Reja:
1. Turizmning shakllanish tarixi. 2. Sayohatchi va turistni ajratib turuvchi asosiy farqlar. 3. Markaziy Osiyo allomalarining turizm bilan bog’liq sayohatlari.
1. Turizmning shakllanish tarixi
Bugungi kunda zamonaviy turizm asoschisi sifatida angliyalik Tomas Kuk tan olingan. U birinchilardan bo’lib sayohat maqsadida ommaviy safar uyushtirishning mohiyati va foydaliligini anglab yetdi hamda 1843-yilda u dastlabki temir yo’l orqali turni muvaffaqiyatli tashkillashtirdi. 1851-yilda u mamlakatning barcha hududlaridan kelgan 165 ming kishini Parijdagi ko’rgazmada ishtirok etishini tashkil qildi. Ko’rgazmaga qilingan sayohat katta foyda keltirganligi sababli, Kuk angliyalik turistlarning 1865-yilda
Parijga Butunjahon ko’rgazmasiga ommaviy ravishda tashrif buyurishining tashkilotchisi bo’ldi. 1856-yildan boshlab, Yevropa bo’ylab turlar odatiy holga aylandi, Kukning turistik agentligi va uning filiallari tuzildi. Turistik kompaniyaning misli ko’rilmagan muvaffaqiyatga erishganligini Kuk turistlarga taklif etgan katalogdan 8 mingdan ortiq mehmonxonalarning o’rin olganligi ham tasdiqlaydi. Tomas Kuk 1872-yilda birinchi bo’lib sanoat asosida jahon bo’ylab sayohat uyushtirishni taklif qilgan. Bugungi kunda «Tomas Kuk» kompaniyasi butun dunyoda 12000 dan ortiq turistik agentliklarga ega bo’lib, yiliga 20 milliondan ortiq turistga xizmat ko’rsatadi.
Salb yurishlari o’rta asrlarning mashhur hodisalari sifatida qayd etiladi. Hozirgi paytda ziyoratchilik diniy turizmning asosini tashkil qilib, o’z faoliyatiga ko’ra, keng miqyosga ega hisoblanadi. Bunga misol tariqasida islom dini vakillarining muqaddas Makka-yu Mukarrama shahriga hajga borishi yoki xristianlarning Quddus shahriga ziyorat qilishlarini keltirib o’tish kifoya.
Turizm sohasi oxirgi 30 yil ichida ayniqsa, jadal sur’atlarda rivojlandi. Bu vaqt oralig’ida xalqaro turistlar soni 3,8 marta, bu sohadan keladigan foyda 25 martaga o’sdi. Hozirgi kunda turizm sohasiga dunyo yalpi mahsulotining 10 foizi, xalqaro sarmoyalarning 7 foizi, ish o’rinlarining har 16-si, dunyo iste’mol xarajatlarining 12 foizi to’g’ri kelmoqda. Bugungi kunda turizm – jahon miqyosidagi iqtisodiyotning juda kuchli tarmog’i bo’lib, bu sohaga juda ko’p sonli xodimlar, asosiy vositalar va yirik kapital mablag’lar jalb qilingan. Turizm yirik biznes, katta pul va global miqyosdagi jiddiy siyosatdan iborat.
Bugungi kunda jamiyatning rivojlanishi bilan sayyoramizning ko’plab aholisi turizm sohasiga jalb qilinmoqda. 1995–1997-yillar mobaynida sayohat qiluvchilar sonining barqaror o’sish tendensiyasi yiliga o’rtacha 4 foizga kuzatilib, 2008-yildan jahondagi moliyaviyiqtisodiy inqiroz sababli bu sohadagi faollikning kamayganligi qayd qilindi. Turizm sohasi ko’pgina mamlakatlarda shiddat bilan rivojlanayotgan industriyaning ijtimoiy-iqtisodiy tarmog’i hisoblanadi. Butunjahon turizm tashkilotining (BTT) baholashiga ko’ra, turizm xizmatlari rivojlangan shaharga tashrif buyurgan 100 nafar turist 20 ming AQSH dollar atrofida mablag’ sarflaydi, ya’ni har bir turist tomonidan bir kunda shaharga 200 AQSH dollari miqdorida foyda kelishi mumkin.
Turizm infratuzilmasi va industriyasi turizmga turdosh bo’lgan bir necha tarmoqlarning ham rivojlanishiga sabab bo’ladi. Bundan tashqari, turizmning rivojlanishi yana bir katta muammo bo’lgan ishsizlikni, ya’ni bandlik muammosini ham hal qilishga yordam beradi. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, mamlakatga tashrif buyurgan har 20 nafar turist, 1 ta bevosita turizm sohasida va 2 ta turizmga bog’liq bo’lgan xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlarida yangi ishchi joylarining ochilishiga yordam beradi. Shu bilan birga, mahalliy mintaqalarning rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir qilib, jumladan, qishloq xo’jalik, mahalliy sanoat va milliy hunarmandchilik mahsulotlarini sotishga yordam beradi.
