15-modda. Sug‘urta brokeri Sug‘urta qildiruvchining nomidan va topshirig‘iga binoan sug‘urta shartnomasini tuzishni hamda uning bajarilishini tashkil etishga doir faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxs sug‘urta brokeridir.
Sug‘urta brokerining faoliyati sug‘urta sohasidagi boshqa faoliyat turlari bilan qo‘shib olib borilishi mumkin emas, bundan qayta sug‘urta brokerining faoliyati mustasno.
Sug‘urta brokeri sug‘urtalovchining ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etishga haqli emas.
Sug‘urta brokeri o‘zi va sug‘urta qildiruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatadi.
16-modda. Qayta sug‘urta brokeri O‘z nomidan va qayta sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchi sifatida ishtirok etuvchi sug‘urtalovchining topshirig‘iga binoan qayta sug‘urta shartnomasini tuzishni hamda uning bajarilishini tashkil etishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs qayta sug‘urta brokeridir.
Qayta sug‘urta brokeri sug‘urtalovchining ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etishga haqli emas.
Qayta sug‘urta brokeri o‘zi va sug‘urta qildiruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatadi.
17-modda. Sug‘urta hamda qayta sug‘urta brokerlarining huquq va majburiyatlari Sug‘urta va qayta sug‘urta brokerlari quyidagi huquqlarga ega:
sug‘urtaning (qayta sug‘urtaning) har qanday turi bo‘yicha vositachilik faoliyatini vakolatlari doirasida amalga oshirish;
sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomasi tuzilgan taqdirda, sug‘urtalovchini tanlash;
sug‘urtalovchidan litsenziyaning mavjudligi, ustav fondining, sug‘urta zaxiralarining hamda qabul qilingan majburiyatlarning miqdorlari to‘g‘risida, shuningdek sug‘urtalovchining to‘lovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa ko‘rsatkichlar haqida ma’lumotlar olish;
ekspert va maslahat xizmatlari ko‘rsatish.
Sug‘urta va qayta sug‘urta brokerlari qonunchilikka hamda o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Sug‘urta va qayta sug‘urta brokerlari:
sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomasini tuzish va bajarish bo‘yicha to‘liq, ishonchli hamda xolisona axborotni mijozlarning so‘rovlariga ko‘ra taqdim etishi;
mijozning tijorat sirini va boshqa sirini tashkil etadigan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi;
qonunchilikda belgilangan axborotni vakolatli davlat organining talabiga ko‘ra taqdim etishi;
firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli va (yoki) joylashgan eri o‘zgargan taqdirda, bu haqda vakolatli davlat organini hamda sug‘urtalovchilarni xabardor qilishi;
qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy, statistika, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzishi shart.
Sug‘urta va qayta sug‘urta brokerlarining zimmasida qonunchilikka hamda o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.