Samaradorlikning eng muhim ko’rsatkichlari (KPI)
Mas’ul davlat organlari birinchi rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning bosh mezonlaridan biri etib O’zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo’lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o’rnini yaxshilash belgilandi:
Insoniyat taraqqiyoti, barcha sohalarda kechayotgan globallashuv jarayonlar, sifat va tarkibiy o'zgarishlar xalqaro hamkorlik va aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish barobarida har bir mustaqil mamlakatning ushbu holatlarga yangicha qarashga, ular bilan birga odim tashlash vazifasini ko'ndalang qo'ymoqda. Bu esa, eng avvalo, o'sha mamlakatning jahon miqyosidagi o'rni, xalqaro reyting va ko'rsatkichlarda tutgan mavqei bilan belgilanadi. Bugun hayotning har bir jabhasida yangilik va bunyodkorlik ishlari jadal sur'atlarda davom etmoqda. Tabiiyki, bunday yangilanishlar natijasi nafaqat xalqimiz hayotida, balki nufuzli xalqaro reyting va indekslar ko'rsatkichlarida ham o'z ifodasini topayotir.
Aytish kerakki, xalqaro reyting va indekslar har bir mamlakatning rivojlanish jarayonini o'zida namoyon etib, davlat boshqaruvi sifati, aholining turmush darajasi, inson huquqlari muhofazasi, tadbirkorlik faoliyati va xorijiy investorlar uchun qulay muhit, barqaror iqtisodiy o'sish va raqobatbardoshlik kabi muhim jihatlarning ko'zgusidir. Bu jihatlar mamlakatimizdagi islohotlar mohiyatida ham mujassam. Bularning barchasi inson qadrini ulug'lashga, odamlarning hayotdan rozi va mamnun bo'lib yashashini ta'minlashga xizmat qilishi bilan yanada teran mazmun kasb etadi. Prezidentimizning shu yil 2 iyunda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to'g'risida”gi farmoni yurtimizda bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko'tarishda muhim dasturilamal bo'ldi.
Mazkur farmonga muvofiq, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashi tuzilib, sohada parlament nazorati o'rnatildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbaeva bilan suhbatimiz mazkur farmon ijrosini ta'minlash, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlar xususida bo'ldi.
— Ilgari ustuvor xalqaro reyting va indekslar bo'yicha ishlarni hukumatning maxsus komissiyasi muvofiqlashtirib kelar edi. Prezidentimiz farmoni bilan bu borada respublika kengashi tuzilishiga nima sabab bo'ldi?
— Xalqaro reyting va indekslar dunyodagi institutsional muhitning sifatini baholashda iqtisodiy rivojlanishning asosiy sharti sifatida jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan vositadir. Ular nafaqat ekspertlar, balki davlatlar darajasida ham islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy siyosat mezoni sifatida qo'llanib kelinadi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ko'pgina ustuvor reytinglarda yuqorilab borayotgani yurtimizda aholi turmush farovonligini oshirish, jamiyatimizda ochiqlik, oshkoralikni ta'minlash borasida qilinayotgan ezgu ishlarning muhim natijasidir.
Masalan, yaqinda BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkilotining (YUNIDO) “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi” bo'yicha hisoboti chop etildi. Unda mamlakatimiz ilk marotaba aks ettirilib, 152 ta mamlakat orasida 92-o'rinni, MDHga a'zo davlatlar orasida 5-o'rinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 2-o'rinni egalladi.
Aytish kerakki, bugun jamiyatimizdagi islohotlarning bosh maqsadi xalqimizni rozi qilishdek ezgu maqsadga yo'naltirilmoqda. Barcha sa'y-harakatlarimiz, islohotlarimiz, qabul qilayotgan qonun va qarorlarimiz zamirida ham ushbu maqsad mujassam. Aholi yuritilayotgan siyosatdan qanchalik rozi bo'lsa, turli reyting va indekslardagi o'rnimiz o'z-o'zidan oshib boraveradi.
Xususan, iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, iqtisodiy o'sish istiqbollarini yaxshilashga qaratilgan bosqichma-bosqich islohotlar 2020 yilda Jahon bankining “Biznes yuritish” indeksida 76-o'rindan 69-o'ringa ko'tarilishimizga, “Transparency International”ning Korruptsiyani qabul qilish indeksi hamda “World Justice Project”ning Qonun ustuvorligi indeksida mamlakatimiz o'rni yaxshilanishiga olib keldi. Shu bilan birga, bu yo'nalishda hali qilinishi kerak bo'lgan vazifalar talaygina. Prezidentimiz farmoni asosida davlat organlari faoliyati natijadorligini oliy, ya'ni parlament darajasida nazorat qilish belgilanganidan maqsad — bu borada vazirlik va idoralar rahbarlarining mas'uliyatini oshirishdir. SHu bois, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha respublika kengashi tashkil etildi. Oliy Majlis deputatlari va senatorlarining xalq tomonidan saylanishini inobatga oladigan bo'lsak, mazkur mexanizm sohadagi chora-tadbirlar ijrosi ustidan xalq nazorati o'rnatilganligini anglatadi.
Endilikda vazirlik va idoralar rahbarlari o'zlari mas'ul bo'lgan reyting va indekslarda ko'rsatkichlarni yaxshilash bo'yicha amalga oshirilgan ishlar va belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan respublika kengashida hisobot berib boradilar.
Xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatimiz o'rnining yaxshilanishi ko'p jihatdan qabul qilayotgan qonunlarimizning joylardagi ijrosiga bog'liq. SHuning uchun ham kengash tarkibiga mahalliy hokimlar kiritildi. Bu esa qonun talablarining joylardagi ijrosi yuzasidan muammolarni vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beradi. Shu orqali bu yo'nalishdagi ishlarda parlament, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklarning o'zaro hamkorligi ta'minlanadi, sansalorlik holatlarining oldi olinadi, barcha ishlar muvofiqlashtirilgan holda tashkil etiladi.
— Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash mamlakatimiz uchun butkul yangi yo'nalish hisoblanadi. Shu ma'noda vazirlik va idoralar, sud va prokuratura organlari, mahalliy hokimliklar bunga qay darajada tayyor?
— Albatta, bu ko'p vaqt sarflanadigan, progressiv bilimlarni talab etuvchi yangi jarayonlardan biri. Bu, shubhasiz, mas'ul davlat organlarining o'zlariga biriktirilgan xalqaro reyting va indekslar metodologiyasini izchillik bilan o'rganish, uni to'g'ri talqin qila olgan holda amaliyotga tatbiq eta olish, xalqaro reyting va indeksni beruvchi tashkilot bilan aloqalarni o'rnata olish bilan bog'liqdir.
Ochig'i, barcha vazirlik va idoralar, ayniqsa, joylardagi hokimliklar yoki parlament a'zolarining barchasi ham masalaning tub mohiyatini to'la anglab etdi, deb aytish mushkul. Yuqorida aytganimdek, reyting va indekslar joylardagi vaziyatga bog'liq, qonunlarning ijrosiga bog'liq. Ming afsuski, joylardagi hokimliklar yoki davlat organlari vakillarining ba'zida bilib-bilmay aytgan gap-so'zlari yoki xatti-harakatlari reyting va indekslardagi o'rnimizga salbiy ta'sir qiladi. Shu o'rinda barcha rahbarlar, ular qaysi darajadagi rahbar bo'lishidan qat'i nazar, o'z harakatlarini qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshirishlari zarur ekanini yana bir karra ta'kidlamoqchiman. Odamlar bilan muloqotlarda esa inson sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi shart.
Har bir tizimda ishlarimizni samarali tashkil etish maqsadida barcha vazirlik va idoralarda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo'yicha tarkibiy bo'linmalar tashkil etilishiga erishdik. Bu esa ishimizni ancha osonlashtiradi. Ajratilgan alohida xodimlar doimiy ravishda o'zlarining vazirligi yoki idorasi mas'ul bo'lgan xalqaro reyting va indeks bo'yicha ish olib boradi.
Xalqaro reyting va indekslarning ahamiyati, oldimizda turgan ustuvor vazifalarni belgilash, reyting agentliklarining metodologiyalarini o'rganish maqsadida mahalliy hokimliklar hamda vazirlik va idoralar mas'ullari uchun maxsus treninglarni boshladik. Shu bilan birga, eng asosiy ishimiz qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amaldagi ijrosini, bir so'z bilan aytganda, qonun ustuvorligini ta'minlashdir. Bu borada biz parlament va jamoatchilik nazoratini qat'iy yo'lga qo'yishga kirishdik va, albatta, ijobiy natijalarga erishamiz.
