Mikroiqtisodiyot makroiqtisodiyot fanidan mustaqil ta’lim mavzu
SOLIQ SIYOSATI VA UNING ASOSIY YO’NALISHLARI.
Reja 1. Soliq siyosati va uning huquqiy asoslari. 2. Soliq siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda davlatning roli. 3. O’zbekiston Respublikasi soliq siyosatining xususiyatlari va yo’nalishlari. 1. Soliq siyosati va uning huquqiy asoslari Jamiyat iqtisodiy taraqqiyoti bir tomondan uning ichki mexanizmiga bog’liq bo’lsa, ikkinchi tomondan boshqaruvning xarakteriga, ijtimoiy-siyosiy holatga, muvozanatga bog’liq bo’ladi. Oddiy qilib aytganda ustqurmaga ham bevosita bog’liqdir. Mazkur jarayonda ijtimoiy siyosat alohida rol o’ynaydi. Ijtimoiy siyosat o’z navbatida ichki va tashqi madaniy-ma’rifiy, siyosiy, iqtisodiy siyosat kabilarga bo’linadi. Iqtisodiy siyosat ham o’z navbatida moliya, pul-kredit, byudjet, soliq siyosati kabi turlarda amal qilib, ularni yaxlitligi makroiqtisodiy darajada qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari faoliyatlarining asosiy ajralmas qismiga aylanadi. Shu o’rinda soliq siyosatining mazmuniga to’xtalib o’tadigan bo’lsak, yuqorida qayd etilganidek, soliq siyosati - bu iqtisodiy siyosatning ajralmas bir bo’lagi bo’lib, davlatning muayyan davrda aniq maqsadlarga qaratilgan soliq sohasidagi faoliyatidir. U tarkiban soliqlarni joriy etish, soliqqa oid huquqiy baza yaratish, joriy etilgan soliqlar va soliqsiz to’lovlarni amaliyotda ishlash mexanizmini shakllantirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan davlatning tegishli vakolatli organlari tomonidan kompleks tarzda olib boriladigan chora-tadbirlar yig’indisidir. Mamlakat soliq tizimi xususiyatlari, yo’nalishlari, qanday soliqlarning joriy etilishi, ular o’rtasidagi nisbatni ta’minlash kabi masalalarni soliq siyosati belgilab beradi. Soliq siyosatining huquqiy asoslari sifatida mustaqillikning dastlabki yillarida O’zbekiston Respublikasining 1991 yil 31 avgustdagi «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida» gi Qonuni, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O’zbekiston Respublikasining «Korxonalar, tashkilotlar, birlashmalardan olinadigan soliqlar to’g’risida» gi (1991 yil 15 fevral), «O’zbekiston Respublikasining fuqarolari, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo’lmaganlarning daromad solig’i to’g’risida» gi (1991 yil 15 fevral), «Mahalliy soliqlar va yig’imlar to’g’risida» gi (1993 yil 7 may) Qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Vazirlar Mahkamasining Qarorlari kabi me’yoriy hujjatlardan iborat bo’lgan bo’lsa, 1997 yilda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksi va O’zbekiston Respublikasining «Davlat soliq xizmati to’g’risida» gi Qonuni yuqoridagi hujjatlarning ayrimlarini o’z kuchini yo’qotishiga olib kelgan bo’lsa, ayrimlarining huquqiy bazasini kengayishiga, kuchayishiga xizmat qilib kelmoqda. «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida» gi Qonunga muvofiq, shu kundan e’tiboran O’zbekiston Respublikasi o’zining mustaqil soliq siyosatini olib boradi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida fuqarolarning burchlariga soliqlarni to’lash majburiyati ham kiritilgan «Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va 59 yig’imlarni to’lashga majburdirlar»1. Shuningdek respublikamiz hududida yagona soliq tizimi amal qilishi va uni belgilash vakolati haqidagi jumlalar keltirilgan «O’zbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qiladi. Soliqlar joriy qilishga faqat