6-MAVZU: SOHADA DAVLAT TILIDA ISH YURITISH MASALALARI. TASHKILIY HUJJATLAR. Reja: 1. Rasmiy hujjatlar tuzishdagi talablar
2. Tashkiliy hujjat turlari.
3. Tashkiliy hujjatlarning zaruriy qismlari.
Mashg‘ulotning maqsadi: Talabalarga sohada davlat tilida ish yuritish masalalari va tashkiliy hujjatlar bo‘yicha tusuncha berish.
TASHKILIY HUJJATLARGA QUYIDAGILAR KIRADI: Guvohnoma, yo‘riqnoma, nizom-ustav, shartnoma.
GUVOHNOMA Tashkiliy hujjatlar mazmunan tashkilot, muassasa va korxonalarning huquqiy maqomi, tarkibiy tarmoqlari va xodimlari, boshqaruv jarayonida jamoa ishtirokining qayd qilinishi, boshqa tashkilotlar bilan aloqalarning huquqiy tomonlari kabi masalalarni aks ettiradi.
Guvohnoma muayyan shaxsning xizmat va boshqa holatlarini, shuningdеk, biror ishga oid vakolatini ko‘rsatuvchi hujjatdir. Uning ikki turi bor: lavozimi ko‘rsatilgan guvohnoma va xizmat safari guvohnomasi.
Xizmat guvohnomasi davlat va xo‘jalik organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlariga beriladi. Ushbu hujjat xodimning shaxsi va lavozimini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Xizmat guvohnomasi xodimning pasporti o‘rnini bosmaydi Xizmat guvohnomasi 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi. Quyidagi hollarda: -xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganda; -xodimning lavozimi o‘zgarganda; -xizmat guvohnomasi yaroqsizlanganda; -xizmat guvohnomasining amal qilish muddati tugaganda almashtiriladi; Xizmat guvohnomasi blankasini to‘ldirishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi, mahalliy davlat hokimiyati organining nomi, guvohnoma egasining familiyasi, ismi va otasining ismi, tarkibiy bo‘linma nomi, hisobga olish raqami, amal qilish muddati, guvohnomani imzolagan rahbarning lavozimi hamda ismi va otasining ismi bosh harflari va “lavozimdan bo‘shaganda qaytarilishi kerak” degan ogohlantiruvchi yozuv mavjud bo‘lishi majburiy talabdir. Matn gorizontal holatda joylashtiriladi.
Xizmat guvohnomalari blankalari kompyuterdan foydalangan holda, lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qaror (farmoyish, buyruq va shu kabilar) va xodimning pasporti asosida to‘ldiriladi.
YO‘RIQNOMA Yo‘riqnoma matni bo‘limlardan tarkib topadi, bo‘limlar modda va bandlarga bo‘linishi mumkin.
Yo‘riqnoma, odatda, “Umumiy qoida” deb ataladigan kirish qismidan boshlanadi. Unda yo‘riqnomaning maqsadi, rioya qilish doirasi, foydalanish tartibi va boshqa masalalar ko‘rsatiladi.
Matnning asosiy qismi aniq ma’lumot beruvchi xususiyatga ega bo‘ladi. Bunda “lozim”, “kerak”, “zarur”, “yo‘l qo‘yilmaydi”, “mumkin emas” kabi so‘zlar qo‘llanadi.
Matn uchinchi shaxs nomidan yoki shaxssiz bayon qilinadi.
Yo‘riqnomalar ichida xodimning lavozim (mansab) yo‘riqnomasi alohida guruhni tashkil etadi.
Unda umumiy qism, xodimning vazifalari, burchlari, huquqlari, ishni baholash mezoni va xodim mas’uliyati ko‘rsatiladi.
Lavozim yo‘riqnomasini xodimning bevosita rahbari ishlab chiqadi, so‘ng bo‘lim mudiri yoki muassasa rahbari tasdiqlaydi.
NIZOM-USTAV Tashkilot yoki korxonalarning tuzilishi, huquqi, vazifalari, burchlari, ishni tashkil qilishlari tartibotini belgilaydigan huquqiy hujjat. Nizom mansabdor shaxslarga va turli tadbirlar (ko‘rik, musobaqa, tanlov va boshqalar) ga nisbatan ham tuzilishi mumkin.
Ko‘pincha nizom muassasalar ta’sis etilishi yoki tashkil topishi paytida tuziladi. U yuqori tashkilotlar farmoyishi bilan tasdiqlanadi. Muassasalarning tarkibiy qismlari ularning rahbarlari tomonidan tuziladi va muassasa rahbari farmoyishi bilan yoki tasdiqlash ustxatini qo‘yish bilan kuchga kiradi.
Nizomning asosiy zaruriy qismlari: 1. Vazifalari nizom bilan belgilanayotgan muassasa (tarkibiy qism) nomi. 2. Hujjat turining nomi (Nizom). 3. Mazmuni (matni): muassasa tuzilishining maqsad va asoslari; asosiy vazifalari; muassasa tuzilishi, huquqi, ishni tashkil qilish tartiboti. 4. Muassasa rahbari imzosi. 5. Sana va joyi. 6. Tasdiqlash ustxati (yuqori qismida o‘ng burchakda joylashadi) Seminar mashg‘ulot maqsadi: Mavzu bo‘yicha rejalar mohiyatini o‘rganib chiqib daftaringizga yozing. 2. Ish yuritishda hujjatlarni rasmiylashtirishdagi zaruriy qismlarni mazmun-mohiyatini o‘rganib chiqing.