Xalqaro reyting va indekslar: davlat organlari rahbarlariga KPI belgilandi 2 iyun kuni prezident tomonidan O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash, davlat organlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risidagi farmon imzolandi.
So‘nggi 4 yil mobaynida mamlakat «Iqtisodiy erkinlik» indeksida 52, «Logistika samaradorligi» indeksida – 19, «Doing Business» indeksida – 18 pog‘onaga, IHTTning «Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash» tizimida 6-guruhdan 5-guruhga ko‘tarildi, deb ta'kidlanadi hujjatda.
Norma’ning yozishicha, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston o‘rnini quyidagilar orqali yaxshilashdan iborat:
mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni hisobga olish, shuningdek mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish;
Davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratlashtirish, ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish;
davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan NHH va ularning loyihalarini mamlakatimizning o‘rniga ta'siri nuqtai nazaridan kompleks baholab borish.
Kengashning ishchi organlari – Moliya va Adliya vazirliklari. Ishchi organlar bo‘yicha taqsimlangan ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga qaratilgan ta'sirchan choralar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi hamda ushbu yo‘nalishda tizimli xalqaro hamkorlik olib borilishi ustidan Kengash tomonidan nazorat o‘rnatiladi.
Ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha mamlakatimizning o‘rnini yaxshilash – mas'ul davlat organlari birinchi rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning bosh mezonlaridan biri. U bo‘yicha eng muhim ko‘rsatkichlar (KPI) belgilandi. Ularga erishish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan quyidagilar ishlab chiqilishi va kengashga tasdiqlash uchun taqdim etilishi lozim:
2020 yilning ikkinchi yarmi davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlari (bir oy muddatda);
Kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlari (har yil 1 dekabrga qadar).
Ularda xalqaro reyting va indekslarning navbatdagi nashrida zarur ko‘rsatkichni qayd etishga qaratilgan amaliy takliflar, shuningdek reyting va indekslarni e'lon qiluvchi tashkilotlar hamda ularni tuzishda foydalaniladigan axborot manbalari bilan hamkorlik qilish mexanizmlari nazarda tutilishi lozim.
Mas'ul davlat organlarining birinchi rahbarlari har bir chorak yakuni bo‘yicha:
kengash ishchi organlariga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, zarur statistik axborotlar va boshqa materiallarni taqdim etadi (keyingi oyning 15-sanasiga qadar);
Kengash raisi yoki o‘rinbosarining rahbarligida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda tegishli xalqaro reyting va indekslarda KPI'ga erishish uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot beradi (keyingi oyning 30-sanasiga qadar).
2019 yil martda tashkil etilgan komissiya kengashga ko‘maklashadi va tegishli yo‘nalishda mas'ul davlat organlari ishini muvofiqlashtirib boradi. Mas'ul davlat organlari hamda tadqiqot institutlari tegishli reyting va indekslar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi ma'lumotlarni kengash ishchi organlariga muntazam ravishda taqdim etib boradi.
Adliya vazirligida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etiladi.Boshqarma bir oy muddatda yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldiriladi.
«O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda» portalining ishga tushirilishi 2020-yil 1 oktyabrga ko‘chirildi (dastlabki sana – 2019 yil 1 aprel). Moliya vazirligiga buni manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda amalga oshirish topshirildi. Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda portal uzluksiz ishlashini ta'minlash va uni yangilab borish uchun mas'ul etib belgilangan.
Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlash, davlat organlari va tashkilotlarida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda – Kengash) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.