Samarqand davlat universiteti pedagogika kafedrasi


IOGANN GERBART(1776—1841)



Yüklə 3,27 Mb.
səhifə228/283
tarix20.09.2023
ölçüsü3,27 Mb.
#146051
1   ...   224   225   226   227   228   229   230   231   ...   283
Samarqand davlat universiteti pedagogika kafedrasi

IOGANN GERBART(1776—1841)
Iogann Fridrix Gerbart Germaniyada tug‘ildi. Gerbart dastlab lotincha klassik maktabda, so‘ngra esa Ien universitetida o‘qidi.
Gerbart universitetni tamomlagach, shveysariyalik bir aristokrat oilasida tarbiyachi bo‘lib ishladi. 1800 yilda u Pestalotssining Burgdorf institutiga bordi. Lekin u ulug‘ pedagogning demokratik qarashlarini o‘zlashtira olmadi.
1802 yildan boshlab Gerbart Gyottingen va Kenigsberg universitetlarida professor bo‘lib ishladi. Gerbart bu universitetlarda o‘zining pedagoglik faoliyatini kengaytirib yubordi: psixologiya va pedagogikadan leksiyalar o‘qidi, o‘qituvchilar tayyorlash seminariyalariga rahbarlik qildi. U seminariya huzurida tajriba maktabi ochib, o‘zi bu maktabda matematikadan dars berdi.
Gerbart o‘zining “Tarbiya maqsadlaridan kelib chiqqan umumiy pedagogika” (1806), “Psixologiya darsligi” (1816), “Psixologiyani pedagogikaga tatbiq qilish to‘g‘risidagi xatlar” (1831), “Pedagogikaga doir leksiyalar ocherki” (1835) degan kitoblarida pedagogikaga doir g‘oyalarini keng bayon qilib berdi.
Tarbiyaning mohiyati, maqsadi va vazifalari. Gerbart tarbiya maqsadini belgilab olishga katta ahamiyat berdi. U tarbiyaning maqsadi yaxshi fazilatli kishini tarkib toptirishdan iborat, deb hisoblaydi. Gerbart shu maqsadni abadiy va o‘zgarmas deb hisoblab, odamlarni mavjud munosabatlarga moslasha oladigan, o‘rnatilgan huquq tartibini hurmatlaydigan, shu tartibga itoat qiladigan kishilar qilib tarbiyalashni ko‘zda tutdi.
Pedagog o‘zi tarbiyalayotgan bolaning oldiga shunday maqsad qo‘yishi lozimki, bola ham o‘sib katta bo‘lganidan keyin o‘z oldiga shunday maqsadlar qo‘ya bilsin. Mana shu bo‘lajak maqsadlar: 1) ro‘yobga chiqishi mumkin bo‘lgan maqsadlar va 2) zarur maqsadlar deb ikkiga bo‘linishi mumkin.
Odam bir vaqti kelib muayyan ixtisos sohasida o‘z oldiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan maqsadlar ro‘yobga chiqishi mumkin bo‘lgan maqsadlardir.
Zarur maqsadlar deb shunday maqsadlarga aytiladiki, bu maqsadlar odamga o‘z faoliyatining har qanday sohasida kerak bo‘ladi.
Tarbiya ro‘yobga chiqishi mumkin bo‘lgan maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygach, u odamda xilma-xil, har tomonlama idrok qilish qobiliyatini o‘stirishi, qiziqish doirasini kengaytirishi va to‘laroq qilishi lozim, mana shuning o‘zi ichki erkinlik g‘oyasiga, takomillik g‘oyasiga muvofiq bo‘lib tushadi. Zarur maqsadlarga kelganda tarbiya bo‘lajak arbobning axloqini xayrixohlik g‘oyasi, huquq va adolat g‘oyasi asosida tarkib toptirishga yoki Gerbartning so‘zi bilan aytganda, bu arbobda barqaror axloqiy xarakter vujudga keltirishga majburdir. Gerbart tarbiyaning mohiyati bolaning ko‘nglini tasavvurlar bilan boyitishdan iborat deb hisoblab, bolaga fazilatli xulq g‘oyalarini va sabablarini singdirishni va shu asosda unda axloqiy xarakter vujudga keltirishni istaydi.
Gerbart tarbiya jarayonini boshqarish, o‘qitish va axloqiy tarbiya berish, deb uch bo‘lakka bo‘ladi.
Boshqarish o‘z oldiga bolaning kelajagini emas, balki hozirgi vaqtning o‘zida, ya’ni tarbiya jarayonining o‘zida tartib saqlab turishni vazifa qilib qo‘yadi. Gerbart “yovvoyi sho‘xlik” bolalarga xos bir narsa deb hisoblab, boshqarish ana shu “yovvoyi sho‘xlik”ni yo‘qotishi lozim deydi. Boshqarish tashqi tarbiyani saqlab turishi bilan tarbiyalanish uchun shart-sharoit vujudga keltiradi. Lekin boshqarishning o‘zi tarbiyalamaydi, balki tarbiyalashning mutlaqo zarur shartidir, xolos, deydi.
Gerbart boshqarishda xilma-xil jazolar sistemasini batafsil ishlab chiqdi. Jumladan: po‘pisa va nazorat qilish, buyruqlar berish, taqiqlash va tan jazosi kabilar.
Gerbart bu metodlardan aniq, to‘g‘ri va adolatli foydalanilsa bolalar tarbiyasida yaxshi natijalarga erishishi mumkin, bolalarni boshqarish vositalari ichida tan jazosi berish metodi asosiy o‘rinni egallaydi, deb ta’kidlaydi.
Gerbart tarbiya ishida aqliy ta’limga katta ahamiyat berdi. U ta’limni tarbiyaning eng katta va asosiy vositasi deb hisobladi. Gerbart pedagogikaga tarbiyalovchi ta’lim terminini kiritdi. Ta’limsiz tarbiya bo‘lmaydi, deydi u. Gerbart tarbiyalamaydigan ta’limni tan olmaydi. Ammo Gerbart o‘zidan oldin o‘tgan pedagoglarning, jumladan, Pestalotssining tarbiyalovchi ta’lim to‘g‘risidagi qimmatli g‘oyasini takomillashtirdi.
Gerbartning fikricha, ta’lim qiziqishlarning ba’zilari tevarak-atrofdagi voqelikni bilishga, ba’zilari ijtimoiy hayotni bilishga intiladi.
Gerbart turli qiziqishlarni oltita mustaqil turga bo‘ladi. U quyidagi qiziqishlarni birinchi guruh qiziqishlar qatoriga kiritadi: imperik qiziqish -fikr yuritishga yo‘llaydi; estetik -qiziqish bu hodisalarga badiiy baho berishni ta’minlaydi. Quyidagi qiziqishlar ikkinchi, guruh qiziqishlar qatoriga kiradi: yoqtiruvchi qiziqish -bu qiziqish o‘z oila a’zolariga va juda yaqin tanish-bilishlariga qaratilgan qiziqihdir; ijtimoiy qiziqish -odamlarning kengroq doirasini, jamiyatni, o‘z xalqini bilishga qaratilgan qiziqishdir. Gerbartning fikricha, odamzod o‘z tarixining boshlang‘ich davrida bolalarga va o‘spirinlarga xos narsalarga va faoliyat turlariga qiziqqan. SHu sababli deydi u, -o‘quvchilarga qadimiy xalqlar tarixi va adabiyoti doirasidan olingan va tobora murakkablashib boradigan gumanitar bilimlar berish kerak.
Gerbart qadimiy tillarga va matematikaga ham juda yuksak baho berdi, shu bilan birga, u matematikani asosan tafakkurni o‘stirish vositasi deb, “ruh uchun kuchli gimnastika” deb hisoblaydi.
Gerbart maktab tizimi masalasini o‘zining konservativ ijtimoiy qarashlariga muvofiq hal qilishga urindi. U maktablarning quyidagi tiplarini: elementar maktab, shahar maktabi va gimnaziyani taklif qildi. Maktablarning bu tiplari bir-biriga bog‘liq emas, ularning har qaysisi mustaqil yashayveradi: elementar maktab va shahar maktablaridan maxsus maktablargagina o‘tish mumkin, gimnaziyadan esa oliy o‘quv yurtlariga o‘tish mumkin. Klassik gimnaziya ta’limi Gerbart zamonidayoq o‘z umrini tugatib qolgan bo‘lsa ham, lekin Gerbart bu ta’lim tizimini qizg‘in yoqlab chiqdi. Uning fikricha, savdo-sotiq, sanoat, hunar-kasb va hayot uchun amaliy ahamiyati bo‘lgan boshqa xil ishlar bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan kishilargina real maktabda o‘qib tarbiyalanishi kerak. Aqliy mashg‘ulotlar, rahbarlik va boshqaruv ishlari bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan kishilar, ya’ni jamiyatning intizomli tabaqalari esa Gerbartning fikricha, faqat klassik gimnaziyada o‘qib ta’lim olishi lozim.