— Bugungi kunda xalqaro miqyosda ustuvor hisoblangan to'rtta xalqaro reyting va indeksda O'zbekiston hali e'tirof etilmagan. Buning sababi nimada? Ushbu reytinglarda mamlakatimiz o'rnini aks ettirish bo'yicha qanday choralar ko'rilmoqda?
— O'zbekistonning ushbu xalqaro indekslarda e'tirof etilmaganiga bir necha sabablar bor. Masalan, Jahon iqtisodiy forumining “Global raqobatbardoshlik indeksi”ga mamlakatimizni kiritish masalasi yuzasidan Moliya vazirligi olib borgan muzokaralar natijasida indeksga kirish jarayoni 2 yil muddatni talab etishi ma'lum bo'ldi.
Birinchi yilda tashkilot tomonidan O'zbekistonda rasmiy so'rovnoma o'tkazish uchun hamkor, ya'ni nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari tanlab olinadi va so'rovnoma o'tkaziladi. Ikkinchi yilda so'rovnoma natijalaridan kelib chiqib, O'zbekistonning indeksdagi norasmiy o'rni belgilanadi hamda ularning O'zbekiston ko'rsatkichlarining haqiqiy tendentsiyalari bilan qay darajada mos kelishi tekshirib ko'riladi. Tendentsiyalar maxsus ekspertlar tomonidan 2 yil mobaynida muntazam kuzatilib boriladi va tahlil qilinadi.
Xalqaro byudjet hamjamiyatining “Byudjet ochiqligi indeksi”ga kirish masalasiga to'xtaladigan bo'lsak, indeks bo'yicha mamlakatda tadqiqot o'tkazish uchun zarur resurslar (jumladan, mablag'lar) faqatgina xalqaro nodavlat tashkilotlar va institutlar (donorlar) hisobidan amalga oshiriladi.
Hamjamiyatning asosiy talablaridan biri — tadqiqot o'tkazishdagi mahalliy hamkor sifatida mustaqil fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlar) bo'lishi zarur. Mazkur indeks hisobotida mamlakatimizni aks ettirish bo'yicha yakuniy qaror tashkilotning joriy yil avgust oyidagi yig'ilishida ko'rib chiqilishiga kelishilgan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “To'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni tartibga solish cheklovlari indeksi”da O'zbekistonni e'tirof etish maqsadida tuzilma mas'ul rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazildi. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan birgalikda “Investitsion siyosat sharhi — O'zbekiston” nomli hisobotni ishlab chiqish va bu orqali indeksda mamlakat o'rnini aks ettirish imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Kornell universiteti, Xalqaro intellektual mulk tashkilotining “Global innovatsiyalar indeksi”da mamlakatimiz o'rnini aks ettirish masalasida Innovatsion rivojlanish vazirligi muzokaralar o'tkazmoqda. Hozir ushbu indeksda talab etilgan zarur statistik ma'lumotlarni jamlash bo'yicha hamkorlikda ishlar yo'lga qo'yilgan.
— Xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlarni mamlakatimizdagi islohotlar bo'yicha xolis va zarur ma'lumotlar bilan o'z vaqtida ta'minlash masalasi o'z echimini topganmi?
— Albatta, bunday ma'lumotlar turli axborotnomalar shaklida tegishli tashkilotlar, xususiy investorlar hamda xalqaro ekspertlarga jo'natilmoqda. Shuningdek, ular vazirliklarning rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ham keng jamoatchilik e'tiboriga havola etib borilmoqda.
Bundan tashqari, ayrim reyting va indekslarda talab etilgan statistik ma'lumotlar respublikamizning davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan shakllantirilgan statistik ma'lumotlar bazasiga asoslanadi. Masalan, BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”da jami 206 ta milliy indikator tasdiqlangan. Davlat statistika qo'mitasi tomonidan yaratilgan maxsus saytga bu boradagi zarur ma'lumotlar doimiy ravishda joylashtiriladi. SHuningdek, xalqaro reyting va indekslar uchun kerakli ma'lumotlar davlat idoralari tomonidan muntazam yangilanib boriladi. Misol uchun, hukumat portali doirasida “Ochiq ma'lumotlar portali” ishga tushirilgan. Mazkur portal Davlat statistika qo'mitasining davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma'lumotlar bazasi yuritilishi va yangilanishi, shuningdek, tegishli axborotlarning o'z vaqtida aks ettirilishini muvofiqlashtirib kelmoqda.
