II BO‘LIM. IJTIMOIY ISHCHI-ETIK PROFESSIONAL QADRIYATLARINING INSTITUTSIONALLASHUVI 6-bob. OLIY MA’NAVIY QADRIYATLAR. AMALIY ETIKA MASALALARI Reja: 1. Oliy ma’naviy qadriyatlar: hayot mazmuni, ozodlik, baxt 2. Ratsionallik va “mantiqiy egoizm (xudbinlik)” 3. Xayr-ehson, muruvvatpeshalikning axloqiy jihatlari 4. Evtanaziya, o‘lim jazosi: tarafdorlar va qarshilar. Zo‘ravonlik muammosi. Tayanch so‘z va iboralar: qadriyat, ma’naviy qadriyat, hayot mazmuni, ozodlik, baxt, zaruriyat nisbati, tanlash erkinligi va mas’uliyat, ratsionallik, xayr-ehson, muruvvatpeshalik, zo‘ravonlik.
1. Oliy ma’naviy qadriyatlar: hayot mazmuni, ozodlik, baxt Qadriyatlar – narsa va voqealar, jamiyat, moddiy va ma’naviy boyliklarning ahamiyatini ifodalash uchun qo‘llaniladigan tushuncha. Qadriyatlarni G‘arbda “Aksiologiya” fani o‘rganadi. Bu atama ilmiy bilimlar sohasiga o‘tgan asrning ikkinchi yarmida nemis aksiologi E.Gartman va fransuz olimi P.Lapi tomonidan kiritilgan242. Aksiologiyani qadriyatlar to‘g‘risidagi fan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Qadriyatshunoslik” deb atash ham mumkin. Har bir fanga o‘z nomini bergan asosiy tushunchalar bo‘lgani kabi “qadriyat” tushunchasi ham “qadriyatshunoslik” atamasi uchun shunday asos bo‘la oladi. G‘arbda bu atama grekcha “axio” (qadriyat) va “logos” (fan, ta’limot) tushunchalaridan tashkil topgan.
Qadriyatlar axloqiy qoida va me’yorlar, ideallar va maqsadlardagi baholash mezoni va usullarini ham o‘zida aks ettiradi. Ular halollik, poklik, o‘zaro yordam, adolatlilik, haqiqatgo‘ylik, ezgulik, tinchlik, shaxs erkinligi, mehr-muhabbat, meh-natsevarlik, vatanparvarlik kabi fazilatlar, burch, vijdon, or-nomus, ma’suliyat kabi axloqiy tushunchalar shaklida namoyon bo‘ladi. Qadriyat o‘z tabiatiga ko‘ra, ijtimoiy-tarixiy xarakterga ega. Ijtimoiy taraqqiyot jarayonida u o‘zgaradi va tako-millashadi. Shuning uchun qadriyat to‘g‘risidagi ta’limotlar ham takomillashib, rivojlanib boradi.
Qadriyatlarning xilma-xil shakllari bor: moddiy va ma’naviy, milliy, mintaqaviy, umumbashariy, jamiyat hayotining sohalari bo‘yicha iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy; ijtimoiy ong shakllariga mos keladigan axloqiy, diniy, huquqiy, va boshqalar.
Qadriyatlar bilishning maqsadi, ularning haqiqatga mos kelish darajasini aniqlash mezoni tarzida ham namoyon bo‘lishi mumkin.
Inson – jamiyatning eng oliy qadriyati hisoblanadi. Uning mavjudligi, hayoti, yashash tarzi, umrining mazmuni nihoyatda muhim. Inson aql-zakovati, mehnati bilan paydo bo‘lgan odat, udum, ilmiy yoki badiiy asar, kashfiyot yoki buyum vaqt o‘tsa ham o‘zining qadr-qimmati bilan ijtimoiy ahamiyat kasb etib, qadriyatning ajralmas bir qismiga aylanadi. Ular qadrlanadigan narsa yoki obyekt sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qoladi. Masalan, Eyfel minorasi yoki Ulug‘bek davrida ishla-tilgan usturlob (sekstant) bugun bevosita o‘z vazifasini bajarmaydi, ammo tarixiy yodgorlik sifatida o‘z ahamiyati va qadrini saqlab qolaveradi.