13-MAVZU: “ETIKA” FANINING PREDMETI VA JAMIYAT HAYOTIDAGI AHAMIYATI 181
nasihatlarsiz, odobnoma darslarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois axloqshunoslik o‘zining
nazariy va, ayniqsa, amaliy jihatlari bilan pedagogikaning asosi hisoblanadi. Zero, maorif
tizimidagi ta’lim-tarbiya o‘zini har bir qadamda axloqiy tarbiya sifatida namoyon qiladi.
Axloqshunoslik
va
ruhshunoslik.
Qadimdayoq
axloqshunoslikning
ruhshunoslik
(psixologiya) bilan aloqasi alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Zotan, bu ikkala fan kishilar xatti-
harakati, fe’l-atvori va mayl-istaklarini o‘rganadi. Lekin bu o‘rganish ikki xil nuqtai nazardan
olib boriladi: ruhshunoslik u yoki bu xatti-harakat, fe’l-atvor, sababiy asos (motiv)larning ruhiy
tabiati va shakllanish shart-sharoitlarini ochib beradi, axloqshunoslik esa ruhshunoslik tadqiq
etgan hodisalarning axloqiy ahamiyatini tushuntiradi. Ruhshunoslik hissiyotlar sifatida
o‘rganadigan insondagi ko‘pgina ma’naviy hodisalar axloqshunoslik tomonidan falsafiy-axloqiy
tushunchalar tarzida tadqiq etiladi.
Axloqshunoslik va sotsiologiya. Axloqshunoslikning ijtimoiyshunoslik (sotsiologiya) bilan
aloqasi o‘ziga xos. Bu ikkala fan inson faoliyatini boshqarishning ijtimoiy murvatlaridan
bo‘lmish axloqni o‘rganadi. Lekin axloqshunoslikning miqyosi bu borada keng. Ma’lumki,
sotsiologiya insonlarning ommaviy xatti-harakati va ularning qonuniyatlarini faqat muayyan
ijtimoiy tuzum doirasidagina tadqiq etadi. Axloqshunoslik esa, o‘z mohiyatiga ko‘ra, lozim
bo‘lganda, muayyan ijtimoiy tuzum yoki davr doirasidan chiqib, inson axloqining yuksak yutug‘i
sifatida kelgusi davrlar uchun ham tarixiy va axloqiy ahamiyat kasb etgan shaxsiy, istisnoli xatti-
harakatlarni hamda ularning sababiy asoslarini o‘rganadi.
Axloqshunoslik va ekologiya. Keyingi paytlarda axloqshunoslikning ekologiya bilan
aloqasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Tarixan axloqshunoslik ko‘proq insonning o‘zi,
o‘zgalar va jamiyat oldidagi majburiyatlarini tahlil etish bilan shug‘ullangan, uning tabiatga
bo‘lgan munosabati diqqat markazidan chetda qolib kelgan. Lekin keyingi davrlarda, ayniqsa,
XX va XXI asrda tabiatga nisbatan tor manfaatparastlik doirasidagi yondashuvlar oqibatida
paydo bo‘lgan ekologik buhron manzarani o‘zgartirdi. Endilikda global ekologik muammolar
ko‘proq odamlarning ijtimoiy-axloqiy nuqtai nazarlariga bog‘liq ekani ma’lum bo‘lib qoldi.
Shunday qilib, hozirgi kundagi ekologik muammolarni hal etishning ko‘p jihatlari
axloqshunoslik ko‘magiga borib taqalmoqda. XX asrda ekologik axloqshunoslik degan maxsus
soha ham yuzaga keldi. Lekin, bu-axloqshunoslik ekologiyani to‘liq o‘z ichiga oladi, degan so‘z
emas. Chunki axloqshunoslikda axloqiy baholash va boshqarish ob’ekti sifatida tabiatning o‘zi
emas, balki odamning tabiatga bo‘lgan munosabati maydonga chiqadi.
Axloqshunoslik va milliy g‘oyalar falsafasi. Garchand o‘quv fani sifatida milliy g‘oya oliy
va o‘rta maxsus ta’lim tizimida yaqinda joriy etilgan bo‘lsa-da, uning ildizlari qadimiy
ma’naviyat tariximizga borib taqaladi. Zero, har bir milliy mafkura tizimida axloqiy g‘oyalar
albatta o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, ko‘pgina axloqiy g‘oyalar zamirida esa milliy mafkura unsurlari
yotadi. Shu sababli, axloqshunoslik tarixini milliy g‘oya, mafkura tushunchalarisiz va tarixiy
davrlarning axloqiy-falsafiy tadqiqini ularning tahliliy in’ikosisiz tasavvur qilish mumkin emas.
Axloqshunoslik fani jamiyat a’zolari va har bir fuqaroga milliy g‘oyani singdirish vositasi
sifatida ham diqqatga sazovor. Chunki milliy g‘oya ezgulikka muhabbat, milliy qadriyatlarga
hurmat-e’tibor, vatanparvarlik, millatparvarlik, fidoyilik, ziyolilik tamoyillarini siyosiy anglash
ishtirokida talqin etilgan tushunchalar tizimi tarzida taqdim qilsa, axloqshunoslik ularni axloqiy
anglash vositasida ro‘yobga chiqadigan tamoyillar sifatida olib qaraydi. Xullas, axloqshunoslik
bilan milliy g‘oya o‘rtasida, xalqona til bilan aytadigan bo‘lsak, et bilan tirnoq darajasidagi
yaqinlik mavjud.
Jamiyatimizdagi hozirgi yangilanish jarayonida axloqshunoslikning o‘z o‘rni bor. Uning