Poetik nutq xususida
Reja
She’riy va nasriy nutq
Poetik nutqning o‘ziga xosligi
Badiiy asar pafosi
Muallif va qahramon nutqi
Poetik nutq emotsionalligi. Ritm
Tayanch so’z va iboralar: Poetik nutq va badiiy asar tili masalasi. Poetik nutqqa xos alomatlar. Badiiy nutq tarkibi. Badiiy asar pafosi va nutq munosabati; Nasr va nazm. Muallif va qahramonlar nutqidagi individuallik; diologik va monologik nutq. Poetik nutqda emotsionallik; nasriy asar ritmi. Badiiy nutq mezoni.
Badiiy nutqning ikki shaklga — she’riy (tizma) va nasriy (sochma) ko‘rinishlarga ega ekanligi bungacha aytildi. Nasriy nutq o‘zining qurilishi jihatidan kundalik muloqotda qo‘llaniluvchi nutqqa yaqin bo‘lsa, she’riy nutq so‘z san’atiga xos maxsus hodisa sanaladi. Zero, o‘zining kelib chiqishi jihatidan ham badiiy nutqninng she’riy shakli nasriy shakldan qadimiyroq, aniqrog‘i, o‘z vaqtida badiiy nutqning yagona shakli bo‘lgan. Sababi, she’riy nutqdagi o‘ziga xos tashkillanishning o‘ziyoq uni odatdagi nutqdan farqlagan, she’riy nutq vositasida aytilgan informatsiyaning san’atga aloqadorligini ta’kidlab turgan. Bunga amin bo‘lish uchun adabiyot tarixiga nazar solish kifoya: milliy adabiyotlar tarixining ilk bosqichlarida adabiy asarlar she’riy yo‘lda yozilgan, nasrda yozilgan badiiy asarlarning paydo bo‘lishi, baski, nasrning badiiy nutq ko‘rinishi sifatida shakllanishi esa nisbatan keyingi davrlarga to‘g‘ri keladi.
SHe’riy nutq muayyan bir o‘lchov(vazn) asosidagi ritmga ega bo‘lgan, o‘zining musiqiy jarangi, hissiy to‘yintirilganligi bilan farqlanuvchi nutqdir. SHe’riy nutqdagi o‘ziga hos intonatsiya, musiqiylik ritmik bo‘laklar va ritmik vositalar, o‘ziga xos fonetik tashkillanish, turli sintaktik usullar yordamida vujudga keladi. SHe’riy yo‘lda yozilgan lirik asardagi kayfiyatning hosil qilinishi, kechinmaning o‘quvchiga "yuqtirilishi"da uning ritmik-intonatsion tomoni muhim ahamiyat kasb etadi. YA’ni, she’rning ritmik-intonatsion xususiyatlari uning mazmuni bilan belgilanadi, mazmun bilan uyg‘unlik kasb etadi. SHe’riy nutqning o‘ziga xosligini, o‘ziga xos tashkillanishini tasavvur qilish uchun, avvalo, uning ritmik-intonatsion xususiyatlarini belgilovchi unsurlar, vositalar haqida tushunchaga ega bo‘lish zarur.
