Samarqand davlat universiteti pedagogika kafedrasi
Maxsus (korreksion) pedagogika Korreksion pedagogika fani bu jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor bolalarning psixofiziologik rivojlanishidagi xususiyatlarini o‘rganadigan, ularning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan fan. Korreksion pedagogika so‘zi lotin tilida korreksiya-tuzatish, degan ma’nolarni anglatadi. Jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bor bolalar anomal bolalar deyiladi (yunoncha odatdan tashqari, noraso degan ma’noni bildiruvchi anomal so‘zidan olingan). Hozirgi kunda chet davlatlarda ushbu bolalar maxsus yordamga muhtoj bolalar deb ham yuritiladi. Korreksion pedagogika fanining mavzui bahsi anomal bolalardir. Korreksion pedagogika fanining vazifasi – anomaliyalarning kelib chiqish sabablari, turlari, anomal bolalarning psixofiziologik rivojlanishidagi xususiyatlarini o‘rganish, ularning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishdir. Korreksion pedagogika fanining maqsadi –differensial va integratsiyalashgan ta’limni tashkil etish, anomal bolalar uchun differensial va integratsiyalashgan ta’limni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘rganish, ulardagi nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish, kompensatsiyalash, iloji boricha korreksiyalash, tuzatish, ko‘zga ko‘rinmaydigan darajagacha kamaytirish yo‘llari, usullarini belgilash va amaliyotga tatbiq etish yo‘l-usullarini tarbiyachi va o‘qituvchilarga ko‘rsatib berishdir. Anomaliyalarning xarakteriga qarab, ba’zilari to‘liq bartaraf etiladi, ba’zilari korreksiyalanadi, ya’ni qisman tuzatiladi, boshqalari esa kompensatsiya etiladi, ya’ni almashtiriladi. Agar bola nutqida qo‘pol kamchilik bo‘lsa, to‘g‘ri tashkil etilgan logopedik choralarni o‘z vaqtida ko‘rish yo‘li bilan ularni to‘liq bartaraf etish mumkin. Boladagi nuqson organik kamchiliklar natijasida paydo bo‘lgan bo‘lsa, (masalan, oligofreniya shunday nuqson jumlasiga kiradi). Uni to‘liq bartaraf etib bo‘lmasa ham, biroq qisman tuzatish mumkin. Korreksion pedagogika amaliyotida yana shunday anomaliyalar uchraydiki, ularni tuzatib ham korreksiyalab ham bo‘lmaydi. Masalan, tug‘ma ko‘rlik va tug‘ma karlik shular jumlasidandir. Bunda ko‘rish analizatorining vazifasi sezgi organlariga, eshitish analizatorining vazifasi esa ko‘rish analizatoriga yuklash, ya’ni kompensatsiyalash o‘rnini bosish mumkin. Ko‘rish qobiliyati zaif bolalar sezgi organlariga tayangan holda barmoqlari bilan brayl shriftidan foydalanadilar. Bunda harf oltita nuqta kombinatsiyasi bilan belgilanadi. Eshitish qobiliyati zaif bolalar esa, imo-ishora ya’ni, daktil nutqdan, barmoqlar harakati bilan anglatiladigan nutqdan foydalanishlari mumkin.
Korreksion pedagogika nisbatan yosh fan. Atoqli psixolog L.V.Zankov, L.S.Vigotskiylar 1935 yildan hamkorlikda ishlay boshladilar. Ular anomal bolalar bilan rivojlantiruvchi ta’limni olib borish kerakligini, korreksiya, kompensatsiya usullari va bularni amalga oshirish yo‘llarini ko‘rsatib berdilar. L.S.Vigotskiy «Korreksion pedagogikaning asosiy muammolari» kitobida anomal bolaga nafaqat «salbiy», balki «ijobiy» tomonlarini o‘rganib, aniqlab shularga tayangan holda va potensial imkoniyatlarini inobatga olib turib, ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etish zarurligiga diqqatni jalb etdi.
O‘zbekistonda Korreksion pedagogika fanining rivojlanishi 1967 yildan boshlab tezlashdi. Chunki shu yili Nizomiy nomidagi TDPI ning Pedagogika va psixologiya fakultetida Oligofrenopedagogika bo‘limi tashkil etildi. 1972 yilda oligofrenopedagogika kafedrasi o‘z faoliyatini boshladi. 1983 yilda surdopedagogika bo‘limi qo‘shildi. 1984 yili esa mustaqil kunduzgi va sirtqi Korreksion pedagogika fakultetlarida oligofrenopedagog, surdopedagog, tiflopedagog, logoped mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash ishlari boshlab yuborildi. Hozirgi kunda oligofrenopedagogika va logopediya, Korreksion pedagogika fanining klinik asoslari va surdopedagogika kafedralari qo‘shilib, Maxsus pedagogika va metodika kafedrasiga aylantirildi, o‘z faoliyatini Pedagogika va Korreksion pedagogika fakultetida amalga oshirmoqda.
Korreksion pedagogika fanining rivojlanishi natijasida undan quyidagi tarmoqlar mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi: surdopedagogika (lotincha, surdus-kar, gung so‘zidan olingan), eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalarning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan fan; tiflopedagogika (yunoncha tiflos – ko‘r, so‘qir so‘zidan olingan), ko‘rishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan fan; oligofrenopedagogika (yunoncha-oligos kam, fren-aql so‘zlaridan olingan) aqliy tomondan zaif bolalarning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘qullanadigan fan; logopediya (yunoncha logos-so‘z, padeo-tarbiyalash so‘zlaridan olingan) – og‘ir nutqiy nuqsonlarni o‘rganish, oldini olish, bartaraf etish yo‘llari, usullarini o‘rganadigan fan.