13-MAVZU: “ETIKA” FANINING PREDMETI VA JAMIYAT HAYOTIDAGI AHAMIYATI 179
SHu erda, axloqning alohida funksiyalarini ajratish shartli xarakterga ega ekanligini qayd
qilish lozim. Chunki real hayotda ular bir-biri bilan uyg‘un holda namoyon bo‘ladi. Axloq bir
vaqtning o‘zida boshqaradi, tarbiyalaydi, yo‘naltiradi va hokazo.
“Etika”ning boshqa ijtimoiy-falsafiy fanlardan farqi shundaki, u aksiologik xususiyatga
ega. Ya’ni, axloqiy bilimlar insoniy munosabatlar va ijtimoiy voqelik hodisalarini baholash
asosida vujudga keladi. Bu baholashning asosiy mezoni kishilarning «nima yaxshi-yu nima
yomonligi» haqidagi tasavvurlari hisoblanadi. Bunday baholash ham jamiyatga, ham alohida
shaxsga xosdir. Shu tariqa axloqiy qadriyatlardan ijtimoiy va individual tizimlar vujudga keladi.
Bu tizimlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, har bir insonda turlicha namoyon bo‘ladi. Shaxs
faoliyatida ijtimoiy qadriyatlar tizimi ustun bo‘lsa, u ijtimoiy hayotda faol ishtirok etadi, uning
dunyoqarashida jamoatchilik tamoyili ustun bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, inson o‘zining shaxsiy
manfaatlarini ustun qo‘yadi, dunyoqarashida individualizm prinsipi ustun bo‘ladi.
Aslida axloqiy ideallar, tamoyillar va normalar kishilarning adolat, insoniylik, ezgulik,
yovuzlik, ijtimoiy farovonlik haqidagi tasavvurlaridan kelib chiqqan. Bu tasavvurlarga mos
keluvchi xatti-harakatlar axloqiy deb, zid keladigan xatti-harakatlar axloqsizlik deb e’lon
qilingan.
Boshqacha qilib aytganda, kishilar fikricha jamiyat va shaxs manfaatlariga mos
keladigan, insonlar uchun foydali bo‘lgan xatti-harakatlar axloqiydir. Albatta, bu tasavvurlar
tarixiy taraqqiyot davomida o‘zgarib borgan, turli sinflar, ijtimoiy guruhlarda turlicha bo‘lgan.
SHuningdek, atoqli faylasuf Erkin Yusupovning: «Umuman, axloq ijtimoiy munosabatlar
zaminida alohida shaxs sifatida mavjud bo‘lgan insonlarning o‘z-o‘zini idora qilish shakllari va
me’yori, o‘zaro muloqot va munosabatlarda ularga xos bo‘lgan ma’naviy kamolot darajasining
namoyon bo‘lishidir»-degan ta’rifi ham diqqatga sazovor.
2
Axloqshunoslik qadimda fizika, metafizika va mantiq bilan birgalikda falsafaning uzviy
(uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) u alohida falsafiy yo‘nalishdagi
fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma’lumki,
falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan
yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni haqiqatga olib borishdir. Shundan kelib
chiqqan holda, falsafaning predmetini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq.
Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini, uning nazariy muammolarini tadqiq etadi va
amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq
falsafasi yoxud ezgulik falsafasi deb ham atash mumkin.
Bugungi kunda falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya’ni axloqshunoslik
axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. Shunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy,
falsafiy-nazariy va mezoniy-me’yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar.
Zero, sof nazariy axloqshunoslikning bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali
erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi,
kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va
falsafiy xulosalar chiqaradi. Ya’ni axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, Sitseron,
Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy , Nasafiy, Spinoza, Kant, Hegel, Shopenhauer,
Foyerbax, Kirkegaard, Nitsshe, Vl. Solovyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq
nazariyasiga doir ta’limotlar bilan birgalikda «Panchatantra», «Qutadg‘u bilik», «Qobusnoma»,
Sa’diyning «Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Montenning
2
Юсупов Э. Инсон камолотининг маънавий асослари. Т., Университет, 1998, 38-б.