SHe’riy nutq haqida gapirganda, avvalo, uning muayyan vaznga solingan ritmga egaligi ta’kidlanadi. Ritm juda keng tushuncha bo‘lib, u borliqdagi juda ko‘p narsa, hodisalarda kuzatilishi mumkin. Shunga ko‘ra, keng ma’noda ritm deganda muayyan bo‘laklarning ma’lum vaqt oralig‘ida tartibli takrorlanib turishi tushuniladi. Bu ma’nodagi ritm borliqdagi juda ko‘p narsa-hodisalarda, jumladan inson organizmida mavjuddir. Masalan, tarnovdan tomchilab turgan tomchilar chiqarayotgan tovushda, ariq suvining maromli shildirab oqishida, yil fasllarining, kun bilan tunning almashinuvida; insonning yurak urishi, nafas olishi, ma’lum bir harakatni bajarishi — bularning barida ritm kuzatiladi. Tabiiyki, kundalik muloqot nutqida ham ma’lum bir ritm mavjud. Avvalo, har bir odamning gapirishida o‘ziga xos ritm bo‘lib, bu ritm uning fiziologik imkoniyatlari (mas., har bir odamda nafas olish o‘ziga xos, nutq ritmi esa shunga ko‘p jihatdan bog‘liq) bilan belgilanadi. Kundalik muloqot nutqidagi ritmga ichki va tashqi omillar (kasallik, ruhiy holat — ichki; biror narsadan ta’sirlanish, tez harakat qilish, — tashqi) ta’sir qilishi hamda uni o‘zgartirishi mumkin. Og‘zaki nutqda kuzatiluvchi bu ritm tabiiy ravishda yozma nutqqa ham ko‘chadi, zero, yozganimizda "miya"da gapiriladi, o‘qiganda "tasavvurda" eshitiladi. Demak, o‘z-o‘zidan ayonki, nasriy asarda ham ritm mavjud va u asarning o‘qishli, ta’sirli bo‘lishida juda katta ahamiyat kasb etadi. Agar badiiy nasrdagi nutq ritmi umuman nutq ritmi bilan izohlansa, she’riy nutq ritmi maxsus hosil qilingan hodisadir.
SHe’riy nutqning ritmik qurilishini yaxshiroq tasavvur qilish uchun ritmik bo‘lak va ritmik vositalarni belgilab olishimiz zarur. Ritmik bo‘laklar sifatida bo‘g‘in (hijo), turoq(rukn), misra va bandni olamiz. Mazkur tushunchalar bilan siz maktabda tanishganligingizni hisobga olib, bu o‘rinda ularga qisqacha to‘xtalish bilan kifoyalanamiz.
Bo‘g‘in (hijo) bir havo zarbi bilan aytiluvchi tovush yoki tovushlar guruhi bo‘lib, u barcha she’r tizimlarida eng kichik ritmik bo‘lak sanaladi. O‘zbek she’riyatida qo‘llaniluvchi barmoq tizimi uchun bo‘g‘inning sifati (qisqa, cho‘ziq yoki o‘ta cho‘ziqligi, ochiq yoki yopiqligi, urg‘uli yoki urg‘usizligi) ahamiyatsiz bo‘lsa, aruz tizimida uning qisqa, cho‘ziq va o‘ta cho‘ziq navlari ajratiladi.
Turoq bilan ruknning ritmik bo‘lak sifatidagi ahamiyati va darajasi teng keladi. Barmoq tizimiga xos bo‘lmish turoq bo‘g‘inlarning ma’lum miqdorda guruhlanishidan hosil bo‘lsa, aruz tizimiga xos rukn qisqa va cho‘ziq hijolarning ma’lum tartibda guruhlanishidan hosil bo‘ladi. Bu o‘rinda bitta narsani unutmaslik kerakki, turoq so‘zni hech vaqt bo‘lmagani holda, rukn so‘zning bir qisminigina o‘ziga olishi, ya’ni uni bo‘lib yuborishi mumkin.
SHe’rning alohida satrga joylashtirilgan bo‘lagi misra deb yuritiladi. Misra bir necha turoq(rukn)ni birlashtirishi ham, birgina turoqqa, ya’ni, birgina so‘zga teng bo‘lishi ham mumkin. Biroq uning misra deb atalishi uchun katta-kichikligining ahamiyati yo‘q. Misra oxirida zarb bo‘lishi, o‘zidan keyin sezilarli pauzaning mavjudligi bilan xarakterlanadi. Shu jihatdan qaralsa, erkin she’rlardagi uchraydigan zinapoya shakliga solinib, har biri alohida satrga joylangan so‘zni misra deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki ularda zarb bo‘lgani holda, misra pauzasi mavjud emas.
SHe’rning ma’lum miqdordagi misralardan tarkib topib, mazmun va ritmik-intonatsion jihatdan nisbiy tugallikka ega bo‘lgan bo‘lagi band deb yuritiladi. Eng kichik band — ikki misra. Ikkilik bandlar odatda o‘zaro qofiyalangan misralardan tarkib topadi. Mumtoz adabiyotimizda ikkilik band shaklini masnaviy shakli deb yuritiladi. Ikkilik bandning alohida bir ko‘rinishi baytdir.
Bayt masnaviydan qofiyalanish tartibi jihatidan (dastlabki bayt o‘zaro qofiyalanadi, keyingi baytlarning ikkinchi misrasi birinchi bayt bilan qofiyadosh bo‘ladi) farqlanadi. Demak, biz g‘azal, qasida, qit’a janridagi asarlarning bandlariga nisbatangina "bayt" atamasini ishlatsak to‘g‘ri bo‘ladi. Uchlik bandlar nisbatan kam ishlatiladi. Mumtoz adabiyotimizda uchlik bandlar musallas(musallis) deb yuritiladi. Shu tarzda mumtoz adabiyotimizda to‘rt misralik — murabba’, besh misralik — muhammas, olti misralik — musaddas, yetti misralik — musabba’, sakkiz misralik — musamman singari band shakllari ajratilgan. Mumtoz adabiyotimizdagi "musammat" degan umumiy nom ostida yuritiluvchi turg‘un she’riy shakllar she’rning necha misralik bandlardan tarkiblanganiga qarab nomlanadi.
Yuqorida aytdikki, keng ma’noda ritm muayyan bo‘laklarning ma’lum vaqt oralig‘ida tartibli takrorlanishi, she’riy ritm deganda esa she’r misralaridagi ritmik bo‘laklarning ma’lum o‘lchov asosida tartibli takrorlanishidan hosil bo‘luvchi ohang tushuniladi. Buni konkret misol asosida ko‘rib o‘taylik:
- v - - ғ - v - - ғ - v - - ғ - v -
O-ra-zin yop-qach ko‘-zim-dan so-chi-lur har lah-za yosh
- v - - ғ - v - - ғ - v - - ғ - v -
Bo‘y-la-kim pay-do bo‘-lur yul-duz ni-hon bo‘l-g‘och qu-yosh
Keltirilgan bayt paradigmasi(taqte’)ga ko‘ra ritmik bo‘laklarni kuzatish mumkin. Birinchi misraning birinchi ruknidagi qisqa hijo (ya’ni, ritmik bo‘lak) o‘n to‘rt bo‘g‘indan so‘ng (ya’ni, ma’lum vaqt oralig‘ida) aynan takrorlanmoqda, xuddi shu tartib barcha hijolarga — cho‘ziq va qisqa hijolarga ham tegishlidir. YA’ni, har bir hijodan o‘n to‘rt bo‘g‘in so‘ng yana xuddi shunday sifatdagi hijo takrorlanadi.
Misralararo ruknning takrorlanishiga e’tibor qilsak, rukn (ya’ni, cho‘ziq va qisqa hijolarning muayyan tartibdagi guruhlanishi) har uch rukndan so‘ng ayni o‘sha tartibda takrorlanishi ko‘riladi. Misra esa she’riy nutqning o‘n besh hijoga teng bo‘lagini rukn tartibida birlashtiradi va bayt doirasida har o‘n besh bo‘g‘indan so‘ng takrorlanadi. Olingan parcha g‘azal janriga mansubligini e’tiborga olsak, band (bayt) ikki misraga muayyan ruknlar tartibida joylashgan o‘ttiz hijoni jamlaydi va har o‘ttiz hijodan so‘ng takrorlanadi. Demak, hijo, rukn, misra va bandni she’rda o‘lchov birligi sifatida qabul qilish mumkin, ularning kichigi o‘zidan kattasining tarkibiga kirgan holda she’rning ritmik-intonatsion qurilishini ta’minlar ekan.
