Qarorni ijro etish. qaror unga muvofiq keladigan choralar ko’rish va harakat qilish uchun qabul qilinadi. qarordan harakatga o’tishni ijro qilish (yoki bajarish) deyiladi. Irodaviy jarayonda eng muhim narsa-qabul qilingan qarorni ijro etishdir.
Irodaviy harakatlar ikki xil bo’ladi: jismoniy va aqliy harakatlar. Jismoniy harakatlarga har xil mehnat operasiyalari, o’yin, sport mashg’ulotlari va boshqalar. kiradi. Aqliy harakatlarga esa masala yechish, yozma ishlar, dars tayyorlash, ilmiy tadqiot ishlarini olib borish va shu kabilar kiradi. Ko’p vaqt takrorlanib, o’zlashib ketgan ko’nikma va odat bo’lib ketgan harakatlar ham murakkab irodaviy harakatlardandir.
Qarorni ijro etish odatda ma'lum vaqt, muddat bilan bog’liq bo’ladi. Qaror kechikmasdan belgilangan vaqtda ijro etilsa bu irodaning ijobiy sifatidan dalolat beradi. Bu esa ishchanlik, puxtalikni bildiradi.
Ammo qabul qilingan qaror hamisha bajarilavermaydi. Ayrim hollarda esa o’z vaqtida ijro etilmay qoladi. Kishining ba'zi bir holatlarida a'zoyi-badani bo’shashib turganda, xafalik chog’ida o’z kuchlari va imkoniyatlaridan hafsalasi pir bo’lib turganda qaror ha deganda bajarilavermaydi. qarorni bajarishda ro’y beruvchi to’sqinliklar oldindan nazarda tutilmaganda yoki maqsadning o’zi vaziyat o’zgarishi bilan kerak bo’lmay qolganda shunday bo’ladi.
Shunday hollar ham bo’ladiki odam ko’pgina qaror qabul qiladi, ammo qarorning ijrosi cho’zilib ketadi, paysalga solinadi, boshqa muddatlarga ko’chiriladi. Ijrosi paysalga solinadigan yoki butunlay ijro etilmaydigan qarorlar ko’pincha niyatlar deb ataladi. Ancha vaqtdan keyin, lekin muayyan muddat o’tgach ijro etiladigan qarorlar ham niyatlar deb ataladi. Masalan, o’quvchi yoki talaba o’quv yilining boshida barcha imtihonlarni faqat "a'lo" baholar bilan topshirishga qaror qilishi mumkin.
Irodaviy zo’r berish. Qabul qilingan qaror to’g’ridan-to’g’ri, avtomatik ravishda amalga oshirilavermaydi. qabul qilingan qarorni amalga oshirish uchun ongli ravishda irodaviy zo’r berish ham kerak.
Irodaviy zo’r berish ongning avvalo nerv-muskul apparatining zo’riqishida ifodalanadi va organizmning tashqi ko’rinishlarida namoyon bo’ladi. Irodaviy zo’r berishning ana shu ifodali tomoni odamning iroda holatini tasvirlovchi badiiy asarlarda gavdalantirilganini ko’p uchratish mumkin.
Ba'zi odam irodaviy zo’r berolmagani sababligina qabul qilgan qarorni muddatida ijro etolmaydi. Bunday hollarda "bajarsammikan yoki yo’qmi" degan yangi kurash ham boradi. Zo’r berish uchun yana kuch sarflashga to’g’ri keladi. Kuch sarflay olmaslik yoki bu masalada ikkilanish irodaning shu paytdagi bo’shligini ko’rsatadi. Qabul qilingan qarorni zo’r berish yo’li bilan ijro etish irodaning muhim belgisi hisoblanadi.
Irodaning o’ziga xosligi ongli ravishda zo’r berishning biron darajasida bajariladigan harakatlardan iborat. Irodaviy zo’r berish va irodaviy harakat maqsadga erishish yo’lida uchraydigan to’siqlarni engishda namoyon bo’ladi. Kishining irodasi juda katta to’siqlarni yengishga to’g’ri kelganda, ayniqsa yaqqol ko’rinadi. Irodaviy zo’r berish va irodaviy harakatlar yo’li bilan yengishga to’g’ri keladigan to’sqinliklar ikki xil: ichki va tashqi to’sqinliklarga bo’linishi mumkin.
Irodaviy zo’r berish yo’li bilan yengishga to’g’ri keladigan ichki to’siqlar odam organizmi va psixikasining holatidir. Odam tinch harakatsiz va hech qanday faoliyatsiz holatda bo’lishi mumkin, masalan, dam olish, uxlash, charchash, kasallik paytida shunday holat bo’ladi. Biron ish bilan shug’ullanmay harakatsiz o’tirishga, ya'ni yalqovlikka undovchi mayl ham shunday holatdan hisoblanadi.
Irodaviy zo’r berish yo’li bilan avvalo organizmning passiv holatini o’zgartirish uni faol holatga keltirish zarur bo’ladi. Masalan, o’rnida yotgan kishi (motivlar kurashi) turlicha qaror qiladi va o’zini majbur qilib o’rnidan turadi. Yalhovlikni yengish uchun ba'zan juda ko’p zo’r berishga to’g’ri keladi.
Irodaviy zo’r berish yo’li bilan kishining aqliy faoliyatini ham faol holatga keltiriladi. Masalan, ma'ruza boshlanishi bilan talaba darhol irodaviy kuchni ishga solib, diqqatni bir joyga to’playdi, irodaning barqarorligini saqlab qoladi, tafakkur va esda olib qolish jarayonlarini kuchaytiradi.