Umuman olganda, xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlar tadbirkorlar va aholi o'rtasida o'tkazilgan so'rovnomalar natijalariga, nodavlat notijorat tashkilotlar ma'lumotlariga hamda milliy va xorijiy ekspertlar xulosalariga tayanadi. Bu esa, o'z navbatida, respublika miqyosida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohadagi islohotlar va ularning natijalaridan mahalliy aholi va tadbirkorlar qay darajada xabardor ekanini ko'rsatib beradi.
— Hozirgi kunda mamlakatimiz qaysi reyting va indekslarda quyi pog'onalarda qolmoqda va buning asosiy sabablari nimalardan iborat?
— Asosan, siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda mamlakatimiz o'rinlari nisbatan quyi pog'onalarda. Masalan, So'z erkinligi va hisobdorlik indeksida 191-o'rinda, Normativ sifat indeksida 184-o'rinda, Korruptsiyani nazorat qilish indeksida 183-o'rinda, Qonun ustuvorligi indeksida 182-o'rinda, Jahon matbuot erkinligi indeksida 156-o'rinda turibmiz. Albatta, so'nggi 3-4 yil mobaynida ushbu sohalarni tartibga soluvchi ko'plab qonun hujjatlari qabul qilindi, turli institutsional o'zgarishlar ro'y berdi.
Xususan, mamlakatimizda so'z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va to'siqlarsiz faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoit yaratish va ularni yanada rivojlantirish hamda jurnalist va blogerlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Bu boradagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish, turli organlar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi. Korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini yurituvchi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi.
Qator sohalardagi o'zgarishlar bilan bog'liq qonunchilikning jadal rivojlanishi ayrim hollarda amaldagi qonun hujjatlariga zid bo'lgan ko'plab normalarning vujudga kelishiga sabab bo'ldi. SHuning uchun ham qonunchilikni tubdan qayta ko'rib chiqish, uni tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, ijrosi monitoringini takomillashtirish maqsadida Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish kontseptsiyasi ishlab chiqildi.
Biroq shuncha ishlarga qaramay, indekslardagi ko'rsatkichlar bu borada hali kamchiliklarimiz borligini ko'rsatib turibdi. SHu bois, qator muhim vazifalarni belgilab olganmiz. eng avvalo, O'zbekiston Respublikasining korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqishimiz zarur bo'ladi.
Shuningdek, davlat organlarida korruptsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy baholash tartibini belgilash va davlat boshqaruvi sohasida korruptsiyaning oldini olish bo'yicha reytingini shakllantirishni yo'lga qo'ymoqchimiz. Shu bilan birga, mamlakatimizning Korruptsiyaga qarshi davlatlar guruhi (GREKO) xalqaro tashkilotiga a'zo bo'lishi va bu tashkilotning korruptsiyaga qarshi tegishli konventsiyalari talablarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish masalasini ham o'rganib chiqishimiz lozim.
Ommaviy axborot vositalari, fikrlar xilma-xilligi va so'z erkinligini ta'minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashimiz zarur. Ayniqsa, jurnalistning qonuniy professional faoliyatiga to'sqinlik qilishga oid huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlikni belgilashimiz kerak.
Respublikaning siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda quyi pog'onalardan joy olganligining sabablaridan yana biri mazkur reyting va indekslar, asosan, jamoatchilik fikri va xalqaro ekspertlar xulosasi asosida shakllantirilishidadir. Qolaversa, indeks yurituvchi tashkilotlar so'rovnomalari faqatgina mustaqil fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlar) bilan hamkorlikda o'tkazilishini inobatga olib, respublika miqyosida bunday tashkilotlar kamligi hamda ular tomonidan tadqiqot ishlarini amalga oshirish salohiyati cheklanganligi kabi omillar ham bunga sabab bo'lishi mumkin.
Shu o'rinda alohida qayd etishimiz zarur, har bir davlat organi, ayniqsa, respublika darajasidagi vazirlik, idora, tashkilotlar huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilib, ular bilan yaqin hamkorlik o'rnatilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi.
— Yaqinda BMTning “Raqamli hukumatni barqaror rivojlanishi yo'lidagi o'n yillik harakat” nomli hisoboti e'lon qilindi. 2020 yil uchun dunyoda elektron hukumat rivojlanishi natijalari taqdim qilingan ushbu reytingda O'zbekiston 6 ta pog'onaga tushib, 87-o'rinni egalladi. Nima deb o'ylaysiz, nima sababdan mamlakatimiz avvalgi o'rnini yo'qotdi?
