Regulyativ funksiya ‒ axloqning asosiy funksiyasi hisoblanadi. Regulyativ funksiya shaxs, xizmat jamoasi, davlat va jamoat institutlari faoliyatini jamiyatda mavjud bo‘lgan axloqiy normalar asosida boshqarib turishni anglatadi. Shu maqsad-da bir qancha vositalarga tayanadi: axloqiy prinsiplar, jamoatchilik fikri, axloqiy avtoritet, an’analar, urf-odatlar va hokazo. Axloq nafaqat alohida shaxs, balki butun jamiyatning ham xulq-atvorini boshqaradi.
Aksiologik funksiyasi (baholash) ‒ har qanday axloqiy xatti-harakat u yoki bu qadriyatlar tizimi orqali baholanadi. “Axloqli-axloqsiz”, “yaxshi-yomon” nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda xatti-harakatlar, munosabatlar, motivlar, qarashlar, shaxsiy sifatlar baholanadi. Axloq inson tomonidan qadriyatlarni o‘zlashtirish, ularni rivojlantirishni ham nazorat qiladi.
Axborot (bilish) funksiyasi ‒ axloqiy bilimlar hosil qilishga qaratilgan bo‘lib, axloqiy prinsiplar, normalar, kodekslar ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar haqidagi axborot manbayi hisoblanadi. Shu bilan birga odatiy va ekstremal vaziyatlarda, konfliktli va tang holatlarda axloqiy tanlov masalasiga e’tibor qaratiladi. Demak, axloq olamni, insonni, uning mohiyatini, hayotining ma’nosini anglashga yordam beradi.
Tarbiyaviy funksiya ‒ har qanday tarbiya tizimi, eng avvalo, axloqiy tarbiya tizimi hisoblanadi. Axloqiy tarbiya axloqiy norma, odat, an’ana, umumiy xulq-atvor namunalarini aniq tashkiliy tizim holiga keltiradi, axloqiy bilimlarni axloqiy ishonch-e’tiqodga aylantiradi, konkret vaziyatlarda axloqiy bilim va ishonch-e’tiqodni qo‘llashda ijodiy yondashuvga o‘rgatadi. Demak, axloq nafaqat norma va qoidalarga rioya qilishni, balki o‘z-o‘zini nazorat qilishga o‘rgatadi.
Shu yerda, axloqning alohida funksiyalarini ajratish shartli xarakterga ega ekanligini qayd qilish lozim. Chunki real hayotda ular bir-biri bilan uyg‘un holda namoyon bo‘ladi. Axloq bir vaqtning o‘zida boshqaradi, tarbiyalaydi, yo‘naltiradi va hokazo.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, axloq ‒ inson va jamiyat o‘rtasidagi obyektiv aloqadorlik tufayli kelib chiqadigan, har bir shaxsning hayoti va faoliyatini bosh-qaradigan, tartibga soladigan prinsip va normalar majmuyidir. Bu majmua ichida ax-loq va huquq munosabatlari muhim o‘rin egallaydi.
Dostları ilə paylaş: |