Sodda gap — oʻz tarkibida birgina predikativ birlikka ega boʻlgan, maʼlum fikr ifodalay oladigan, grammatik va intonatsion jihatdan shakllangan sintaktik birlik (Sen kosmonavt boʻlmoqchimisan? Togʻ tepasida toʻplanayotgan bulutlar tushga borib quyuqlasha boshlaydi. Men sizga mashq chalib beray). Sodda gap bir predikativ aloqani namoyon qiluvchi sodda birlik sifatida ikki yoki undan ortiq sodda predikativ birliklarning qoʻshilmasidan iborat boʻlgan qoʻshma gapga qaramaqarshi qoʻyiladi.
Sodda gapning asosiy tavsiflari quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin: uning muayyan soʻz shakllari (ran predikativ asosining tarkibiy qismlari) orqali shakllanuvchi sintaktik strukturasi va mazkur tarkibiy qismlarning oʻzaro munosabati; uning semantik strukturasi; soʻz tartibi va ohang; ran predikativ asosining tarkibiy qismlari yoki predikativ asosning kengaytiruvchilari hisoblangan gap boʻlaklari.
Sodda gap tuzilish asosining miqdoriga koʻra, 2 turli boʻladi; ikki tarkibli ran, bir tarkibli ran. Ikki tarkibli gapning predikativ asosi ega va kesim boʻlaklaridan iborat boʻladi (Salqin shamollargina qizning sochlari bilan oʻynashadi. Koʻkda tanho oy kezmoqda). Bir tarkibli gapning predikativ asosi ega yoki kesimga ega boʻladi. Oʻzbek tilida bir tarkibli gaplarning quyidagi turlari bor: shaxsi aniq ran (Shu yorugʻ yoʻlda sizga zoʻr baxtlar tilayman); shaxsi nomaʼlum ran (Joʻjani kuzda sanaydilar); shaxsi umumlashgan ran (Dehqon boʻlsang shudgor qil, mulla boʻlsang takror qil); shaxssiz ran (Toʻrtbesh kundan keyin terimga tushiladi); atov ran yoki nomlovchi ran (Ana sovuq, mana qor! Mana Oʻsarjonning bolasi... Samarqand. Registon maydoni...).
Sodda gap yigʻiq yoki yoyiq boʻlishi mumkin. Yigʻiq Sodda gap bosh boʻlaklardangina, yaʼni birgina predikativ sintagmadangina iborat boʻladi (Ish boshlandi. Ular kelishyapti); yoyiq Sodda gap bosh va ikkinchi darajali boʻlaklardan tashkil topadi, yaʼni uning tarkibida predikativ sintagma bilan birga boshqa sintagmalar ham boʻladi (Nizomjon opasining gaplarini chin yurakdan eshitib oʻtirardi).
“Sodda gap qolipi va uning turlari” modulining o‘rganilishi
Ma’lumki, mustaqillik yillarida millatimiz ma’naviy qadriyatlari va axloqiy ustunlarimizning tiklanishi hamda kamol topishiga poydevor yaratildi. Ona tilimiz mavqeyining tiklanlanganligi, uning davlat tili maqomiga ega bo‘lganligi shular jumlasidan. Boshqa fanlar qatorida tilshunosligimizning dolzarb muammolariga yana bir karra e’tiborni jalb qiladi. Demak, bugungi kunda ona tili, o‘zga tillarga hurmat muammosi bilan birga davlat tili madaniyatini yuksaltirish asosiy vazifalardan biri bo‘lsa, iste’molga kirayotgan davlat tili madaniyati tushunchasi esa axloqiy, ma’naviy kategoriyadan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa tilning milliy tabiati yaqqol aks etadigan grammatik qonuniyatlarni ana shu metodologik asoslarga tayangan holda chuqur tahlil qilish, muammoga til va tafakkur, til va ma’naviyat, til va madaniyat mushtarakligidan kelib chiqqan holda munosabatda bo‘lishni taqozo qiladi.