Oliy Majlis haqlidir».2 Bugungi kunda respublikamiz soliq siyosatining huquqiy asoslari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O’zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksi, «Davlat soliq xizmati to’g’risida» gi Qonuni, hukumatning boshqa soliqqa oid qonun, qarorlari, Prezident Farmonlari va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan izohlanadi. Hozirgi paytda respublikamiz soliq siyosatining asosi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan va muvaffaqiyatli tarzda amaliyotda o’z aksini topayotgan iqtisodiy rivojlanishning besh tamoyilidir. Soliq siyosati ana shu tamoyillar asosida tashkil etilgan bo’lib, soliq sohasidagi samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Soliq kontseptsiyasi - bu soliqlarni yo’nalishlarini aniq ilmiy asoslangan holda amalga oshirish g’oyalarining yaxlitligidir. Mamlakatimizda soliq kontseptsiyasi Prezidentimiz I.A. Karimov tomonidan chuqur ilmiy asosda ishlab chiqilgan bozor iqtisodiyotiga o’tish kontseptsiyasiga asoslanadi. Agar soliq kontseptsiyasi qanchalik chuqur ilmiy asosga ega bo’lsa, soliq siyosatining barqarorligi shunchalik mustahkam ta’minlanadi. O’z navbatida soliq kontseptsiyasi esa soliqlar sohasidagi chuqur ilmiy tadqiqot ishlari hamda soliq amaliyotida orttirilgan boy tajribalarni o’zaro uyg’unligiga asoslangan g’oyalarning samaradorligiga bog’liq bo’ladi. Shuningdek, soliq siyosati barqarorligini ta’minlashda uning strategiyasi va taktikasi ishlab chiqilishi lozim. Amalga oshirilishi lozim bo’lgan tadbirlar xususiyati va muddatini e’tiborga olib soliq siyosati soliq siyosati strategiyasi va soliq siyosati taktikasiga bo’linadi. Soliq siyosati strategiyasida muayyan uzoqroq muddatga mo’ljallangan soliqqa oid iqtisodiy munosabatlarni asosiy yo’nalishlari va chora-tadbirlari ifodalanadi. Bu esa o’z navbatida ilmiy asoslangan soliq kontseptsiyasi bilan bevosita bog’liqdir. Masalan, respublikamizda jamiyat taraqqiyotining asosiy strategiyasi qilib erkin, ochiq bozor iqtisodiyotiga, erkin fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy, demokratik jamiyat qurish belgilangan. Soliq borasidagi ustuvor strategik vazifa esa davlat byudjeti va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni soliqqa oid iqtisodiy munosabatlarida muayyan uyg’unlikni ta’minlovchi soliq tizimini shakllantirish va shunga mos ravishda takomillashtirib borishdan iboratdir. g’ki boshqacha qilib aytganda, soliq siyosati strategiyasi - soliq siyosatining uzoq muddatli yo’nalishi bo’lib, ijtimoiy va iqtisodiy strategiya belgilab bergan ulkan masshtabli vazifalarni kelajakda bajarilishini ta’minlash ko’zda tutilgan moliyaviy tadbirlar yig’indisidir. Soliq siyosati taktikasi esa belgilangan soliq siyosati strategiyasi ijrosini ta’minlovchi, tez-tez o’zgarib turuvchi sayi-harakatlarni bildiradi, ya’ni qisqa muddatli va kichik masshtabli moliyaviy chora-tadbirlarni hal qilishga qaratilgan yo’nalishlar majmuasi - soliq siyosati taktikasi sifatida qaraladi. Soliq siyosati kontseptsiyasi soliq siyosati strategiyasiga nisbatan, soliq siyosati strategiyasi esa soliq siyosati taktikasiga nisbatan barqaror, ya’ni kam o’zgaruvchan bo’lib, ularning barchasi bir-biriga bog’liq holda, bir-birini to’ldirib turadi hamda yaxlit holda soliq siyosatinining mohiyatini tashkil qiladi. Soliq siyosati tarkibiy jihatdan quyidagi yo’nalishlarda amalga oshiriladi - mamlakat miqyosida amal qiluvchi soliqlar va soliqsiz to’lovlarni qonuniy joriy etish; - amal qilayotgan soliqlarni samarali ishlashini ta’minlovchi mexanizm shakllantirish va takomillashtirish, soliqqa oid qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarni takomillashtirib borish; - soliq siyosatini amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlarni tashkil etish va ularni ushbu sohadagi vazifalarini belgilash; - soliqqa tortish tizimini shakllantirishga qaratilgan chuqur ilmiy tadqiqotni amalga oshirish va ularni joriy etishni tashkil etish. 