— Albatta, O'zbekiston umumiy reytingda 6 ta pog'onaga pasaydi. Lekin reytingni shakllantiruvchi komponentlar bo'yicha birmuncha o'sish kuzatilgan. Masalan, ushbu reytingning “Inson kapitali”, “elektron ishtirok” va “Telekommunikatsiya infratuzilmasi” indekslari bo'yicha ko'rsatkichlar 0,01 dan 0,14 punktgacha oshgan.
“Elektron ishtirok” indeksi bo'yicha respublikamiz o'zining ko'rsatkichini 0,80 punktgacha oshirib, umumiy reytingdagi o'rnini 13 pog'onaga ko'tardi va 46-o'rinni egallab, elektron ishtirok indeksining juda yuqori rivojlanish darajasiga ega mamlakatlar ro'yxatiga kirdi. Vaholanki, 2018 yilda ushbu indeks bo'yicha mamlakatimiz 59-o'rinda edi.
Bundan tashqari, O'zbekistonga ochiq ma'lumotlar bo'yicha eng yuqori ball berildi. Albatta, “elektron hukumatni rivojlantirish” reytingidagi o'rnimiz pasayishiga ayrim omillar ta'sir qildi. eng avvalo, ta'kidlash joizki, 2018 yildan joriy yilning aprel` oyiga qadar respublikamizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va “elektron hukumat” tizimini joriy etishda yagona muvofiqlashtiruvchi organ mavjud bo'lmagan. Natijada reytingni oshirish bo'yicha aniq belgilangan chora-tadbirlar rejasi qabul qilinmagan va tegishli ishlar etarli darajada tashkil etilmagan. Hozir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu ishga mas'ul etib belgilangan. Shuningdek, milliy elektron xizmatlar portali hamda ta'lim, mehnat, ijtimoiy xizmatlar, sog'liqni saqlash, moliya va atrof-muhit sohalaridagi tegishli vazirlik va idoralarning veb-saytlari ham talabga to'liq javob beradi, deb ayta olmaymiz. Ushbu saytlar reytingning “elektron xizmatlar” komponentida 148 ta jihat bo'yicha baholab boriladi. Milliy onlayn xizmatlar portali va rasmiy veb-saytlarning mobil` qurilmalardan foydalanish uchun moslashgan shakllari etarli darajada joriy etilmagan. Shuningdek, tranzaktsiya xizmatlari darajasining pastligi, davlat bojlari, turli yig'imlar va jarimalarni to'liq elektron tarzda to'lash ham oxiriga etmaganligi reytingdagi o'rnimizga salbiy ta'sirini ko'rsatmoqda.
Reytingning “Inson kapitali” komponenti bo'yicha ham ishlashimiz kerak bo'lgan ayrim kamchiliklar bor. Masalan, masofaviy o'qitish imkoniyatlaridan to'liq foydalanilmayotgani, oliy ma'lumotga ega aholi qatlami bo'yicha aniq ma'lumotlar etarli emasligi reytingdagi o'rnimizga ta'sir qilmoqda.
Mobil` aloqa abonentlari, internet foydalanuvchilari ulushini begilaydigan “Telekommunikatsiya infratuzilmasi” komponentida esa respublikaning uzoq hududlariga yuqori tezlikdagi simli internet tarmog'i etib bormaganligi ham reytingdagi o'rnimizga o'z ta'sirini o'tkazmoqda.
Bu kamchiliklarni to'g'rilash bo'yicha ustuvor vazifalarni belgilab olganmiz. Umid qilamizki, navbatdagi hisobotlarda ushbu yo'nalishda mamlakatimiz o'rni yanada yaxshilanishiga erishiladi.
— Koronavirus pandemiyasi ko'p islohotlarimizga salbiy ta'sir qildi. Iqtisod deysizmi, sanoatmi, ta'lim va boshqa sohalar qiyin raqobat muhitida qoldi. Nima deb o'ylaysiz, bu holat reyting va indekslarda qanday baholanadi?
— Darhaqiqat, bugungi kunda koronavirus pandemiyasi global miqyosda butun insoniyatga xavf solayotganiga, barcha sohalarda turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotganiga barchamiz guvoh bo'lib turibmiz.
