4. Poroshoklarning umumiy texnologiyasi. Poroshoklar tayyorlash - maydalash, elash, aralashtirish, dozalash va qadoqlash kabi
jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Keltirilgan jarayonlar kukun texnologiyasida to‘la bo‘lishi yoki
ba'zi bir jarayonlarning bo‘lish-bo‘lmasligi dori tarkibi, uning qo‘llanilishi va tarkibga kirgan
dori moddalarning xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Kukunlarning maydalilik darajasi,
tayyorlanishi, qadoqlash usullari ham shu xususiyatlariga qarab tanlanadi. Purkash, sepish uchun
ishlatiladigan kukunlar o‘ta maydalangan bo‘lishi kerak. Tish uchun ishlatiladigan (0,1 mm)
kukunlarning ham maydalik darajasi shunga o‘xshash. Tish kukunlari tarkibida yirik
zarrachalarning bo‘lishi tishning emal qavatini zararlashi mumkin. hidlash uchun ishlatiladigan
elaki dorilar zarrachalarining maydaligi o‘rta me'yorda bo‘lgani ma'qul (0,2 mm), chunki bunday
kukunlar nafas yo‘llarining tashqi qavatiga mo‘ljallangan bo‘lib, ularning tomok yo‘llariga
tushish zarurati yo‘k. Ishlatilishi oldidan eritish uchun mo‘ljallab beriladigan elaki dori
tarkiblarini maydalash shart emas. Yaraga sepish uchun va jaroxatlarni davolash maqsadida
ishlatiladigan kukunlar iloji boricha mayda qilib va aseptik sharoitda tayyorlanishi kerak. Agar
issiqlikka chidamli bo‘lsa, ularni sterillab berish zarur. Elaki dorilar tarkibi va qo‘llash usulidan
tashkari bir-biridan agregat holati (kristall, amorf), zichligi, qattiqligi, rangi, hidi va boshqa
xususiyatlari bilan ham farqlanadi. Hayvonot va o‘simliklardan olingan elaki dorilar amorf
kukunlar bo‘lib, minerallardan solishtirma og‘irligining kichikligi bilan farqlanadi. Kukun
holatidagi ba'zi bir moddalar yoruglik ta'sirida, kislorod, karbonat angidrid va havo namligi
ta'sirida o‘zgaradi. Ko‘pchilik kukunlar gigroskopik bo‘lgani sababli havoda namlanadi va
aksincha, tarkibida kristal suv saqlaganlari havo ta'sirida suvini yo‘qotadi, masalan, natriy sulfat,
magniy sulfat. Ba'zi bir kukun holidagi dorivor moddalar (kamfora, mentol, xloralgidrat) oson
uchuvchan hisoblanadi. Kukun holatidagi elaki dori tayyorlashda xususiyati jihatidan
turlimoddalarning aralashtirilishi natijasida tarkibidagi fizik xususiyatlar (gigroskopik xususiyati,
uchuvchanligi, portlash xususiyati) o‘zgarishi mumkin. Elaki dorilar tayyorlashda farmatsevt ana
shu xususiyatlarni hisobga olishi kerak.