Ritmik bo‘laklarning o‘lchov birligi sifatidagi ahamiyati turli she’rlarda turlicha namoyon bo‘ladi. Masalan, izometrik (misralardagi bo‘g‘inlar soni bir xil bo‘lgan) she’rlarda bo‘g‘in, turoq, misra va band birdek ahamiyatga ega bo‘lsa, getrometrik misralardagi bo‘g‘inlar soni turlicha bo‘lgan) she’rlarda ularning mavqei o‘zgaradi. Masalan, A.Qutbiddin qalamiga mansub she’rlardan birining ritmik qurilishi tubandagicha:
Baliqning tishi-la, tilimni tildim, (6 + 5)
Yuragim urchuqday uch aylantirdim, (6 + 5)
Ko‘zimni qiynadim, (6)
Qiynog‘im qiziq... (5)
Yayradim. (3)
SHe’rning boshqa bandlari ham ayni shu tartibda qurilgan. SHe’rning birinchi va ikkinchi misralari 11 bo‘g‘indan bo‘lib, uchinchi va to‘rtinchi misralar qo‘shilgan holda 11 bo‘g‘inni tashkil qilishi ko‘rinib turibdi. Biroq uchinchi va to‘rtinchi misralarning qo‘shilishi, birinchidan, she’rning intonatsiyasi, ikkinchidan, qofiyalanish tartibiga ta’sir qiladi. Sababi, bu ikki misra qo‘shilgani holda ular orasida nisbatan qisqa (turoqlararo) pauza tushishi lozim bo‘ladiki, bu narsa intonatsiyaga ta’sir qiladi. Zero, hozirgi holatida har ikki misraning alohida satrlarga chiqarilishi ularning o‘qilishidagi ta’kidni kuchaytiradi. Xullas, she’rdagi beshta bandning hammasi shu tartibda misralarga bo‘linganki, bu xil she’rlarni getrometrik she’r deb ataladi. Yuqorida Navoiy bayti asosida ko‘rganimiz har bir ritmik bo‘lak(hijo, turoq, misra va band)ning o‘z holicha ritmik birlik bo‘lib kelishi bunda kuzatilmaydi. YA’ni, bo‘g‘inlar soni teng emasligi bois bo‘g‘inning, turoqlardagi bo‘g‘inlar soni turlichaligi sababli turoqning, misralarda turoqlarning bir xil tartib va miqdorda bo‘lmaganligi sababli misraning ritmik bo‘lak (birlik) sifatidagi ahamiyati susayadi, bularning vazifasini to‘laligicha band o‘z zimmasiga oladi. YA’ni, she’rning ritmik qurilishi she’r butunligida namoyon bo‘ladi va band uning asosiy ritmik bo‘lagi(birligi)ga aylanadi.
SHe’riy nutqning tashkillanishida ritmik bo‘laklardan tashqari ritm hosil qiluvchi, ritmni kuchaytiruvchi unsurlarning ham katta badiiy-estetik ahamiyati bor. Ularni ritmik bo‘laklardan farqlagan holda ritmik vositalar deb yuritamiz. Ritmik vositalar she’r ritmining ta’kidlanishi, kuchaytirilishiga xizmat qilib, ularning asosiylari sifatida ritmik pauza, qofiya va qofiyalanish sistemasini ko‘rsatish mumkin.
