorif va madaniy hayotda ham chorizmning mustamlakachilik siyosati yaqqol namoyon bo’ldi. O’lkaning madaniy - ma’rifiy hayotini cheklab, o’z manfaatlariga bo’ysunduruvchi yo’l tutdi. Chorizm buyuk davlatchilik g’oyalarini Turkistonga zo’rlik bilan joriy etdi, milliy madaniyat va ma’naviy qadriyatlarni toptadi. To’g’ri, Rossiya imperiyasi Turkistonda kommunikasiya va ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, milliy kadrlarni tayyorlash, ma’rifatchilik va aholini jahon madaniyatidan bahramand qilish kabi ijobiy tadbirlarni ko’rdi. Biroq mustamlakachilik siyosati va amaliyoti o’lkaning iqtisodiy, ma’naviy-madaniy taraqqiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatdi. «Bu salbiy oqibat tashqaridan olib kirilgan sivilizasiya natijalaridan ko’ra bir necha barovar ortiq edi».
Chor Rossiyasining Turkistonda joriy etgan ma’muriy- boshqaruvi tizimi xalqning boshiga solingan siyosiy sirtmoq bo’ldi. Bosqinchilar avvalo, Turkiston boyliklarini talon-taroj qildi, so’ngra o’lkani xom ashyo bazasiga aylantirib iqtisodiyotni o’z manfaatlari yo’lida jilovlab oldi. Og’ir soliqlar, g’ayriqonuniy majburiyatlar aholini tobora qashshoqlashtirib bordi. Mustamlakachilar mahalliy aholining milliy qadriyatlari, urf-odatlarini oyoq osti qilardi, ma’naviy zug’um kuchayib borardi. Rossiya Turkistonni o’z mustamlakasiga aylantirgach, uning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy zulmi kuchayib bordi. Chorizmning mustamlakachilik zulmiga qarshi xalqning noroziligi, nafrati oshib bordi, qo’zg’olon ko’tarishiga sabab bo’ldi. Qo’zg’olonlarning harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar, shahar hunarmand-kosiblari, kambag’allar bo’ldi. Bu harakatlarda vatanparvar ruhoniylar, milliy g’ururini yo’qotmagan boy zamindorlar ham ishtirok etdilar.
1879 yilda 600 ga yaqin g’alayonchi Farg’ona viloyat boshqarmasi binosini qurshab olib, harbiy gubernatordan Marg’ilon tumanidan olinayotgan soliqlarni kamaytirishni talab qiladi. G’alayonchilar avzoidan cho’chigan, vaziyatning jiddiyligini anglagan viloyat harbiy gubernatori bo’lajak katta janjalning oldini olish maqsadida xalqqa yon bosib, ularning talablarini o’rganib chiqishga va’da beradi va g’ayriqonuniy soliq yig’uvchilarni aniqlab, ularni ishdan chetlashtirishga majbur bo’ladi. 1880-1883 yillarda mustamlakachilik zulmiga qarshi qator chiqishlar bo’lib o’tdi. Xo’jand, O’ratepa, Namangan, O’sh va Chustda ko’tarilgan qo’zg’olonlar bunga misol bo’la oladi. Manbalarda 1885-1892 yillarda Farg’ona viloyatida xalqning 205 marta siyosiy chiqishlari, harakatlari ko’tarilgani qayd etilgan.
Farg’onadagi vaziyatdan cho’chigan viloyat harbiy-gubernatori Vrevskiy aholidan ko’z-quloq bo’lib turish uchun Markaziy hukumatga maxfiy siyosiy polisiya xizmatini tashkil etish taklifini ilgari suradi. U Farg’ona viloyatining har bir tumanida maxfiy ayg’oqchilar tarmog’ini vujudga keltirish uchun o’z ixtiyoridagi mablag’dan foydalandi. O’lkaning oliy harbiy-siyosiy doiralari tobora kuchayib borayotgan norozilik to’lqinini pasaytirish uchun ta’sirchan vosita izlay boshladi. Qurolli kuchlar va polisiya xizmatini kuchaytirish tadbirlari uchun bir yilda 5,5 mln. so’m sarflanardi. Holbuki, undan ham muhim hisoblangan temir yo’l uchun bor yo’g’i 190 000 so’m ajratilganini hisobga olsak, chor hukumatining xalq harakatidan naqadar xavotirga tushgani aniq bo’ladi.

Yüklə 2,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   139




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin