Sharq uyg\'onish davrida pedagogik fikrlarning rivojlanishi
Muallimi soniy (Ikkinchi muallim) AbuNasr Forobiy (873-950) ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlangan “Fozil odamlar shahri”, “Ilmlarning kelib chiqishi” asarlarida barkamol shaxsni tarbiyalashda nimalarga e’tibor berish zarurligi, ta’lim bilan tarbiya birligi haqida qimmatli fikrlar bildiradi. Forobiy “Baxt-saodatga erishuv to‘g‘risida” nomli risolasida ta’lim-tarbiya birligi haqida fikr yuritar ekan, unda ta’lim berish oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga borishi lozimligini ko‘rsatadi. Forobiy insonning ma’naviy olamida, uning ikki tomoniga: aqli va axloqini tarbiyalashga asosiy e’tiborni qaratadi. Ta’lim va tarbiya Forobiy fikricha, insonni aqlan va axloqan komil shaxs qilib shakllantirishga qaratilmog‘i kerak. Xuddi shuning uchun ham, ta’lim-tarbiyaning asosiy vazifasi olam va insonlar haqida mustaqil fikrlash madaniyatiga ega bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalab voyaga etkazishdir. SHarq pedagogikasida Forobiy ta’lim va tarbiyaga birinchi marta ta’rif bergan allomadir: «Ta’lim degan so‘z insonga o‘qitish, tushuntirish asosida, nazariy bilim berish, tarbiya berish degani esa insoniy fazilatlarni, ma’lum xunarni eki kasbni egallash uchun zarur bo‘lgan xulq-atvor-normalarini o‘rgatishdir». Maqsadga muvofiq amalga oshirilgan ta’lim-tarbiya insonni ham aqliy, ham axloqiy jihatdan kamolga etkazadi, xususan, inson tabiat va jamiyat qonunqoidalarini to‘g‘ri anglab oladi, umr kechirish jarayonida to‘g‘ri yo‘l tutadi, boshqalar bilan halol, adolatli munosabatda bo‘ladi. Jamiyatda o‘rnatilgan oqilona tartib va qoidalarga rioya etadi.
Forobiy ta’lim va tarbiya ishini boshlashdan oldin tarbiyalanuvchilarning shaxsiy xislatlarini bilish va ta’lim-tarbiya berish jarayonida murabbiyning barkamolligini nazarda tutish zarurligini ko‘rsatadi. CHunonchi, uning fikricha, murabbiy xohish-ixtiyor, iroda, qobiliyat, yaxshilik va yomonlik nima ekanligini yaxshi bilgan odam bo‘lishi zarur. CHunki, inson ruhiga xos bo‘lgan xohishirodani, uning qobiliyatini aniqlamasdan turib, tarbiya ishiga kirishish kutilgan natijani bermaydi, deydi alloma.
Forobiyning ta’lim-tarbiya yo‘llari, usullari, vositalari haqidagi fikrlari ham g‘oyat qimmatlidir. U insonda go‘zal fazilatlar ikki yo‘l bilan: ta’lim va tarbiya yo‘li bilan hosil qilinadi, deb ta’kidlaydi. Allomaning fikricha, ta’lim nazariy va amaliy bilimlarni shakllantirsa, tarbiya esa insoniy fazilat, amaliy kasb-hunar, xulq-odob malakalarini rivojlantirib boradi, ta’lim so‘z o‘rganish bilan, tarbiya esa amaliy ish, tajriba bilan amalga oshirib boriladi. Har ikkalasi birlashsa etuklik namoyon bo‘ladi. SHuningdek, Forobiy ta’limda barcha fanlarning nazariy asoslari o‘rganilsa, tarbiyada ma’naviy-axloqiy qoidalar, dob me’yorlari o‘rganiladi, kasbhunarga oid malakalar hosil qilinadi deb ko‘rsatadi.
Abu Nasr Forobiy «Baxt-saodatga erishuv to‘g‘risida» risolasida ta’limtarbiyani ikki yo‘l bilan amalga oshirishni nazarda tutadi. Bulardan birinchisi — qanoatbaxsh so‘zlar, ilhomlantiruvchi so‘zlar yordamida odat hosil qilinadi, malakalar vujudga keltiriladi va shaxsdagi g‘ayrat-intilish harakatga aylantiriladi. Ikkinchi usul — majbur etish yo‘li. Bu usul gapga ko‘nmaydigan qaysar shaxslarga nisbatan ko‘llaniladi.21 Demak, Forobiy ta’lim-tarbiyada rag‘batlantirish, odatlantirish,majbur etish usullarini ko‘rsatgan. Bu har ikkala usul ham insonni har tomonlama kamolga etkazish maqsadida qo‘llanilgandir. SHaxs kamolotida ta’lim va tarbiya birligini ta’minlashda ustoz va shogird munosabatlari hal qiluvchi omildir. Bu masalaga, ayniqsa, SHarkda juda katta e’tibor berilgan. Musulmon olamida mavjud an’anaga ko‘ra, ustoz shogirdni qabul qilgan birinchi kundan boshlab, uning ma’naviy javobgarligini o‘z bo‘yniga olgan.
Tarbiyalanuvchining ota-onasi o‘z bolasini ustozga: “Eti sizniki, suyagi bizniki” deb topshirgan. Ustoz shogirdga faqat bilim berish bilan cheklanib qolmay, balki u shogirdiga keng ma’nodagi tarbiyani ham beradi. Ustoz shogirdning ham axloqiy, ham kasbiy qiyofasini shakllantiradi. “Ustoz otangdan ulug‘”, degan maqolning hikmati shunda. Qadimda shogirdlar ustozni benihoya hurmat qilganlar. SHu munosabat bilan Forobiy o‘qituvchining ijtimoiy hayotda o‘rni va uning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida ibratli g‘oyalarni ilgari surgan. Uning fikricha, o‘qituvchi o‘quvchiga bilim beraman desa, o‘quvchi oldida haqiqatgo‘y bo‘lishni, yolg‘onni va yolg‘on aytganni yomon ko‘rishi, o‘zi fahm-farosatli bo‘lishi va ornomusini qadrlashi, shogirdlariga nisbatan adolatli bo‘lishi, ko‘zlangan maqsadga erishishda qat’iylik ko‘rsata bilishi va o‘rnak bo‘lmog‘i lozim.
Forobiy “Falsafani o‘rganishdan oldin nimani bilish kerakligi haqida” risolasida muallim shogirdiga nisbatan o‘ta hokimlikka ham, o‘ta bo‘shanglikka ham yo‘l qo‘ymasligi kerak, chunki o‘ta hokimlik shogirdda “muallimga nisbatan nafrat uyg‘otsa, o‘ta bo‘shanglik esa shogirdning muallimga va uning o‘qitayotgan faniga nisbatan mensimaslik xislatini paydo qiladi”, deb ta’kidlaydi. Bu fikrlari bilan u ustozlik ta’lim va tarbiyada nihoyatda katta ahamiyatga ega ekanligini yana bir karra uqtiradi. SHunday qilib, mutafakkir ta’lim va tarbiyaning asosiy vazifasi adolatli jamiyat talablariga javob bera oladigan va shu jamiyat, elyurt uchun xizmat qiladigan etuk insonni tarbiyalashdan iborat deb bilgan. Forobiy pedagogik ta’limotining asosida axloqiy go‘zal, mustaqil fikrlovchi, barkamol insonni shakllantirish masalasi yotadi.
Insonning kamolga etishida ham aqliy, ham axloqiy tarbiyaning o‘zaro aloqasi muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda Forobiy orzu qilgan ta’lim va tarbiya birligi hozirgi davrimizda ham yoshlarni tarbiyalashda katta ahamiyatga egadir.
Forobiy tomonidan asoslangan pedagogik ta’minot o‘zida quyidagi asosiy g‘oyalarni ifodalaydi:
ma’naviy tarbiyani tashkil etish va shaxsda aqliy sifatlarni tarbiyalash uning kamolotga erishishini kafolatlaydi;
odob tarbiyalanuvchi qiyofasida namoyon bo‘luvchi axloqiy xislatlarning eng asosiysi bo‘lib, insonda olijanob sifatlarni tarbiyalashda asos bo‘lib xizmat qiladi. SHaxsda odob ko‘nikmalarini shakllantirishda ularga inson xulqi va odobini muhim ma’naviy – axloqiy sifatlar ekanligini hayotiy misollar yordamida yoritib berish muhim ahamiyatga ega;
tarbiyalanuvchida irodaning hosil bo‘lishi atrof-muhit hamda tarbiyaviy faoliyat mazmuniga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Abu Nasr Forobiy ta’lim-tarbiya samaradorligini yuqori baholagan pedagogik, didaktik tamoyillar, ta’lim – tarbiya shakllari va usullari quyidagilar:
ta’limning ilmiyligi va amaliy ahamiyatga eagligi;
tizimliligi, mantiqiyligi va ketma-ketligi;
hayot bilan bog‘liqligi;
tushunarli bo‘lishi;
kuzatish va tajribalar;
dialektik, isbotli, tortishuvli, ritorik va she’riy mulohaza yuritish
SHunday qilib, Forobiyning ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi teran fikrlari, ibratli mulohazalari hozirgi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas.
SHarqning ulkan qomusiy olimi, jahon ilmi va pedagogik fikrlarining eng mashhur namoyondalaridan