SHe’rdagi har bir ritmik bo‘lak boshqalaridan ritmik pauza hisobiga ajratiladi va shu ajratilish hisobiga bu bo‘laklar o‘ziga xos o‘lchov birligi sifatida namoyon bo‘ladi. Deylik, bo‘g‘in bir tovush zarbi bilan aytiladi va juda ham qisqa, sezilar-sezilmas pauza (aslida bu pauza emas, ikki tovush zarbining bir-biridan farqlanib turishi hisobiga "pauza"dek taassurot qoldiradi, xolos) bilan ajraladi. Turoqlardan keyingi pauza biroz sezilarliroq bo‘lsa, misralar nihoyasidagi pauza yaqqol seziladi, band yakunidagi katta pauza unga ritmik-intonatsion tugallik baxsh etadi. Ritmik pauza bilan mantiqiy pauza doim ham bir-biriga mos kelavermasligi mumkin, ya’ni, she’riy nutqda vergul qo‘yilmagan o‘rinlarda ham to‘xtalib o‘tish va, aksincha, vergulli o‘rinlarda to‘xtalishni sezilmaslik darajasiga keltirish zarurati yuzaga kelishi odatiy holdir.
Misra yakunida keluvchi qofiyalar — so‘z, qo‘shimcha, ba’zan so‘z birikmalarining ohangdosh bo‘lib kelishi — ritmik jihatdan misrani ta’kidlab ko‘rsatishga, she’rning ohangdorligi, musiqiyligi, ta’sirdorligini oshirishga xizmat qiladi. SHe’rni o‘qish davomida (bu narsa ayniqsa yoddan o‘qilganda yoki she’r tinglanganda yaqqol seziladi) qofiya misraning tugaganidan darak beradi, pauza bajarayotgan ajratish funksiyasini ta’kidlaydi.
She’riyatda qofiyaning bir qator ko‘rinishlari (to‘liq va to‘liqsiz qofiya; unlilar ohangdoshligigagina asoslangan assonans va undosh tovushlar ohangdoshligigagina asoslangan dissonans qofiyalar; rus she’riyatida ochiq yoki yopiq bo‘g‘in bilan tugashiga qarab ochiq - "jenskaya rifma", yopiq - "mujskaya rifma" va b.) mavjud. Jumladan, hozirgi o‘zbek she’riyatida qofiyadagi tovushlarning qay darajada mosligi jihatidan och (to‘liqsiz) va to‘q (to‘liq) qofiyalar ajratiladi. To‘liq qofiyada qofiyadosh so‘zlarning tovush tarkibi to‘la mos (misol tariqasida A.Qutbiddin qofiyalaridan keltiramiz: "buzib - uzib", "lo‘killaganda - lopillaganda", "izlardan - yuzlardan") kelsa, to‘liqsiz qofiyalarda qisman mos ("dahriy - qahridan", "tutun - Alovuddin", "titrab - guldurak") keladi.
Qofiyalanish tartibi deganda banddagi misrlarning o‘zaro qofiyalanish sxemasi nazarda tutiladi. Banddagi qofiyalanish tartibi turlicha bo‘lib, bu tartib bandning ritmik-intonatsion butunlikka birikishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ikkinchi tomondan, o‘qish jarayonida qofiya misraning tugaganligini ta’kidlaganidek, qofiyalanish tartibi bandning shakllanib bo‘lganligi, tugaganini ta’kidlaydi. Masalan, to‘rt misrali a - b - a - b tarzida qofiyalangan she’r o‘qilayotgan bo‘lsa, o‘quvchi keyingi bandlarda ham shu xil tartibni kutadi, tartib nihoyalanganida banddagi tugallanganlikni his qiladi. YA’ni, qofiyalanish tartibi, bir tarafdan, she’r ritmining his qilinishiga, ikkinchi tarafdan, mazmun va ritmning uyg‘unlashuviga, o‘quvchi tasavvurida yaxlit birlik hosil qilishiga yordam beruvchi vosita ekan.
She’riy nutqning tashkillanishida undagi o‘ziga xos gap qurilishining juda katta xizmati borki, uning musiqiyligi, hissiy to‘yintirilganligi, ta’sirdorligi ko‘p jihatdan she’riy sintaksis hisobiga ta’minlanadi. Sintaktik satxdagi normadan og‘ishlar ko‘proq she’riy nutqqa xos hodisa sanaladi, shu bois ham adabiyotshunoslikda "poetik sintaksis" degan maxsus tushuncha mavjud.
