Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning shakllari va uslublari.
Bozor munosabatlariga o`tish davrida ijtimoiy tabaqalanish jarayonining yengilroq o`tishini ta`minlash, qolaversa, iqtisodiy barqarorlikni saqlash maqsadida tadbirkorlik faoliyati davlat tomonidan tartibga solib turiladi. Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish bir necha yo`nalishda olib boriladi. Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish shundan iboratki, bunday faoliyatni olib borish jarayonida tadbirkorlarning shaxsiy manfaatlari va jamiyatning ommaviy manfaatlari o`zaro to`qnashadi. Bu manfaatlar o`zaro mutanosib bo`lishi va bir-biri bilan qarama-qarshi kelmasliklari uchun turli yo`llar va uslublar yordamida ushbu manfaatlar uyg`unlashuviga erishiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning barcha turlari aktning huquqiy shakliga ega bo`ladi. Tartibga solish bo`yicha hokimiyat yoki boshqaruv organining harakatlari aktning turli nomdagi huquqiy shaklida (reja-akt, dastur, ruxsatnoma, kvota, litsenziya, farmoyish) ma`lum maqsad (vazifa)ni amalga oshirishga qaratiladi. Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi bunday aktlar (qanday nomlanishidan qat`i-nazar) davlat xohish-irodasini ifoda etganligi sababli faqat yozma shaklda bo`lishi mumkin. Davlat tomonidan tartibga solish aktning huquqiy shakllaridan boshqacha tarzda (shaklda) amalga oshirilmaydi.
Reja-akt (dastur) – bu subyektlar o`zida ko`rsatilgan normativ yoki konkret (aniq) tusdagi topshiriq bo`lib, unga ko`ra subyektlar zimmalariga yuklangan talablarga rioya qilishlari yoki ushbu talablarni belgilangan muddatda bajarishlari lozim va buning uchun moddiy-moliyaviy ta`minot talab qilish huquqiga egadir.
Masalan, tadbirkor davlat buyurtmachisi sifatida davlat ehtiyoji uchun zarur bo`lgan tovarni dasturda belgilangan tartib va muddatda yetkazib berishga majbur va ayni paytda buning uchun ajratilgan moliya mablag`larini talab qilib olishga haqli.
Reja-aktlar (dasturlar) turli vazifani bajarish uchun mo`ljallanadi va turli darajadagi hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan qabul qilinadi. Masalan, dasturlar respublika, ma`lum bir viloyat yoki tuman miqyosida qabul qilinishi mumkin.
Dasturlar asosida tadbirkorlik faoliyatining ularda ko`rsatilgan subyektlari o`zlarining rejalarini tuzadilar va amalga oshiradilar.
Reja-akt (dasturlar) davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish, umummilliy muammolar, ijtimoiy-iqtisodiy, mudofaa, ilmiy-texnikaviy, tabiatni muhofaza qilish borasida va boshqa aniq maqsadga yo`naltirilgan vazifalarni hal qilishga qaratiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish akti – bu vakolatli davlat organining belgilangan shaklga keltirilgan ko`rsatmasi bo`lib, u tadbirkorlik faoliyati subyektlari yoki aniq bir subyekt uchun mo`ljallanadi va yo`naltiriladi. U belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini yuritish yoki uni belgilangan holatga keltirish to`g`risidagi talabni qo`yadi. Agar bunday akt bir qancha (noaniq) tadbirkorlar doirasi uchun yo`naltirilgan bo`lsa, demak normativ tartibga solish hisoblanadi. Aksincha, davlat organining aniq bir tadbirkorlar uchun qabul qilgan ko`rsatmasi (akti) bo`lsa, unda bunday tartibga solish konkret (aniq) tartibga solish haqida so`z yuritiladi.
Normativ tartibga solish aktlari qatoriga, masalan, erkin tasarruf qilish taqiqlangan mahsulotlar ro`yxatini yoki maxsus ruxsatnoma (litsenziya)lar asosidagina shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat turlarining ro`yxatini kiritish mumkin. Tartibga solishning bu turi o`zining tezkor ta`sir etish tabiati bilan ajralib turadi. Bular qonunosti tusga ega bo`lib, odatda aniq vazifalarni zudlik bilan hal etish uchun qabul qilinadi.
Konkret (aniq) tartibga solish deganda davlat organi tomonidan tadbirkorlik sohasidagi xo`jalik huquqiy munosabatlarni yuzaga keltirish, o`zgartirish yoki bekor qilish to`g`risidagi aktni qabul qilish tushuniladi. Demak, aniq tartibga solish akti har vaqt yuridik fakt bo`ladi.
Bu turdagi aktlar turli maqsadni hal qilish uchun mo`ljallanishi va ayni paytda har turli huquqiy shaklda bo`lishi mumkin. Bunday aktlarni keltirib chiqarishi mumkin bo`lgan huquqiy oqibatlariga ko`ra uch turga, ya`ni: huquq paydo qiluvchi, huquqni o`zgartiruvchi va huquqni bekor qiluvchi turlarga ajratish mumkin.