2. Soliq siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda davlatning roli Yuqorida qayd qilinganidek, soliq siyosati davlat, ya’ni uning vakolatli organlari tomonidan olib boriladi. Agar ushbu vakolatli organlar hokimiyat turi nuqtai-nazaridan olib qaraladigan bo’lsa, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo’linadi. Ayrim hollarda davlatning soliq siyosati Davlat soliq qo’mitasi tomonidan olib boriladi, degan fikrlar uchraydi. Amalda esa soliq siyosati davlat hokimiyatining barcha bo’g’inlari Qonun chiqaruvchi, Ijro etuvchi va sud hokimiyatlari faoliyatlarining ajralmas qismi sifatida kompleks tarzda amalga oshiriladi. Bu hokimiyatlar tomonidan soliq siyosati quyidagi tartibda ishlab chiqiladi va uning ijrosi ta’minlanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat hisoblangan Oliy Majlis tomonidan soliqqa oid va unga bevosita tegishli bo’lgan qonunlar qabul qilinadi, o’zgartirish va va qo’shimchalar kiritiladi yoki ayrimlari bekor qilinadi. Demak, soliq siyosatining huquqiy negizlari mazkur hokimiyat faoliyati bilan bog’liqdir. Ijro hokimiyati bo’lgan Vazirlar Mahkamasi va uning bo’linmalari, Davlat Soliq Qo’mitasi, Moliya Vazirligi, Adliya Vazirligi, Iqtisodiyot Vazirligi, mahalliy hokimiyatlar va boshqa tegishli organlar tomonidan Oliy Majlis tomonidan qonun yo’li bilan joriy etilgan soliqlar va soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to’lovlarning ishlash mexanizmini ta’minlashga xizmat qiluvchi huquqiy me’yoriy hujjatlar orqali ularning ijrosi ta’minlanadi. Bunda albatta ijro hokimiyatining bir bo’g’ini hisoblangan Davlat soliq qo’mitasining soliq siyosati ijrosini ta’minlashdagi alohida o’ringa ega ekanligini qayd etish lozim. Bundan tashqari, har yilning oxirida kelgusi yil uchun amal qiladigan soliqlar va soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to’lovlar bo’yicha soliq stavkalarini tasdiqlash, o’zgartirishlar kiritish vakolati Vazirlar Mahkamasiga berilgan. Soliq siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar bo’g’inlari bilan birga sud hokimiyatining bo’g’inlari ham alohida ahamiyatga ega. Sud hokimiyati tomonidan qonuniy amal qilayotgan soliqlar va soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to’lovlarning o’z vaqtida byudjetga kelib tushishi ustidan nazorat o’rnatilib, soliq qonunchiligi buzilishlarini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar qo’llanadi. Soliq siyosatini ishlab chiqishda nafaqat alohida olingan muassasalar bevosita qatnashadi, shuningdek, uni ishlab chiqishda soliq xizmati bilan shug’ullanmaydigan sub’ektlar, aniqrog’i soliq to’lovchilar qatnashishi mumkin, ya’ni bunda soliq to’lovchilarni o’zlarida soliqlarni takomillashtirishga qaratilgan takliflar, soliqlarni hisoblashni oson va samarali ishlash kabilar taklif sifatida berilishi mumkin. Soliq solish sohasidagi davlat boshqaruvining samaradorligi ko’p jihatdan davlat apparatining turli bo’g’inlari faoliyatidagi moslashuvchanlikka bog’liq. Vakolat