"Harakat qilish o’ziga qanday o’rgatilgan bo’lsa - deydi I.M.Sechenov - harakatni to’xtatib qolishni boshqarishga ham shunday o’rganmoq kerak". Kishi irodaviy zo’r berish yo’li bilan ixtiyorsiz faollikni batamom yo’qotib yubormaydi, balki shu faollik ko’rinishlarini faqat o’zgartiradi, yoki bosib qo’yadi. Ixtiyorsiz faollik ko’rinishlarini bosilishi vazminlik deb ataladi.
Iroda-avvalo kishining o’zini qo’lga ola bilishi, o’z intilishlari, hissiyotlari va ehtiroslarini bosa bilishi demakdir. Iroda kishining o’z- o’zini idora qila olishi, o’z xulqi va faoliyatini anglab, bilib tartibga solish va boshqara olish qobiliyati demakdir.
Kishining ichki to’siqlarni yenga olish, o’zini boshqarish va o’z ustidan hukmronlik qila olish qobiliyati odatda ichki iroda deb yuritiladi. Kishi irodaviy zo’r berish yo’li bilan tevarak-atrofdagi voqelikda uchraydigan tashqi to’siqlarni yengishi zarur bo’ladi. Kishi o’z oldiga qo’yilgan maqsadni amalga oshirishga qarshilik qilayotgan to’sqinliklarni yengib o’tadi, voqelikni o’z maqsadiga muvofiq ravishda o’zgartiradi va uni o’z ehtiyojlariga moslashtiradi. Insonning to’siqlarni, tashqi qiyinchiliklarini yenga olish qobiliyati tashqi iroda deb ataladi.
Ammo irodani faqat shartli ravishda ichki va tashqi deb ikkiga bo’lish mumkin. Inson irodasi bitta, lekin u tashqi olamdagi o’zgartirish va boshqarishga qaratilishi bilan birga shaxsiy, sub'ektiv holatlarni va jarayonlarni boshqarishga qaratilishi ham mumkin. Modomiki, shunday ekan, tashqi to’sqinliklarni yengish ichki to’sqinliklarni yengish bilan chambarchas bog’liqdir.
Inson tashqi olamga ta'sir etar ekan, tashqi olam hodisalarini boshqarish bilan bir vaqtda o’zini, o’z organizmini, qo’l-oyoq muskullarini ham boshqaradi, ularning tarangligini kuchaytiradi yoki susaytiradi, ularning harakatlarini uyg’unlashtiradi, butun organizmning moslashish vaziyatini vujudga keltiradi va zarur paytda bu vaziyatni o’zgartiradi va hokazo. Shu bilan birga ixtiyoriy harakatlar, asosan mehnat faoliyatida odamning ixtiyoriy faollik ko’rinishlarini to’xtatib va bosib turishga to’g’ri keladi. Shuning uchun odamning irodaviy zo’r berishi va ixtiyoriy harakatlari tashqi to’sqinliklarni yengishga qaratilishi bilan bir vaqtda organizmning ichki ahvolini ham o’zgartiradi. Inson tevarak-atrofdagi voqelikni o’zgartirar ekan, o’zini-o’z vujudini ham o’zgartiradi.
Irodaviy harakatlar bajarilgandan keyin ularga baho beriladi. Qaror ijro etilgandan keyin, ba'zan esa qarorni bajarish jarayonida ham ko’pincha harakatlarga baho berish, qarorni qanday ijro etilganligiga baho berish kerak bo’ladi. Qarorni ijro etish yuzasidan qilingan baho berish qabul qilingan qarorni hamda qilinadigan ishni ma'qullash, oqlash yoki qoralashdan iborat bo’ladi. Bu baho qabul qilingan qaror yoki bajarilgan harakatlardan mamnun bo’lish yoki mamnun bo’lmaslik tufayli kelib chiqqan maxsus hissiy kechinmalarda ifodalanadi. Salbiy baho ko’pincha qilingan ishlarga pushaymon bo’lish, achinish, uyalish va afsuslanish kabi hislar tug’ilishiga sabab bo’ladi. Qilinayotgan yoki qilinadigan ishlarga beriladigan baho qabul qilingan qarorni yoki bajarilgan harakatlarni ma'qullovchi, oqlovchi yoki qoralovchi maxsus hukmlarda ifodalanadi.
Qilinayotgan yoki qilinadigan ishlarga ijtimoiy-siyosiy, axloqiy, estetik va boshqa nuqtai nazardan baho beriladi. Mana shunday baho berishdan kelib chiqadigan his va hukmlarda kishining dunyoqarashi, axloqiy sifatlari va tamoyillari, shu bilan birga xarakteri va qiziqish - havaslari ham yaqqol namoyon bo’ladi.
Qarorni bajarish yuzasidan qilingan ishlarda kishining o’zi baho beribgina qolmaydi, balki kishi qaysi jamiyatda yashasa va ishlasa o’sha jamiyat ham baho beradi.
Odam qilgan yoki qilayotgan ish harakatlariga tevarak-atrofdagi kishilar ijobiy baho bergandan keyin ichki ma'naviy qanoat his qiladi xursand bo’ladi va kuchiga kuch qo’shilgandek bo’ladi. Ayrim ish-harakatlariga salbiy baho berilganda esa kishi o’ziga xos uyalish hissini ko’nglidan kechiradi va vijdon azobiga uchraydi.
Qilingan ish-harakatga berilgan baho kishining faoliyatida katta amaliy ahamiyatga egadir. Bu baho kishining keyingi faoliyati uchun rag’bat va motiv bo’lib qoladi. Salbiy baho odatda ayni faoliyatni to’xtatish yoki o’zgartirishga motiv bo’ladi. Ijobiy baho faoliyatni davom ettirish, kuchaytirish va yanada yaxshilashga, jumladan mehnat unumdorligini oshirishga rag’batlantiradi.