Pandemiya sharoitida, albatta, birinchi zarba iqtisodiyotga tushadi, rejalashtirilgan ko'plab islohotlar ijrosi ortga suriladi, asosiy e'tibor sog'liqni saqlash tizimini qo'llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, uning turmush darajasini yaxshilashga qaratiladi.
Xalqaro reyting agentliklari indekslarni hisoblab chiqishda yoki reytinglarni tuzishda, asosan, mamlakatning turli statistik ko'rsatkichlariga tayanadi. Tan olish lozim, pandemiya sababli statistik ko'rsatkichlarning yaxshi tomonga o'zgarishiga nisbatan ularning yomonlashish ehtimoli yuqoriroq.
Shu sababli keyingi yillarda xalqaro reyting va indekslardagi o'rnimizning joriy holatida saqlab qolinishi yoki pastlashishi ehtimolini nazardan qochirib bo'lmaydi. Biroq unutmaslik kerakki, pandemiya bitta yoki bir nechta davlatda emas, balki butun dunyo mamlakatlariga bevosita salbiy ta'sirini o'tkazmoqda.
Shu bois, balki boshqa davlatlarning ham reytinglardagi o'rni pastlashishi sabab mamlakatimizning o'rni tom ma'noda ko'tarilishi yoki joriy holatda saqlanib qolishi ham ehtimoldan xoli emas.
Har qanday vaziyatda ham xalqimizning azaliy qadriyatlaridan kelib chiqib hamisha yaxshi niyat qilish, ertangi kunga umid bilan boqish tuyg'usi dilimizda yashamoqda. Ishonchimiz komilki, barchamiz, butun xalqimiz bir jon, bir tan bo'lib bahamjihatlikda harakat qilsak, bu sinovlarni albatta engamiz.
Pandemiyadan taraqqiyotimizning ertangi yo'nalishlarini belgilaydigan yangi xulosalar, yangi g'oyalar, yangi kuch bilan chiqib, rivojlanish yo'lini izchil davom ettiramiz.
Bugun Oʻzbekiston mintaqada barcha sohalarda jadal surʼatlarda rivojlanayotgan mamlakat – bu xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilayotgan eʼtirof. Rivojlanish, taraqqiyot esa oʻz-oʻzdan boʻlmaydi. Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotda kuzatilayotgan hozirgi oʻzgarish va yutuqlar mamlakat rahbari tomonidan koʻtarilgan keng qamrovli chora-tadbirlar hamda ijrochilarning mashaqqatli mehnat mahsuli ekanligi shubhasiz. Bu eʼtiroflar, dastlabki yutuqlar oʻzimizniki albatta. Lekin ularni yana-da yaxshilash mamlakat siyosatining asosiy maqsadlaridan biridir.
Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi Farmoni ana shu saʼy-harakatlarni yangi pogʻonaga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Oqibat natijada mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi jozibadorligini oshirish mezoni boʻlib xizmat qiladigan xalqaro reyting va indekslarni oshirish jarayonida parlamentning oʻrni qanday boʻladi? Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 4-iyun kuni “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash borasida parlamentning, xususan, Qonunchilik palatasining roli” mavzusida oʻtkazilgan seminar ana shu mavzuga qaratildi va Prezident farmoni mazmuni va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda parlament oldida turgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Jahon banki, Birlashgan millatlar tashkiloti, Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon iqtisodiy forumi, Xalqaro byudjet hamkorligi, INSEAD xalqaro biznes-maktabi va Economist Intelligence Unit kabi xalqaro reyting agentliklari va tashkilotlari bilan rasmiy aloqalar yoʻlga qoʻyildi.
Oʻtgan davr mobaynida xalqaro reyting agentliklarining 2019-2020-yillarda chop etilgan hisobotlariga binoan respublikaning iqtisodiy reytinglardagi oʻrni sezilarli darajada oʻsdi. Xususan “Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentliklarining bahosiga koʻra 2019-yilda mamlakatning suveren kredit reytingi “BB–” barqaror darajada saqlanib qolmoqda.
Jahon banki “Biznes yuritish 2020” yangi yillik hisobotida (Doing Business 2020) soʻnggi bir yilda Oʻzbekiston Respublikasi biznes islohotini amalga oshirishda eng katta yutuqlarga erishgan 20 ta mamlakat qatoriga kirishga imkon bergan toʻrtta islohotni amalga oshirgani toʻgʻrisidagi axborotni tarqatdi. Shuningdek, 2019-yilda Oʻzbekiston ushbu reyting hisobotida dunyoning 190 mamlakati orasida 69-oʻrinni egallab, 7 pogʻonaga koʻtarildi.
