Vijdon. Axloqshunoslikning nihoyatda ta’sir doirasi keng tushunchalaridan biri vijdondir. Vijdon ‒ Zigmund Froyd ta’biri bilan aytganda, a’lo Men, Men ustidan nazorat o‘rnatib, uni boshqarib turuvchi ikkinchi bir, yuqori darajadagi men. Agar uyat hissi insonning tashqi, jamiyatga bog‘liqligidan kelib chiqsa, vijdon uning ichki o‘z-o‘ziga bog‘liqligini namoyon etadi. Bu ichki bog‘liqlik tashqi bog‘liqlikka nisbatan teran va doimiydir: uyat ma’lum bir vaqt ichida odamning o‘z nojo‘ya harakati tufayli yuzaga kelgan o‘ng‘aysizligi bo‘lsa, vijdon azobi, bu oddiy o‘ng‘aysizlik emas, balki qalbdagi, odamdagi odamiylikka e’tiqodning faryodi, talabi; uni qondirmas ekansiz, hech qachon azob to‘xtamaydi. Uyat bilan vijdonni, shu bois, dengizdagi muz tog‘iga – aysbergga o‘xshatish mumkin: yuzaga uyat tarzida chiqib turgan qismi teranlikdagi qismidan yuz, balki ming barobar kichik.
Vijdon ham axloqshunoslikning boshqa ba’zi asosiy tushunchalari kabi baholash xususiyatiga ega. Lekin bu baholash hech qachon obyektga qaratilmaydi, u subyektning xatti-harakatlarini baholaydi, ya’ni unda subyekt o‘zi uchun ichki obyekt vazifasini o‘taydi. Ba’zan jamiyat talablari bilan vijdon o‘rtasida ixtiloflar chiqishi mumkin. Bunda vijdon emas, jamiyat talablarining o‘tkinchilik xususiyati ma’lum ma’noda eskirganligi aybdordir. Zero, vijdon ko‘zga ko‘rinmas, lekin ulkan va mutlaq aybsiz axloqiy hodisadir.
Ko‘pincha vijdon tushunchasi o‘rnida iymon iborasini uchratish mumkin. Iymon aslida diniy tushuncha. Lekin hayotda vijdon tushunchasining sinonimi tarzida ishlatiladi. Masalan, kimnidir birov “iymonli odam” deganida, uning musulmonlikka imon keltirgan-keltirmagani haqida o‘ylab o‘tirmaydi, buning ustiga, u odam musulmon emas, nasroniy bo‘lishi ham mumkin. Chunki gap bu yerda o‘sha odamning dindorligi haqida emas, balki vijdonli, halol, rostgo‘y ekanligi to‘g‘risida ketyapti. Shu ma’noda vijdon bilan iymonni egizak tushunchalar deyish mumkin.
Afsuski, odatda, ko‘pchilik adabiyotlarda vijdon mezoniy tushunchasiga “subyektiv” hodisa tarzida qarab, adolat, burch, nomus singari tushunchalarni unga qaraganda ijtimoiy ahamiyatliroq deb baholash, ularni “to‘rga chiqarish” hollari tez-tez uchrab turadi. Vaholanki, vijdonsiz odamdan hech qachon adolatni ham, burchga sadoqatni ham, or-nomusni ham kutish mumkin emas. Vijdonli odamlargina haqiqiy erkin, demokratik fuqarolik jamiyatini yarata oladilar. Zero, vijdon, eng avvalo, o‘zgalarga nisbatan burch va mas’uliyatni taqozo etadi.
Nomus. Asosiy tushunchalardan yana biri – nomus. Nomus tushunchasi bir tomondan, burch bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi jihatdan, qadr-qimmat tushunchasiga aloqador. Zero, nomus mohiyatan shaxsning o‘z qadr-qimmatini anglab yetishi, shu qadr-qimmatning jamiyat tomonidan tan olinishi yoki olinmasligiga nisbatan bo‘ladigan munosabati bilan belgilanadi.
Biroq, bu-nomus qadr-qimmat tushunchasi bilan bir xil ma’noga ega, degani emas. Chunki qadr-qimmat shaxsdan o‘zining boshqa odamlarga nisbatan kamsitilmasligini, atrofdagilardan barcha insonning teng huquqliligi tamoyilini o‘ziga nisbatan qo‘llashlarini talab qiladi. Nomus esa o‘z qadr-qimmatini bilishdan tashqari, har bir shaxsning jamiyatda alohida, o‘ziga xos tarzda egallagan mavqeyi va shu mavqeni dog‘ tushirmay saqlash-saqlamasligi bilan bog‘liq. Bu mavqe esa, shubhasiz, o‘sha shaxsning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, kasbi, yoshi va unga nisbatan beriladigan axloqiy daraja bilan muayyanlashadi. Masalan, uyingizda bir kun kelib oddiy ishlarni bajarib ketadigan mardikor bilan nomi ketgan mashhur binokor-ustaning, bosh vazir bilan kotibaning, bobo bilan nabiraning nomusni tushunishi bir xil emas. Shu ma’noda qadr-qimmatni nomus tushunchasining dastlabki bosqichi, ibtidosi deb aytish mumkin.
Gohida nomusni or tushunchasi bilan chalkashtirish hollari ham uchrab turadi. Lekin, aslida, nomusga nisbatan or ancha tor qamrovdagi, nisbatan zalvarsiz tushuncha. Chunonchi, oriyatli odam deganda, o‘z so‘zining ustidan chiqadigan, sadaqa tarzida qilingan muruvvatlardan baland turadigan shaxs tushuniladi. Beor odam ‒ o‘z sha’niga aytilgan gaplarga parvo qilmay, ishini bajarib ketaveradigan, aytilgan-aytilmagan joylarga suqilib kiraveradigan surbetnamo kishi. Nomusning esa toshi og‘ir ‒ u ijtimoiylik xususiyatiga ega, keng qamrovli. Nomus yo‘lida inson hatto o‘z hayotidan kechishi mumkin, odamlar o‘z nomusi, oila nomusi, millat nomusi deb kurashadilar. Bu haqda ko‘plab badiiy asarlar, pand-o‘gitlar yaratilgan.
Mehnat, sport singari sohalarda jamoa nomusi ham alohida ahamiyatga ega; unda nomus obro‘ tushunchasi bilan bog‘lanib ketadi. Bularning hammasi o‘zini hurmat qilish, o‘ziga nisbatan atrofdagilarning hurmat-izzatini yo‘qotmaslik uchun o‘z-o‘zini nazorat qilish hissidan kelib chiqadi.