har bir organning spetsifik rolini belgilaydi va bir vaqtning o’zida uning boshqa organlar faoliyati bilan moslashuvini ta’minlaydi. Davlatning asosiy vazifalaridan birini hal etilishi - byudjetni to’ldirish, soliq to’lovchilarning iqtisodiy va yuridik hatti-harakatlariga ta’sir etishning u yoki bu dastagiga ega bo’lgan barcha davlat hokimiyati organlar faoliyatining muvofiqlashtiruvisiz mumkin emas. Ko’pgina adabiyotlarda ta’kidlanganidek, kontseptual soliq tamoyillaridan biri davlat organlarining soliq siyosatini ishlab chiqishda va amalga oshirishda birgalikdagi ishtiroki hisoblanadi. Shuni alohida qayd etish lozimki, asosiy iqtisodiy huquqlar va soliq to’lovchilarning erkinligini ta’minlash qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatning doimiy nazorati ostida turadi. Prezident tomonidan ularning faoliyatiga nisbatan bildiriladigan asosiy talablar bevosita soliq sohasidagi ishlarning umumiy ahvoli, uni boshqarish, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va boshqalar bilan belgilanadi. Davlat soliq qo’mitasi va boshqa soliqlar bo’yicha bevosita va bilvosita vakolatga ega bo’lgan organlar ishini muvofiqlashtirgan holda hokimiyatning ushbu sohalari soliq solish bilan bog’liq shaxs huquqlarini ta’minlash uchun yuqori darajali javobgarlikni o’z zimmasiga oladi hamda ularning manfaatlari yo’lida muammoli vaziyatlarni oldini olish maqsadida o’zaro hamkorlikning barcha jihatlarini mukammal tartibga soladi. Qonun chiqaruvchi organ (Oliy Majlis) Konstitutsiyaning 78-moddasi 8-bandi va «O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to’g’risida» gi qonunning 4- moddasiga muvofiq hukumatning taqdimiga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni belgilaydi. Davlat soliq qo’mitasining vakolatiga kiruvchi masalalar bo’yicha qonunchilikni qo’llash amaliyotini umumlashtirish asosida soliq qonunchiligini takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish va ularni hukumatga kiritish huquqi uning Oliy Majlis bilan o’zaro munosabatlari hukumatning ishtiroki bilan qurilishiga yaqqol misol bo’la oladi. Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasi Davlat Soliq Qo’mitasiga nisbatan vakolatlari bo’yicha rahbar organ hisoblanadi. Soliq qonunchiligini qo’llash amaliyotini doimiy ravishda umumlashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvining yuqori organlarini mazkur sohaning xususiyatli jarayonlari haqida muntazam xabardor qilib borishi lozim. Davlat soliq qo’mitasini boshqa hokimiyat organlari, tashkilotlar bilan turli yo’nalishlarda amalga oshiriladigan o’zaro hamkorligini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega. Ushbu o’zaro hamkorlik o’zining yuridik tabiatiga ko’ra huquqiy bo’lgani holda, munosabatlar predmetining o’ziga xosligi bilan tavsiflanadi. Mahalliy hokimiyat organlari va davlat soliq organlarining o’zaro hamkorligini tartibga soluvchi me’yorlar turli yuridik kuchga ega bo’lgan qator me’yoriy hujjatlarga tayanadi. Umumiy xususiyatlarga ko’ra o’zaro hamkorlik Konstitutsiya me’yorlarida, boshqa qonunchilik hujjatlarida aks ettirilgan, o’zaro hamkorlikning yanada aniq yuzaga kelishi ko’pincha soliq sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa me’yoriy hujjatlarda o’z aksini topgan. Mazkur davlat tuzilmalarining o’zaro munosabatlari xususiyatiga ta’sir etuvchi ob’ektiv omil mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlarining hududning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishi, mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ijro etish, mahalliy soliqlarni belgilash, byudjetdan tashqari fondlarni shakllantirish masalalarini hal etish uchun konstitutsiyaviy belgilanishi hisoblanadi. Bu bilan davlat hokimiyatini tashkil etishning tegishli darajalarida hal etiladigan boshqaruvning barcha masalalarida, shu jumladan, moliyaviy sohada ham yuridik vakolatlilik mustahkamlanadi. Soliq organlari va mahalliy hokimiyat organlari o’rtasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan o’zaro hamkorlik respublikada olib boriladigan yagona soliq siyosatini olib borishda, soliqlar va boshqa soliqlarga tenglashtirilgan majburiy to’lovlarning hudud byudjetiga kelib tushishini ta’minlash bo’yicha vazifalarning bajarilishi natijalarini tahlil qilishda ishtirok etish orqali namoyon bo’ladi. Shu o’rinda mahalliy hokimiyat organlarining soliqlar bo’yicha vakolatlariga qisqacha to’xtalib o’tadigan bo’lsak, mahalliy hokimiyat organlari mamlakatimiz soliq qonunchiligiga muvofiq bir qancha vakolatlarga ega bo’lib, ular o’zlarining hududida joylashgan soliq to’lovchilarga mahalliy soliqlar va yig’imlar bo’yicha qo’shimcha soliq imtiyozlarini belgilash, soliq stavkalarining miqdorini Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo’yilgan eng yuqori stavkalar doirasida belgilash kabi vakolatlarini sanab o’tishimiz mumkin. Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, respublikamizda soliq siyosati davlatning maxsus vakolatli organlari tomonidan ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Soliqlar bo’yicha har bir hokimiyat organi maxsus vakolatlarga ega bo’lib, ularning har biri o’z faoliyatlarini samarali olib borishda ushbu vakolatlardan foydalanadi. Bunda vakolatli organlar sifatida barcha hokimiyat organlari, jumladan, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari birgalikda faoliyat ko’rsatadi va unda Davlat soliq qo’mitasi soliq siyosatini amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan vazifalarni bajaradi 3. O’zbekiston Respublikasi soliq siyosatining xususiyatlari va yo’nalishlari Respublikamizning mustaqillikka erishishi, o’zining mustaqil soliq tizimini shakllantirishni ham taqazo etardi. Shundan kelib chiqib mustaqillikning dastlabki yillaridan e’tiboran mustaqil soliq tizimini shakllantirishga qaratilgan islohotlar izchillik bilan amalga oshirila boshlandi va ushbu islohotlarning samarasi o’laroq hozirgi paytga kelib respublikamizda bir qadar o’ziga xos bo’lgan soliq tizimi shakllantirildi. O’ziga xos bo’lgan soliq tizimining shaklantirilishini soliq siyosatining samarasi sifatida e’tirof etish mumkin. Respublikamiz davlatchilik shaklidan kelib chiqib respublikamizda respublika byudjeti daromadlarini shakllantirishga qaratilgan umumdavlat soliqlari va mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantirishga qaratilgan mahalliy soliqlar va yig’imlar amal qiladi. Soliqlarning byudjetlar o’rtasida taqsimlanishi O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksi bilan mustahkamlangan bo’lib, unga muvofiq respublikamiz soliq tizimida amal qiladigan har bir soliq turi u yoki bu byudjetga tushishi qat’iy belgilab qo’yilgan. Shuningdek Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq ayrim umumdavlat soliqlari mahalliy byudjetlarga to’liqligicha biriktirilishi yoki ulardan tushumlar respublika va mahalliy byudjetlar o’rtasida taqsimlanishi mumkin. Ushbu tizim bir necha yillardan buyon mahalliy byudjetlar kamomadini bartaraf etish