I.Tashkiliy qism: Salomlashish, davomat aniqlanadi ,sinf tozaligi kuzatiladi, o`quvchilar bugunning Jahonda va O`zbekistondagi siyosiy yangiliklari bilan tanishtiriladi.
II.O`tilgan mavzuni takrorlash: 1. Kichik Оsiyodаgi Sаljuqiylаr dаvlаti qаchоn tаshkil tоpgаn?
2. Turklаrning ijtimоiy tuzumi hаqidа nimаlаrni eslаb qоl dingiz?
3. Yer egaligiga asoslangan Sаljuqiylаr davlati qaysi asrlarda qaror topgan?
4. Turk xalqining shakllanishi haqida nimalarni bilasiz?
III.Yangi mavzu bayoni: Usmonlilar davlatining tashkil topishi. Usmon beyligi Kichik Osiyoning shimoli-g‘arbiy hududida tashkil topgan edi. Uning keyingi taraqqiyotiga Vizantiya bilan qo‘shni bo‘lgani qo‘l keladi. Tobora zaiflashib borayotgan imperiyaga qarshi harbiy harakatlar beylik yerlarining kengayib borishini ta’minlaydi. Keng istilolar Usmonlilar qo‘shiniga boshqa qabilalardan ham jangchilarning kelib qo‘shilishini ta’minlaydi. Sulola asoschisi Usmon (1299—1326) davrida qator yurishlar uyushtirilib, Bursa shahri va uning atroflari bosib olinadi. Uning o‘g‘li O‘rxon Vizantiya shaharlari Nikeya va Nikomediyalarni olib, Qora dengiz sohiliga chiqadi. Dastlab beylikning boshqaruv tuzumi juda sodda bo‘lgan. Xususan, bey unvoni Usmon va O‘rxonga qabila boshliqlari yig‘inida berilgan. Beylarning asosiy vazifasi esa turkiy qabilalar harbiy kuchlarining qo‘shni hududlarni istilo qilishini ta’minlash bo‘lgan. Beylikning kuchayib borishi uning boshqaruviga ham o‘zgarishlar olib keladi. Natijada O‘rxonning boshqaruvi paytida ilk bor vazir lavozimi ta’sis etiladi. Tanga pul zarb qilinib, davlat yerlari ma’muriy birliklarga bo‘linadi. O‘rxon harbiy islohot o‘tkazadi va qo‘shinni piyoda va otliq qism («musallam»)larga bo‘lib, harbiy birliklarga aylantiradi. Bolqon yarimorolidagi istilolar. Usmonlilar istilosiga qadar Bolqon yarimorolida: Vizantiya, Serbiya, Bolgariya, Bosniya kabi yirik davlatlar mavjud edi. Ammo siyosiy tarqoqlik va ichki ziddiyatlar bu davlatlarni turklar istilosiga qarshi birlashuviga imkon bermadi. Bolqondagi dastlabki bosqinlar XIV asr o‘rtalarida bo‘lgan. Turklar uning asosiy qismini keyingi o‘ttiz yil davomida egallaydilar. Turk sultoni Boyazid (1389—1402) bu janglarda o‘zining tezkor g‘alabalari bilan shuhrat qozonib — Yildirim (yashinday tez, shiddatli) nomini oladi. Sultonning Konstantinopolni qamal qilishi Yevropani sarosimaga solib qo‘yadi. Ayni paytda Amir Temurning Boyazidga qarshi Kichik Osiyo yurishi boshlanadi. 1402-yilning yozida Anqara yaqinidagi jangda sohibqiron qo‘shinlari Boyazid lashkarini yengadi. Bu voqea turklar tomonidan Konstantinopolning olinishiga yo‘l qo‘ymay, Vizantiyaning yana 50 yil yashashiga imkon yaratadi. Konstantinopolning qulashi. Usmonlilar sultoni Mexmet II yuz minglik qo‘shini bilan Konstantinopolni qamal qiladi. 1453-yilning mayida Konstantinopol turklar tomonidan olinadi. Vizantiyaning so‘nggi imperatori jangda halok bo‘ladi. Usmonlilar shaharni Istanbul deb nomlab, unga o‘z poytaxtlarini ko‘chiradi. Yevropa va Osiyoni bog‘lab turgan savdo yo‘llari ustidan nazorat Vizantiya poytaxti olinishi bilan turklar qo‘liga o‘tadi. Keng istilochilik yurishlari Usmonlilar imperiyasining tashkil topishi bilan yakunlanadi. Usmonli turklar g‘alabalarining omillari. Usmonli turklar qudrati yaxshi tashkil etilgan otliq va piyoda qo‘shin, lashkarboshilik xususiyatlariga ega sultonlar, hukmdorga sadoqatli yanicharlar piyoda qo‘shinining mavjudligida edi. Usmonlilar otliq qo‘shinni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratganlar. Qo‘shinning har bir suvoriysiga yetarlicha daromad keltiradigan yer-mulk — tumori berilgan. Bu yerlar faqat turklarga va harbiy larga xizmatda bo‘lgan paytida taqdim etilgan. Natijada otliq qo‘shin soni 150 ming suvoriygacha yetgan. Sulton Yevropadagi eng yaxshi piyoda qo‘shinga ham ega edi. XIV asrning o‘rtalaridan asirga olingan sog‘lom va baquvvat xristian bolalaridan sultonning shaxsiy gvardiyasi jangchilari tashkil etilgan. Yillar o‘tib bolalar o‘z tilini va dinini unutib, sultonning sodiq yanicharlariga aylangan. Usmonli turklar sultoni jangga hamisha o‘zining sodiq yanicharlari bilan kirgan. Oilasi, boyligi, mol-mulki bo‘lmagan yanicharlar sulton uchun jonini ham ayamagan. Ular janglardagi g‘alabalarga katta hissa qo‘shganlar. Turk qo‘shiniga shuhrat keltirgan lashkarboshi va jangchilarning ko‘pchiligi yanicharlar orasidan chiqqan.