Har qanday millatning o‘zligi uning tilida yaqqol namoyon bo‘ladi va uning ontologik belgisi sifatida amal qiladi. Ayniqsa, bu tilning grammatik qurilishida yorqin ifodasini topadi. So‘zlararo bog‘lanish usullari, bog‘lovchi omillarning xususiyatlari va tarkibi, gap qurilishining milliy tafakkur tarziga mos bo‘lishi, gap qurilishi qoliplarining milliy o‘ziga xos xususiyatlari bu hodisalarning har birini milliy ruhiyat va ong, tafakkur tarzi tushunchasidan kelib chiqqan holda va u bilan dialektik aloqadorlikda o‘rganishni talab etadi. Ishimizda sodda gaplarning lisoniy-sintaktik qurilishini o‘rganish maqsad qilib qo‘yilgan ekan, o‘zbek tili grammatikasining milliylikni aks ettiruvchi bu jihatlarini tahlil qilishda substansial tadqiq usullaridan foydalanish samarali deb bilamiz.
O‘zbek tilshunosligida tilimizning mohiyati, uning xilma-xil muammolarini yoritishga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan va yaratilmoqda. Bugun o‘zbek tilshunosligi turkiy tilshuunosliklar orasida peshqadamlardan ekanligi ham mubolag‘a emas[6,9]. Chindan ham, tilimiz jonkuyari Nizomiddin Mahmudov ta’kidlaganidek, “o‘zbek tilining mustaqillik sharoitida rivoji bilan bog‘liq jarayonlarni xolis ilmiy-nazariy asoslarda tadqiq etishni yanada muntazamlashtirish maqsadga muvofiqdir” [7]. Bunda til, shaxs, jamiyat uchligi va bu uchlik a’zolari orasidagi munosabatlar hamda ular bilan bog‘liq qonuniyatlarni ochishga qaratilgan sa’y-harakatlar yetakchilik qilmog‘i lozim. Tabiiyki til, shaxs, jamiyat uchligi va uning tarkibidagi a’zolar orasidagi munosabatlar tadqiqi fanimizning keyingi taraqqiyotini belgilovchi ilmiy izlanishlarni talab etadi.
O‘zbek tilshunosligida XIX asrning ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida formal yo‘nalish ommaviy savodxonlikni ta’minlash, zamonaviy til me’yorlarini ommalashtirish kabi o‘z davri uchun o‘ta zarur masalalar yechimini maqsad qilib qo‘ygan edi[19].
Ma’lumki, o‘zbek tilshunosligida formal tahlil tamoyillarining keng va izchil ommalashishida ustoz Ayub G‘ulomovning xizmatlari beqiyosdir. Zero, ustoz o‘zbek tilshunosligining jadal rivojlanishiga formal tahlil o‘z oldiga qo‘ygan davr talablariga mos va muhim madaniy-ma’rifiy muammolarni yechishda ulkan hissa qo‘shgan. Ayni paytda, fidoyi olimning ulkan ilmiy merosi va cheksiz xizmatlari natijasi o‘laroq, o‘zbek tilshunosligining yutuqlari hozirgi kunda va kelajakda tilni tadqiq etishning lingvistik asosini tashkil etadi. Tilni tizim sifatida tadqiq etish asosida shakllangan struktural, semantik hamda substansial tahlil yo‘nalishlari, o‘z navbatida, o‘zbek formal tilshunosligi yaratgan mustahkam lingvistik asoslar poydevoriga tayanadi.
XX asrning 90-yillarida o‘zbek tilshunosligi fanida o‘ziga xos formal-funksional yo‘nalish shakllandi va bu haqdagi qat`iy xulosalar tilshunos M. Qurbonovaning "O‘zbek tilshunosligida formal-funksional yo‘nalish va sodda gap qurilishining talqini" nomli tadqiqotida bayon etilgan [33]. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, o‘zbek substansial tilshunosligi o‘z davrining ilg‘or lingvistik maktabi hisoblangan Praga strukturalizmidan lison-nutqni farqlash, lisoniy va nutqiy birliklarning tabiati haqidagi ilmiy qarashlarni qabul qildi, shuningdek, bu qarashlarni dialektik falsafaning substansiallik omili hamda umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab (qisqacha – UMIS) va yakkalik, hodisa, voqelik, oqibat (qisqacha–YHVO) kategoriyalari mazmuni bilan boyitdi. Natijada, lison va lisoniy birliklar UMIS sifatida, nutq va nutqiy birliklar esa YHVO mavqeyida talqin etildi. Boshqacha ifodalaganda, asosiy lingvistik tushunchalar dialektik mazmun bilan to‘ldirildi hamda dialektik kategoriyalarga mos ravishda tahlil qilindi. O‘zbek funksional tilshunosligi Praga strukturalizmidan bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi va jahon tilshunosligi rivojiga samarali hissasini qo‘shmoqda.
