Raqs sanʼat turi boʻlib, musiqaga monand ritmik tana harakatlarida namoyon boʻladi.[1] Raqs turli madaniyatlarda mavjud va hissiyotlar, ijtimoiy aloqalarni bildirish shakli sifatida yoki koʻngilxushlik uchun ijro etiladi.
Raqs faqat odamlar tomonidangina emas, balki boshqa hayvonlar (masalan, asalarilar, qushlar) tomonidan ham bajariladi. Jonsiz jismlar ham raqsga tushishi mumkin — metaforik: "barglar shamolda raqs tushishmoqda" yoki haqiqatan: robotlar raqsi. Gimnastika, sinxron suzish va baʼzi jang sanʼatlarini ham raqsga qiyoslash mumkin.
Raqs musiqa bilan uzviy bogʻliq, musiqa mazmunini obrazlar vositasida ochib beradi. Xalq raqslarida ritm muhim boʻlib, u musiqada oʻz ifodasini topadi, oyoq, koʻl, bosh va tana harakatlari umumiy ritmga boʻysunadi, bir-biri bilan boglanadiGʻarbiy Yevropa xalqlari raqsida, asosan oyoq harakatlari muhim boʻlib, qoʻl va tana harakatlari unga joʻr boʻladi. Sharqda esa qoʻl va tana harakatlari plastik ifodaviylikning asosiy vositalaridir. Sahnaviy raqs xalq ijodiga tayanadi, uning merosi va oʻziga xos fazilatlarini saqlaydi va rivojlantiradi. U dastlab Yunoniston, Hindiston va boshqa mamlakatlarda paydo boʻlgan. Xalq raqslari asosida tarkib topgan professional raqslar yuksak darajada rivojlanib, turli raqs tizimlari (xususan, Yevropa va sharq mumtoz raqslari) qaror topgan.