She’r sintaksisiga xos normadan og‘ishning eng keng tarqalgan ko‘rinishi inversiyadir. Inversiya she’riy nutqda gap bo‘laklari tartibining o‘zgartirilishidir. Gap bo‘laklari tartibining o‘zgarishi ma’no urg‘usi tushayotgan so‘zni ta’kidlab ko‘rsatish, uni misradagi urg‘uli pozitsiya - ko‘proq misra oxiriga surish imkonini beradi. Masalan, A.Oripovning:
Ulug‘vor bir qudrat bilan
Chayqaladi cho‘ng dengiz" -
satrlari normadan og‘ish bo‘lmagan holda "Cho‘ng dengiz ulug‘vor qudrat bilan chayqaladi" tarzida berilishi kerak. Inversiya hodisasining yuz berishi bildan "qudrat bilan" so‘z qo‘shilmasi va "dengiz" misralarda urg‘uli pozitsiyaga chiqariladi, ayni shu so‘zlarga ma’no urg‘usining tushishi muallif ijodiy niyatiga, she’r mazmuni va emotsional tonalligiga muvofiq keladi. SHe’rning keyingi satrlari:
Qancha og‘ir harsang toshlar
Tubda unga cho‘kkan tiz,-
inversiyaning bundan boshqa funksiyalari ham borligini ko‘rsatadi. Odatdagi tartibda bu misralar "Tubda unga qancha og‘ir toshlar tiz cho‘kkan" shaklida bo‘lishi lozim edi. Inversiya natijasida, birinchidan, ifodalash ko‘zlangan mazmun uchun eng muhim so‘zlar ("harsang toshlar", "tiz cho‘kkan") urg‘uli pozitsiyaga o‘tkaziladi, ikkinchidan, "dengiz" va "tiz" so‘zlari qofiyalanadi.
Sintaktik satxdagi og‘ishlarning yana biri ellipsis bo‘lib, unda gap bo‘laklaridan biri (ko‘proq bosh bo‘laklar) atayin tushirib qoldiriladi. Masalan:
Bulbullarmi?! Yetar!
Gullarmi?! Bo‘ldi!
So‘z navbati - yurakka...
Keltirilgan parchada kesim tushirib qoldirilgan va buning natijasida "yurakka" so‘zi mantiqiy urg‘u oladi, she’rning dastlabki misralaridagi ohangning saqlanishiga erishiladi. Shunga o‘xshash, she’riy misralarning atayin tugatilmay qo‘yilishi yana bir sintaktik figura - jim qolishni yuzaga chiqaradi:
Men sendan ketmoq istayman
Yomg‘irdek emas, -
Yomg‘ir yana qaytib keladi.
Men sendan ketmoq istayman
Shamoldek emas, -
Shamol yana qaytib yeladi.
Men sendan ketmoq istayman
Muhabbat kabi...
SHe’rning dastlabki ikki satri uchinchi misra bilan, keyingi ikki satri oltinchi misra bilan izohlansa, so‘nggi ikki satrda shoir bu yo‘ldan bormaydi - jim qoladi, izohni she’rxonning o‘zi o‘zicha shakllantirishi zarur bo‘ladi. SHe’r misralarida bir xil yoki bir-biriga juda yaqin sintaktik konstruksiyalarning takrorlanib qo‘llanishi - sintaktik parallelizm ham she’rning ohangdorligini, ta’sirchanligini oshiruvchi figuralardan sanaladi:
Yo‘lin yo‘qotsa odam - muhabbatga suyangay,
g‘ussaga botsa odam - muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam - muhabbatga suyangay...
Sintaktik parallelizmning boshqa bir turi xiazm deb atalib (mumtoz poetikada tardu aks), unda bir misradagi sintaktik qurilma ikkinchisida teskari tartibda takrorlanadi:
"Meni ham bir yigit shunday sevsaydi
Sevib o‘ldirsaydi meni ham shunday"
yoki:
"Visol uchun yon, yuragim,
Yurak, yongil visol uchun".