O‘tgan asrning 20-yillarida o‘zbek tili grammatikasiga ilmiy tamal toshlari qo‘yila boshlandi. Gap haqida Abdurauf Fitratning “Sintaksis”(“Nahv”) kitobida (1924-yilda chop etilgan) bir qancha ma’lumotlar berildi va bu darslik 1925-1930-yillarda uch marta nashr etildi. Bu kitobda gapga quyidagicha ta’rif berilgan: ”Bir fikr, bir o‘y anglatuvchi so‘z qo‘shumi gapdir”. Shu davr talablariga mos ravishda vujudga kelgan Fitratning “Sintaksis” asari bilan bir qatorda N.Said, A.Yo‘ldoshevlarning ”Grammatika”, H.G‘oziyevning ”O‘zbek tili grammatikasi” kitoblarini tilga olish o‘rinlidir. Ushbu darsliklarda sodda gap va qo‘shma gaplarni farqlashda ko‘proq egaga tayanilgan. O‘z navbatida, bu ega va kesimni subyekt va predikat bilan qorishtirib, tahlil qilishga olib keldi. Ahamiyatli tomoni shundaki, o‘sha davr sintaksisi uchun muhim bo‘lgan gap, sodda gap, gap bo‘laklari, ega, kesim, ikkinchi darajali bo‘laklar kabi tushunchalar Yevropa tilshunosligidan kirib keldi. 1940-yilda esa A.G‘ulomovning ”O‘zbek tili grammatikasi” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Bu kitob pedagogika bilim yurti o‘quvchilari uchun sintaksisdan darslik bo‘lib, unda sodda gap boshqa darsliklardagiga qaraganda kengroq yoritilgan edi. Darslikning ahamiyatli tomoni– unda sintaksisning nazariy tahlil usullari mukammal shakllanganligidadir. Quyidagi dalillar mazkur tahlil usullari haqida tasavvurni aniqlashtiradi:
1.Sodda gap ikki bosh bo‘lakdan –ega va kesimning birikishidan iboat.
2.Kesim ega haqidagi biror xabarni tasdiq yoki inkor formada ifodalashga xizmat qiladi. Bosh bo‘laklar ichida egaga mavqe beriladi. Kesim ega bilan shaxs-sonda moslashadi.
3.Sodda va qo‘shma gaplarni aniqlashda egaga tayaniladi.
An’anaviy o‘zbek tilshunosligi Moskva formal tilshunosligi tamoyillariga tayangan holda o‘zbek tili gap qurilishi talqinida rus tili ichki qurilishiga xos qonuniyatlarga ustuvorlik berib, tobelikning turkiy tillarga xos “o‘ngdan chapga” ko‘rinishini e’tibordan chetda qoldirdi. Oqibatda, boshqa gap bo‘laklari (“chapdan o‘ngga”) kesimga va faqat kesim egaga (“o‘ngdan chapga”) tobelanishi haqidagi mantiqiy-grammatik qonuniyat “hukmronligi” vujudga keldi. Bu esa gapni baholash markazida ega turishi haqidagi nazariyaga tayanishlarida ko‘zga tashlanadi.
O‘zbek substansial tilshunosligining vakillari bo‘lgan H.Ne’matov, N.Mahmudov, A.Nurmonov, R.Sayfullayeva, B.Mengliyev, M.Qurbonova, M.Abuzalova, S.Nazarovalar o‘z tadqiqotlarida o‘zbek tili sintaktik hodisalarida ham substansial va aksidensial jihatlarni farqladilar, gap va so‘z birikmalarining lison-nutq farqlanishi nuqtayi nazaridan izchil tavsifini berdilar hamda o‘z tadqiqotlarida so‘z birikmasi, sodda gap, qo‘shma gap, so‘z-gaplarning substansial mohiyati, lisoniy-sintaktik qoliplarini ishlab chiqishdi Nomlari sanab o‘tilgan tilshunoslar gapning eng kichik qurilish qolipini lisoniy birlik sifatida qabul qilishdi.
O‘zbek tilshunosligi rus tilshunosligi zamirida rivojlanganligi, shuningdek, logik oqimning ta’siri tufayli sodda gaplar [S–P] qolipida tasvirlandi va talqin etildi. Gap haqida zamonaviy ta’limot yaratgan zabardast olim A.G‘ulomov va uning izdoshlari o‘zbek tilida gap qurilishiga rus tilining grammatik qurilishiga xos me’yor va qoidalar asosida yondashdilar.
