Umumiy boshlang‘ich qobiliyatlar – bu qobiliyatlar turli darajadagi ifodalanishda bo‘lsada, barcha odamlarga xos. Ularga psixik aks ettirishning asosiy shakllari: sezish, idrok qilish, esda olib qolish, qayg‘urish, fikrlash, xayol surish, qaror qabul qilish va amalga oshirish kiradi. Bu qobiliyatlarning boshlang‘ich ifodalari mos bo‘lgan sensor, mnemik, tafakkur, irodaviy samaralar bilan bajariladigan psixik harakat. Mashqlar natijasida u muvofiq ko‘nikmaga aylanishi mumkin.
Maxsusboshlang‘ich qobiliyatlar – bu qobiliyatlar barcha odamlarga xos bo‘lmay, ular psixik jarayonlarning qandaydir sifat tomonlarining ma’lum ifodalanishini taqazo etadi. Ko‘z bilan chamalash – bu ko‘rish orqali idrok qilinadigan ob’ektlarning kattaliklarini, ular o‘rtasidagi va ulargacha bo‘lgan masofalarning turli aniqlikda idrok qilish, baholash va taqqoslash qobiliyati, ya’ni, ko‘rish orqali idrok qilishning ma’lum sifati. Musiqaviy eshitish qobiliyati– bu musiqali tovushlarni farqlash va ularni aniq joriy etish qobiliyatida namoyon bo‘ladigan eshitish orqali idrok qilishning ma’lum sifati sanaladi. Musiqali eshitish qobiliyati – bu musiqali qobiliyatlarning tarkibiy qismlaridan biri. Maxsus odatdagi qobiliyatlar ta’lim jarayonida iste’dod nishonalari asosida rivojlanadi.
Umumiy murakkab qobiliyatlar – bu umuminsoniy faoliyat turlari: mehnat, ta’lim, o‘yin, bir-biri bilan muloqotga bo‘lgan qobiliyatlar. Ular u yoki bu darajada barcha odamlarga xos. Bu guruhga mansub qobiliyatlarning har biri shaxs xossalarining murakkab tarkibini tashkil etadi.[1]
Maxsus murakkab qobiliyatlar turli darajada emas, umuman barcha odamlarga xos bo‘lmagan qobiliyatlar. Ular inson madaniyati tarixi jarayonida yuzaga keladigan ma’lum kasbiy faoliyatga bo‘lgan qobiliyatlar hisoblanadi. Ular, odatda, kasbiy qobiliyatlar deb ataladi.
«Umumiy psixologiya» (Sankt-Peterburg, 2002) darsligining muallifi A.G. Maklakov qobiliyatlarni tabiiy yoki odatdagi qobiliyatlar, va ijtimoiy-tarixiy kelib chiqqan maxsus qobiliyatlarga ajratadi.