SHe’riy sintaksisda eng keng qo‘llaniluvchi vositalardan biri takrordir. Avvalo shuni aytish kerakki, takror tilning barcha satxlariga xos hodisa bo‘lib, she’riyatda uning bir qator xususiy (tovush takrori, so‘z takrori, anafora, epifora, ma’no takrori, ma’noning kuchaytirilgan va susaytirilgan takrori, misra takrori, band takrori ) ko‘rinishlari faol qo‘llaniladi. SHe’riy misralarda bir xil tovushlar takrori alliteratsiya deb yuritiladi. Alliteratsiyaning vokal alliteratsiya (unlilar takrori) va konsonans alliteratsiya (undoshlar takrori) turlari mavjud.
So‘z takrori ham sintaktik usullardan sanalib, u fikrni ta’kidlab ifodalash bilan birga ohangdorlikni oshirishga va shular asosida she’rning ta’sir kuchini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, X.Davron bir she’rida yozadi:
Oppoq edi boshda bu dunyo,
Ko‘cha oppoq, kechalar oppoq.
Qanday yaxshi ekan bolalik,
Oppoq ranglar bilan yashamoq...
Bir bandning o‘zida "oppoq" so‘zi to‘rt marta takrorlanmoqda. Bolalik sog‘inchi ifodalangan she’rda "oppoq" so‘zining ta’kidlab takrorlanishi bejiz emas - lirik qahramonning sog‘inchi aslida o‘sha oqlik, musaffolik, beg‘uborlik sog‘inchidir. Bu o‘rinda "oppoq" so‘zining ta’kidli takrori lirik qahramon kechinmasining ifodalanishiga va, ayni paytda, o‘sha sog‘inchning o‘quvchiga yuqtirilishida yetakchi ahamiyat kasb etadi. Anafora (misralar boshida bitta so‘zning takrorlanishi) bilan epifora (misralar oxirida bitta so‘zning takrorlanishi) ham mohiyatan so‘z takrorining xususiy ko‘rinishlaridir. Shunga monand, mumtoz she’riyatimizdagi radif va hojib ham so‘z takrorining bir turi bo‘lib, ular qat’iy belgilangan o‘rinda - qofiyadan keyin va qofiyadan oldin takrorlanishi bilan farqlanadi.
SHe’riy misralarda aynan bir so‘zning emas, balki ma’noni kuchaytirib takrorlashga asoslangan usul gradatsiya deb yuritiladi. Masalan, Iqbolning she’ridan olingan tubandagi parchada ma’noning kuchaytirilgan takrori kuzatiladi:
Sevgilim,
dilsizlar dillarimizni,
toshbo‘ron qilsalar,
vayron qilsalar,
tikonlar qoplasa yo‘llarimizni...
E’tibor bering: toshbo‘ron vayronalikka olib keladi, vayrona esa tikonzorga aylanishi bilan xarakterlanadi - ma’noning kuchaytirilgan takrori bu o‘rinda lirik qahramon kechinmalaridagi dinamikani berish bilan birga o‘quvchida ham tuyg‘uni kuchaytirib, kechinmani chuqurlashtirib boradi.
Tabiiyki, biz she’riy nutqning tashkillanishiga xos barcha xususiyatlar, barcha usul va vositalarga mufassal to‘xtalish imkoniga ega emasmiz. Demak, berilgan yo‘nalish asosida bu haqdagi tasavvur va bilimlaringizni boyitish sizning zimmangizga tushadi. Buning uchun sizdan she’rni mutaxassis sifatida o‘qish, ya’ni, yuragingizni "jiz" etkizgan she’rga mutaxassis sifatida qarash, o‘sha she’r nimasi bilan ko‘nglingizga o‘tirishganiyu shoir qaysi usul va vositalar bilan dilingizga yo‘l topa bilganini anglashga intilishingiz talab qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |