Jismoniy shaxslar daromadlariga solinmaydigan soliqlar Jismoniy shaxslarning daromadlariga solinmaydigan soliqlar soliq kodeksining 54-bob 378-moddasida keltirib o’tilgan. Quyidagi daromad turlariga soliq solinmaydi:
1) moddiy yordam summalari:
vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga beriladigan moddiy yordam summalari — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
ushbu Kodeksning 377-moddasida ko‘rsatilgan boshqa hollarda, — soliq davri uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda;
2) soliq agenti tomonidan quyidagi yo‘llanmalar qiymatini to‘liq yoki qisman qoplash summalari, bundan turistik yo‘llanmalar mustasno:
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar qiymatini nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shu jumladan ushbu ish beruvchida ishlamaydigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘liq yoki qisman qoplash summalari;
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sog‘lomlashtirish oromgohlari, shuningdek sanatoriy-kurort hamda sog‘lomlashtirish muassasalariga o‘z xodimlarining o‘n olti yoshgacha bolalari (o‘qiydiganlarga — o‘n sakkiz yoshgacha) uchun yo‘llanmalar qiymatini to‘liq yoki qisman qoplash summalari;
3) o‘z xodimlariga hamda ularning bolalariga ambulatoriya va (yoki) statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatilganligi uchun ish beruvchi tomonidan to‘langan summalar, shuningdek ish beruvchining davolashga hamda tibbiy xizmat ko‘rsatishga, nogironlik profilaktikasi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning salomatligini tiklashga doir texnik vositalarni olishga oid xarajatlari. Xodimlarni davolaganlik, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatganlik uchun ish beruvchilar tomonidan sog‘liqni saqlash muassasalariga naqd pulsiz haq to‘langan taqdirda, shuningdek sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan yozib berilgan hujjatlar asosida ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallangan naqd pul mablag‘lari bevosita xodimga, xodim yo‘qligida esa — uning oila a’zolariga, ota-onasiga berilgan yoki mazkur maqsadlar uchun mo‘ljallangan mablag‘lar xodimning bankdagi hisobvarag‘iga kiritilgan taqdirda, bu daromadlar soliq solishdan ozod qilinadi;
4) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilishi munosabati bilan qonunchilikda belgilangan summalar doirasida budjet tashkilotlaridan chet el valyutasida olingan ish haqi summalari va boshqa summalar;
5) vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishdan olingan daromadlar, agar bunday ishlarga yollash vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari ko‘magida amalga oshirilayotgan bo‘lsa;
6) xalqaro sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni egallaganligi uchun sportchilar olgan bir yo‘la beriladigan pul mukofoti;
7) soliq to‘lovchilarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlar, bundan quyidagilarni sotishdan olingan daromadlar mustasno:
qimmatli qog‘ozlarni (bundan fond birjasida realizatsiya qilinadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar mustasno), yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (paylarini);
noturar joylarni;
o‘ttiz olti kalendar oydan kam muddatda soliq to‘lovchining mulkida bo‘lgan turar joylarni;
8) uy xo‘jaligida, shu jumladan dehqon xo‘jaligida yetishtirilgan hayvonlarni (qoramollarni, parrandalarni, mo‘ynali va boshqa hayvonlarni, baliqlar va hokazolarni) tirik holda hamda ularni so‘yib mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda sotishdan (bundan sanoatda qayta ishlash mustasno) chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda sotishdan olinadigan daromadlar, bundan manzarali bog‘dorchilik (gulchilik) mahsulotlari mustasno;
9) xalqaro hamda respublika tanlovlari va musobaqalarida olingan buyum tarzidagi sovrinlarning qiymati;
10) ish beruvchidan soliq davri mobaynida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,11 baravarigacha bo‘lgan qiymatdagi:
xodimlar natura shaklida olgan sovg‘alar;
ilgari mazkur ish beruvchining xodimlari bo‘lgan ishlamayotgan pensionerlar va mehnat qobiliyatini yo‘qotgan shaxslar, vafot etgan xodimning oila a’zolari tomonidan olingan sovg‘alar hamda boshqa turlardagi yordam;
11) jismoniy shaxslardan meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekinga olingan pul va natura shaklidagi daromadlar, bundan quyidagilar mustasno:
ilm-fan, adabiyot va san’at asarlarining, adabiyot hamda san’at asarlari ijrochilarining, shuningdek kashfiyotlar, ixtirolar va sanoat namunalari mualliflarining merosxo‘rlariga (huquqiy vorislariga) to‘lanadigan pul mukofotlari;
yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari, qimmatli qog‘ozlar, yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlar;
12) davlat zayomining obligatsiyalari bo‘yicha yutuqlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foizlar;
13) jamg‘arma sertifikatlari, davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromadlar, shuningdek banklardagi omonatlar bo‘yicha foizlar va yutuqlar;
14) nodavlat notijorat tashkilotlaridan, xalqaro hamda chet el tashkilotlari va fondlaridan, shuningdek vakolatli organning xulosasi mavjud bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-texnika hamkorligi sohasidagi xalqaro shartnomalari doirasida soliq to‘lovchi grant beruvchidan bevosita olgan grantning summasi;
16) soliq to‘lovchining quyidagilarga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari:
O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, shuningdek yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lov. Mazkur imtiyoz soliq to‘lovchining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlariga (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan daromadlariga nisbatan ham qo‘llaniladi;
farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar;
soliq bazasining 50 foizidan oshmagan holda, metsenatlik ko‘magini ko‘rsatish;
olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni soliq davri davomida jami mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining sakson baravarigacha bo‘lgan miqdorda qoplashga, basharti uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun budjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobga olingan holda amalga oshirilgan bo‘lsa. Mazkur soliq imtiyozi qarz oluvchiga va (yoki) birga qarz oluvchilarga nisbatan, basharti ularning soliq solinmaydigan daromadlari jami summasi belgilangan miqdordan oshmasa, tatbiq etiladi. Bunda yosh oila bo‘lgan er-xotinning olgan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashga yo‘naltirilgan ish haqiga va boshqa daromadlariga nisbatan soliq imtiyozi er-xotin yoki ulardan biri belgilangan yoshga to‘lguniga qadar, ushbu xatboshida budjetdan ajratilgan subsidiyalar bo‘yicha belgilangan shartlar inobatga olinmagan holda qo‘llaniladi. Agar 2023-yil 1-yanvardan keyin ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran o‘ttiz olti oy ichida boshqa shaxsga o‘tkazilgan bo‘lsa, soliq imtiyozining amal qilishi soliq imtiyozini qo‘llashning butun davri uchun soliqni to‘lash majburiyati tiklangan holda bekor qilinadi;
fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankidagi ixtiyoriy ravishda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga;
17) jismoniy shaxslardan tekin (shu jumladan hadya shartnomalari bo‘yicha) olingan ulushlar, paylar va aksiyalar tarzidagi daromadlar, agar bu ulushlarni, paylarni va aksiyalarni berish yaqin qarindoshlar o‘rtasida amalga oshirilsa.
Yuridik shaxs tashkil etmagan chet el tuzilmasiga nisbatan yoki qaysi chet el yuridik shaxsi uchun ro‘yxatdan o‘tish mamlakatining qonunchiligiga muvofiq kapitalda ishtirok etish nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘sha chet el yuridik shaxsiga nisbatan nazorat qilish huquqi, agar bunday huquqlar ularni bir oilaning a’zolari va (yoki) yaqin qarindoshlar bo‘lgan shaxslar o‘rtasida o‘tkazish natijasida olingan bo‘lsa, daromad olish yoki daromadni tasarruf etish huquqining yuzaga kelishi deb e’tirof etilmaydi;
18) paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinadigan soliq to‘lovchilarning bu ishlarni bajarganlik uchun olgan daromadlari;
19) soliq to‘lovchi bo‘lgan qimmatbaho metallar qidiruvchilarning qonunchilikda belgilangan tartibda qazib olish yo‘li bilan ega bo‘lgan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari;
.
191) soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlari;
20) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, kasaba uyushmalari, xayriya va ekologiya jamg‘armalari tomonidan soliq to‘lovchilarga beriladigan nafaqalar, shuningdek pul mablag‘lari tarzidagi yordamning boshqa turlari, biroq soliq davri mobaynida o‘n besh million so‘mdan oshmagan holda;
21) soliq to‘lovchining soliq davri davomida quyidagilarni to‘lash uchun yo‘naltiriladigan, bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravarigacha bo‘lgan miqdordagi ish haqi summalari va boshqa daromadlari:
xalqaro tashkilotlarga a’zolik badallarini, tegishli xalqaro tashkilot a’zosi sifatida bunday badallarning to‘langanligi to‘g‘risida hujjat mavjud bo‘lganda;
qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga to‘lovlarni, kursni tugatganlik to‘g‘risida shunday tashkilotlar tomonidan berilgan hujjat mavjud bo‘lganda.