A.G‘ulomovning mazkur qarashi o‘zbek tilining substansial tabiatiga mos kelmas edi.Chunki “gapning asosi va yadrosi ega va kesim” degan fikrlariga zid o‘laroq, “gap tushunchasi kesim bilan zich bog‘langandir” degan qarash ham mavjud. Jahon tilshunosligidagi sistemaviy oqim zaminida o‘zbek tilshunosligi ham shakllandi va taraqqiy etdi. O‘zbek tilshunosligida tilga sustema sifatida yondashilib, lison va nutq hodisalari farqlandi hamda gapning til sathidagi eng kichik qolipi ishlab chiqildi. Tilshunos M.Qurbonova yozganidek, “Nutqimizda berilgan va an’anaviy sintaksisimizda atroflicha tahlil etilgan gap uning shakl va vazifa turlari til sathida ongimizda mavjud bo‘lgan umumiylikning, gap eng kichik qolipining turli lug‘aviy qurshov va nutq sharoitlarida minglab muayyan shakllarda yuzaga chiqishida namoyon bo‘lishi aniqlandi” [18,67].
Tilshunoslar sodda gapning til sathidagi mohiyatini belgilashda gap haqidagi sintaktik nazariyaning quyidagi talqiniga asoslanishdi:
1.Gapning eng kichik qurilish qolipi lisoniy birlik sifatida ongimizda mavjud umumiy birlik bo‘lib, u nutqimizda fikrni lisoniy qonunlarga muvofiq tarzda shakllantiruvchi va voqelantiruvchi imkoniyatdir.
2.Gapning eng kichik qurilish qolipini belgilashda uning tashqi qurilishi, ichki qurilishi va mohiyati ajratildi.
3.Gapning eng kichik qurilish qolipidan o‘rin oladigan tarkibiy qismlarning mohiyatini belgilashda birikuvchanlik (valentlik), ya`ni lug‘aviy birliklarga xos ma’noviy (semantik) va sintaktik, shuningdek, kesimlik shakllariga xos morfologik birikuvchanliklarga asoslanildi.
4.O‘zbek tilida gapning eng kichik qurilish qolipini belgilashda Hind-Yevropa tillari bilan turkiy tillar orasida gap qurilishidagi asosiy tafovut diqqat markazida turdi. Bu farq esa quyidagicha: Hind-Yevropa tillariga bir tarkibli gaplar umuman xos emas va gap qech qachon egasiz bo‘la olmaydi. Turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilida "Men xatni yozaman, sen xatni olib kelasan"gapi bilan "Xatni yozaman, olib kelasan" gapi orasida keskin farq yo‘q, ya`ni o‘zbek tilida kesim shaxs-son jihatdan mukammal shakllangandir [18,45].
Yuqorida keltirilgan to‘rt asos inobatga olinib, sodda gapning eng kichik qurilish qolipi [WPm] sifatida belgilangan va maxsus tadqiqot manbayi bo‘ldi. Mazkur ishda o‘zbek tilida gapning lisoniy bosqichdagi eng kichik qurilish qolipi – [WPm] – (atov birligi – [W] + kesimlik ko‘rsatgichlari – [Pm]) ko‘rinishiga ega ekanligi isbotlangan. Shu asosga tayangan holda sodda gapning nutqiy va lisoniy qurilishi orasidagi asosiy tafovut ochib berilgan edi [27, 5].
Bunda [W] – kesimning, gap kesimining atash, lug‘aviy ma’no bildirishga xizmat qiladigan qismi bo‘lib, mustaqil so‘z turkumiga oid bo‘lgan, ya`ni kesim vazifasida kela oladigan so‘zga, so‘z birikmasiga, kengaytirilgan birikmalar (sifatdosh, ravishdosh, harakat nomlari oborotlari)ga teng kelishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, [W] lisoniy qolipdagi imkoniyat bo‘lib, nutqda atov birligi vazifasini o‘tay oladigan va shu nutqning istagan bir birligi (so‘z, so‘z birikmasi va hatto gap) shaklida voqelanishi mumkin. [Pm] esa atov birligi [W]ni gap qolipi shakliga keltiruvchi vositalar majmuasining ramzi bo‘lib, u nutqda kesimlik kategoriyasi ko‘rsatgichlari shaklida reallashadi.