maqsadida amaliyotda samarali qo’llanilib kelinmoqda. Shu o’rinda yuridik shaxslarni soliqqa tortishning muhim tartiblariga alohida to’xtalib o’tish zarur. Respublikamiz soliq qonunchiligida hozirgi vaqtda soliqqa tortishning umumbelgilangan tizimi bilan bir qatorda, amaldagi barcha soliqlar o’rniga birgina soliqni to’lashni ko’zda tutuvchi soliqqa tortishning alohida tartiblari ham mavjud. Bu tartib quyidagilar uchun ko’zda tutilgan - savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari; - soddalashtirilgan soliqqa tortish tizimidan foydalanayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari; - qishloq xo’jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalari; - lotereyalar, totalizatorlar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o’yinlarni o’tkazishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar; - tadbirkorlik faoliyatining alohida turlari bilangina shug’ullanuvchi yuridik shaxslar (bilyardxonalar, qisqa muddatli avtomobil saqlash joylari, bolalar o’yin avtomatlari). Birinchi, ikkinchi va to’rtinchi guruhlar yalpi daromadidan yagona soliq to’laydi, uchinchi guruh yagona er solig’ini, beshinchi guruh qat’iy, ya’ni egallagan maydoni yoki mavjud jihozlar sonidan kelib chiqqan holda soliq to’laydilar. Yuridik shaxslarni soliqqa tortish tartibidagi o’ziga xoslikni mamlakatimiz soliq tizimining muhim xususiyati sifatida e’tirof etish lozim. Chunki respublikamiz soliq qonunchiligiga muvofiq bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim bo’lgan sohalar alohida tartib bo’yicha soliqqa tortilib kelinmoqda. Shuningdek, mamlakatimiz soliq tizimining muhim xususiyatlari sifatida soliq to’lovchilarga nisbatan ko’zda tutilgan imtiyozlarni ham qayd etish mumkin. Jumladan eksport faoliyatini rag’batlantirishga, xorijiy investitsiyalar kirib kelishini rag’batlantirishga qaratilgan, aholining ijtimoiy shart-sharoitini hisobga olgan holdagi imtiyozlarni ularning ifodasi sifatida keltirib o’tish mumkin. Iqtisodiy adabiyotlarda soliq siyosatining asosiy yo’nalishlari sifatida ikki yo’nalish korxona va tashkilotlarga nisbatan soliq siyosati va aholining turli ijtimoiy guruhlari uchun soliq siyosati kabi yo’nalishlarga bo’lib o’rganiladi.1 Respublikamiz mustaqilligining dastlabki yillarida davlat soliq siyosatining asosiy yo’nalishi bozor munosabatlarini qaror toptirishga qaratilgan qator ilmiy asoslangan soliqlarni joriy etish va shu orqali mavjud soliq tizimini tubdan qaytadan tashkil etishdan iborat bo’ldi. Soliq siyosatining keyingi yo’nalishi esa joriy etilgan soliqlarni samarali amal qilishini ta’minlash maqsadida soliq munosabatlarini amalga oshiruvchi tegishli muassasalarning tashkil etishga qaratildi. Xususan, dastlab Vazirlar Mahkamasi qoshida Soliq bosh boshqarmasi tashkil etilgan bo’lsa, 1994 yilga kelib bu boshqarma Davlat Soliq Qo’mitasiga aylantirildi va uning hududiy bo’linmalari tashkil etildi. Bundan ko’rinadiki, bozor iqtisodiyotiga o’tishning birinchi bosqichida soliq siyosatida asosan tashkiliy jihatlarga e’tibor qaratildi, ya’ni soliqlarni joriy etish va soliq siyosatini bevosita amalga oshiruvchi tegishli muassasalar shakllantirildi. Bu davrdagi soliq siyosatining asosiy xususiyatlaridan biri soliqlarning ko’proq fiskal ahamiyat kasb etishida, ya’ni ko’proq e’tibor davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishga qaratildi. Jahon soliq siyosati tajribasida soliqqa tortishning quyidagi yo’nalishlariga katta e’tibor beriladi 1) har xil