Xromatik aberratsiya. Linza moddasining dispersiyasi (sindirish ko‘rsatkichining to‘lqin
uzunligiga bog‘liqligi) hisobiga berilgan linza uchun turli rangli nurlarning turli xil sinishi hisobiga
linzaning bitta fokusi o‘rniga turli xil ranglarga mos keluvchi fokuslar bir-birlariga nisbatan
siljigan bo‘ladi. Binafsha nurlar va qizil nurlar uchun chizilgan F b va F q fokus nuqtalar
ko‘rsatilgan. Buning natijasida dog‘ning tasviri rangli bo‘lib chiqadi. Ranglarning almashinib
kelishi kuzatish ekranining joylashgan o‘rniga bog‘liq. Tasvirning bunday buzilib rangli bo‘lish
nuqsoniga xromatik aberratsiya deb ataladi.
Xromatik aberratsiya ham sferik aberratsiya kabi miqdoriy bo‘ylama xromatik aberratsiya
(F b , F q ) bilan xarakterlanadi. Xromatik aberratsiyani kamaytirib, imkon boricha minimumga
keltirish uchun maxsus tanlab olingan moddalardan yasalgan linzalar kombinatsiyasidan
foydalaniladi. Bunday eng oddiy linzalar sistemasi kronglas (yengil shisha sorti)dan yasalgan
qavariq linza va unga yopishtirilgan flintglas (shishaning og‘ir sorti)dan yasalgan ikki yoqlama
qavariq linzadan iborat bo‘ladi. Bu sistemaga yana sochuvchi linza qo‘shilsa sistemasining fokus
masofasi uzaytirilgan bo‘ladi. Lekin fokus masofani bunday uzaytirish yana to‘lqin uzunligiga
bog‘liq bo‘ladi. Shunday qilib, xromatik aberratsiyani minimumga keltirish mumkin bo‘lsa ham,
uni butunlay yo‘qotib bo‘lmaydi.
Koma. Optik sistemalar sirtining egriligi sferik aberratsiyadan tashqari yana boshqa koma deb ataluvchi nuqsonni ham yuzaga keltiradi. Bu yerda sirtlarning egriligidan boshqa yana
nurlarning optik o‘qdan tashqarida yotgan nuqtaviy buyumlardan kelishi ham rol o‘ynaydi.
Bu holda nuqtaviy buyumdan kelayotgan nurlar tasvir tekisligida simmetrik yoritilmagan
shunday yorug ‘dog ‘hosil qiladilarki, dog‘ning shakli dumli kometani eslatadi. Shuning uchun,
o‘qdan tashqarida yotgan nurlar dastasini hosil qilgan bu aberratsiya «kometa» so‘zidan olingan
bo‘lib koma deb nom olgan. Koma ham jiddiy nuqsonlardan biri bo‘lib, sferik aberratsiyani
yo‘qotishda uni ham minimumga keltirish yo‘llari nazarda tutilgan bo‘lishi kerak. Agar optik
sistemada koma va sferik aberratsiya butunlay yo‘qotilgan bo‘lsa, u holda monoxromatik yorug‘lik
bunday sistemada barcha nuqsonlardan qutilgan ideal tasvir hosil qiladi.