Hind-Yevropa tillaridan farqli o‘laroq, turkiy, xususan, o‘zbek tilida kesim grammatik eganing shaxs va sonini doimo aniq ko‘rsatib keladi. Chunonchi:keldim, keldi, keldik... Ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tilida kesim o‘z shakli bilan harakat(belgi)ning qaysi shaxs ba songa mansubligini ifodalab turibdi. Bu esa o‘z navbatida ega mavqeyining gap tarkibida pasayishiga, ko‘p hollarda yo‘qolishiga olib keladi. Negaki, kesimning morfologik tarkibi ega haqida to‘liq ma’lumot beradi. Shuning uchun gapning lisoniy bosqich, ya’ni zaruriyat, majburiyat, imkoniyat va umumiylik bosqichidagi qolipi tarkibida ega o‘rin ololmaydi. Ammo eganing gapdagi mavqeyini aniqlovchi, to‘ldiruvchi, hol bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Kesim markaziy bo‘lak bo‘lsa, ega birinchi darajali bo‘lakdir”. Zero, [WPm]=SG qolipining [Pm] qismida tasdiq-inkor, mayl, zamon va shular bilan birga, shaxs-son ma’nosi borki, gapning egasi keyingi grammatik ma’noni aniqlab, ochib keladi. Aynan shu ma’nosi asosida gaplarda ega tiklanishi yoxud tiklanmasligi mumkin. Bunday substansial yondashuv o‘zbek tili grammatik qurilishi talqinini tubdan yangilashga olib keldi.
[WPm]=SG har qanday ong birligi kabi bevosita kuzatishda berilmagan. Aniqrog‘i, biz [WPm]=SGning rang-barangligini, xilma-xilligini va turli-tumanligini to‘laligicha hech qachon ko‘ra olmaymiz, eshita olmaymiz, yoza olmaymiz. Faqat bizning ongimizgina uni butun murakkabligida qamrab oladi. Chunki ongimiz [WPm]=SGni gapning umumiyligi va imkoniyati sifatida umumlashtirar ekan, [WPm]=SGning tarkibiy qismlari bo‘lgan [W]ning ham, [Pm]ning ham yuz minglab juz’iy xususiyatlaridan ko‘z yumadi. Chunonchi, [W] vazifasida minglab o‘zbekcha so‘zlardan istalgan biri kela oladi va har biri alohida xususiylik bo‘lib, qator o‘ziga xosliklarga egadir. Xuddi shunday fikrni [WPm]=SGning [Pm] qismiga nisbatan ham aytish mumkin. O‘zbek tilida [Pm]ning yuzdan ortiq yuzaga chiqish shakllari mavjud. Har bir so‘z shaklining juz’iy xususiyatlari e’tiborga olinmay, barcha shakllar uchun umumiy bo‘lgan tasdiq/inkor, mayl/zamon, shaxs/son ma’nolarining birgalikda ifodalanishiga asoslanib, [Pm] bir butunlik sifatida olingan. [W] ham, [Pm] ham nutqda cheksiz miqdorda va xilma-xil turda voqelanadi. Biz bularning barchasini hech qachon sanay olmaymiz. Zeroki, o‘zbek nutqida qo‘llanilgan, qo‘llanilayotgan va kelgusida (o‘zbek tilida gapning yangicha qurilish qolipi rivojlanmaguncha) qo‘llaniladigan barcha gaplarda [WPm]=SG u yoki bu shaklda voqelanadi. [WPm]=SG – gapning eng kichik qolipi til birligi sifatida nutqdagi yozma va og‘zaki, imo-ishora va boshqa shakldagi gaplar sifatida voqelanadi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ega gap qurilishida aniqlovchi, to‘ldiruvchi, hollardan ko‘ra boshqacharoq mavqega ega. An’anaviy tilshunosligimizda ikkinchi darajali bo‘laklar deb ataladigan bu bo‘laklarning in’ikosi (aksi, simvoli, qandaydir ishorasi) [WPm] tarkibida yo‘qdir. Lekin egaga ishora [Pm] tarkibida mavjud.
Sodda gaplarda eganing bosh bo‘lakka ishora orqali tiklash mumkin yoki mumkin emasligiga ko‘ra sodda gaplar ikki turli bo‘ladi (ot markazli gaplar ham, fe`l markazli gaplar ham):
a) ikki tarkibli gaplar;
b) bir tarkibli gaplar.
Ikki tarkibli sodda gaplarda kesim tarkibidagi shaxs/son ko‘rsatgichlari asosida gapning egasi tiklanishi mumkin: Yozdim → Men yozdim. Yuvdi → U yuvdi.