Yangi dars bayoni: Sen bu kun sinfda shod yurak bilan Sinov navbatini kutib turasan. A’lo mamlakatning a’lo farzandi, Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi! G‘afur G‘ulom ASSALOMU ALAYKUM, HURMATLI O‘QUVCHI! Bugun o‘ninchi sinf ostonasida turibsiz. Yosh qalbingizda orzular jo‘sh urib, xayolingizda ezgu niyatlar kezib yuribdi. Siz kunlar, oylar va yil o‘tgan sari jamiyat hayotiga aralashib, turli tanish va notanish odamlar bilan suhbatdosh bo‘lishingiz tabiiy. Insonning ko‘ngliga yo‘l topish, hayotdan zavqlanib yashash, sodiq do‘stlar orttirish, so‘zlash odobi, kattaga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lish kabi kundalik turmush hodisalarini ma’lum bir andoza va me’yorga solishingizda, albatta, badiiy adabiyot sizga beminnat yordamchi bo‘ladi. Zero, badiiy adabiyotning ijtimoiy-madaniy hayotda, insonlardagi o‘zaro go‘zal muomala va munosabatlarning shakllanishida tutgan o‘rni nihoyatda katta. U kishilarga, xususan, yoshlarga olam va odamlarga bog‘liq hodisalar mohiyatini anglash, insonga xos tuyg‘ularning rangin qirralarini his etish, insoniy fazilatlar va nuqsonlar mohiyati haqida o‘ylash imkonini beradi. Ushbu darslikka kiritilgan barcha adiblarning ijodini o‘qigan har bir o‘quvchi ulardagi so‘z sehriga, qahramonlarning jur’at va jasor atiga, insoniy mehr va muhabbatni tasvirlashdagi takrorlanmas mahoratiga tan berishlari shubhasiz. ESLAB QOLING. Mahmudxo‘ja Behbudiyning hurlikka, inson haq-huquqini tanishga undaydigan «Haq berilmas, olinur» yoki Abdulla Qodiriyning so‘zlash va yozish odobiga doir «So‘z so‘zlashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak» degan hikmatlari ham inson ma’naviyatining qaysidir jihatini tarbiyalash uchun xiz mat qiladi, albatta. Adabiyotda har bir xalqning ona Vatani, tuprog‘i, o‘ziga xos milliy xarakteri, marosim va urf-odatlari tasvirlanib ulug‘lanadi; barcha uchun birdek ardoqli bo‘lgan umuminsoniy his-tuyg‘ular tarannum etiladi. Ma’naviyat tushunchasini barcha milliy va umuminsoniy qadriyatlarning yuksak yaxlitligi tarzida talqin etish mumkin. Bu xislat odamning olamdagi moddiy va ma’naviy hodisalarga yaxlit munos abati tarzida namoyon bo‘ladi. Har bir insonning o‘z ongi, tasavvuri, tafakkur tarzi, dun-yoqarashi bilan belgilanadigan ichki dunyosi bor. Uning «yaxshi» yoki «yomon» deb nom olishi mana shu ichki dunyoning mazmun va mohiyatiga bog‘liq. Agar u jamiyatning tegishli bosqichdagi talablariga, jamiyat a’zolarining umumiy axloqiy-madaniy qarashlariga uyg‘un bo‘lsa, yaxshi, aksincha holatda esa yomon degan nom olishi mumkin. Har bir inson jamiyat a’zolari bilan birga yashaydi. Demak, u atrofdagilar ta’sirini ham his qilib turadi. Badiiy adabiyot ana shunday ta’sir ko‘rsatishda katta ahamiyat kasb etadi.Badiiy adabiyotning din bilan aloqasi, xususan, tasavvufning badiiy adabiyotga ko‘rsatgan ta’siri tufayli undagi insonparvarlik g‘oyalarining yanada kuchli, jozibali va yorqinroq tarzda namoyon bo‘lganini ta’kidlash joiz.