Shunday qilib, ishlab chiqarishning ikki asosiy tarmog‘i, ya’ni qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarishini joylashtirish bo‘yicha ilmiy g‘oyalar yaratildi. Endi navbat- aholi joylashuvi, aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarining hududiy tashkil etish muammolariga keldi. Bu haqdagi ishlanmalar ham nemis olimi Valter Kristallerga tegishli. U 1930-yillarda aholining hududiy tarqalishi va joylanishi masalalarini o‘rganib, o‘zining «Janubiy Germaniya markaziy o‘rinlari» nomli kitobini yozdi. Markaziy o‘rinlar turli yiriklikdagi shahar va boshqa aholi manzilgohlari bo‘lib, ular o‘ziga xos ta’sir doirasi, xizmat ko‘rsatish radiusiga ega. Ideal holatda har xil miqyosdagi markaziy o‘rinlar geografik muhitda oltiburchak shaklga ega va ular asalarining uyasini eslatadi. Kristaller uchun ham hudud barcha sharoitlar bo‘yicha bir xil bo‘lishi, ya’ni hudud tep-tekis, aholi, aholi manzilgohlari, yo‘l va boshqalar bir xil joylashgan.
A.Lyosh Kristaller
Boshqa, yosh va iste’dodli nemis olimi Avgust Lyosh o‘zidan oldingi vatandoshlarining ilmiy ishlanmalarini umumlashtirib (u A.Veberning o‘quvchisi edi), barcha xo‘jalik tarmoqlarini joylashtirish to‘g‘risida ish olib bordi. A.Lyosh g‘oyalarining mohiyati uning maxsus kitobida (ruscha nomi «Geograficheskoe razmehenie xozyaystva»-M. 1959) bayon etilgan. Kitobning asl nusxasi. qo‘lyozmasi 1940 yilda nashr qilingan. A.Lyosh qishloq xo‘jaligining areal, maydon sifatida, sanoatning esa nuqtasimon hududiy tashkil etish xususiyatlarini asoslab berdi. U birinchi bo‘lib «bozor muhiti yoki makoni», «iqtisodiy landshaft» (hozirgi kunda –iqtisodiy rayon) tushunchalarini yaratdi va fanga kiritdi. Agar avvalgilar, xususan I.Tyunen va A.Veber alohida korxonani, tarmoqni o‘rgangan bo‘lishsa, A.Lyosh ishlari barcha xo‘jalik sohalarini qamrab oldi va o‘z mohiyatiga ko‘ra mikroiqtisodiy bozor munosabatlari, uning ta’sir doirasi xaqiqiy rayon tashkil qiluvchi omil ekanligi ta’kidlandi, matematik usullarni keng qo‘lladi. Aynan ana shu tamoyillarni hozirgi kunda O‘zbekistonni iqtisodiy rayonlashtirish masalalariga tatbiq qilish ahamiyatdan holi bo‘lmasa kerak.