5-MAVZU. OLAMNING UNIVERSAL ALOQALARI VA RIVOJLANISH. FALSAFANING QONUN VA KATEGORIYALARI 77
mavjud bo‘ladi. Demak, har bir konkret narsa va hodisa yakkalik, xususiylik va umumiylikning
birligidan iboratdir.
Yakkalik, xususiylik va umumiylik dialektikasi shundan iboratki, ma’lum sharoitda
yakkalik xususiylikka, xususiylik umumiylikka va aksincha, ular bir-biriga o‘tishi mumkin.
Ob’ektiv olamda har qanday yangilik dastlab yakkalik sifatida paydo bo‘lib, so‘ngra u o‘sib,
rivojlanib xususiylik va umumiylik xarakterini kasb etadi.
Lekin bundan har qanday yakkalik xususiylikka, xususiylik esa umumiylikka o‘taverar
ekan, degan fikr yuritmaslik kerak. Bunday bo‘lishi uchun ular taraqqiyotning asosiy
tendensiyasiga mos kelishi shart. Yakkalik, xususiylik va umumiyliklarning o‘zaro
bog‘lanishlarini dialektik nuqtai nazardan tushunish ob’ektiv voqelikni to‘g‘ri bilish uchun juda
muhimdir. CHunki, insonning borliqni bilishi ham yakkalikdan xususiylikka va undan
umumiylikka borishdan iboratdir. Bu umumiylikni biz narsa va hodisalarni va ularda
ifodalanuvchi yakkaliklar va xususiyliklarni bilish orqali anglab etamiz. Biz, dastavval, sezgi
a’zolarimiz yordamida yakkalikni, yakka narsa va hodisalarni idrok qilamiz. So‘ngra
tafakkurimizda shu hissiy idrokimizda vujudga kelgan mavjud faktlarni analiz va sintez qilib,
ularning muhim tomonlarini nomuhim tomonlaridan, umumiy tomonlarini alohida tomonlaridan
ajratamiz, ularni o‘zaro bir-biri bilan birlashtiramiz, bir-biriga taqqoslaymiz, shular asosida
fikrimizda ularni ifodalovchi tushunchalarni hosil qilamiz. Bu hosil qilgan tushunchalarda narsa
va hodisalarning ham yakka tomonlari, ham ularning muayyan turkumiga xos bo‘lgan xususiy
tomonlari, hamda shu narsa va hodisalarning butun bir sinfiga oid bo‘lgan umumiy tomonlari
ifodalanadi.
b) Mohiyat va hodisa. Mohiyat narsa va hodisalarning ichki, eng muhim o‘zaro bog‘lanishlari, shu
bog‘lanishlarning qonuniy aloqadorliklarini ifodalaydi. Hodisa esa shu narsa va jarayonlarni
tashkil etuvchi tomonlar, xususiyatlar va bog‘lanishlarning namoyon bo‘lish shakli, mohiyatning
ifodalanishidir. Masalan, hamma tirik mavjudotlarning mohiyati ulardagi modda almashish
jarayoni bo‘lmasa, tiriklik jarayoni — hayot ham bo‘lmaydi. Modda almashish jarayoni butun
hayot jarayonining asosiy mohiyatini tashkil etadi. Lekin bu modda almashuv jarayoni har bir
tirik organizmda juda xilma-xil ko‘rinishlarda sodir bo‘ladi. Bu ko‘rinishlar — hodisalar.
Mohiyat va hodisa o‘zaro umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Bu xususiyatlar
quyidagilardan iboratdir:
1. Mohiyat ichki aloqalarni, hodisa esa tashqi aloqalarni ifodalaydi. Masalan, inson
daraxtning shitirlashini, qushlarning sayrashini eshitadi. Bu hodisalarning sababi turlicha
bo‘lsada, ularning mohiyati bittadir, ya’ni havo zarralarining tebranishidir. Biroq inson buni
birdan payqay olmaydi. Dastlab u hodisa sifatida yuz bergan narsani faxmlaydi, so‘ng uning
mohiyatini bila boshlaydi.
Mohiyat narsalarning ichki aloqadorligi bo‘lgani sababli, u chuqur tahlil qilish va izlanish
natijasida, amaliyot jarayonida bilib boriladi. Hodisa esa aksincha, hissiy organlar orqali bevosita
idrok etiladi. U hissiy organlarimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etib, u yoki bu sezgi va
idroklarimizni hosil qiladi.
2. Mohiyat bilan hodisa o‘zaro birlikda bo‘lishi bilan, ular bir-biriga qarama-qarshi ham,
shu sababli ular hech vaqt bir-biriga aynan mos kelmaydi. Ularning qarama-qarshiligi borliqdagi
narsalarning o‘z tabiatidan kelib chiqadi. Mohiyat hodisada yashirin bo‘ladi va uni bevosita
hissiy organlar orqali bilish mumkin emas. Hodisa — narsalarning namoyon bo‘lishi shakli
sifatida mohiyat bilan hech vaqt mos kelmaydi. Agar narsalarning namoyon bo‘lish shakli
bo‘lgan hodisa mohiyat bilan bevosita mos kelganda edi, u holda har qanday fan ortiqcha bir
narsa bo‘lib qolgan bo‘lur edi. Fanning vazifasi borliqning ko‘pdan-ko‘p hodisalari, ularning
tashqi tomonlari va belgilari ostida yashirinib yotgan, ularning asosini tashkil qiladigan
mohiyatlarni izlab topishdan iborat.