mulk shakllariga moslangan korxona va tashkilotlarning xo’jalik yuritishiga mumkin qadar iqtisodiy sharoit yaratish, ularni bozor munosabatlariga kirib borishiga har tomonlama yordamlashish; 2) ijtimoiy-zaruriy umumdavlat vazifalarini bajarish uchun davlatni kerak bo’lgan moliyaviy manbalar bilan ta’minlash; 3) bozor iqtisodiyoti sharoitida yangi ijtimoiy-iqtisodiy omillarni tashkil qilishda qatnashish, ishsizlarni ish bilan ta’minlash, iqtisodiy nochorlarga yordam berish; 4) aholi turmush darajasini zaruriy me’yorda saqlab turish imkonini izlash va ta’minlash, soliqqa tortilmaydigan daromad minimumini vaqti-vaqti bilan oshirib borish. Bunda «iste’mol savatchasi» ma’lumotlarini e’tiborga olish.2 Bugungi kunda respublikamiz soliq siyosatining muhim yo’nalishlari sifatida yuridik va jismoniy shaxslar daromadlarini soliqqa tortishni takomillashtirish, bilvosita soliqqa tortish samaradorligini ta’minlash, resurs soliqlariga ko’proq e’tibor qaratish, soliq tizimining soddaligiga erishish, davlat xarajatlarini optimallashtirish kabilarni qayd etish mumkin. Respublikamizda soliq tizimini takomillashtirish jarayonida xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan soliq yukini izchil kamaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko’p bora ta’kidlanmoqda. Bunda birinchi navbatda ularning daromadlaridan undiriladigan bevosita soliqlarning salmog’ini kamaytirish lozimligi alohida ahamiyatga ega. Buning natijasida korxonalar ixtiyorida qoladigan mablag’lar ulushining ko’payishi evaziga uning aylanma mablag’lari miqdorini ko’paytirib borish va optimal darajasini saqlash, ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish, uning samaradorligini oshirish maqsadida ko’proq investitsiya kiritish, xodimlar mehnatini yanada rag’batlantirish imkonini beradi. Jismoniy shaxslar daromadlarini soliqqa tortilishini takomillashtirish bo’yicha ustuvor yo’nalish sifatida belgilangan soliq stavkalarini kamaytirish va aholi daromadlarini soliqqa tortishning uch bosqichli tizimidan ikki bosqichli tizimiga asta sekin o’tish kontseptsiyasini davom ettirish vazifasi turibdi. Bevosita soliqlar bo’yicha soliq yukini izchil kamaytirish soliq siyosatining samaradorligini YaIM ga nisbatan ular tushumining barqaror kamayishi tendentsiyasi ham isbotlaydi. Soliq tizimini takomillashtirishda ustuvor ahamiyat bilvosita soliqqa tortishga qaratilgan. Bilvosita soliqlar tovarlarga nisbatan qo’shimcha bo’lgani holda, pirovard natijada ishlab chiqaruvchining moliyaviy holatiga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatmaydi hamda ishlab chiqarishni rivojlantirishga to’sqinlik qilmaydi. Resurs soliqlari er, suv va boshqa tabiiy boyliklardan samarali foydalanishni ta’minlovchi amaliy vosita bo’lgani holda bozor iqtisodiyotida tabiiy resurslardan foydalanish va kelajak avlodlar uchun saqlash borasida muhim rol o’ynaydi. Soliqqa tortish tizimini takomillashtirishning muhim yo’nalishlaridan biri soliq tizimini tartibga solish, soliq turlarini kamaytirish, hisob-kitob mexanizmini soddalashtirish va ular bo’yicha to’lov davriyligini kamaytirish hisoblanadi. Soliq siyosati choralarini ishlab chiqishda eng muhim vazifalardan biri davlat xarajatlarini o’z vaqtida va mo’ljallangan hajmda moliyalanishi uchun soliq tushumlarining etarliligi hisoblanadi. Bu esa, o’z navbatida, soliq yukini kamaytirish borasidagi siyosatni byudjetning xarajatlar qismini optimallashtirish choralari bilan qo’shib olib borilishini taqozo etadi.