Huquq paydo qiluvchi aktlar jumlasiga ruxsat etuvchi aktlarnii yoki imtiyozlar, limitlar, kvotalar va taqdim etish huquqlarini, huquqni o`zgartiruvchi aktlar qatoriga esa, tadbirkorlik faoliyatini xududiy yoki tarmoq bo`yicha rivojlantirish uchun dotatsiya, subsidiya, subvensiya, ssuda va shunga o`xshash shakldagi yordamni nazarda tutgan davlat investitsiya dasturlariga muvofiq qabul qilingan davlat moliyaviy yordami to`g`risidagi aktlarni kiritish maqsadga muvofiq keladi.
Huquqni bekor qiluvchi aktlar bo`lib, tadbirkorlarning xo`jalik faoliyatini ta`qiqlovchi aktlar hisoblanadi va ular qatoriga, masalan davlat bosh sanitar vrachining sanitariya qoidalariga muvofiq kelmaydigan xom-ashyodan tayyorlangan va ular bilan aloqada bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab-chiqarishdan olib tashlash haqidagi qarorini kiritish mumkin.
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning huquqiy shakllaridan yana biri – bu davlat nazorati aktidir. Davlat nazorati akti o`z mazmun-mohiyatiga ko`ra tadbirkorlarning xo`jalik yuritish faoliyatini qonunga muvofiq amalga oshirish asosini o`zida ifoda etgan, ularning huquqiy maqomini belgilashga qaratilgan vakolatli davlat organining harakatidan iborat.
Bu aktlar xo`jalik yurituvchi tadbirkorlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish bilan bog`liq munosabatlarni tartibga solish uchun mo`ljallanadi. Tadbirkorlarning xo`jalik yuritish faoliyatini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi «Xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to`g`risida»gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi va asosiy maqsad qonun ustuvorligini ta`minlashga qaratiladi.
Qonunning ustuvorlik tamoyili iqtisodiy soha va tadbirkorlikning boshqaruvi ahamiyatining oshishida o`z aksini topadi. Iqtisodiyot boshqaruvi sohasida qabul qilingan me`yoriy-huquqiy hujjatlarning aksariyati tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishga, uni rivojlantirishga qaratiladi. Shunga qaramay, huquqiy aktlarda direktiv qoidalar to`plami tadbirkorlik faoliyatining turli aspektlariga o`z munosabatini saqlab qoladi. Tadbirkorlarning ro`yxatdan o`tish majburiyati, alohida faoliyat turi bilan shug`ullanish uchun litsenziya olish, mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar)ni majburiy sertifikatsiyalash talab qilinadigan hollarda sertifikatga ega bo`lish va boshqalar shular jumlasidandir. Bu tabiiy hol, albatta. Lekin, shu bilan birga xo`jalik yuritishning bozor sharoitida turli hil vositalar va uslublarni qo`llash yordamida asta-sekin tadbirkorlik faoliyatini bilvosita tartibga solishga o`tiladi. Bunday vositalar va uslublar jumlasiga imtiyozli qarzlar berish, dotatsiya va yordam puli taqdim etish, imtiyozli soliq joriy etish va boshqalar kiradi.
Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishda davlat quyidagi uslublardan foydalanadi:
a) tadbirkorlik faoliyati asoslarini normativ tartibga solish (faoliyat turlari, yo`nalishi, mazmuni va hokazo);
b) tadbirkorlik subyektlari maqomini va ular amalga oshirayotgan faoliyat turlarini tasdiqlash, rasmiy tan olish (ro`yxatga olish, litsenziya berish va hokazo);
v) tadbirkorlarning xo`jalik yuritish faoliyati tartibini aniqlash;
g) tadbirkorlik faoliyatining mohiyati va sifatiga me`yoriy talablar belgilash;
d) tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlashni tashkil qilish;
ye) qonunga rioya qilishni nazorat ostiga olish;
j) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda belgilangan me`yorlardan og`ishmaslikni ta`minlash maqsadida taqiq va sanksiyalar kiritish.
Bu uslublar iqtisodiy vaziyatga moslanuvchan va mohiyatan o`zgaruvchan xususiyatga ega bo`lib, ularni shartli ravishda uch turga ajratish mumkin: nisbatan barqaror (masalan, tadbirkorlarni ro`yxatga olish); birmuncha o`zgaruvchan (masalan, soliqlar, litsenziyalar turlari) va tez o`zgaruvchan. Jamiyat iqtisodiy negizini saqlashga xizmat qiluvchi bank, birja, axborot markazlari, sug`urta kompaniyalari kabi shakllangan bozorga taalluqli tuzilmalar faoliyatini ta`minlash, tadbirkorlarning xo`jalik yuritishdagi tashabbusi va mustaqilligini rag`batlantirish bu uslublarning muhim xususiyati hisoblanadi.
Demak, davlat tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishni qonun aktlarida davlat organlarining ushbu faoliyatni nazorat qilish huquqini mustahkamlash orqali amalga oshiradi.
Dostları ilə paylaş: |