Turizm ko’pgina mamlakatlar iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismi bo’lib, u mahalliy aholi bandligini, mehmonxonalarni to’ldirish, restoran, tomosha tadbirlari, chet el valyutasining kelib tushishini ta’minlaydi. Turizmning ichki iqtisodiy tabiati turist tashrif buyurgan mamlakatda o’z mablag’ini albatta sarflab ketishini taqozo etadi. Turizm mahalliy turistik resurslar ekspluatatsiyasiga asoslanadi va buning evaziga shu mintaqa yoki mamlakat foyda olishi kerak bo’ladi.
Hozirgi tushunchalarda qabul qilingan turizm XIX asrning oxiriga borib shakllangan bo’lsa-da, faqat XX asrga kelib u jadal sur’atlarda rivojlandi hamda texnika va texnologiyalarning rivojlanishi, jamiyat munosabatlarining yuksalishi natijasida «XX asr fenomeni» nomini oldi.
Hozirgi paytda turizm milliy iqtisodiyotning o’zaro bog’liq bo’lgan, maqsadi insonlarning bo’sh vaqtida dam olishi va sayohat qilishining turli xillariga hamda mavjud bo’lgan turistik resurslardan samarali tarzda foydalanishga, tobora o’sib borayotgan ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan faoliyatni ta’minlovchi korxona va tarmoqlarning majmuini ifodalovchi iqtisodiy kategoriya sifatida ko’rilmoqda.
2. Sayohatchi va turistni ajratib turuvchi asosiy farqlar
Sayohat va turizm (travel and tourism) – bir-biri bilan bog’liq tushuncha bo’lib, ular inson hayot faoliyatining ma’lum bir tarzini ifodalaydi. Bu – dam olish, ko’ngil ochish, sport, atrof-muhitni anglash, savdo, fan, da’volanish va boshqa ko’plab jihatlarni qamrab oladi. Biroq bunda har safar sayohatni boshqa faoliyat turlaridan ajratib turuvchi o’ziga xos harakat – insonning vaqtinchalik boshqa joyga, mamlakatga, qit’aga borishi, uning doimiy yashash joyidan uzoqlashishi nazarda tutiladi.
Sayohatlar ayrim shaxslar tomonidan alohida, yagona maqsad va qiziqishga ega bo’lgan shaxslar tomonidan ekspeditsiyalar, jumladan, ilmiy ekspeditsiyalar tuzilgan holda amalga oshirilib, ular tarkibiga yuzlab va hattoki minglab mutaxassislar, diplomatlar, migrantlar va ko’chib yuruvchilar ham kiradi. Dengiz, havo va boshqa transport vositalari ekipajlari oylab o’z uylarida bo’lmaydilar, shu tariqa ular uchun sayohat turmush tarzi, kunlik ish faoliyati bo’lib hisoblanadi.
Sayohat tushunchasi, odamlarning maqsadlaridan qat’i nazar, zamon va makonda ko’chib yurishni anglatadi hamda sayohatchilarning turmush tarzi bo’lib xizmat qiladi.
Ko’p asrlik tarixdan ma’lumki, insonga savdoni rivojlantirish, yangi yerlarni ochish va o’zlashtirish, resurslar va yangi transport yo’llarini izlab topish maqsadida jahon bo’ylab sayohat qilish xos bo’lgan. Sivilizatsiyamizning rivojlanishiga ajratilgan vaqt unchalik katta bo’lmay, besh ming yilga yaqin davr bilan belgilanadi, biroq bizgacha faqat yaqin o’tmishdagi sayohatlar haqidagi hikoya va tasvirlargina saqlanib qolgan. O’tmishdan bizga yangi qit’a va yerlarni, xalqlar va tabiiy hodisalarni ochgan, o’ziga xos geografik tizimlarni asoslab bergan buyuk sayohatchilarning nomlari ma’lum.
Sayohatlar va turizmning bir-biridan farqlarini ko’rib chiqishda ushbu faoliyatning maqsadlari va moddiy ta’minotiga to’xtalib o’tish joiz. Sayohat va ekspeditsiyalarning asosiy qismi ma’lum bir maqsadlarga (savdo, fan, yangi yerlarni ochish, mahsulot reklamasi va h.k.) xizmat qilib, manfaatdor shaxslar, tashkilotlar, davlat va xususiy jamg’armalar tomonidan moliyalashtiriladi.