Gerbart ta’lim bosqichlari nazariyasini ishlab chiqdi, bu nazariya hamma mamlakatlarning pedagoglari orasida keng tarqaldi.
Gerbart ta’limni tasviriy ta’lim, analitik ta’lim, sintetik ta’lim deb uch turga bo‘ldi.
Tasviriy ta’lim cheklangan tarzda qo‘llaniladi, lekin o‘z chegarasi doirasida uning ahamiyati juda katta. U bolaning tajribasini aniqlab olishni va bu tajribani to‘ldirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. O‘qituvchi materialni jonli, obrazli hikoya qilib berish yo‘li bilan o‘quvchilarning bilimlarini kengaytiradi. Bunda ko‘rsatmali vositalar katta rol o‘ynaydi.
Analitik ta’lim “ayni bir vaqtda atrofni o‘rab turgan” narsalarni ayrim narsalarga, bu narsalarni esa tarkibiy qismlarga, bu tarkibiy qismlarni ham belgilarga bo‘lish vazifasini o‘z oldiga qo‘yadi. Bolalar maktabga kelganlarida ularning boshlarida juda ko‘p tasavvurlar bo‘ladi. Vazifa shuki, o‘qituvchi rahbarligida o‘quvchilarning bu fikrlari bo‘laklarga ajratilishi, tuzatilishi va takomillashtirilishi lozim.
Sintetik ta’lim, asosan, yuqori sinflarda qo‘llaniladi. O‘qituvchi yangi materialni bayon qilar ekan, uni tasvirlab berish bilan cheklanib qolmaydi, balki umumiy xulosalar chiqaradi, o‘quvchilarga bo‘lak-bo‘lak holda ma’lum bo‘lgan, ularning ongida bir-biridan alohida-alohida turgan turli tasavvurlarni bir butun holga keltirib, taqrib qiladi. Gerbart sintetik ta’limga katta ahamiyat beradi.
Gerbartning fikricha, tasvir, tahlil va taqrib o‘quv jarayonida birin-ketin kiritiladigan va birining o‘rnini ikkinchisi izchillik bilan almashtirib turadigan, bir-biridan ajratib qo‘yiladigan qandaydir ta’lim metodlar emas. Ta’lim jarayoni ta’limning shu uch usulida birlik bo‘lishini ta’minlashi lozim.
Gerbart axloqiy ta’limning nihoyat darajada intelluktualizm ruhi bilan sug‘orilgan tizimini ishlab chiqdi. Uning pedagogika tizimida o‘qituvchining o‘qitish vositasi bilan o‘quvchi ongiga axloqiy tushunchalarni singdirishga katta ahamiyat beriladi.
SHuni ham hisobga olish kerakki, Gerbart boshqarishni axloqiy tarbiyadan ajratdi, u faqat hozirgi vaqt uchun tartib o‘rnatishi lozim bo‘lgan boshqarishga nisbatan axloqiy tarbiyaning prinsipial farqini topishga urindi, lekin bunga ozroq bo‘lsa-da, ishontirarli dalil topa olmadi, zotan bunday dalil topish mumkin ham emas edi. CHunki intizom tarbiyaning ham sharti, ham natijasidir.
Gerbart axloqiy tarbiya prinsiplari boshqarish prinsialariga qarama-qarshidir. Boshqarish bolaning irodasi va ongini tartibga solib turadi. Axloqiy tarbiya tizimida esa tarbiyalanuvchida mavjud bo‘lgan yaxshi belgilarning hammasi axloqiy tarbiya metodlariga tayanch bo‘lishi lozim. Axloqiy tarbiya “tarbiyalanuvchining yaxshi xislatlarini chuqur ma’qullash vositasi bilan uning “o‘z shaxsini” o‘zining nazarida ulug‘lashga” intilishi lozim. Tarbiyachi hatto yo‘ldan ozgan tarbiyalanuvchining ham yaxshi belgilarini topishi va bunga darhol erisha olmasa, umidsizlikka tushib qolmasligi zarurdir. Axloqiy tarbiya tizimida “bir uchqun shu ondayoq ikkinchi uchqunni chaqnatishi mumkin”.