2019-yilning sentyabr oyida Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlarining 2018-yil uchun eʼlon qilgan hisobotida Oʻzbekiston Respublikasi bir qator indikatorlardan yaxshilanganligini maʼlum boʻldi. Xususan, “Korrupsiyani nazorat qilish” indeksida 1 pogʻonaga, “Hukumat samaradorligi” indeksida 3 pogʻonaga, “Normativ sifat” indeksida 7 pogʻonaga, “Qonun ustuvorligi” indeksida 4 pogʻonaga, “Soʻz erkinligi va hisobdorlik” indeksida 5 pogʻonaga koʻtarildi.
Seminarda Prezidentimizning 2020-yil 2-iyundagi Farmoni bilan xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etilayotgani, davlat organlarining birinchi rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash uchun masʼul qilib belgilangani alohida qayd etib oʻtildi. Shuningdek, mazkur hujjat bilan Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasining tashkil etilishi mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib borish imkoniyatini yaratishi, bu esa oʻz navbatida koʻzlangan natijaga erishishda ayni muddao boʻlishi qayd etildi.
Tadbirda soʻnggi toʻrt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamgʻarmasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pogʻonaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida 19 pogʻonaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pogʻonaga koʻtarilganligi eʼtirof etilib, ushbu yoʻnalishdagi ishlarning natijasini aks ettirishga moʻljallangan 2020-yil 1-oktyabrga qadar Internet tarmogʻida ishga tushirilishi belgilangan “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portali haqida maʼlumot berildi. Bu borada mamlakatimizda reytinglar boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi va mazkur sohada soʻnggi yillarda 10 ga yaqin qonunosti normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilingani, biroq mazkur yoʻnalishning ahamiyatini hisobga olgan holda parlamentning shu maqsadlarga yoʻnaltirilgan faoliyatini sezilarli darajada takomillashtirish lozimligi qayd etildi.
Xalqaro reyting va indekslarni belgilashda qanday faktorlar, koʻrsatgichlar mezon boʻlib xizmat qiladi? Mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat oʻrtasidagi imidjini yaxshilash uchun, investorlar uchun jozibadorlikni koʻtarish uchun qanday omillarga eʼtiborni kuchaytirish kerak? Aynan shunday maqsadlarga erishilishini huquqiy jihatdan toʻliq taʼminlash uchun parlament qanday hujjatlar qabul qilinishiga eʼtiborni oshirishi talab etiladi? Seminarda tegishli masʼul vazirlik va idoralarning mutaxassislari deputatlar tomonidan koʻtarilgan shunday masalalarni atroflicha va toʻliq yoritganliklari iliq qabul qilindi. Parlament aʼzolari oʻzlarining qimmatli takliflarini bildirish barobarida ushbu yoʻnalish uchun xos boʻlgan oʻta nozik jihatlarni, koʻnikmalarni oʻrganganliklarini eʼtirof etdilar. Shu bilan birga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini taʼminlashda parlamentning nazorat va qonun ijodkorligi funksiyalarini takomillashtirish lozimligi taʼkidlandi.
Seminarda deputatlar xalqaro reytinglar nafaqat iqtisodiy koʻrsatkichlar, balki muayyan mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, jumladan inson huquqlarini, siyosiy hayotda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash sohasidagi amaliy ishlarga ham baho berishi haqida toʻxtalib, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 4-bandida belgilangan “qonun loyihalarining Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha tavsiyalarga mosligini oʻrganish amaliyotini yoʻlga qoʻyish” boʻyicha parlament tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldilar.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati
O’zbеkiston Rеspublikasining Konstitutsiyasi. - T.: «O’zbеkiston», 2005.
Tashqi iqtisodiy faoliyat to’g’risida. - T.: «Adolat», 2004.
O’zbеkiston Rеspublikasi Еr kodеksi.– T.: «Adolat», 2004.
Qishloq xo’jaligi koopеrativlari (shirkatlari) to’g’risida. – T.: «Adolat», 2004.
Fеrmеr xo’jaligi to’g’risida.– T.: «Adolat», 2004.
Dеhqon xo’jaligi to’g’risida.– T.: «Adolat», 2004.
Dostları ilə paylaş: |