Pestalotssining ijtimoiy-pedagogik va falsafiy qarashlari. Pestalotssi o‘z xalqini oyoqqa turg‘azishni orzu qildi, u mehnatkashlarni o‘qitish va tarbiyalash yo‘li bilan ularning turmushini o‘zgartirish mumkin, deb o‘yladi. U xalq boshiga tushgan kulfatlarning manbai iqtisodiy sharoit emas, balki ma’rifatning yo‘qligi deb bildi.
Pestalotssi hamma odamlar tarbiya va ilm olish huquqiga ega bo‘lishi lozim, maktablar jamiyatni ijtimoiy jihatdan o‘zgartirishning muhim vositalaridan biri bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, har bir kishining haqiqiy insoniy kuchlari harakatga kelib, mustahkamlangandagina eng muhim ijtimoiy masalalar hal qilinadi. Bunga tarbiya yo‘li bilan ham erishish mumkin.
Pestalotssining fikricha, mehnat odamni tarbiyalash va o‘stirishning eng muhim vositasidir, mehnat odamning jismoniy kuchlarinigina emas, shu bilan birga, aqlini ham o‘stiradi, shuningdek, unda axloq ham tarkib toptiradi. Mehnat bilan shug‘ullanayotgan odam mehnatning jamiyat hayotida juda katta ahamiyati bor degan ishonch tug‘iladi, bunday ishonch esa odamlarni ahil va mustahkam ijtimoiy ittifoq qilib, bir-biriga bog‘lovchi eng muhim kuchdir.
Pestalotssining fikricha, bilish sezgi organlari orqali idrok qilishdan boshlanadi va tasavvurlarni qayta ishlash yo‘li bilan g‘oyalar darajasiga ko‘tariladi, g‘oyalar esa, garchi ravshan bo‘lmasa ham odamning ongida tarkib toptiruvchi kuch tariqasida mavjud, lekin o‘zining namoyon bo‘lishi va jonlanishi uchun sezgilar etkazib beruvchi materialga muhtojdir.
Pestalotssining dunyoqarashi insonparvarlik ruhi bilan, demokratik intilishlar ruhi bilan sug‘orilgan hamda ba’zi bir materialistik da’volarni va dialektik qoidalarni o‘z ichiga olgan edi.
Tarbiyaning maqsadi va mohiyati. Pestalotssining fikricha, tarbiyaning maqsadi odamning barcha tabiiy kuchlarini va qobiliyatlarini o‘stirish, o‘stirganda ham har tomonlama va bir-biriga uyg‘un ravishda o‘stirishdir. Tarbiyaning bolaga ko‘rsatayotgan ta’siri uning tabiatiga uyg‘un bo‘lishi lozim.
Pestalotssi tarbiyaning mohiyati to‘g‘risidagi tasavvurga asoslanib, tarbiyaning yangi metodlarini -insonning kuchini inson tabiati bilan muvofiqlashtirib, o‘stirishga yordam beradigan metodlarni yaratishga intiladi. Bolani tarbiyalashni, deydi u, uning tug‘ilgan kunidanoq boshlash lozim: “Bola tug‘ilgan soat -unga ta’lim berishning birinchi soatidir”. SHu sababli chinakam pedagogika onani to‘g‘ri tarbiyalash metodlari bilan qurollantirishi kerak. Pedagogika san’ati esa shu metodikani har bir ona, jumladan, oddiy dehqon ayol ham egallab oladigan qilib soddalashtirib berishi lozim. Oilada tabiatga muvofiq qilib boshlangan tarbiya maktabda ham davom ettirilishi lozim.
Barcha insoniy kuchlar va imkoniyatlar eng oddiy narsalardan rivojlana boshlaydi va sekin-asta murakkabroq darajaga ko‘tarila beradi. Tarbiya ham ana shu yo‘ldan borishi lozim.
Har bir bolaga xos bo‘lgan tug‘ma kuch va qobiliyatlar ko‘rsatklarini tabiiy tartibga muvofiq odam kamolotining abadiy va o‘zgarmas qonunlariga muvofiq holda muntazamlik bilan mashq qildirib, o‘stirish kerak.