Gerbart axloqiy tarbiyaning o‘ziga xos vositalari qatorida quyidagilarni ko‘rsatib o‘tadi.
1. Tarbiyalanuvchini tiyib turish (bolani boshqarish, uni itoatkor bo‘lishga o‘rgatish -bu vositaga xizmat qiladi). Bolalar uchun xatti-harakat chegaralarini belgilab qo‘yish kerak.
2. Bolani belgilab olish, ya’ni uni shunday sharoitga qo‘yish kerakki, bu sharoitda u “quloq solmaslik og‘ir kechinmalarga olib kelishini” faqat tarbiyachining ko‘rsatmalaridangina emas, balki shu bilan birga o‘z tajribasidan ham tushunib oladigan bo‘lsin.
3. Xulqning aniq qoidalarini belgilab qo‘yish.
4. Tarbiyalanuvchining ko‘nglida “osoyishtalik va ravshanlik” bo‘lishini ta’minlab turish, ya’ni “tarbiyalanuvchida haqiqatga nisbatan shubha tug‘ilishi” uchun asos bermaslik.
5. Ma’qullash va sazo berib turish yo‘li bilan bolaning ko‘nglini “to‘lqinlantirib” turish.
6. Bolani “xabardor” qilib turish, ya’ni uning nuqsonlarini ko‘rsatib va tuzatib turish.
Axloqiy tarbiyada jazo choralarini ham qo‘llash kerak, lekin intizom o‘rnatish uchun qo‘llaniladigan jazo choralari tarbiyalash maqsadida beriladigan jazo choralaridan farq qilinishi lozim, tarbiyaviy jazo choralari qasos g‘oyasi bilan bog‘lanmasdan, balki tarbiyalanuvchiga xayrixohlik bilan qilinayotgan ogohlantirish choralari bo‘lishi lozim.
Tarbiyalanuvchining ongida har qaysi narsani o‘zimcha mustaqil hal qila beraman, degan fikrning kuchayib ketishiga yo‘l qo‘yish juda xavflidir. Tarbiyalanuvchining har qanday odamlar orasida (ulfatchilikda) bo‘lishiga juda ehtiyotlik bilan qarash kerak, “ijtimoiy turmush oqimi bolani o‘z girdobiga tortmasligi va tarbiyaga qaraganda zo‘rroq bo‘lib ketmasligi lozim”. Gerbart tarbiyachining obro‘sini nihoyatda darajada yuqori ko‘tarishni talab qildi, bu obro‘ tarbiyalanuvchining nazarida “ko‘pchilikning fikridan” hamisha ustun bo‘ladi deb hisobladi, shuning uchun ham “tarbiyachi juda zo‘r obro‘ga ega bo‘lishi, tarbiyalanuvchi bunday obro‘ oldida boshqalarning har qanday fikrini nazar-e’tiborga olmaydigan bo‘lishi g‘oyat zarurdir”.
Gerbart g‘oyalari Germaniyada, Rossiyada, G‘arbiy Evropaning ko‘pgina mamlakatlarida keng tarqaldi. Amerikada ham bu g‘oyaga talab tug‘ildi.
Evropa va AQSH da klassik o‘rta maktablar ko‘p jihatdan Gerbart pedagogikasiga asoslanib qurildi. Gerbartning bolalarni boshqarish tizimi keng yoyildi. Bu tizim bolalar tashabbusini bo‘g‘ishga va ularni kattalarning obro‘yiga hech so‘zsiz bo‘ysundirishga qaratilgan tizim edi.
Gerbart pedagogikani ilmiy fan darajasiga ko‘tarish uchun ko‘p ish qildi. U pedagogikaning o‘ziga xos tushunchalar tizimi borligini ko‘rsatdi.
Gerbartning didaktika masalalarini ishlab chiqqanligi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Uning ko‘p tomonlama qiziqish to‘g‘risida, ta’limning tizimli bo‘lishi to‘g‘risida, qiziqish va diqqatni o‘stirish to‘g‘risida aytgan fikrlari hech shubhasiz qimmatlidir. Gerbartning ta’lim bilan tarbiya o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni belgilab berishga uringanligiga ijobiy baho bersa arziydi.



Yüklə 3,27 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   224   225   226   227   228   229   230   231   ...   283




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin