Shaxsdagi sog`lom etiqot va mavkuraviy tasavvurlasrning shakllanishi Shaxs ijtimoiy ta’sirlar mahsuli sifatida


Shaxs ijtimoiylashuvining asosiy mezonlari



Yüklə 100,7 Kb.
səhifə7/8
tarix12.04.2023
ölçüsü100,7 Kb.
#96748
1   2   3   4   5   6   7   8
Shaxsdagi sog`lom etiqot va mavkuraviy tasavvurlasrning shakllan

6.3. Shaxs ijtimoiylashuvining asosiy mezonlari

Shaxs, uning dunyoni bilishi, o’zini va atrofidagi insoniy munosabatlarni anglashi, tushunishi va o’zaro munosabatlar jarayonida o’zidagi takrorlanmas individuallilikni namoyon qilishi hamda ushbu jarayonlarning yoshga va jinsga bog’liq ayrim jihatlarini tahlil qilish bizga umumiy ravishda shaxs – jamiyatda yashaydigan ijtimoiy mavjudotdir, degan xulosani qaytarishga imkon beradi. Ya’ni, u tug’ilgan onidan boshlab o’ziga o’xshash insonlar qurshovida bo’ladi va uning butun ruhiy imkoniyatlari ana shu ijtimoiy muhitda namoyon bo’ladi. Chunki agar insonning ontogenetik taraqqiyoti, ya’ni tug’ilgan onidan, to umrining oxirigacha bo’lgan taraqqiyoti davriga e’tibor beradigan bo’lsak, hali gapirmay turib, odam bolasi hayotining ilk daqiqalaridayoq, o’ziga o’xshash mavjudotlar davrasiga tushadi va keyingina ijtimoiy muloqotning barcha ko’rinishlarining faol obyekti va subyektiga aylanadi. Shu nuqtai nazardan, har birimizning jamiyatdagi o’rnimiz, uning qachon va qanday sharoitlarda paydo bo’lgani, jamiyatga qo’shilib yashashimizning psixologik mexanizmlari fanning muhim vazifalaridan biridir. Bu jarayon psixologiyada ijtimoiylashuv yoki sosializasiya deb yuritiladi.


Demak, sosializasiya yoki ijtimoiylashuv – inson tomonidan ijtimoiy tajribani egallash va hayot-faoliyat jarayonida uni faol tarzda o’zlashtirish jarayonidir. Sodda til bilan aytganda, ijtimoiylashuv – har bir shaxsning jamiyatga qo’shilishi, uning normalari, talablari, kutishlari va ta’sirini qabul qilgan holda, har bir harakati va muomalasida uni namoyon etishi, kerak bo’lsa, shu ijtimoiy tajribasi bilan o’z navbatida o’zgalarga ta’sirini o’tkaza olishi jarayonidir.
Ijtimoiylashuv eng avvalo odamlar o’rtasidagi muloqot va hamkorlikda turli faoliyatni amalga oshirish jarayonini nazarda tutadi. Tashqaridan shaxsga ko’rsatilayotgan ta’sir oddiy, mexanik tarzda o’zlashtirilmay, u har bir shaxsning ichki ruhiyati, dunyoni aks ettirish xususiyatlari nuqtai nazaridan turlicha subyektiv tarzda idrok etiladi. Shuning uchun ham bir xil ijtimoiy muhit va bir xil ta’sirlar odamlar tomonidan turlicha harakatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, 10-15 nafar kishidan iborat akademik lisey talabalarini olaylik. Ularning bilimni, ilmni idrok qilishlari, ulardan ota-onalarining kutishlari, o’qituvchilarning berayotgan darslari va unda yetkazilayotgan ma’lumotlar, manbalar va boshqa qator omillar bir xilday. Lekin baribir ana shu 15 talabaning har biri shu ta’sirlarni o’zicha, o’ziga xos tarzda qabul qiladi va bu ularning ishdagi yutuqlari, o’quv ko’rsatgichlari va iqtidorida aks etadi. Bu o’sha biz yuqorida ta’kidlagan ijtimoiylashuv va individualizasiya jarayonlarining o’zaro bog’liq va o’zaro qarama-qarshi jarayonlar ekanligidan darak beradi.
Ijtimoiylashuv jarayonlarining ro’y beradigan shart-sharoitlarini ijtimoiy institutlar deb ataymiz. Bunday institutlarga oiladan boshlab, mahalla, rasmiy davlat muassasalari (bog’cha, maktab, maxsus ta’lim o’choqlari, oliygohlar, mehnat jamoalari) hamda norasmiy uyushmalar, nodavlat tashkilotlari kiradi.
Bu institutlar orasida bizning sharoitimizda oila va mahallaning roli o’ziga xosdir. Insondagi dastlabki ijtimoiy tajriba va ijtimoiy xulq elementlari aynan oilada, oilaviy munosabatlar tizimida shakllanadi. Shuning uchun ham xalqimizda biz yuqorida ta’kidlagan “qush uyasida ko’rganini qiladi” degan maqol bor. Ya’ni, shaxs sifatlarining dastlabki qoliplari oilada olinadi va bu qolip jamiyatdagi boshqa guruhlar ta’sirida sayqal topib, takomillashib boradi. Bizning o’zbekchilik sharoitimizda oila bilan bir qatorda mahalla ham muhim tarbiyalovchi – ijtimoiylashtiruvchi rol o’ynaydi. Shuning uchun bo’lsa kerak, ba’zan odamning qaysi mahalladan ekanligini surishtirib, keyin xulosa chiqarishadi, ya’ni mahalla bilan mahallaning ham farqi bo’lib, bu farq odamlar psixologiyasida o’z aksini topadi. Masalan, bitta mahalladan yaxshi kelin chiqsa, aynan shu mahalladan qiz qidirib qolishadi. Ya’ni, shu mahalladagi ijtimoiy muhit qizlarning iboli, aqlli, sarishtali bo’lib yetishishlariga ko’maklashgan. Masalan, ayrim mahallalarda sahar turib ko’cha – eshiklarni supurish odatga aylangan va barcha oilalar shu udumni buzmaydilar. Shunga o’xshash normalar tizimi har bir ko’cha-mahallaning bir-biridan farqi, afzallik va kamchilik tomonlarini belgilaydi, oxirgilar esa shu mahallaga katta bo’layotgan yoshlar ijtimoiylashuvida bevosita ta’sirini ko’rsatadi.
Yana bir muhim ijtimoiylashuv o’choqlariga maktab va boshqa ta’lim maskanlari kiradi. Aynan shu yerda ijtimoiylashuv va tarbiya jarayonlari maxsus tarzda uyg’unlashtiriladi. Bizning ijtimoiy tasavvurlarimiz shundayki, maktabni biz ta’lim oladigan, bola bilimlar tizimini o’zlashtiradigan maskan sifatida qabul qilamiz. Lekin aslida bu yer ijtimoiylashuv tarbiyaviy vositalarda yuz beradigan maskandir. Bu yerda biz ataylab tashkil etilgan, oxirgi yillarda joriy etilgan “Ma’naviyat darslari”, “Etika va psixologiya” kabi tarbiyalovchi fanlarni nazarda tutmayapmiz. Gap har bir darsning, umuman maktabdagi shart-sharoitlar, umumiy muhitning tarbiyalovchi roli haqida. Masalan, dars paytida o’qituvchi butun diqqati bilan yangi darsni tushuntirish bilan ovora deylik. Uning nazarida faqat dars, mavzuning mazmuni va undan ko’zlangan maqsad asosiyday. Lekin aslida ana shu jarayondagi o’qituvchining o’zini qanday tutayotganligi, kiyim-boshi, mavzuga subyektiv munosabati va qolaversa, butun sinfdagi talabalarga munosabati hamma narsani belgilovchi, ijtimoiy tajriba uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan omildir. Shu nuqtai nazardan talabalar didi, kutishlari va talablariga javob bergan o’qituvchi bolalar tomonidan tan olinadi, aks holda esa o’qituvchining ta’siri faqat salbiy rezonans beradi. Xuddi shunday har bir sinfda shakllangan muhit ham katta rol o’ynaydi. Ba’zi sinflarda o’zaro hamkorlik, o’rtoqchilik munosabatlari yaxshi yo’lga qo’yilgan, guruhda ijodiy munozaralar va bahslar uchun qulay sharoit bor. Bu muhit tabiiy o’z a’zolari ijtimoiy xulqini faqat ijobiy tomonga yo’naltirib turadi.
Yana bir muhim ijtimoiylashuv muhiti – bu mehnat jamoalaridir. Bu muhitning ahamiyati va o’ziga xosligi shundaki, bu yerga shaxs odatda ancha aqli pishib qolgan, ma’lum tajribaga ega bo’lgan, hayot haqidagi tasavvurlari shakllangan paytda keladi. qolaversa, egallangan mutaxassislik, orttirilgan mehnat malakalari va bilimlar ham juda muhim bo’lib, shu muhitdagi ijtimoiy normalar xarakteriga ta’sir qiladi. Lekin baribir shaxsning kimlar bilan, qanday o’zaro munosabatlar muhiti ta’sirida ekanligi uning yetuklik davridagi ijtimoiylashuvining muhim mezonlaridandir. Shuning uchun ishga kirishdagi asosiy motivlardan biri – o’sha jamoaning qanday ekanligi, bu yerdagi o’zaro munosabatlar, rahbarning kimligi va uning jamoaga munosabati bo’lib, ko’pincha oylik-maosh masalasi ana shulardan keyin o’rganiladi. Shuning uchun mehnat jamoalarida yaxshi, sog’lom ma’naviy muhit, adolat va samimiyatga asoslangan munosabatlar har bir inson taqdirida katta rol o’ynaydi.
Katta yoshdagi ijtimoiylashuvning o’ziga xosligi shundaki, unda individualizasiya jarayoni aniqroq, sezilarliroq kechadi. Chunki katta odam nafaqat tashqi ta’sirlarni o’zlashtiradi, balki o’zidagi iqtidor, malakalar, hayotiy tajribasi bilan boshqalarga ham tarbiyaviy ta’sir ko’rsatadi, ish-amalda yoshlarga shaxsiy o’rnak ko’rsatish imkoniyaga ega bo’ladi. Shu nuqtai nazardan, qarilikning ijtimoiy mohiyati shundaki, ota-bobolarmiz, onaxonlarimiz asosan o’zlaridagi mavjud ijtimoiy tajribani boshqalarga (farzandlar, nabiralar, mahalladagi yoshlar va hokazo) uzatish bilan shug’ullanadilar va bu narsa ayniqsa, Sharq xalqlarida juda e’zozlanadi. Xalqimizdagi “qari bilganni pari bilmas” degan naql ham bobolar va momolar o’gitlarining tarbiyalovchi mohiyatini aks ettiradi. Shu sababli ham mustaqil yurtimizda qariyalar e’zozlanadi, mahallaning boshqaruv roli kun sayin oshirilmoqda, oila-tarbiyaning bosh o’chog’i sifatida davlat himoyasida bo’lib kelmoqda. Bu mustaqil davlat yoshlarida yangicha tafakkur va ongning shakllanishiga, yurtga sadoqat, vatanparvarlikning rivojiga o’z hissasini qo’shadi.



Yüklə 100,7 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin